Asosiy mavzular
10 sentyabr 2021

RTdan va'z: San'atsiz hayot vahshiylikdir

Mana, hafta aylanib yana siz bilan hamsuhbatman. Qizim senga aytaman, kelinim sen ham eshit, degan format bor. Men suhbatni shu format asosida qursam. Demak, Afg‘onistonni egallagan terrorchi tashkilot – «Tolibon» haqida gapiramiz-u, ammo xulosani O‘zbekiston bilan bog‘laymiz. Ko‘rayotganingiz bu suratda «Tolibon» tomonidan vayron qilingan musiqa asboblari aks etgan.

San'atsiz hayot vahshiylikdir, degan gapga misol bo‘lgan «Tolibon» zombilari Italiyada ishlab chiqarilgan royalni sindirib tashlashdi. Men bunga hayron bo‘lmadim. Chayonning ishi zahar solmoq ekanini bilaman. Bundan 30 yilcha oldin hozir katta Imomberdi bo‘lib ketgan kursdoshim uylandi. Bu kursdoshimning o‘sha paytda g‘uluga ketgan oshnolariga Xiva obidalarini tomosha qildirdim.

Pahlavon Mahmud maqbarasini ziyorat qilayotganlarni ko‘rgan bu oshnolar menga qarab: “Bu maqbarani portlatib, buzib tashlash kerak”, deya taklif kiritdi. Qolgan oshnolar ham bu taklifni ma'qulladi. Ular fugas bomba bilan Xiva yodgorliklarini vayron qilish niyatida sobit edi.

Hali toliblar Bomiyonni, IShID esa Halabdagi yodgorliklarni buzmagan bir davr edi. Hikoyaning yaxshi tarafi shuki, diniy g‘uluga ketgan bu oshnolar o‘z orzusini amalga oshira olmadi. Oldin bittasi qamalib, qolganlarini sotib berdi. Keyin to‘da-to‘da, o‘rda-o‘rda bo‘lib qamalib Jasliqni obod qilishdi. 

Aytmoqchi bo‘lganim shuki, hali «Tolibon» yo‘q paytida ham O‘zbekistonda «Tolibon» formatidagi zombilar bo‘lgan. Muxolifatchilar aytganidek, diniy mutaassiblik va ekstremizm o‘ylab topilgan xatar emas edi. Buni mana bugun ko‘rib turibmiz. 

Televizorni gurzi bilan sindiradigan, royalni vayron qilib, nog‘oraning terisini teshib huzur oladiganlar to‘dasi bo‘lgan «Tolibon»ni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi manqurt mulozimlar olqishlabdi.

Olimlarning aytishicha, hatto dengiz karamida ham aql unsurlari bo‘ladi. Ammo o‘zbek diplomatlarida umuman aqldan nishon ham yo‘q.

Zotan, Afg‘oniston muvaqqat hukumatining rahbari mulla Hasan Oxund BMTning qora ro‘yxatiga kiritilgan. Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy AQSh Federal qidiruv byurosi qidiruvidagi shaxs hisoblanadi.

Afg‘onistonda yangi hukumatni tuzgan «Tolibon» harakati faoliyati ko‘p davlatlarda taqiqlangan va terrorchilik tashkiloti sifatida ro‘yxatga olingan.

Yevropada universitet ochgan olim, professor Xolnazar Omonov toliblar bilan qanday munosabat qilish kerakligi haqida eng maqbul tavsiyani berdi:

“Faqat bitta yo‘limiz mavjud, chegarada 7 metrlik beton devorlar qurish va toliblar bilan butun aloqalarni «0»ga tenglashtirib, ogoh bo‘lib yashash kerak”.

Biror tilni yaxshi bilmaslik

Bu davlat, bu ulus omilar emas, balki olimlar gapiga quloq solsagina oti o‘zadi. Bo‘lmasa eshakning orqa oyog‘i bo‘lib qolaveradi. Olimlar o‘z tili bilan birgalikda yana bir tilni mukammal biladi va fikrini ravon ifoda qiladi.

Yaqinda Toshkentda uy quradigan, ota-onasi o‘zbek biznesmen bilan gaplashdim. Yigitning yoshi 28 da. «Oka, man o‘zbekchani yaxshi bilmayman, ruscha gapira qolay», dedi. Mayli, dedim. Qarasam, ruschani ham bilmaydi. Rod va padejlarni buzib “e” bilan “i” ni adashtirib gapiryapti. To‘xtatdim. Balki buni boy ota-onasi ingliz tiliga o‘rgatgandir, degan andishada muloqotni ingliz tiliga o‘tkazmoqchi bo‘ldim. Yo‘q. Ingliz tilini ham bilmaydi bu kruttoy birad.

 Yana o‘zbekchaga qayttuv: «Oka, uzr, o‘ris maktabda o‘qiganmand-e». 

Til – bu o‘zaro muomala vositasi. Hozirgi texnologiya zamonida bitta tilni mukammal bilsangiz, robotlar boshqa tilga tarjima qiladi. Ammo biror tilni yaxshi bilmaslik – bu O‘zbekiston realligi. Toshkent hokimi Joxa birat faqat ko‘cha tilida ravon gapiradi. Shunga ham shukur.

Ertak eshitadigan erkaklar

Doimo va'z eshitib yuradigan do‘stlar va'z ichida ertak bo‘lishini olqishlashadi. Ular nazarida ertaklar yaxshilikka yetaklaydi. Eng ko‘p ertakni qadimiy shaharlardagi gid-ekskursovodlar biladi. 

Xivaga Ota darvozadan kiraverishda bir jozibali moviy minoraga ko‘zingiz tushadi. El orasida Kalta minor deyilgan bu minora qurilishi 1855 yilda Muhammad Aminxon o‘lganidan keyin to‘xtatilgan.

Ilk rejaga ko‘ra 110 metr bo‘lishi kerak bo‘lgan bu minora 29 metr ko‘tarilgandan keyin boshqa qurilmadi. Yarim minora, yarim orzu, yarim niyat timsoli kabi turibdi Kalta minor.

Bundan ancha yil  oldin minora haqida men bir necha rasmlar chizish asnosida uning tarixini o‘rgangan edim. Bu tarix afsona va mistika bilan to‘la edi.

O‘rganganim birinchi hikoyaning nomini «Bostirilgan isyon haykali», deb qo‘ysak.

Bostirilgan isyon haykali

Tarix kitoblaridan o‘rganishimcha, xon Muhammad Aminning elga zulm qilgani, yurt mudofaasini o‘ylamagani va mulozimlarning davlat xazinasini oshkora o‘g‘irlagani va o‘z kuyovlarini yog‘li lavozimlarga joylashtirgani bois mamlakatda xonga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilgan.

Qo‘zg‘olonchilar boshlig‘ining ismi Matyoqub bo‘lgan.

Xon Matyoqubni ushlab olib, yangi qurilayotgan minoraning poydevoriga tiriklay ko‘mdirgan.

30  yil oldin Xivadagi To‘qto‘qbova degan qayroqchi aytib bergan afsonaga ko‘ra, poydevor tagida Matyoqub hali ham o‘lmasdan oh chekib yotibdi.

To‘qto‘qbova erinmasdan men bilan borib, minora poydevoriga qulog‘ini tutdi va «eshit, vohay-vohay, degan sas chiqib turibdi», dedi.

Men ham qulog‘imni koshinga qo‘yib, eshitib, qanaqadir ingrash ovozini his qildim.

Balkim To‘qto‘qbova meni gipnoz qilgandir, bilmadim, ammo 15 metr chuqurlikdagi poydevor ichidagi isyonchi hali ham o‘lmaganiga o‘shanda ishongan edim.

Ikkinchi afsonani esa «Ustaqush» deb ataylik.

Ustaqush

Bu afsonaning turli versiyalarini Xivada menga bir-biridan farqli o‘ndan ortiq kishi hikoya qilib bergan.

Hikoyaga ko‘ra, Xiva xonining 110 metrli minora qurganini eshitgan Buxoro amiri usta bilan kelishib, Buxoroda undan ham baland minora qurish va'dasini olgan. Bu kelishuvdan xabardor bo‘lgan Muhammad Amin minora bitgan kuni ustaning kallasini olishga qaror qilgan.

Bu gap ustaning qulog‘iga yetgan (xonning xotinlaridan biri chug‘ullagan deyishadi). Xullas, usta o‘limdan qutulish uchun qanot yasab uchib ketgan.

U qanot qog‘oz yelim va qamishdan yasagan deyishadi. Afsonaga ko‘ra, minora tepasida bo‘lgan usta g‘ishtlarni qog‘ozga o‘rab uzatishlarini iltimos qilgan va bu qog‘ozlardan ulkan qanot yasab, uchib ketgan.

Afsonalarda ustaning 40 kun och qolib, o‘z vaznini kamaytirgani ham aytiladi. Bu qanot rassom Leonardo da Vinchi yasagan qanotga o‘xshagani taxmin qilinadi. Agar shunday bo‘lsa, bu usta O‘zbekistondagi ilk aviatordir.

Taxminlarga ko‘ra, usta Xivadan sal uzoqdagi Durvadik qishlog‘iga borib tushgan. Durvadik qishlog‘idagi chollar menga usta tushgan joyni ko‘rsatishdi. «Ustaqo‘ndi» deb ataladigan bu tepalikni O‘zbekistondagi ilk aeroport desak ham bo‘ladi.

Bular men eshitgan gaplar. Notarius tasdiqlagan hujjat, foto, video yoki boshqa hujjatlarga ega emasman bu borada. Endi bu nari borsa bir ertak, bir mish-mish… Ammo bilganimiz shuki, Xivadagi eng uzun va eng go‘zal minora bo‘lishi kerak bo‘lgan Kalta minor qurilishi xon Muhammad Amin o‘lgan 1855 yilda taqa-taq to‘xtatildi. Bor gap shu. Bu gaplarni nega bugun eslaganim sababini ham aytsam.

Vayron qilingan tasviriy san'at

Shu kunlarda buyuk rassom og‘amiz Bahodir Jalol chizgan “Kashmir qo‘shig‘i” pannosi vayron qilingani haqida xabar oldim.

Madaniyat vazirligi Qashqadaryo viloyati teatri ta'miriga 17 milliard so‘m ajratgan, shuning 9 milliardi sarflangan. Aslida esa bu pulning yarmi o‘marilgan, ta'mirlash ishlari hali oxiriga yetmagan. Ta'mirlash jarayonida teatr binosidagi san'at asari restavratsiya qilinishi o‘rniga unga zarar yetkazilgan. 

O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolning Sharof Rashidov dostoni motivlari asosida ishlangan «Kashmir qo‘shig‘i» freskasi vayron qilingan.

Qarshi shahridagi Mulla To‘ychi Toshmuhamedov nomidagi viloyat musiqali va drama teatrini ta'mirlash jarayonida ushbu san'at asarini yetarlicha asrash choralari ko‘rilmagani oqibatida asarga zarar yetgan.

Bundan oldin Qo‘qondagi teatr devoriga Bahodir Jalol ishlagan freskadagi qizlarga «Tolibon» shuurli mulozimlar paranji kiydirib chiqqan edi. 

Marhum prezident Karimov tarafidan oldin yuksaklikka ko‘tarilib, keyin yerparchin qilingan rassomlardan biri Bahodir Jaloldir.

Mustaqillikkacha Toshkentdagi Lenin muzeyi ayvonida qo‘lini osmonga cho‘zib turgan Leninning 6 metrli oq marmar haykali turar edi. N.Tomskiy yaratgan haykal. Haykal fonida esa Markaziy Osiyoda inqilob g‘alabasi aks etgan rangin mozaika pannosi o‘rnatilgan edi Rassomlar V.Zamkov, V. Ionina.

Mustaqillikdan keyin muzey ayvonidan Lenin haykali badarg‘a bo‘ldi. Mozaika yo‘q qilinib, uning o‘rniga rassom Bahodir Jalol freska ishladi.

Freska markazida ot mingan Amir Temur timsolida hokimiyat piramidasini aks ettirdi. Piramida tepasida esa ochiq turgan Usmon Qur'oni aks etgan. Qur'ondan chiqayotgan nur fonida esa Karimovning BMT minbarida va'z aytayotgani aks etgan.

Bu rasm Islom Karimov buyrug‘iga binoan muzey devoridan o‘chirib tashlangan edi. 

Karimovning Bahodir Jaloldan sovugani Oqsaroydagi dumaloq xona devoriga chiziladigan rasm bilan bog‘liq holatda aniq aks etdi.

Bu devor uchun chizilgan eskizning ortiqcha murakkabligi Samarqanddagi yetimxonada ulg‘aygan Karimovning jaydari tafakkurida zo‘riqish uyg‘otdi. “Nima bu hech kim tushunmaydigan aji-buji?” dedi Karimov.

Bu rasm Oqsaroyga bezak bo‘lishi kerak edi, ammo Karimovga yoqmadi.

“Mana, qishloqda odamlar uy to‘riga tog‘ manzarasini chizib qo‘yishadi. Oddiy va sodda”, deb o‘z estetik didini tiqishtiradi rassomlar yetakchisiga Islom Karimov.

Ana shundan keyin Karimov tortmadan bir oq-qora foto chiqarib ko‘rsatadi. Maks Penson 1949 yil suratga olgan Farg‘ona manzarasi edi bu.

“Mana bu rasmni chizish kerak. Qaranglar, qanaqa yaxshi! “deydi Karimov. Ana shundan keyin bu fotosuratga rang berilib, Belarusdagi gilam fabrikasida Gobelen qilib to‘qittirishdi.

Keyin esa Bahodir Jalolning «Turkiston» saroyiga chizgan freskasi va «Bahor» ansambli ayvonidagi devoriy rasmi o‘chirib tashlandi.

Eh, saroylar, saroylar,

hech kimga vafo qilmagan.

Oq va ko‘k saroylar…

Saroylarda tiz cho‘kkan

Tilsiz malaylar…

Ertalab «molookooo» degan sas uyqumni buzdi. Turib ko‘cha aylandim. Yo‘l bo‘yida qovun uyumi yonida uxlab yotgan sotuvchini uyg‘otib, bitta sapcha qovun oldim. Qovun yesang sahar ye, sahar yemasang zahar ye. Men choyni issiq ichishni, qovunni esa muzday yeyishni sevaman. Olgan qovunim issiqqina edi. Kesib, tuxumini ajratib, muzxonaga sop qo‘ydim. Esimdan chiqib qolmasa bo‘ldi. Hozir esa devonga yonboshlab qavha ho‘playapman. 

Darvoqe, bugungi juma va'zi tolibonsifat biomassaning san'atga dushmanligi haqida.  Har xolda rassomman, o‘z sohamni himoya qilaman. Qochirmanglar. G‘oyat purma'no. Va'z nima o‘zi? Bu aql o‘rgatish emas, balki yo‘l ko‘rsatishdir. 

Ëshligimda Oyoqdo‘rmon degan joyda yashagandim. Shovot kanali bo‘yida. Hali ponton ko‘prik qurilmagan payt. Kanalga tashqaridan qarasang, bir xil mavj urib yotibdi. Ammo qumloqdan kechib o‘tish mumkin bo‘lgan joyi bor. U joyni doyim menga ko‘rsatgan edi. Men esa suvning narigi betiga o‘tmoqchi bo‘lganlar oldiga tushib yo‘l ko‘rsatardim. Agar salgina yanglishsang, oyog‘ing chuqurga o‘yilib oqib ketish hech gap emas.

Men ulardan bir qadam oldinda yurib, suvdan bexatar kechishni ta'minlar edim. Bexatar qirg‘oqdan qirg‘oqqa o‘tganlarni ko‘rib ichki qoniqish his qilar edim. Va'z aytib bo‘lgach ham shu tuyg‘uni qayta yashayman. Ozgina bilganimni boshqalar bilan o‘rtoqlashish sevinchi bu. 

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
12 aprel 2015
Sizga aeroportda yoki o‘zbek chegarasining boshqa qismida deklaratsiyalar to‘ldirishga to‘g‘ri kelganmi? – deya savol beradi jurnalist Qudrat Bobojonov. To‘g‘ri, ...
30 avgust 2018
Sentyabr kelib, Mustaqillik sharafiga karnay-surnay, maktablarda birinchi qo‘ng‘iroq, o‘qish boshlanishi ketidan mamlakatda paxta terimi boshlanadi. Nafaqat fermerlar, balki o‘quvchi, ...
29 aprel 2017
O‘zining ikki sahifasini to‘liq tez yordam xizmati faoliyatiga bag‘ishlagan “Oila va jamiyat” gazetasi (26.04) tibbiyot tizimidagi jiddiy bir muammoni ...
31 oktyabr 2018
Toshkentning Chilonzor tumanidagi maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, 30 yashar Farhod Miniyozov o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatildi va sud qarori ...
Bloglar
22 oktyabr 2021
O‘g‘il nevarasini qo‘rqitib, muntazam zo‘rlagan toshkentlik amaki haqida video tarqaldi. Bu amaki «nojo‘ya jinsiy harakat ...
18 oktyabr 2021
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 36-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi ...
14 oktyabr 2021
Dastlab bolsheviklar Yosh buxoroliklar, jadidlarning kommunistik partiyaga qo‘shilgan a'zolaridan iborat Buxoro Xalq Sovet Respublikasini tuzdilar.  ...