Asosiy mavzular
24 sentyabr 2021

Kadrlar – har ishga qodirlar

Kecha yurayotib, oyog‘im ostida sarg‘aygan barglar g‘ijirlaganini eshitib, kuz kelganini angladim. Yaqindagina oyog‘im ostida qorlar g‘ichirlayotgan edi. Keyin Stokgolm osmoni ko‘m-ko‘k bo‘lib, qushlar sasi eshitilganda, ko‘klam kelganini sezib yuragim orziqqandi.

Alp  tog‘lariga tirmashganimda esa yelkamdan chiqqan ter menga vatanimdagi Qoraqum issig‘ini eslatdi.  Oyog‘im ostida barglar g‘ijirlar ekan, yozga alvido aytarak, yuragimni huzun qoplaydi. Huzunki – adoqsiz, huzunki – hadsiz.

Ëz to‘qsoni tugab, qish to‘qsoni boshlanmoqda. Qoraqum sahrosidan yodgor eski do‘stim Maqsud  Bekjon bu hislarni mendan ko‘ra aniqroq ifodaladi.

FASLLARGA QARShI

(Kuzakda yozilgan sher)

Men faslga aldanmayman, do‘stginam, yetar,

Ayt, biz uchun nima o‘zi fasl degani?

Fasl degan qushcha bir zum kelar-da, ketar,

Biz qolamiz mangulikning g‘amin yegani.

Fasl ko‘zni aldaguvchi sarob yo ro‘yo,

Umidlarni ko‘kartirar, so‘ng aylar xazon.

U qalblardan ming xil shakl yasaydi go‘yo,

Qalb— qalb emas, bir parcha loy—zarra, chang, to‘zon.

Fasllarning etagidan tutib charchaysan,

Tentiraysan lo‘li bola kabi sargardon.

Hozir ko‘klam suvlariga yuzing gar chaysang,

Lahza o‘tmay, kuz damidan junjikadi jon.

Biz sevamiz yorimizning saratonini,

Qonimizni jo‘shtiradi uning ko‘klami.

Biroq ko‘rmoq istamaymiz so‘lg‘in onini,

Sipqorganda yoz oyining so‘nggi ho‘plamin.

Zotan, barcha fasllarning oxiri tuproq.

Rasmda Qarshi shahri markazi  aks etgan. Hokimlikning O‘zbekiston bayrog‘i osilgan binosi oldida IIB xodimlari haydovchini kaltaklamoqda. Javod degan xodim qo‘lidagi to‘qmoq bilan aylantirib solyapti.

Yana  bir polvon mirshab esa haydovchini ko‘tarib yerga urdi. Haydovchining yelkasi yerga tegdi. Ammo bu sport musobaqasi emas. Bu Bobojonov mirshablarining chorasizligi va tizimning chirigani misolidir.

Haydovchilar IIB xodimiga bo‘ysunmagani ularni o‘lasi qilib urish huquqini bermaydi. Bugun Po‘lat Razzoqovichga yana bir maktub yozaman.  O‘zi Po‘lat og‘aga maktub yozavaerib, qo‘lim ham qavarib ketdi.

Maktub mana  bu so‘zlar bilan boshlanadi: “Po‘lat Razzoqovich, men bu maktubni yozayotgan paytda ishga pora bilan kirgan xodimlaringiz O‘zbekiston bayrog‘i ostida O‘zbekiston vatandoshini kaltaklamoqda…”.

Xullas, u yog‘ini bilasiz…

Ahli sufa

Bundan o‘n yillarcha oldin Andijonning “Cho‘ntagi”da bir supa odam bilan 3 soatcha o‘tirib qoldim (osh yedik). Taxminan 12 ta odam. Men o‘n uchinchi. Bittasi o‘z nazarida kulgili gap aytsa, hamma kuladi.

Bittasi o‘z nazarida aqlli rivoyat aytsa, hamma “ana, mashalloh”, deb ma'qullaydi. Absolyut kollektivizm edi. Individualizm surgunga ketgani aniq.

Bugun tarmoqni kuzatib, xuddi shu supani esladim. Faqat supada 12 kishi emas, balki millionlar. Hamma “Alisher prezidentlikka qodir”, degan rasm haqida bir xil tanqidiy fikr bildirmoqda.

Hammaning nazarida, bir to‘ydan ming oladigan Munisa xunuk. Hammaning nazarida, “opa rolni qoyil o‘ynamoqda”. Bir xil kuladigan, bir xil yig‘laydigan va bir xilda orqasi ko‘l bo‘ladigan olomon.

Faktcheking (faktni tekshirib shubhalanish), turli fikr¸ aybsizlik prezumptsiyasi va originallikdan asar ham yo‘q. “Ur o‘g‘rini” desang, devordan kesak qo‘porib yuguradigan bozor olomoni.

Aslida 34 millionning tepasidagi bu biojonivorlar to‘dasi hukmron istagan yozuvni yozadigan oppoq qog‘ozdir, xolos. Gapni supa haqida boshlovdim.

Supadagi bir amaki latifa deya bir gap aytdi: “Palonchi mujohid qo‘rboshi doim bir yonida sevimli bachchasini, bir yonida esa Yusufjon qiziqni olib yurarkan. Bir kuni  yo‘ldagi otelmi yoki motelmi degan mehmonxonada uchalasi bir ko‘rpa tagida yotishibdi.

Chetda qo‘rboshi, o‘rtada bachcha, o‘ngda esa Yusufjon qiziq. Kechasi Yusufjon qiziq qo‘rboshining bachchasini itarib qo‘yibdi. Bir pasdan keyin qo‘rboshi uyg‘onib qarasa, bachchaning orqasi ho‘l ekan.

Yusufjon qiziq esa qo‘liga tuflab, orqasiga surtib to‘nqayib yotvolibdi. Qo‘rboshi bo‘lsa: “Ne to‘lka mening sevimli bachchamni, balki qiziqchimni ham itarib ketishibdi-ya”, dermush.”

Shu joyiga kelganda hamma kuldi. Men esa bu latifaga nega kulish kerakligini bilmadim. Yig‘laydigan narsaga kuladigan xalq kim, deb so‘ramay, oynaga qarang.

Nafrat o‘lkasidan hijrat qilg‘anmen

Cho‘lpon bu misralarni 1924 yilning 14 avgusti kuni O‘sh shahrida yozdi. Shoir sovetlar ag‘dar- to‘ntar qilgan o‘lka haqida qayg‘irib: “Tikanli boqchalar chechak ko‘rgusi, Haq yo‘li, albatta, bir o‘tilgusi…”, deya orzu qiladi. Naqadar ravon va ayni paytda naqadar dardli satrlar.

Bugun millat dardini gapirishdan or qiladigan qadimchilar urchigan¸ terrorchi toliblar ularni janobi oliylari deydigan mamlakat rahbari sevgilisiga aylangan va Turkistonni qonga botirgan rus askarlari qabrini o‘zbek manqurtlari tavof qilayotgan paytda Cho‘lpon satrlari qalbimga malham bo‘ladi:

Nafrat o‘lkasidan hijrat qilg‘anmen,

Ulfat diyoriga maskan qurg‘anmen.

Yuzimni o‘t emas, gulga burg‘anmen,

Samoviy zavqlarg‘a to‘lib turg‘anmen,

Bulbullar sevgini maqtag‘an damda!

Chechaklar o‘sg‘usi ko‘z yoshlarimdan,

Bo‘g‘inlar ung‘usi o‘ylashlarimdan,

Qalblar yumshag‘usi sayrashlarimdan,

Sevgi chamanida yayrashlarimdan

Jannatlar yaratgay tashlangan janda.

Tilingan tillarga qon yugurg‘usi,

Bo‘shalg‘an inlarga jonlar kirgusi,

Tikanli boqchalar chechak ko‘rgusi,

Haq yo‘li, albatta, bir o‘tilgusi,

Jandalar tanimga tekkan kunlarda!..

O‘sh, 1924 yil, 14 avgust.

O‘qimagan o‘ziga o‘zi dushman bo‘ladi

O‘zimizga dushman bo‘lishni bizga rus maktablarida singdirishgan.

Sovet maktabida o‘qiganimda tarix darslarida ruslarning Usmonli imperiyasi bilan urushlarini o‘qitgan muallimlarimiz bizga: “Turklar dushman, ruslar esa bizning o‘zimiz”, deb uqtirishgan.

Aslida bizni bosib olgan ruslarning o‘zi bizga asl dushman edi.

1985 yilda toshkentlik taniqli san'atshunos ayol Urganchga keldi. O‘zbeklardan chiqqan bu mutaxassis ayol o‘zbek tilining turkiy til ekanini bilmas ekan. “Bo‘lishi mumkin emas, qanday qilib qayoqdagi turklar bilan tilimiz bir bo‘ladi”, dedi bu olima opamiz.

Yaxshiyam kitob tokchamda “Sovet entsiklopediyasi” bor edi. Ochib ko‘rsatdim. “O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga kiradi, deb aniq-ravshan yozib qo‘yilgan edi. “Da, neujeli”, dedi hafsalasi pir bo‘lgan olima.

Bu olima Ilya Repinning “Kazaklar turk sultoniga maktub yozmoqda” degan asarini maqtab yostiqday kitob yozgan edi.

Mustaqillikdan keyin Toshkentdagi “Demir” yemakxonasida ovqat yeb o‘tirgan turk ishchilariga hasad bilan qaragan cho‘ntagi bo‘sh toshkentlik yosh yigitchaning ko‘zlaridagi nafrat ildizi aslida rus maktabida suv ichgan edi.

1999 yili Toshkentdagi jurnalistik yig‘inlardan birida o‘zi o‘zbek bo‘la turib, o‘zbekcha bilmaydigan va rus tilidan boshqa zaboni yo‘q “jurnalist” amaki O‘zbekiston iqtisodi haqida va'z qila turib: “O‘zbekistonni bosgan turk axlatini Germaniya investitsiya yomg‘iri yaqinda yuvib tashlaydi”, deb bashorat qilgan edi.

Turklardan hazar qiladigan bu manqurt nemislarning ketini o‘pishga tayyor edi.

Bundaylarni keyin ko‘p ko‘rdim. Berlinni men bilan ziyorat qilgan toshkentlik “kulturniy” o‘zbek xonimlaridan biri: “Kak nemtsы terpyat etix gryaznыx turkov”, deya savol bergan edi. Bu xonim ich-ichidan: “Koshki nemislar bu turklarni o‘choqlar qurib yoqib yuborsa”, deb orzu qilsa hayron qolmayman.

Mana bu izoh esa yutubdagi lavha ostiga qoldirilgan. Rossiyada yashashini pisanda qilgan muallif o‘ziga “Antiturk” deya laqab qo‘yibdi.

«Antiturk» izohi

muallif: antiturk qaerdan: rusiya 11.07.2014 01:02

Yo‘q qilish kerak bu iflos xalqni, bular Amerikaning chizig‘idan chiqishmaydi, turklar O‘zbekistonga oyoq qo‘ydimi, demak Amerika O‘zbekistonga yaqinlashdi, degani. Amerika yaqinlashsa… Xudo ko‘rsatmasin, Iroq, Afg‘oniston, Liviya, Suriyaning kuni boshimizga tushishidan. Bular buzg‘unchi xalq, qaerga borsa, harom-harish ish qilishadi, faqat tilida “Alloh, Alloh”,  deyishadi-yu, niyati buzuq insonlar!!!!

Bu izohni izohlab o‘tirmayman.

Har holda bu izohni yozgan odam miyasi rus sovet mafkurasi bilan zaharlangani aniq.

Zaharli tikanlardan qutulishning yo‘li ularni yoqib yuborish, degan edi turk ulusini yakqalam qilgan Navoiy.

Ilohi! Tikan ishi sanchilmoq uchun ani kuydurmak munosibdur…

Bugun va'z ichi she'rlar bilan to‘la bo‘ldi. Sorri. Kayfiyat ana shunaqa bo‘lgani uchun mana shunaqa shig‘ir aytgisi keldi odamning.

Va'z nima o‘zi? Har holda kayfiyat ko‘zgusi emas. Tarixchilar dunyoni turlicha talqin qiladi. Ammo hamma gap dunyoni yaxshi tarafga qarab o‘zgartirishdadir.

Aziz do‘stim, singlim, opam, onajon va otaxonlar. Og‘a va inilar. Kimki meni eshitayotgan bo‘lsa, befarq bo‘lmang. Yaxshi yashash uchun egilish yoki patinka o‘pish joizmas. Qo‘rquvni yenggan odamgina ozod bo‘ladi. Faqat ozod odamgina shod va mukarram bo‘ladi.

Birgina jallod qanday qilib ming kishini o‘ldirdi

Bugungi oligarx Ortiqxo‘jaevlar  rejimi miltiq borligi uchun emas, balki qo‘rquv evaziga yashab turibdi.

Toki biz qo‘rqar ekanmiz, bu rejim yashayveradi. Bizni qamaydi, qiynaydi, o‘ldiradi, bor budimizni tortib olib, aysh-ishrat suradi…

Bir paytlar bir mo‘g‘ul askari mingta xorazmlikni qator qilib qo‘yib, asta-sekin kallasini kesgan.

Tushgacha 50 ta, tushdan keyin 50 ta.

O‘n kunda mingta odamni kalladan judo qilgan.

Mo‘g‘ul askari bitta bo‘lgan, uning qilichi ham bitta.

Atrof qum, faqat mingta asir va bitta jallod.

Ular mo‘g‘ul askari ustiga shunchaki tashlanganda ham bu askarning abjag‘i chiqar edi.

Yo‘q, asirlar mo‘ltirab qarab turishgan, qachon so‘yilish navbati menga kelar ekan deb.

Qo‘rquv karaxt qilgan ming kishining shuurini.

Ular biz ko‘pchilikmiz, jallod esa bitta, degan falsafani tushunmagani uchun ham qo‘y kabi so‘yildilar.

Tarix ulug‘ murabbiy, biz esa no‘noq shogirdlarmiz…

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 fevral 2017
O‘zbekiston chorak asr marhum Islom Karimovning besh tamoyili asosida yashab keldi. Bu besh tamoyil aslida bir tiyinga qimmatligi, qog‘ozdagi ...
10 may 2017
Andijon viloyatidagi tuman maktablari xodimlari yo‘l bo‘yida joylashgan aholi xonadonlarini tozalashga biriktirilgan. O‘qituvchilarning ma'lumot berishicha, bu yumushlarning barchasi xokimiyat ...
4 may 2018
Hojimurod o‘z qahramonliklari bilan dong chiqargan, biror yoqqa borganida tug‘ ko‘targan, atrofida ot o‘ynatib, uni kuzatib boruvchi o‘nlab muridsiz ...
17 may 2019
Shu kunlarda O‘zbekistonda davom etayotgan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi ko‘proq tayinlov tusini olayotgandek. Chunki, joylardan olinayotgan ...
Bloglar
23 noyabr 2021
Yangi milliy kutubxona qurilishi (yangi milliy teatr qurilishi ham) yangi va yap-yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz ...
21 noyabr 2021
Siyosatchi bo‘lish¸ siyosatga kirish bugungi O‘zbekistonda boshni kundaga qo‘yish bilan barobar. Bu haqda Jahongirga yozuvdim ...
11 noyabr 2021
Xalqaro jurnalist «Agneshkaxon voqeasi» ko‘p savollarga javoblarni ochib berdi. Kelinglar, jonajon akkreditatsiyadan boshlaymiz. Aynan ularni ...