Asosiy mavzular
14 may 2021

RTdan va'z: Ayiq o‘ldirib pul yeydigan amaldorlar o‘lkasi

Manam Majnun behuddek gadolar bo‘lmasam bo‘lmas,

Kiyib janda, kuloh, g‘amda adolar bo‘lmasam bo‘lmas.

(Hamza)

Jadid otamiz Hamza Hakimzoda ijodi va Majnun obrazi haqida va'z o‘rtasida yana gapiraman. Bugungi bayram haqida yozgan shoir hayit kuni yasangan odamlar manzarasini tasvirlaydi:

Iyd kuni barcha yasangay turfa alvonlar kiyib,

Osmon go‘yo oyoq ostida baraftoddir.

Ammo jadid otamiz Hamza shunchaki bayramni tarannum qilib qo‘yadigan maddoh emasdi. She'rning keyingi satri tanganing boshqa tarafini sizga ko‘rsatadi:

Kambag‘allar titrashib yurgay yalang‘och izg‘ishib,

Oh, bu faqirlik, asorat onlari sayyoddir.

Dil shikasta, bag‘ri xun, ko‘zida yoshi shashqator,

Otasiz, baxtsiz yetimlar holiga faryoddir.

Ulug‘ shoir va jadid bobomiz Hamzaning 1914 yil ramazon bayrami kuni  yozgan g‘azalidagi mana bu misraga diqqat qilsak:

Darbadarlik, bevatanlik zarbi yetmasmi anga!

Boz anga dashnomu ta'na xanjari muzdoddir.

Bugun chet ellarda darbadar yurgan vatandoshlarga ta'na-dashnom qilguvchilar ko‘paygan. Ularga darbadarlik azobi shundoq ham yetib turganida bizning malomat ortiqcha. Qarang, bu holatni Hamza go‘zal bir shaklda yozib ketibdi. 

Qisqa xabarlar

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi faoli Jahongir Otajonov Istanbuldan Toshkentga qaytdi. Bayramdan keyin Adliya vazirligiga borib, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan “Erk” partiyasi faoliyatiga qaysi qonun asosida to‘sqinlik qilinayotganini so‘rab surishtiradi. Marhabo!!!

+++

Chortoqlik 19 yoshli yigit 28 yoshli qo‘shnisining uyiga kirib 140 kilo bolni o‘mardi. O‘g‘ri ushlanganida 123 kilo bolni yeb yutgan edi. Bol tutgan barmog‘ini yalabdi.

+++

Jizzax shahri hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Oybek Nurmatov 2 ming dollar pora olayotganida qo‘lga tushdi. Oybek Nurmatov tadbirkorlarning biridan qurilish-ta'mir ishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tender savdoda yutishini ta'minlash evaziga 2 ming dollar pora talab qilgan. Jizzax poraxo‘rlarni zarb qiladigan sandonga aylandi.

+++

Toshkentdagi birinchi tug‘ruqxona mas'ullari to‘lg‘oq dardidan ingrayotgan  samarqandlik homilador ayolni propiskasi yo‘qligi uchun qabul qilishmadi.

Video

Singapurni farovon qilgan islohotchi siyosatchi Li Kuan Yuning kitobi nomi “Uchinchi dunyodan birinchi dunyoga” edi. Biz esa keyingi 30 va xossatan so‘nggi 4 yilda uchinchi dunyoga sakradik. Biz bilan ayni ittifoqda bo‘lgan Litva, Latviya va Estoniya qaerdayu biz qaerda. 

Diniy zombilar va kinnachilar urchigan. Toqatsizlik avj olgan. Onalar bolasini sotib yeydigan, mulozimlar haq evaziga “Qizil kitob”ga kirgan hayvonlarni otishga izn beradigan feyk davlatga aylandi O‘zbekiston. 

Bu davrga eng yaxshi tasnifni Toshkent hokimi Ortiqxo‘jaev berdi: “Lyubaya biznes xorosha”.

Ekologiya qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov degan zoti bebarakotning  shaxsan ruxsati bilan rossiyalik Yevgeniy Shirokov “Qizil kitob”ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqni otib o‘ldirdi. Uning yana bir ayiqni o‘ldirish huquqi bor ekan.  

Shirokov Yevgeniy Pavlovich taniqli ovchi. Avval bir necha yillar Rossiya kuchishlatar tizimlarida ishlagan. Hozir biznesmen. “Tog‘ ovchilari klubi”ga ko‘ra, u 2020 yilda 18 ta o‘ljani qo‘lga kiritib, 2020 yilda “Yil ovchisi” unvonini olgan. 

Shirokov 2020 yilning dekabr oyida O‘zbekistonga tog‘ qo‘yini ovlash uchun kelgan. Eng qizig‘i, o‘sha yilning boshida, aniqrog‘i, fevral oyida bu jonzot BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konventsiyasi ro‘yxatiga kiritilgan edi. 

Shu to‘ng‘izday semiz amaldor Alisher Maqsudov “Qizil kitob”ga kirgan ayiqni o‘ris ovchisi otishiga ruxsatni rasmiylashtirgan. O‘zini nayza bilan ovlab, ushbu qafasga solishga men izn beraman. Xo‘p, ikkinchi masala. 

Mo‘htaramning eyjodlaridan biri “turizmni rivojlantirish”. Bitta o‘ris yoki arab hayvon otaman deb kelsa, O‘zbekiston boyib, bitib ketar ekan. Bugun Ekologiya qo‘mitasi shu gapni yana aljirabdi. 

Uchinchidan, hayvonlarni pul evaziga otish haqida maymunbashara o‘zbek parlamenti qonun qabul qilgan. Endi tasavvur qilsak. Har bir o‘zbek oilasida pul topmaydigan takasaltang bor. Shularni bitta tur firma sotib olib, Jizzax dashtlarida yugurtirsa. O‘ris ovchilar sayyoh bo‘lib kelib, jiplarda bularni ovlasa. Biznes bo‘lsa, biznes-da endi. 

Bir o‘q bilan ikki quyon uriladi. Ortiqcha og‘izlardan qutulib siyraklashamiz. Mamlakat xazinasiga turizmdan pul tushadi. Lyubaya biznes xorosha.

Bu gapimga javob sifatida tarmoqning eng zakiy turg‘uni G‘ayrat Omon masalaning boshqa tarafiga e'tibor qaratdi:

“Qo‘mitaning aybi yo‘q. Qo‘mita qonun bo‘yicha ish qilmoqda. Hamma gap Kusherboevda. 2020 yil 8 iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinayotgan vaqtda Kusherboev deganlari qo‘liga qo‘shib oyog‘iniyam ko‘tarib ovoz bergan. Lekin bugun shu qonun asosida bitta ovchi pulini to‘lab ayiq otganini ko‘rib, populistlik qilyapti. 

Hammani vahshiydan olib, vahshiyga solmoqda. Aslida vahshiylar shu qonunni ishlab chiqqan va qabul qilgan deputatlar emasmi? Kusherboev populist ekanining oltin isboti mana shu!!! U faqat feysbukda sherlik qiladi. Amalda muloyim mushuk bo‘lib o‘tiradi”.

Xullas, ayiq o‘ldi, ammo o‘zbek xalqi va davlati boyib ketgani yo‘q. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev kredit olish maqsadida “ko‘zbo‘yamachilik” qilinayotgan loyihalarni tanqid qildi va xazinada pul qolmaganini ta'kidladi. Ëtib yeganga tog‘ ham chidamaydi. Uyida uni bo‘lmagan odam ikkita tandir qursa, albatta, iqtisodiy dissonans vujudga keladi. 

Ammo xalq o‘zini va kalamush amaldorlarni boqmoqda. Keyingi oylar mobaynida chetda yurgan o‘zbeklar O‘zbekistonga 2 milliard dollar jo‘natdi. Rahmat shularga. Yemay yedirib, kiymay kiydirayotgan vatandoshlar sog‘ bo‘lsin!

Darbadarlikda bayramni o‘tkazayotgan vatandoshlar, keling, g‘azal o‘qib, jadid otamiz o‘gitidan bahra olaylik:

Keldi ayyom muborak, barcha jon dilshoddir,

Ruhlari ham har azobu qahrdan ozoddir.

Ro‘zai mohi sharifing hurmatindan bexilof,

Osiy, g‘ayri osiyga haq rahmati bunyoddir.

Bu saodat kunda yo‘qdir bizda ehson sunnati,

Ummatidan Ahmading ruhi bukun noshoddir.

Ag‘niyolar ag‘niyo ahbobiga bergay zakot,

Amri haq ahkomi shar', o‘zlari ustoddir.

Kambag‘allar qichqirursa, dema ovozi zakot,

Bari boy xizmatchisin zarbasidin doddir.

Darbadarlik, bevatanlik zarbi yetmasmi anga,

Boz anga dashnomu ta'na xanjari muzdoddir.

Oh, qilding ey jaholat, ilmsizni oqibat

Parcha nonga boshini xam, nomusi barboddir.

Iyd kuni barcha yasangay turfa alvonlar kiyib,

Osmon go‘yo oyoq ostida baraftoddir.

Kambag‘allar titrashib yurgay yalang‘och izg‘ishib,

Oh bu faqirlik, asorat onlari sayyoddir.

Dil shikasta, bag‘ri xun ko‘zida yoshi shashqator,

Otasiz, baxtsiz yetimlar holiga faryoddir.

Ey musulmon, senga vermish, anga yo‘qmi qudrati!

Lek andin azmoyish, sendin istibdoddir.

O‘ylama, o‘lguncha har kim bu razolatda ketar,

Shohlar bir kun gado, bir kun gado shahzoddir.

Bir yetimga teva bo‘lmoq shoh Ahmadga nadir,

Bir yetim dilshoddir, dargohi akbar shoddir.

Haq quli bo‘lsang haqiqat rishtasin tutg‘il mudom,

Zohiru botin haqiqat nahridin oboddir.

Ey Nihon, bo‘yla musulmonlik ila sharmandasen, 

Zohiring taqlid-ummat, botining ifsoddir.

Hamza Hakimzoda Niyoziy 

1914 yil 10 avgust.

Qanday ibratli gaplar! Shohlar bir kun gado, bir kun gado shahzoddir. Shu bois, kibr va kattazanglikka ne hojat. 30 kunlik ro‘za ayyomida ibodat o‘rniga takfir qilgan mutaassiblarni ham ko‘rdik. Mana bu rivoyat shu haqda.

Bir kuni Majnun (asl ismi Qays) yo‘lda Laylining itini ko‘rib qoldi. Sevgilimning itini bir erkalay deb Majnun itning yoniga borsa, it qochdi. Majnun itni quvib ketdi. 

It quvlagan Majnun bir masjidning yonidan “zuvv” etib  o‘tib ketdi. Masjid ayvonida odamlar namoz o‘qib o‘tirardi. Itni quvib ushlolmagan Majnun ortiga qaytayotib yana masjid oldidan o‘tdi. 

Masjidda namoz o‘qib o‘tirgan odamlardan biri Majnunni malomat qildi. “Nega namoz paytida bir ko‘ppakning ortidan quvalab yuribsan? Bizning namoz o‘qib o‘tirganimizni ko‘rib ham yugurib o‘tib ketding”, dedi. 

Majnun bo‘lsa: “Men sizlarni ko‘rganim yo‘q. Men sevgilimning iti peshinda edim. Butun o‘y-xayolim ana shunga qaratilgan edi. Men-ku bir it peshinda yurib sizlarni ko‘rmadim. 

Ammo sizlar namoz o‘qiyotib, Xudo peshinda bo‘lib, uzoqda it quvalab yurgan Majnunni qanday ko‘ra oldingiz? Nega o‘z e'tiqodingizga fokuslanmay, yon atrofga alanglaysiz?” deydi. 

Bugun o‘zi chala-chulpa ro‘za tutib: “Nega palonchi ro‘zador emas?” deya barmoq niqtagan takfirchilar mikrobday urchigan. O‘zing ro‘za tutdingmi? OK. Tabriklaymiz. Senga oxiratda foydasi tegadi. Ammo boshqa bilan nima ishing bor? Birovning ko‘zidagi zirapchani ko‘rguncha, o‘z ko‘zingdagi g‘o‘ladan ehtiyot bo‘l. 

It quvgan Majnunni benamozlikda ayblagan mutaassib kabi bo‘lma. Har kimning go‘ri boshqa, savol-javobini o‘zi beradi. Sen esa o‘zingni bil. 

Shu o‘rinda yana bir rivoyat. 

Oqdo‘ppilik bir soqoltoy yigit betonkaning o‘rtasida o‘tirvolib namoz o‘qiyapti. Ikki tarafda o‘tayotgan “Kamaz” sho‘pirlari moshindan kalla chiqarib, “Barakalla. Rosa taqvoli ekansan”, deyishsa, anavi yigit namozni to‘xtatib, ularga qarab, “Men ro‘zayam tutganman”, dermush.

Ana shunaqa gaplar. 

Namoyishchilar otilgan kun

Agar meni andijonliklar ko‘rayotgan bo‘lsa, 13 may sanasini eslashda hikmat bor. 

2005 yilning 13 mayida O‘zbekiston hukumati harbiylari tomonidan Andijonning Bobur maydonidagi begunoh odamlar otilgan kun juma edi. Qonli juma. 

Memorial faoli Bahrom Hamroev Moskvadagi Karimov haykali oldida chiqish qilib Andijon qirg‘inini esladi.

Hamroev na Karimov davrida, na Mirziyoev hukmronlik qilgan yillarda Andijon qirg‘ini bir motam kuni sifatida eslanmagani, hanuz bu yuzadan mustaqil surishtiruv o‘tkazilmagani haqida gapirdi.

Haykal atrofidagi skameykalarda huquq faolining ustidan kulib o‘tirgan, Karimov bir vaktlar dangasa deb atagan o‘zbek mehnat muhojirlari esa Xamroevni malomat qilib, musaffo osmonga shak keltirmaslikka chaqirishdi.

Ularning bir ikkitasi hatto keksa faolining ustiga bostirib borib tahdid ham qildi. Biroq kamera ko‘targan jurnalistlar nazariga tushishdan qo‘rqib tezda maydonni tark qilishdi.

Bu yil ham O‘zbekiston hukumat tomonidan 16 yil burun Andijonda yuz bergan xunrezlik eslanmadi. 

Garchi o‘sha kungi qo‘rg‘oshin yomg‘iridan keyin yoqqan yomg‘ir ko‘chalardagi qonlarni yuvib yuborgan bo‘lsa ham, garchi akramiy deb nom chiqarganlar bu kun haqida mum tishlasa ham biz unutmadik. 

Jamiyatda xotirani qo‘rqoqlarcha eslamaslik qusuri urchiganini ko‘rib mayus bo‘laman, xolos. 

Bunday odamlarni ham “tushunish kerak”, degan edi amerikalik yozuvchi Ernst Xeminguey. Bu fikrni davom ettirgan xorazmlik shoir Matnazar Abdulhakimning zakiy misralarini qayta o‘qiyman:

Hamma-hammasini tushunish mumkin,

Jazoirda yoqqan qalin qorni ham.

Yo‘qni ham tushunish mumkin o‘ylasang,

O‘ylasang, tushunish mumkin borni ham.

“Salbiy muhit” yoki “yomon tarbiya”,

O‘g‘rini tushunish mumkin bir kuni.

O‘g‘rini tushunib bo‘lgach, albatta,

To‘g‘rini tushunish mumkin bir kuni.

Ablahning qalbida nogoh uyg‘ongan

Diyonat, tushunsang, hayron qoldirmas.

O‘zingni baxsh etgan bir inson qilgan

Xiyonat, tushunsang, hayron qoldirmas.

Fahm etsang, sotqin xom sut emgan jon,

Anglasang qotil ham emas hech erish.

Tushunsang, tushunsang, tushunaversang,

Hamma-hammasini zarur kechirish.

Tushuna oldi dunyo. Lekin buning-chun

Kim uqubat chekar, kim tortar azob.

Xoinlar, sotqinlar qilmishi uchun

Kim oladi, axir, oliy bir jazo!

Tushunsang, ko‘zlaring oldiga kelar

Ham do‘zax, ham jannat hamda arosat,

Oyog‘i shohsupa, bo‘yni sirtmoqda,

Manglayin miltiqqa tutgan Farosat!..

Shunaqa… Farosat o‘z peshanasiga to‘pponcha tiragan davr. “Eh, davr? Eh, davron? Eh, inson tubanligi? (O tempora, o mores!)” deya ulug‘ notiq Tsitseronning qadimgi Rim senatida aytgan mashhur gapini yodga olaman.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Tag‘in o‘qing
6 oktyabr 2017
4 oktyabda o‘tgan Oliy majlis yig‘ilishida, «fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash» parlament komissiyasi tuzildi. «Majburiy mehnatni taqiqlashni» ko‘zlagan komissiyaga ...
29 oktyabr 2023
Lekin bir xalq mudrab, yotinqirasa,Har kimga o‘z tinchi yoqinqirasa,Shoirlari qo‘rqib bosinqirasa,Xalqni kim uyg‘otar,Savolim shuldir?! Ushbu satrlar muallifi, o‘zbek modern ...
5 aprel 2018
Haydovchilik kamarini taqmaganlik uchun jarima to‘lab bo‘lgan haydovchilardan olti oy o‘tib qaytadan jarima to‘lashlari talab qilinmoqda. Bu haqda «Eltuz» ...
24 yanvar 2024
Jurnalistika fakulteti rektori Sherzod Qudratxo‘ja ruslarga qadar o‘zbek millati va davlatchiligi yo‘q deb chiqqan rus shovinisti Smolinning iddaolariga qarshi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...