Asosiy mavzular
4 oktyabr 2021

Guvohlar qotillikda gumon qilinayotgan qashqadaryoliklarning aybsizligini aytishmoqda

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudida 4 oktyabr kuni uch shaxs – Mirishkor tumani Chandir qishlog‘ida yashovchi Jonqul Navro‘zov, uning o‘g‘li Alimardon Allamurodov va jiyani Panji Navro‘zov ustidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sudlanuvchilarga qarshi Jinoyat kodeksining 97-moddasida ko‘rsatilgan “qasddan odam o‘ldirish” ayblovi ilgari surilmoqda. Ular shu qishloqda yashovchi qarindoshlari 62 yoshli Asqar Hazratov va xotini O‘g‘ilxon Aymatovani o‘ldirganlikda gumon qilinib, joriy yilning 8 mayida hibsga olingan edi. Qotillik bir yil burun, 2020 yilning 4 oktyabrida sodir bo‘lgan.

«Eltuz»ning sudda ishtirok etayotgan manbasiga ko‘ra, dastlabki sud majlisi surishtiruvlarida da'vogar va ayblanuvchilar, keyin esa jabrlanuvchi tomon guvohlarining iddaolari tinglangan.

Asosiy da'vogar, marhumning kichik o‘g‘li Ibrohim Payg‘ambarqulov ota-onasini o‘ldirganlikda kuyovi Panji Navro‘zovni ayblamoqda.

Payg‘ambarqulovning 4 oktyabr kuni guvohlik bergan xotini Shalola Jo‘raeva qotillik sodir bo‘lgan kuni yuziga ro‘mol o‘ragan Panji Navro‘zov uning ikki yashar o‘g‘lini yerga bosib urayotganini ko‘rgani, keyin esa uni ham urib hushidan ketkazganini iddao qilgan.

Ayblanuvchi tomonning yaqinlari va guvohlar esa bu iddaolarni inkor qilishmoqda. Sud tanaffus e'lon qilgan paytda «Eltuz» bir qancha guvohlar bilan telefonda bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

“Marhumning kelini iddaolari noto‘g‘ri. Chunki shu kuni mening qaynim (Panji Navro‘zov) bug‘doy o‘rimida, qaynotam (Jonqul Navro‘zov) esa qo‘shnimiznikida mehmonda bo‘lishgan. Erim (Alimardon Allamurodov) umuman qishloqda bo‘lmagan, mashinasini olib kelgani Denov shahriga ketgan edi”, dedi Munojot Egamova «Eltuz»ga.

Egamova, shuningdek, eri, qaynotasi va qaynog‘asiga nisbatan bo‘yniga ayb qo‘yish uchun qiynoqlar qo‘llanganini iddao qilmoqda. Uning «Eltuz»ga bildirishicha, qaynog‘asi avvaliga qiynoqlarga dosh bera olmay qilmagan jinoyatiga iqror bo‘lgan. 

Shundan so‘ng Munojat Egamova va uning yaqinlari xalqaro tashkilotlarga videomurojaat yo‘llab, bu nohaqliklarga barham berish va Turkmanistondan boshpana olishga yordam so‘rashga majbur bo‘lgan edi. Egamovaning eri va yaqinlariga tergov paytida qiynoqlar qo‘llanilganining rasmiy tasdig‘i yo‘q.

«Eltuz» suhbatlashgan, shu kuni asosiy gumonlanuvchi bilan birga bo‘lganini aytayotgan fermer Zamon Hakimov voqea yuzasidan o‘zining kichik bir surishtiruvini o‘tkazganini aytadi.

“Men uchun Panji yaqin do‘stim yo bir qarindoshim emas, shunchaki qo‘l ostimda 6-7 yil ishlagan mehnatkash bola. Nohaqlik bo‘layotgani uchun o‘z ixtiyorim bilan guvohlik bergani daladagi ishlarimni tashlab sudga kelib o‘tiribman”, deydi Hakimov «Eltuz»ga.

Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, shu kuni u kechki 5 yarimgacha asosiy gumondor Panji bilan birga bo‘lgan, u bilan g‘alla hosilini topshirish uchun shiyponga borishgan.

Uyiga qaytgan Panji xo‘roz so‘yib, ovqat qilgan, soat 6.30 larda qaynotasi (shu kuni o‘ldirilgan Asqar Hazratov) bilan o‘n minutcha telefonda gaplashgan.

Keyin kechqurun 7.30 larda ovqat pishgan. Uni soat 8 largacha yeyishgan xotini bilan. Keyin qolganini tugib, qo‘shnisi Bahodir degan yigitnikiga uning kasal o‘g‘lini ko‘rishga borishgan. Soat 10 largacha ular o‘sha qo‘shnilarning uyida bo‘lishgan.

Buni sudga Panjining guvohlik berish uchun besh kundan beri sudga qatnayotgan qo‘shnisi Bahodirning o‘zi ham tasdiqlamoqda.

Hakimovning aytishicha, Panjining va uning yaqinlari aybsizligini tasdiqlovchi o‘nlab guvohlar bor, lekin o‘tgan hafta boshlangan sud bu guvohlarning dalillarini hanuz tinglamayapti.

Uning fikrlarini qashqadaryolik mahalliy huquq faoli, O‘zbekiston inson huquqlari mustaqil tashkiloti vakili Shukurullo Parpiev ham qisman tasdiqladi.

“Bugungi sud majlisining yana bir nohaqligi jurnalistlardan sud hukmi chiqquniga qadar uning tafsilotlarini ommaviy axborot vositalari orqali yoritmaslik talabi bo‘ldi. Shundan so‘ng mahkama ishini kuzatayotgan “Effekt.o‘z” jurnalistlari zalni tark etishdi”, dedi «Eltuz» bilan suhbatlashgan huquq faoli Shukrullo Parpiev.

4 oktyabr kuni ertalab boshlangan sud kechki 6.00 gacha davom etdi. «Eltuz» Chandir qishlog‘ida sodir bo‘lgan qotillik surishtiruviga oid sud jarayonini kuzatishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 mart 2019
G‘ayrat Bobojonov 50 yoshda. Shundan 25 yilini jurnalistikaga bag‘ishladi. Jurnalistik faoliyatini O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil telekanalda 1994 yili boshlagan ...
14 dekabr 2020
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova korruptsiya bilan bog‘liq bir qator jinoyatlari uchun sudlanganidan so‘ng hozir ...
13 may 2021
2005 yilning 13 mayda «akramiylar» deb atalgan guruh vakillari Andijonda harbiy qismga hujum qilib, qurollarni qo‘lga kiritishgan. Keyin ular ...
10 mart 2016
Manzura Instagramdagi shaxsiy sahifasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘tkazilayotgan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...