Asosiy mavzular
6 sentyabr 2021

Yogurtga aylangan qatiq bayrami

Ko‘rayotganingiz bu shodon odamlar qatiq bayramini qutlamoqda. Qatiq sharafiga alyorlar aytishmoqda. O‘zbekiston «Yashasin mustaqillik», deya shivirlayotgan paytda Turkiyaning Silivri shahri turg‘unlari «Yashasin qatiq», deya hayqirmoqda. Silivri 29-30 avgust kunlari qatiq, ya'ni yogurt festivalini to‘yladi.

Aslida yogurt atamasini dunu lug‘atiga kiritgan shahar ham ayni Silivri hisoblanadi. Bu shaharda har yili o‘tkaziladigan 59-festivaldir.

«Eltuz» jamoasi Turkiyada safar qilar ekan, yuzlab turklar o‘z ota-bobolarining hozirgi Turkmaniston va Xorazm viloyati hududidan ko‘chib kelganini aytishdi. Ularning ota-bobolari o‘g‘uz turkchasini Vizantiyada davlat tiliga aylantirishdi. Xo‘sh, bir vaqtlar grek va serblar yashagan Vizantiyaga hozirgi Markaziy Osiyo  hududlaridan borgan askarlar yana  nima keltirishdi? Bu savolga Silivri shahrida yashovchi rassom Umar Foruq yogurt, ya'ni qatiq keltirishdi, deb javob berdi. Suhbatdoshga ko‘ra, 1453 yili Istanbul fath qilinganidan beri Silivri shahri butun dunyoga qatiq yetkazib berish markaziga aylangan va bu shaharda har yili bir marta qatiq festivali o‘tkaziladi.

“Qadim zamonlarda O‘rta Osiyodan hozirgi Turkiyaga kelgan askarlar sutni ot, tuya yoki eshakka yuklangan meshlarda tashib kelgan. Mahsulotga havodan va jundan bakteriyalar kirgani natijasida fermentatsiya issiqda sodir bo‘ldi va doimiy chayqalish ishni yakunlab, sutni uzoq vaqt buzilmaydigan va bir vaqtning o‘zida barcha foydali moddalarni saqlab qolgan qalin nordon ichimlikka aylantirdi. O‘rta Osiyodagi ota yurt vatandoshlari qatiq deb aytadigan bu ichimlik Turkiyada yogurt deya nomlanib mashhur bo‘ldi”, deydi Umar Foruq.

Biz turkistonliklar qatiq deya ichadigan taom Turkiyaga  kelib sifat o‘zgarishiga duch kelganini o‘zimiz ko‘rdik. Kamida 50 xil yogurt borligidan habar topdik. «Eltuz» jamoasi shu yogurtlardan besh xilini tatib ham ko‘rdi.

Aziz Nesin qahramonlaridan biri maktabda vatan haqida aytishi kerak bo‘lgan she'rni unutib, uning o‘rniga qatiq haqida g‘azal aytadi:

Och qorinni to‘q tutgan, ey g‘aribning yemishi, arzon qatiq.

Och yurakka seni yeyman¸ kabob yesam, cho‘ntagim larzon qatiq.

Qatiq bayrami doirasida o‘z asarlarini namoyish qilgan musavvir ayol iddaosiga ko‘ra, Istanbulning Silivri shahrida hozirlangan qatiqni Frantsuz qiroli Lyudovik 11 Yevropada targ‘ib qilgan:

“Yevropada qatiq qirol Lyudovik 11ning  oshqozon kasalligi tuzqalgani  tufayli ma'lum shuhrat qozondi. Ichburuqqa chalingan qirol hech sog‘ayib keta olmadi va unga Istanbuldan kelgan bir shifokor yordam berdi. U bir ko‘za Silvirli  yogurtini olib keldi. Buni ichgan qirol tezda tuzaldi. Frantsuz qiroli minnatdorlik bildirgan holda o‘zining hayotini saqlab qolgan taom haqida xabar tarqatdi. Shu tariqa sizlar qatiq, biz esa yogurt deydiganimiz ichimlik dunyo taomnomasidan o‘rin oldi”.

Biz so‘zlashgan mahalliy shoir yogurtga atab she'rlar yozganini aytsa, Silivri markazida luqum sotadigan sohibjamol qiz yogurtni yuziga niqob o‘laroq surtishini aytadi. Unga ko‘ra, qatiq surilgan yuz sutday tiniq bo‘lar ekan.

Hali O‘zbekistonga soch shampuni kirib kelmagan paytda odamlar sochini qatiqqa yuvgan. Shu bois, sochlar mustahkam bo‘lgan. Qatiq shampun o‘rnida ishlatiladigan Silivrida kal odamlar ozligini ko‘rdik.

O‘zbekistondagi do‘konlarda yogurt va qatiq ikki ayri mahsulot sifatida sotiladi. Aslida ular bitta mahsulot. 

Yogurt eski turkchada qatiq ma'nosini beradi

Yogurt – tarkibida quruq modda yuqori bo‘lgan achitilgan sut mahsuloti, uning tarkibi termofil streptokokk sof unsurli protosimbiyotik aralashmasi bilan fermentatsiyalanadi. 

Qatiq tarkibida A, D1, D2, U2, V2, S kabi 12 dan ortiq vitaminva karotin yetarli miqdorda saqlanadi. Tarkibida oqsil, mineral tuz va bir qancha vitaminlar mavjud bu sut mahsuloti profilaktik davolanish jarayonida organizmda oson hazm bo‘ladi.

Yosh bolalarda ko‘p uchraydigan disbakterioz va diareyani davolashda ham qatiqdan foydalanish mumkin. Shuningdek, u tanamizni bir qancha kasalliklardan himoyalaydi. Antibiotik bilan davolanish jarayonida qatiq ichish ichak mikroflorasini yaxshilab, organizmning immun tizimini mustahkamlaydi. Ichaklardagi foydali bakteriyalarni tiklashda yordam beradi. Shuningdek, organizmning zararli mikrob va bakteriyalarga qarshi kuchini oshiradi.

Shu bois, Silivri shahri mansublari yilda bir marta qatiq sharafiga mushaklar otib bayram qilishadi.

eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 mart 2024
Salom qadrli muxlislar Eltuzga kelayotgan so‘nggi beshta maktubni o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Namangan, Toshkent, Jizzax, Buxoro va Xorazm viloyatlaridan ...
14 aprel 2016
Maqola muallifining yozg‘irishicha, global tarmoqdagi turli ma'lumotlar yoshlar ongiga salbiy ta'sir o‘tkazishi, ularning axloqiy jihatdan tubanlashuviga, zararli g‘oyalar ta'siriga ...
12 mart 2022
(Rassom Tuz hikoyalari. Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda.) Xolli, uyqudan uyg‘onarkan, o‘zining qaerdaligini daf'atan eslay olmadi. Boshi qattiq og‘rirdi. O‘rnidan ...
28 sentyabr 2020
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida 7 yigit 15 sentyabr kuni 20 yashar qizni guruh bo‘lib zo‘rlaganlikda ayblanib qamoqqa olindi. Bu ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...