Asosiy mavzular
11 avgust 2021

O‘zbekistonda ilm tushunchasi G‘arbnikidan juda yiroq

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi 10 avgust kuni “Bosim ostidagi o‘zbek olimlari ilmiy davrani safsata bilan to‘ldirmoqda” maqolasi yuzasidan munosabat bildirdi. Devid Trillingning Eurasianet nashrida 3 avgustda bosilgan maqolasi tarjimasini «Eltuz» 9 avgust kuni e'lon qilgan edi.

“Mazkur maqolada ko‘tarilgan masala – «yirtqich» xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalarning chop etilishi – darhaqiqat O‘zbekiston uchun dolzarb muammo, biroq muallif tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar ham haqiqatni aks ettirmaydi”, deya bildiriladi Innovatsion rivojlanish vazirligi rasmiy bayonotida.

Vazirlik maqola muallifi keltirgan argumentlarni rad etishga urinadi. 2017 yilda Scopusdan 1 ta maqola, 2018 yilda 7 ta maqola, 2019 yilda 220 ta maqola, 2020 yilda 1604 maqola chiqarib tashlanganini e'tirof etadi.

“Ilmiy jurnallarda olimlarimiz maqolalarining ko‘payishi ortidan, albatta, ularning sifati ham oshishi kutilmoqda”, deyiladi bayonotda.

«Eltuz» munosabat bildirishni so‘rab Chexiyadagi Bohemiya universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Xolnazar Omonovga murojaat etdi. O‘zbek olimi mamlakat ilm-fan rivojidagi ayni muammolar yuzasidan o‘z fikrlarini bayon qildi.

“O‘zbekistonda kimyo, fizika, matematika kabi aniq fanlardan tashqari, olimlar uchun gumanitar sohalarda ilmiy maqolalar chiqarish juda mushkul.

Ilmiy jurnallarda maqolalar chiqarish uchun ko‘nikma mavjud emas. Ularning tajribalari yo‘q.

Buning ustiga, Oliy attestatsiya komissiyasi tarafidan ularga katta talablar qo‘yilgan. Oliy attestatsiya komissiyasi ularga mana bu, mana bu jurnallarga maqola chiqaringlar, deb tavsiyalar beradi, bu jurnallarning aksariyati esa o‘sha ”yirtqich jurnallar” yoki tijorat jurnallari hisoblanadi”, deydi professor Omonov.

Omonovning «Eltuz» bilan suhbatda ta'kidlashicha, ayni jurnallar ustidan ilmiy nazoratning yo‘qligi va Oliy attestatsiya komissiyasining PhD diplomi uchun ko‘p miqdorda maqola chop etish talabi sifatsiz maqolalarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

“Bugun O‘zbekistonning ilmga qo‘yilgan bunday talablari o‘zgarishi kerak, ilm olish darajalarini xalqaro standartlarga o‘tkazishimiz kerak. Biz boshqa bir sayyorada, boshqa bir dunyoda yashamayapmiz. Oliy attestatsiya komissiyasi tugatilishi kerak.

O‘zbekistonda mustaqil Milliy akkreditatsiya agentligi tuzilishi lozim. Universitetlarning ilmiy jurnallari xalqaro standartlardagi platformalarga o‘tkazilishi zarur. Shundagina bizdan ham yetuk olimlar chiqishi mumkin.

Aks holda “20-30 ta maqola chiqardim”, degan gap bilan chegaralanib qolamiz va biz xalqaro standartlardagi sifat darajalariga yeta olmay qolamiz”, dedi professor Xolnazar Omonov «Eltuz» bilan suhbatda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 may 2016
Turkiyada o‘zbekistonlik er-xotin turkiyalik taniqli yahudiy tadbirkor Jak Karako va uning rafiqasi Jorjiya Karakoni o‘ldirganlikda ayblanib, 2014 yili hibsga ...
14 sentyabr 2020
Koronavirus xabarlari berib boriladigan telegram kanalida 11 sentbyar soat 17:00 da bunday xabar berildi: Respublikada so‘nggi soatlarda 233 kishida ...
28 iyun 2022
28 iyun Eltuz portaliga kelayotgan shikoyatlar oqimini kuzatamiz. Ular odatdagidek turli mavzularda. Hullas, tashqarida yoz. Shofirkonda daydi itlar qo‘ylarni ...
28 oktyabr 2022
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.MS: Tuz og‘a, O‘zbekistonda “NIMA QILISh KYeRAK?”  RT: ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...