Hokimlikka yordam so‘rab borgan kosonlik shaxs kaltaklanganini aytmoqda
Imtiyozli kredit ajratilishiga yordam so‘rab, 2 iyun kuni Koson tumani hokimligiga borgan ikkinchi guruh nogironi, 35 yoshli Dilshod Otaev hokim yordamchisi tomonidan kaltaklaganini iddao qilmoqda.
Bu haqda u Koson tumani IIB boshlig‘i va tuman prokurori nomiga uni sababsiz kaltaklagan hokim yordamchisi Sohib Pardaevga chora ko‘rilishini so‘rab 2 iyun kuni ariza yozgan.
«Eltuz»ga bergan intervyusida Dilshod Otaev bir yilcha oldin Xalq banki orqali kredit rasmiylashtirishga harakat qilgani, rad javobi olgach, Koson tumani hokimligiga yordam so‘rab ariza yozgani, arizasiga bankda rasmiylashtirgan barcha hujjatlarni ilova qilganini aytadi.
“27 may kuni men hokimlikka ariza topshirganman. Oradan bir hafta o‘tib, 2 iyun kuni bordim. Meni u yerda (hokimlik xodimasi – tahr) Halima Sattorova qabul qildi. Avvaliga u: “Sening hujjatlaringni Nodira Qodirova (Koson tumani hokimi o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i – tahr) olib qolgan, u kishiga murojaat qil”, dedi.
“Nima qilasizlar odamni umidvor qilib, o‘yin qilyapsizlarmi”, dedim. U senga Qodirova kerakmi deb, telefon orqali Sohib Pardaev deganni chaqirdi”, deydi Otaev.
Shundan so‘ng, Otaevning so‘zlariga ko‘ra, hokim yordamchisi Sohib Pardaev uni qabul bo‘limidan kichik zalga olib o‘tadi. O‘sha yerda eshikni qulflab oladi va uni kaltaklaydi. Otaevning aytishicha, Pardaev uning yelka qismiga tepadi. Boshiga zarba beradi.
Otaev shu kuni uyiga kelgach, o‘zini yomon his qilib, tez yordam chaqirgan, boshida shish paydo bo‘lgan, rentgen qilishgan.
Shifokorlar uning badanida ochiq jarohat alomatlari yo‘qligi, boshini esa ekspertiza qila olmasliklarini bildirishgan.
«Eltuz» voqeaga oydinlik kiritish uchun 6 iyun kuni Koson tumani hokimligiga qo‘ng‘iroq qildi. O‘zining umumiy bo‘limda ishlashini aytgan xodim haqiqatan ham Sohib Pardaev hokim yordamchisi ekanini tasdiqladi.
Biroq u «Eltuz»ga hokimlik binosida Dilshod Otaevning kaltaklanganidan xabari yo‘qligini aytdi.
“Birinchidan, uning kredit so‘rab qilgan murojaati qanday qilib hokimlik tomonidan ijro etilishi mumkin? Ikkinchidan, bu insonning qanday janjal qilganini bilmayman. Lekin unga kredit kerak bo‘lsa, bankdan olavermaydimi, gapidan ham ko‘rinib turibdi-ku qanday murojaat qilgani…”, dedi hokimlik mulozimi «Eltuz»ga bergan izohida.
«Eltuz» Dilshod Otaevni kaltaklagani iddao qilingan hokim yordamchisi Sohib Pardaevdan ham izoh olishga urindi. Biroq uning telefoni kun davomida qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.
Eltuz.com