O‘zbekistonda majburiy ruhiy davolash: sovet zamonidan qolgan amaliyot hamon mavjud
O‘zbekistonda majburiy ruhiy davolash: sovet zamonidan qolgan amaliyot hamon mavjud
O‘zbekiston inson huquqlari forumi (O‘IHF) mamlakatda faollar ovozini o‘chirish maqsadida majburiy ruhiy davolash amaliyotiga oid hisobotini e'lon qildi. Unda sovet zamonidan qolgan bu amaliyot hamon qo‘llanilayotgani bayon etilgan.
Hisobotda yozilishicha, 2016 yilda Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston prezidenti etib saylangan so‘ng mamlakatning inson huquqlariga oid tashvishli imiji o‘zgarishiga umid paydo bo‘lgan. Ammo bu umid oqlanmagan.
“Afsuski, Mirziyoevning yangi ma'muriyati davrida inson huquqlari himoyachilariga nisbatan qator suiiste'molliklar kuzatildi. Huquq faollarini ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy tiqishga oid bir necha xabarlar chiqdi”, deyiladi hisobotda.
Unda keltirilishicha, agar huquq himoyachilari ruhiy nosog‘lom deb topilsa, ular sud tomonidan ta'qib qilinishga qarshi o‘zlari kurashish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Bu imkoniyatdan mahrum etish esa qatag‘onlarning samarali usullaridan biri hisoblanadi.
Hisobotda O‘IHF tomonidan hujjatlashtirilgan bar qator holatlar bayon etilgan, shu bilan birga, inson huquqlari buzilishining bu kabi ko‘rinishlarni bartaraf etishga qaratilgan qator tavsiyalar berilgan.
O‘IHF inson huquqlari faollaridan faoliyati uchun qasd olish maqsadida ularni ruhiy nosog‘lomlik bahonasida majburiy ravishda ozodlikdan mahrum etish yaqqol ko‘rinib turgan yetti holatni aniqlagan.
Hisobotda taniqli inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar, xususiy mulkdorlarga nisbatan holatlar keltirib o‘tilgan.
Masalan, huquq himoyachisi Yelena Urlaeva nafaqat O‘zbkistonda, balki butun dunyoda taniqli faollardan hisoblanadi. O‘zining 20 yillikdan ortiq faoliyati davomida, aniqrog‘i, 2001 yildan 2017 yilgacha u kamida 18 marta bandi etilgan.
O‘zining eslashicha, u ilk bor 2001 yilda hukumat siyosatiga qarshi tinch chiqish qilishi ortidan ko‘chada noma'lum shaxslar tomonidan ushlangan va o‘sha yili 6 aprel-30 iyun kunlari majburiy ravishda Toshkentdagi 1-ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolangan. Uni majburiy davolashga oid na sud qarori, na vrachlar komissiyasining xulosasi bor.
Yelena Urlaeva 2002 yilda yana ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tiqildi va unga majburiy ravishda turli psixotropik dorilar berildi. 2003 yilda o‘tkazilgan mustaqil psixiatrik ekspertiza unda na ruhiy, na psixiatrik buzilishlar borligini ko‘rsatdi.
Ushbu xulosa Yelena Urlaevani keyingi shunday ta'qiblardan qutqarishiga umid qilingandi. Lekin 2005 yilda u yana ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi. Garchi u yerdan qochishga muvaffaq bo‘lsa-da, keyin tuman prokurori yordamchisining arizasi asosida huquqlarga egalik qilishdan mahrum etildi va muomalaga layoqatsiz deb topildi.
Shundan so‘ng Yelena Urlaeva 2016-2017 yillarda ham shifoxonaga majburiy davolanish uchun yotqizildi. Xalqaro tashkilotlar norozilik bildirishi ortidan hukumat uni ozod etishga majbur bo‘ldi.
Hisobotda nomi keltirilgan faollardan biri Nafosat Olloshukurovadir. U Shabnam Olloshukurova taxallusi bilan feysbukda o‘z blogini yuritgan, O‘zbekiston hukumatini ochiqchasiga tanqid qilgan.
Nafosat 2019 yil yanvarda prezident Mirziyoev bilan uchrashish talabi bilan besh nafar ayolning Toshkentda Senat binosi oldida tinch norozilik namoyishi uyushtirganini tasvirga tushirayotganiga hibsga olingan va bezorilikda ayblanib, besh kunlik ma'muriy qamoqqa hukm etilgan.
O‘sha yilning 23 sentyabrida Nafosat shoir Mahmud Rajabovning norozilik chiqishini yoritayotganida yana hibs etilgan va hibsdalik chog‘ida jismoniy qiynoqlarga solingani aytiladi. 10 kunlik ma'muriy qamoq muddati tugashi ortidan prokurorning talabi bilan u psixiatrik shifoxonaga yotqizilgan.
Nafosatning ozodlikka chiqarish to‘g‘risidagi arizasi 2019 yil 28 noyabrda Xorazm viloyati fuqarolik ishlari sudi tomonidan tibbiy komissiya xulosasiga asoslanilgan holda rad etildi. Sud qaroriga ko‘ra, psixiatr Olloshukurovada “ruhiy buzilish”, “psixopatik sindrom belgilari”, “paranoidal sindrom” borligini ta'kidlagan.
Nihoyat, Nafosat 2019 yil 20 dekabrda ozod etildi. 2020 yil yanvarda esa u yana ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tiqilishdan xavfsirab O‘zbekistondan qochib ketishga muvaffaq bo‘ldi.
Hisobotda keltirilgan eng mashhur ismlardan bir, shubhasiz, jurnalist, ayni paytda sobiq prezident Islom Karimovning jiyani Jamshid Karimovdir. U qariyb 11 yil davomida Samarqanddagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida saqlangan. Ungacha amaldagi hukumat tanqid qilingan materiallari turli mustaqil nashrlarda chop ettirib kelgan.
2006 yilda majburan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tiqilgan Jamshid Karimov 2011 yil noyabrda qisqa muddatga ozodlikka chiqarildi, ammo ikki oy o‘tar-o‘tmas biror sud qarorisiz yana shu shifoxonaga joylashtirildi.
Qizlarining aytishicha, u birinchi marta ozodlikka chiqanidan so‘ng jurnalistlar bilan gaplashgani uchun takroran jinnixonaga tiqilgan.
Hisobotda inson huquqlari himoyachilari Dilmurod Saidov va Xudoyor Matyoqubov, xususiy mulkdor David Bagramyan, fermer Aliqul Sarimsoqovning ham majburan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilishiga oid ma'lumotlar keltirilgan.
Hisobotda ta'kidlanishicha, bunday amaliyot O‘zbekistonning inson huquqlari to‘g‘risidagi bir necha shartnomalar bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarining buzilishidir. Jumladan, mamlakat fuqaroviy va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro paktni, Qiynoqlarga qarshi konventsiyani, shuningdek, o‘zi imzolagan, lekin hali ratifikatsiya qilmagan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyani buzgan.
Ushbu xalqaro hujjatlarda ko‘rsatilgan majburiyatlar haqida batafsil ma'lumotlar taqdim etilgan hisobotda O‘zbekistonga bir qator tavsiyalar ham berilgan.
Ushbu tavsiyalardan biriga ko‘ra, qiynoqlar tushunchasini to‘liq aniqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Qiynoqlar to‘g‘risidagi konventsiyaga muvofiq ravishda o‘z jinoiy qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritishi kerak.
Xususan, ruhiy kasalliklar shifoxonalari yoki jinoiy sudlov tizimi tashqarisidagi boshqa muassasalarda jismoniy va ruhiy bosimni qiynoq sifatida malakalash imkonini bermaydigan “tuynuk”larni bartaraf etish zarur.
Yana bir tavsiyada O‘zbekiston hisobotda keltirilgan holatlarni darhol tekshirishi, suiite'molchiliklarga yo‘l qo‘ygan aybdorlarni jazolashi va jabrlanuvchilarga kompensatsiya to‘lashi talabi ilgari suriladi.
“O‘zbekiston majburiy davolash amaliyotini barcha uchun, jumladan, ruhiy buzilishlarga ega shaxslarga nisbatan ham to‘xtatishi kerak. O‘zbekiston ratifikatsiya qilishni va'da bergan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya shuni talab qiladi”, deyiladi hisobotda.
O‘IHFning ta'kidlashicha, majburiy davolash bekor qilingunga qadar O‘zbekiston bemorlar holatini baholaydigan sudlar va shifokorlar mustaqilligini mustahkamlashi shart. Zero, Psixiatrik yordam to‘g‘risidagi qonun sudlar va shifokorlar tomonidan tegishlicha qo‘llanilmayapti.
O‘IHFning navbatdagi tavsiyasi BMTning maxsus ma'ruzachilariga O‘zbekistondagi inson huquqlari buzilishlarini tekshirishga ruxsat berishga oid. Garchi O‘zbekiston 2017 va 2019 yillarda BMTning turli maxsus ma'ruzachilarini taklif etgan bo‘lsa-da, ularning qiynoqlar, fikr erkinligi va qullik masalalariga oid so‘rovlariga hamon javob qaytarilmagan.
Yana bir tavsiyada O‘zbekiston mustaqil monitoringni qo‘llab-quvvatlashi, buning uchun hukumat har bir ruhiy kasalliklar shifoxonasida qayd etilgan qo‘pol muomalalarni tekshiradigan mustaqil ombudsmanga ega bo‘lishi, nohukumat tashkilotlarni ro‘yxatda olishda mavjud de-yure va de-fakto ko‘plab to‘siqlarni bartaraf etishi shartligi aytiladi. Hisobotda xulosa qilinishicha, yuqorida keltirilgan holatlar O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar va qo‘rqitishlar hamon uchrab turibdi. Majburiy ruhiy davolash inson huquqlari buzilishiga yo‘l ochuvchi “tuynuk” vazifasini o‘tamoqda.