Xo‘jaylida Abdulla Aripov imzolagan qarorga qarshilar ko‘chaga chiqdi
Separatizm deya talqin qilingan virtual chiqishlari va o‘zbek lotin yozuvi joriy qilinishi bo‘yicha mavjud qonunlarga qarshiligi ortidan nazoratga olingan xo‘jaylilik 48 yoshli Sag‘indik Nurimbetov 16 iyul kuni Xo‘jayli IIB xodimlari uni ko‘chada ushlab ketib qiynoqqa solinganini iddao qildi.
Nurimbetovning «Eltuz»ga bildirishicha, uni Xo‘jayli IIBga olib borishgan. Bir xonaga olib kirishgan va IIBning besh nafar xodimi norozilik aktsiyasi uyushtirganlik aybini bo‘yniga qo‘yish uchun qiynashgan. Oyoqlariga rezina to‘qmoq bilan urishgan.
Nurimbetov iddaosiga ko‘ra, 17 iyul kuni uni Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vaziri Aytboy Temirxonovning oldiga olib borishgan.
«Keldim. Kirdim. Aytboy Temirxonov Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vaziri. Meni so‘kdi, “Nega tinch yurmaysan! Sheshengni…”, “onangni…”, deb. “Senga problema kerakmi? Qizlaringni mashina qoqib ketadi, bolangning boshiga g‘isht tushib ketadi, shuni istaysanmi”, dedi. Men: “Yo‘q, og‘a, istamayman. Boshqa chiqmayman”, dedim. Keyin: “Bo‘ldi, yo‘q bo‘l!” deb ko‘kragimga mushti bilan bir urib stulga o‘tqazib qo‘ydi, Vazirning o‘zi. O‘tirib qoldim», dedi Nurimbetov.
Nurimbetov iddaosiga ko‘ra, uni DXX Terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Nikolay Boboniyozovning oldiga ham olib kirishgan:
“Boboniyozov menga nega mening senga aytgan gaplarimni chiqarib yubording, deb dag‘dag‘a qildi. «Bag‘dodni emas, seni myasorubkadan o‘tkazaman», dedi. Go‘yoki men DXXga chaqimchilik qilgan kabi ovozlarimni yozib oldi», deydi Nurimbetov.
Nurimbetovning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash bo‘limi shu kuni undan tashqari aktsiyaning boshqa ishtirokchilariga bosim ko‘rsatishgan, jumladan, Qirg‘izistondan turib yutubdagi ayirmachilik ruhidagi chiqishlari bilan tanilgan Bag‘dod Ismoilov va Nozli ismli ayolni ham ushlashgan va qiynoqqa solishgan.
«Eltuz» bog‘langan Qoraqalpog‘iston IIV mas'ul xodimi Nurimbetov gaplari haqiqatdan uzoqligini ta'kidladi.
Lekin Nurimbetovning gaplaridan ma'lum bo‘lishicha, ularga biror rasmiy ayblov qo‘yilmagan. Qo‘lga olingan barcha aktsiya ishtirokchilari shu kuni yo ertasi qo‘yib yuborilgan.
13 iyul kuni Xo‘jayli shahrida o‘nlab kishilar o‘zbek tilining davlat tili bo‘lishiga va lotin grafikasi joriy qilinishiga norozilik bildirib chiqishgan edi.
Nurimbetovning aytishicha, norozilik to‘polonlariga ishsizlik muammosi va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 1 iyul kuni imzolagan davlat tiliga oid qaror sabab bo‘lgan. Qarorga ko‘ra, 1 avgustga qadar barcha joylar, ko‘chalar nomlari, terminlar, tashkilotlar, shuningdek hujjatlar va ish qog‘ozlari lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek imlosiga ko‘chirilishi kerak.
Yutub tarmog‘ida 13 iyul kuni Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli shahrida shior ko‘targan, ularni tarqatishga kelgan rasmiylarni toshbo‘ron qilishga chog‘langan odamlar aks etgan video tarqaldi. Videoda bir ayol «Uring! Qoraqalpog‘istonda qoraqalpoq tili davlat tili bo‘lib qoladi!» deya xitob qiladi. (Suratda: (chapdan) Sag‘indik Nurimbetov va Bag‘dod Ismoilov).
O‘zbekiston konstitutsiyasi 72-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ham majburiydir.
Eltuz.com