Asosiy mavzular
13 sentyabr 2021

Yaqinlari qamalgan qashqadaryolik ayol Turkmanistondan boshpana so‘ramoqda

Eri, qaynatasi va qaynog‘asi qotillikda gumonlanib tergov qilinayotgan, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining Chandir qishlog‘ida yashovchi Munojat Egamova bunga ularning turkman millatiga mansubligini sabab qilib ko‘rsatmoqda va o‘z yaqinlari bilan birgalikda ijtimoiy tarmoq orqali turkman prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovdan boshpana so‘ramoqda.

Ayni paytda Chandir qishlog‘idagi turkman millatiga mansub aholi vakillari Egamovaning milliy kamsitilishiga oid iddaolari haqiqatdan yiroqligini aytishmoqda.

«Ular turkman bo‘lgani uchun emas, balki qotillikda gumon qilingani uchun tergov qilinmoqda, ayol esa chiqishlarida alamidan, jahl ustida murojaat qilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov ketayotgan ekan. Lekin qishlog‘imizda hech qanday o‘zbek, turkman yoki boshqa millatlarga nisbatan yomon munosabatni sezmaganmiz. Tatar, tojik va boshqa millatlar ham yashaydi o‘zbeklar bilan bir qatorda. Hamma millatlar teng huquqli…», deydi Chandir qishlog‘i shifoxonasi bosh vrachi Sayfullo Sharopov.

Telegramdagi “Pomuq 24” kanaliga fikr bildirgan 73 yoshli Muhammad To‘ymurodov ham ayni hududda turkman va o‘zbeklar ahil yashashlarini bildirgan.

«Yaqinda eshitib qoldim. Qishloqdoshimiz Turkmaniston prezidentiga murojaat qilgan ekan. Biz asli Qashqadaryo viloyati Chandir qishlog‘ida yashaymiz, millatimiz turkman. O‘zbeklar bilan bab-baravar huquqqa egamiz. O‘rtada quda-andachilik aloqalari bor», deydi Egamovaning hamqishlog‘i To‘ymurodov.  

Joriy yilning 8 mayida Jonqul Navro‘zov, uning o‘g‘li Alimardon Allamurodov va Panji Navro‘zov shu qishloqda yashovchi cholu kampirni o‘ldirganlikda gumon qilinib hibsga olingan edi.

Qotillik 2020 yilning 4 oktyabr kuni ro‘y bergan. Shundan so‘ng gumonlanuvchilar hibsga olingan. Ularning yaqinlariga ko‘ra, 23 kun davomida ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgan. 

Munojat Egamovaning aytishicha, eri va qaynotasi aybni bo‘yniga olmagan, qaynog‘asi esa qiynoqlarga dosh bera olmay qilmagan jinoyatiga iqror bo‘lgan. 

Shundan keyin gumonlanuvchilar qo‘yib yuborilgan. Ammo 6 oy o‘tib, Bosh prokuratura tergovchisi qarori bilan qamoqqa olingan.

Munojat Egamova va uning yaqinlari xalqaro tashkilotlarga videomurojaat yo‘llab, bu nohaqliklarga barham berish va Turkmanistondan boshpana olishga yordam so‘rashgan.

Shuningdek, ular videomurojaatlarida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova va Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevning iste'fosini ham talab qilishgan.

Egamovaning iddaosiga ko‘ra, uning eri va qarindoshlarini dalil-isbotsiz qamashgan. Qo‘shnilari qotillik sodir bo‘lgan vaqtda uning eri va qaynog‘asi voqea joyida bo‘lmaganini aytishmoqda. Biroq tergov bu dalillarga e'tibor bermayapti.

Munojat Egamova homilador ekani, eri va qaynatasining qamalishi ortidan uchta bolasi bilan og‘ir ahvolda qolganini ham aytmoqda.

Egamovaning eri va yaqinlariga tergov paytida qiynoqlar qo‘llanilganining rasmiy tasdig‘i «Eltuz»da yo‘q.

Biroq boshqa muammo bor – Qashqadaryo viloyatidagi mahalliy amaldorlar, ichki ishlar, sud va prokuratura xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga oid xabarlar juda ko‘p. 

Xususan, o‘tgan avgust oyida esa “Agrobank”ning Qashqadaryo viloyati bo‘limi yuristi sudlarda adolat qolmaganidan shikoyat qilgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 aprel 2020
Qirg‘izistonning Chuy viloyatida bir kunda ikki o‘spirin o‘z joniga qasd qilgani haqida “Ozodlik”ning qirg‘iz xizmati xabar berdi. Mahalliy ichki ...
23 dekabr 2015
Eltuz Mamadali Mahmudov bilan jurnalist Maloxat Eshonqulova qilgan videosuhbatning birinchi qismini e'tiboringizga havola qiladi.
13 iyun 2017
Davlat idoralari korporativ bazmlarida xonandalar xizmatidan bepul foydalanilishi haqidagi O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov shikoyati turli baxslarga sabab bo‘ldi. ...
5 may 2015
«Rossiya bizni bosib oladimi¸bayrog‘imizni yulib olib yerga tashlab ¸bizni qul qiladimi bizga baribir. Qorin to‘q cho‘ntak but bo‘lsa bo‘lgani» ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...