Asosiy mavzular
8 oktyabr 2021

RTdan va'z: “O‘g‘ri” deb nom olar qarg‘algan millat

Bu 20-asrning eng buyuk o‘zbek shoiri Muxammad Solih yozgan she'rdan iqtibos edi. Bir vaqtlar Gdlyan «O‘zbeklar o‘g‘ri» deganda, O‘zbekistondagi shoir zoti bo‘lsa, dodlab: «O‘zbek gugurt cho‘piniyam o‘g‘irlamaydi, och qolib o‘lsa o‘ladiki, birovning bir burda nonini olib yemaydi», deb tirsagini tishlab izillagan edi.

Ko‘plar nazarida o‘zbek avliyo, bizni bosib olganlar esa o‘g‘ri edi. Balki shundaydir. Bu gaplardan keyin o‘tgan 30 yilgi o‘zbeklarning o‘g‘irlik solnomasini kitob qilib yozsak, 40 ming tuyaga yuk bo‘ladi. Nimalarni o‘marishmadi? Temir yo‘l shpali, zovod mo‘risi, ishxonadagi chiroq, byudjetdagi milliardlar.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining (sobiq “Narxoz”) moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha sobiq prorektori, 49 yoshli Nodir Idiev 2 million dollarni o‘marib, mamlakatdan qochib ketdi.

Idiev “Narxoz” prorektori sifatida 2020 yil yanvar oyidan beri ishlab kelgan va joriy yilning iyul oyida mehnat ta'tiliga chiqib ketganidan keyin ishga qaytmagan.

Uning qaerdaligini aytganlarga pul mukofoti va'da qilindi. Afsus, hozir amalda o‘tirgan o‘g‘rilarning qaerdaligini aytganlarga ham pul berilganida rosa boyib ketgan bo‘lardim.

Masalan, Abdulla G‘arib va boshqa g‘ariblarning uy manzilini bilaman. Mabodo kerak bo‘lib qolsa, aytarsizlar.

«Muhtaram» davrida «Asakabank»da ishlab, asakasi ketmagan, prorektorlik qilib rektordan ham ko‘p puli bor Idiev, rasmiy raqamga ko‘ra, 2 million dollar pulni davlat xazinasidan o‘margan.

Gruziyada qamoqqa olingan sobiq prezident Saakashvilini ham Gruziya sudi davlat mablag‘ini o‘marganlikda aybladi.

Saakashvilini Gruziya adliyasi nimada ayblagan edi? Bu savol javobini aytsam. Bundan 10 yil oldin, 2011  yil dekabrda ulug‘ siyosatchi Vaslav Havel o‘lib qoldi. O‘sha paytda Gruziya prezidenti bo‘lgan Mixail Saakashvili oshig‘ich ravishda Havel janozasiga yo‘l oldi. (Misha uchun Vaslav Havel ma'naviy ustoz edi).

Havel o‘lgan 18 dekabr kuni Pragada eshak o‘ldiradigan sovuq bo‘lgan edi. Quyoshli Gurjistondan Saakashvili yupunroq kiyinib kelgan edi. 3 soat ko‘chada sovuqda turish Misha salomatligini xatarga qo‘yardi. Shu bois, Misha prezident xarajatlari uchun ajratilgan karta orqali pul to‘lab, Pragadagi do‘kondan palto sotib olib kiydi.

Taxminan 500 dollarlik palto (mening kashmir paltomning narxi 800). Bu esa Gruziya qonunlariga zid edi. Qonunlarga ko‘ra, davlat xaridi uchun tender o‘tkazish lozim edi. Gruziya sudi bu holatni korruptsiya deb baholadi.  Tartibga ko‘ra, Gruziya prezidenti Havel sag‘anasiga gulchambar qo‘yishi kerak. O‘sha kuni gulchambarlar narxi oshib ketgan. Misha esa atayin qimmat gulchambar sotib olishda ayblandi. Bor-yo‘q jinoyat shu!!!

Bosqinchini ulug‘lash

Endi O‘zbekistonga qaytsak. Bundan 5 yil oldin boshlangan laganbardorlik epidemiyasi davom etmoqda.

Shu oyda Qashqadaryoda tug‘ilgan egizaklarga Shavkat, Miromon va Mirziyo deb ism qo‘yildi

Chaqaloqlar Qarshi tumanining «Uzunnavo» mahallasida yashovchi Murodovlar oilasida dunyoga kelgan.

Bundan 5 yil oldin Rossiya bosqinchilarini ulug‘lash tadbirlariga O‘zbekistonda yashil chiroq yoqilgan edi. Esingizda bo‘lsa, Kamolon mahallasida o‘ris bosqinchilariga atab qurilgan butxona davlat puliga «evroremont» qilingan edi.

Mana, endi Rossiya Turkistonni bosib olganidan so‘ng Toshkentda “oqposhshoning ukasi uchun” qurilgan Romanovlar saroyi davlat hisobidan rekonstruktsiya qilinadi. Baxtimiz to‘kis bo‘lishi uchun shu yetmay turuvdi.

Ayni paytda O‘zbeekistonda rus tiliga rasmiylar muhabbati oshib-toshib ketgan. Buni Toshkent kinofestivali misolida ko‘rdik. Koshki bu mulozimlar o‘rischani eplab gapirsa ekan.

Ammo istisnolar bor.  2 oktyabr kuni Chirchiq shahrida (Toshkent viloyati) davlat tilida so‘zlashish madaniyatini oshirishga qaratilgan ko‘rgazmali tadbir boshlandi.

O‘zbek so‘zlashuv tiliga boshqa tillardan kirib qolgan so‘zlar o‘rniga o‘zbekcha muqobillarini qo‘llashga chorlovchi bu tadbirni rus tilida so‘zlashuvchi qatlamning ba'zi vakillari qoralab chiqdi.

O‘zim kal, ko‘nglim nozik, degan qavm vakillari o‘zbeklarning o‘zbekcha gapirishidan talvasaga tushdi.

Men qaysi mamlakatdaman? Ko‘chamning nomi nima?

Tarix – bu takror sahnalardir. XVIII-XIX asrda Rossiya zodagon va bashanglari asosan frantsuz tilida gaplashishgan.

Pushkining tili frantsuzcha chiqqan va besh yoshida rus tilini enasidan o‘rgangan.

 Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani personajlari asosan frantsuzcha tillashadi.

Chunki frantsuz tilida yagona tartibu nizom va nazokat bor edi.

U paytda har xil sheva va jargonlardan iborat rus tili yagona tizimga ega emas edi. Masalan, kimdir “xitriy” degan so‘zni “aqlli” degan ijobiy ma'noda tushunsa, kim uchundir bu “shum” degan salbiy ma'noda edi.

Kimgadir “cherstviy” degan so‘z qotib qolgan nonni anglatsa, kim uchundir bu kalima endi yopilgan yumshoq non ta'rifi edi.

Frantsuz tili Rossiyadagi ilk aniq ifoda  vositasi bo‘ldi.  Frantsuz tili oshiqlari gallomanlar deya ataldi.

Gogol yozgan “Uylanish” spektakli qaxramoni – tipik galloman o‘z xotini frantsuz tilini bilishini chandon istaydi.

Sevgi bo‘lgan joyda, albatta, nafrat ham paydo bo‘ladi. Bu yashash qonuni.

Rossiyadagi tili frantsuzchaga kelishmaganlar bu tildan nafratlana boshladi. Ularni gallofoblar deb atashdi.

Gallofoblar orasida xalq maorifi vaziri Aleksandr Shishkov ham bor edi. U rus tilining moshkichiriga aylanganidan eng ko‘p dodlagan amaldor sifatida tarixda qoldi.

Ammo kiborlar frantsuz tilida gapirishda davom etishdi.

Ular faqat o‘z malayining onasini so‘kkanidagina rus tilidan foydalanishdi.

Rus tili asoschisi Aleksandr Pushkinning go‘zal xonimlarga yozgan maktublarining 90 foizi frantsuz tilida edi.

1812 yilda Napoleon Rossiyaga urush boshlagani ortidan gallofoblarning kuni tug‘di.

Oddiy rus mujigi frantsuzcha gapirgan rus zobitining bo‘ynini bolta bilan uzgani haqida Piter gazetalari dahshat bilan yozdi.

Bugun Rossiyada gallomaniya o‘rnini rus shovinizmi va putinizm to‘la egalladi.

Lekin qatiq to‘kilsa yuqi qoladi. «Afisha», «pressa», «sharm», «kavaler» “shifoner” kabi so‘zlar o‘sha frantsuz qatig‘inig yuqidir.

Bu kalimalar o‘zbekchaga ham o‘tgan.

Darvoqe, o‘zbek grammatikasidagi vergul so‘zi ham frantsuzcha. Bu so‘zni usmonli adabiyoti o‘qigan jadidlar tilimizga kiritishgan.

Du du katrin turuva

Umrimda birinchi marta Frantsiyaga borganimda men o‘zimni ilk marotaba chet ellik sifatida noqulay his qildim. Men bilgan chala-chulpa ingliz tili va sal yaxshi biladiganim olmoncha yo‘lda yurishim uchun tayanadigan hassa bo‘lmay qolgan edi.

Frantsuzcha gapir, deyishdi menga. Borgan paytimda ba'zi xonadonlarda ichki komutatsiyali telefon tizimi bor edi.

Ya'ni siz telefon qilsangiz, bir xotin ko‘taradi. U xotinga frantsuz tilida to‘rtta raqam aytish kerak bo‘ldi.

Parijda rassom do‘stim yashagan kvartiraning to‘rtta raqamini she'r kabi yodlab olgandim.

Du du katrin turuva.

O‘sha davrda qulog‘imga singgan qo‘shiqni hushtak chalib xirgoyi qilaman.

Men nima qildim? Nimani gapirdim? Qaysi mamlakatdaman? Boshimga qo‘ngan qor rangi qanday? Odam qarib churish uchun tug‘iladimi? O, mening yo‘qolgan bolaligim. Ko‘chamning nomi ne atalgandi?

Bu savollarimga yurt oydini Sardor Salimdan javob oldim:

“Ba'zilar Rim papasidan ham avliyoroq bo‘lganidek, aksar rusiyzabonlarimiz ruslardan ham rusroq. O‘zbek tili yoki tarixi bilan bog‘liq har qanday harakat yoki intilishga mana shular birinchi bo‘lib qarshi chiqadi. Buni Chirchiqda o‘zbek tilini rusizmlardan himoya qilish aktsiyasiga qarshi ko‘tarilgan dod-voyda ham kuzatish mumkin.

Aksar sobiq mustamlakalarning ziyolilari hukmron metropoliyaning (frantsuz, ingliz, rus) tili va madaniyatini o‘rganib, ularning eng yaxshi tomonlarini o‘z millatiga oddiy xalq tushunadigan (ya'ni mahalliy) tilda yetkazishga, singdirishga harakat qiladi. Faqat rusiyzabon o‘zbek o‘z millatidan hazar qiladi. Orzusi, iloji bo‘lsa, to‘laqonli rus bo‘lib ketish, iloji bo‘lmasa, shu Toshkentda Pushkin va Bayrondan iborat o‘z kichik rusiy orolchasini saqlab qolish, qolgan millat zarariga bo‘lsa ham.

Ong dekolonizatsiya qilinmas ekan, dunyoni rus ko‘zoynagi orqali ko‘rish davom etaveradi”.

Shunaqa, o‘risparastlar. Siz bir to‘dasiz, xolos.

Bu to‘da ichida men zinhor bo‘ri bolasi emasdim. Menga jajji kuchukka qaragandek qarashardi. Yillar o‘tib men jahldor bo‘lishni o‘rgandim. Bir yuzimga ursalar, ikkinchi yuzimni tutib bermaydigan bo‘ldim. Tanimdagi junlar tez-tez tikanak bo‘lardi. Ko‘zlarimda esa nafrat va g‘azab.

Men endi sut emadigan kuchuk emasdim. Qalbim to‘rida u ma'sum kuchukcha g‘ujanak bo‘lib uxlardi. Bu to‘da ichida men o‘zimdan kechib, o‘zga bo‘ldim. G‘azabim menga sovut, zaharxandam nayza bo‘ldi. Zotan, to‘da baribir menga yot edi.

Ortimdan  irillagan to‘da itlarga ilkis o‘girilib qaraganimda ular ko‘zimdagi g‘azab chaqinidan qo‘rqib, dumini qisib ortga qarab qochardi. Bu to‘da meni o‘ziga singdira olmadi. Bu to‘da meni o‘z tarog‘ida taray olmadi. Men bu to‘da quyushqoniga kirmadim. Bu to‘daning nomi – jamiyat.

Kurdik ufladik, urdiq

Xorazmda kambag‘al odamlar kurdik pishirib yeb qorin to‘qlaydi. Piyoz solib qaynatilgan suvga xamirni uzib solsangiz, uzma kurdik bo‘ladi. Kesib solsangiz – qayish kurdik. Issig‘ida yeyiladi. Shu bois, “Kurdik ufladik, urdiq”, deyiladi.

Sovet hukumati davridagi kolxozda odamlarga kurdik pishirib berishgan. Ozonda kurdik, kechda kurdik, kolxozda ishlaganning ahvolin ko‘rdik. Ozonda sho‘rva, kechda sho‘rva – kolxozda ishlaganning bo‘ynida to‘rva. Ozonda choy, kechda choy – kolxozchining holiga voy.

Bugun arab restoranidagi menyuni o‘qib, fellah kotleti (fellahkofte) degan yozuvga ko‘zim tushdi. Mazasini ko‘ray, deb buyurdim. Xamir va bulg‘ur aralash sharchalar yog‘da qovurilgan edi. Ichida et yo‘q. Gapning ochig‘i, bir paytlar qashshoqlarning o‘z oshqozonini aldash uchun o‘ylab topgan yemaklari bugun qimmat restoranlar menyusidan o‘rin oldi.

Fellah – bu arabchada kambag‘al dehqon ma'nosini beradi. Ya'ni go‘sht sotib olishga qurbi yetmagan dehqon ko‘fta (kotlet) yeyishni orzu qilgan bolalarini bulg‘ur (bug‘doyga o‘xshash don) bilan aldagan. Bulg‘ur ham o‘tmishda qashshoqlar yeguligi bo‘lgan. Ustiga ayron sepib, «sutli bulg‘ur» deb, semiz o‘t to‘g‘rab, «o‘tli bulg‘ur» deb, jizdirilgan mol yog‘i aralashtirib, «etli bulg‘ur» deya qorin to‘ydirilgan.

Bugun dietologlar bulg‘urda kaloriya ozligini bilganidan keyin ozishni istagan boy arab xotinlari bulg‘urxo‘rlikka o‘tishdi. Har bir taomning bir hikoyasi bor. Mojariston (Vengriya) boshkenti Budapeshtda gulash yerkan, bu ovqat bilan bog‘liq hikoyani eshitdim.

Budapeshtdagi qal'a devorlari bo‘ylab qopi qullari (eshik qorovullovchi qul) istiqomat qilgan. Bu qullarning vazifasi devor va darvozalarni mudofaa qilish bo‘lgan. Shahar jamiyatidan ayri, past qatlam shaklida  yashagan qullar pishirgan ovqat «qul oshi» deb atalgan.

Asosan tabrizlik qullar bo‘lgani uchun ular qulni gul deb yumshoq talaffuz qilgan. Hozirgi ozari turkchasi va turkmanchada ham gul deyiladi. Masalan, turkman prezigining oti Gurbanguli. Xullas, «gul oshi». Iqtisodiy ahvoli nochor bo‘lgan qullar bu ovqatni ko‘p pishirib, ertasiga va indiniga ham yeyishgan. (Budapesht restoranidagi gulash bir kun oldin pishirib qo‘yiladi. Qolgan ovqat shaklida)

Asta-sekin bu ovqat qullar mahallasidan chiqib o‘rtahol mojorlar dasturxonidan o‘rin oldi. Bugun esa gulash qimmat restoranlarning xos yemagi. Darvoqe, fellah kotleti ortidan choy emas, «xo‘sh ob» degan ichimlik ichilar ekan. Ozgina gradusi bor bu ichimlikning. Ashnaqa gaplar. Sizlar saylov haqida o‘ylab turinglar, men  restoranma-restoran kezib hikoyalar yig‘ay.

Rassom Tuzdan dars

O‘zbekiston aholisi umumiy bazaviy savodi yo‘q va umuman savodi yo‘qlarga bo‘linadi. Umumiy bazaviy savod degani 10gacha sanash, alifboni va ba'zi fizika qoidalarini bilish demakdir. Bugun yutubga yuklagan videomizga «Bir soatlik xalifa» deb nom qo‘ydik.

Besh yuztacha o‘zbek fuqaro «islom xalifasiga til tekkizma, gandon, yeban», deb yozibdi. Demak, bugungi darsimiz «Bir soatlik xalifa» (Kalif na chas) degan frazeologiya haqida. Bu so‘z tasodifan va o‘ta qisqa muddatga rahbarlik lavozimiga o‘tirgan shaxs uchun ishlatiladi. Qanotli ibora bu. Maqol desayam bo‘ladi, lekin askiya emas. Bu ibora aslida qadimiy rivoyatga asoslangan.

Xorun ar-Rashid o‘z o‘rnini vaqtincha boshqasiga bo‘shatib bergani haqidagi ertak. Ëshi katta va o‘qigan avlod «Bir soatlik xalifa» degan kitobni o‘qigan yo shunday kitob borligidan habardor. Bugungi o‘zbekistondagi millionlarning miyasi cho‘pchak va nafrat bilan to‘la. Ammo u yerda aslo ilm, fahm va farosat yo‘q.

Oldin aytganimdek, Ilya Ilf va Yevgeniy Petrovning «12 stul» romani qahramoni Ellochka-lyudoedka lug‘ati 30 so‘zdan iborat bo‘lsa, oddiy cho‘pchakxo‘r o‘zbek lug‘ati 15 so‘zga ham bormaydi. Bu so‘zlarning yarmini o‘ziyam tushunmaydi. Masalan, o‘sha mo‘min yo mo‘mina eng ko‘p ishlatadigan «zaybal» so‘zining ma'nosiniyam tushunmaydi.

Bu biomassa ertaga bugundan ham battar savodsiz bo‘ladi va oxirida ikki ko‘zli, og‘zi bor, ammo tili yo‘q, yeb- ichib hojatxonaga boradigan maxluqqa aylanadi. Ba'zilari aylanib ham bo‘ldi. Izoh qoldirishdan oldin maktabda 8 yil o‘qib, ega nima, kesim nima, ergashgan qo‘shma gap nimaligini bilib oling.

Om qonuni va puankare gipotezasini bilmasangiz, kechiraman. Darsimiz tugadi. Keyingi darsda saylovda ovoz sanashni o‘rgataman.

White girl

Koronadan oldingi kez edi. 3 yil oldin Rossiyaning Yoyiq (Ural) daryosi bo‘ylab yelkamda etyudnik bilan kezib chiqqandim. Nikolay Leskov bitiklarida yozilganidek, bir paytlar bu tuproqlarda qipchoqlar yashardi. Bugun internet va smartfon asrida ham daryo bo‘yida kigizdan yurt tikib yashayotgan qipchoqlarni ko‘rdim. O‘sha kez tortganim suratlar ortiga mana bu misralarni yozgan ekanman:

Qo‘llarda chechak,

Oldimda kelajak,

Ortimda ketajak,

Sayra, bulbulim,

Erka sanduvoch.

Ëyiq yoyilib oqar. Atrof qipchoq dashti. Ko‘m-ko‘k o‘tlar o‘sgan dashtdagi oq uy tundigidan tutun chiqib turardi. Baxshi ota qo‘shig‘ini esladim. Mo‘risidan tutun chiqar, qatlamasi butun chiqar. Oq uy erganagi g‘ichirladi. Qiyiq ko‘zli, qizil yuzli suluv chiqdi. Borib «sen kimsan, suluv», dedim. «Cho‘ng otaning qiziman. Onamning oti Yaxshiliq. Mening otim Oqqiz» dedi.

«Otang qani?» «Otam Yoyiqning narigi yog‘idan suruv surishga ketdi, onam qishloqqa endi», dedi qiz. “Kir, choy ich, jigit”, dedi Oqqiz. Kirdim. “To‘rga o‘t”, dedi. Qir chechagiday porlagan shirdaq ustida o‘tirdim. Qiz o‘choq ustidagi qozondan qora choyni og‘och susoqda suzib kosaga soldi. Qora choy degani sut choy. Oqqiz bug‘i chiqib turgan kosani uzatdi. “Ma, ich, qo‘noq”.

Endi ko‘rdim, oq qizning ko‘zlari yashilsimon edi. Yashma toshi kabi. Oqqiz menga tik qaramadi. Choyni berib, kiyik kabi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Egnimdagi ikki ko‘zli xurjun xayba ichidagi yeguliklarni o‘rtaga qo‘ydim.

“Oqqiz, senga bozorliq keltirdim. Kel», dedim.

Oqqizga qizil quti ichidagi frantsuz isli suvini uzatdim. Bu isli suvni art kuratorim Irinaga keltirgandim, ammo Irina Isroilga ketib, bu parfyum xurjunimda qolgandi. Ichida shisha bor quti ustiga LANVIN – ECLAT D’ARPEGE EDP deb yozilgan. Juda sevaman bu parfyumni. Ko‘klamdagi chechaklar ifori keladi bu isli suvdan. Oq qiz yer yuzidagi butkul qizlar kabi parfyumni sevadi. Kiyik kabi yugurib keldi. Qutini qo‘liga oldi. Qizil yuzli Oqqizning yuzi yorishdi. Menga ilkis qarab, “qimbatmi”, dedi.

Men kuldim. Qiz qutini ochdi. Xrustal shisha oq uy tundigidan tushgan nurda jivil-jivil porladi. Oq qiz isli suvni qo‘lining ust qismiga sepdi. Keyin qo‘lini burniga oborib iskadi isli suv isini. Frantsuz parfyumerlariga olqish. Ular qizlarning biz bilmagan yerlarigacha yetib, ularni o‘zgartiradigan is yaratishgan. Qizil yuzli Oqqiz oq uy qovurg‘asiga ilingan do‘mbirani qo‘liga olib menga yalt etib qarab, “o‘len aytayinmi”, dedi. “Ayt”, dedim.

Oqqizning qo‘li do‘mbira ustida dans qila boshladi. Men Oqqizning o‘ynayotgan qo‘llariga qarab, ichim bir turli bo‘lib o‘tirdim. Oqqiz aytim aytar edi.

Men o‘zingdi tag‘in ko‘rdim tushimda,

Sag‘an degan so‘zim barma ishimda.

Men xurjun xaybamdan qog‘oz va uchi ko‘mirli yozg‘ichni oldim. Bu do‘mbira chalib o‘lan aytayotgan qipchoq qizi Oqqiz rasmini tortib boshladim.

Kun qorayib yog‘mur yog‘di. Tundik ipini tortib, uyni yomg‘irdan qo‘ridim. Chaqmoq chaqib ko‘kning ko‘kini yirtib boshladi. Har chaqmoq chaqqanida Oqqizning yuzi yarq etib ko‘rinardi…

Oradan olti oy o‘tdi. Afinadagi ko‘rgazmaga “White girl” degan rasmni qo‘ydim. Bir qarashda rassom Chuykovning kitob ko‘targan qirg‘iz qiz asarini eslatadigan bu realistik rasmni qozog‘istonlik diplomat sotib oldi. Kelishuvga  ko‘ra, men bu rasm fotosini tarmoqda qo‘ya olmayman. Ammo bir xotira qoldi. Tafsilotlarni aytishga istihola qilganim shirin xotira.

O‘shanda Yoyiq bo‘ylarini kezib, bir toshbitikka ko‘zim tushdi. Antropolog do‘stim bu toshbitiklar O‘rxon-Enasoy yozuvi ekanini aytib rasshifrovka qilib  berdi. Ko‘k. Oy. Quyosh. Dengiz. Erkak. Qiz. Sandug‘och (bulbul). Bu yettita  timsol haqida ko‘p o‘yladim. Hatto yon daftarimga poeziyaga o‘xshash bir narsa yozgan ekanman. Shuni topib oldim.

Borman deb borimni o‘rtaga qo‘ydim,

Sandug‘och qushimni sen uchun so‘ydim.

Ikki tizzam yerda. Kunbotarda ko‘zim,

Yildirimda o‘tlangan bo‘z uydayin.

O‘rtanib, yonib , yarqirab, lovullab,

Botishdan kun chaqnar. Ko‘zim qamashar.

Borman deb borimni o‘rtaga qo‘ydim,

Sandug‘och qushimni sen uchun so‘ydim.

Yerning adog‘ida. Dengiz qirg‘og‘ida,

Bir suluv yashaydi sochlari chechakli.

Kunduzi kun qizi. Tunda oy qizi,

Boy qizi. Xon qizi. Ko‘kning yulduzi.

Botishdan kun chiqqanda adashdim.

So‘qmoq meni sen tomon eltdi,

Sen. Men. Turibmiz betma-bet.

Yuzma-yuz. Yel tortqilaydi sariq sochingni.

Ko‘m-ko‘k ko‘zlaringda dengiz ko‘rinar,

Koshki kema bo‘lsam-u, cho‘kib o‘lsam.

Koshki oqchorloq bo‘lib uchsam ustingda,

Kunduzi kun qizi. Tunda oy qizi.

Boy qizi. Xon qizi. Ko‘kning yulduzi.

Sen. Men. Turibmiz qarama-qarshi,

Keyin ketdik ikkimiz dengiz yoqalab.

Qo‘l ushlashib qumloq sohil bo‘ylab,

Ichimdagi irni oqcharloq irladi ko‘kda,

Yurakdagi qo‘shiq  dolg‘alar sasiga qo‘shildi.

Yerning adog‘ida. Dengiz qirg‘og‘ida,

Ikki siluet kun yorug‘i ustiga bitildi.

Ëzuv. Enasoydagi bitik. Toshdagi kertik.

Kun botdi. Dengiz ko‘kardi. Ko‘k  oqardi.

Sen. Men. Turibmiz betma-bet.

Ko‘m-ko‘k ko‘zlaringda o‘zimni ko‘rdim,

Termulgan qop-qora ko‘zimni ko‘rdim.

Sen men bo‘lding. Men sen bo‘ldim.

Ko‘kda tekligidan uyalib iymandi oy,

Bulut ortiga gizlandi. O‘ramolli oy.

Ëzg‘ich qora bo‘yoq ichiga botganiday

Yo‘q bo‘ldik qop-qora qorong‘ulikda.

Chaqmoq chaqdi ko‘kning ko‘kini yirtib,

Ko‘m-ko‘k dengiz qirg‘og‘ida turgan senu men

Yarqirab. Yaltillab, chaqnab ko‘rindik

Toshga o‘yilgan Enasoy bitigidayin.

Yerning adog‘ida. Dengiz qirg‘og‘ida,

Oy qora bulut ichida. Bir-ikki yulduz

Yiltilaydi. Yaltillaydi, uchib o‘ynaydi,

Og‘ ichidagi a'jamiy baliqlarday

Sakraydi yulduzlar, ko‘k chechaklari.

Sen. Men. Turibmiz betma-bet,

 Ëshlanmagan turmush bitigi,

Toshga o‘yilgan O‘rxon bitigi.

Borman deb borimni o‘rtaga qo‘ydim,

Sandug‘och qushimni sen uchun so‘ydim.

Bu kecha – sevgi kechasi. Yum ko‘zlaringni,

Yerning adog‘ida. Dengiz qirg‘og‘ida,

Ikki siluet bitta bitikka aylandi.

Toshga o‘yilgan Enasoy bitigi.

Majnunning o‘limi

Uning pasportdagi ismini bilmayman. Sochlari yelkasiga tushgan va motorollerda pitstsa tashib kunini ko‘radigan bu yigitni Pragadagi o‘zbeklar Majnun deb atashardi. Mana, pragalik sariq soch qiz Klara kompyuterdan yangi buyurtmani oldi. 

Klara mikrofonga egilib, Jedna margarita pizza pro vilu v Průhonici. Běžte Majnun, vezměte si to drahý, dedi (Pruxonnitsadagi villaga bir margarita pitstsa). Majnun bo‘lsa sariq motorollerini tirillatib, buyurtmani berish uchun Praga chetidagi boylar yashaydigan Pruxonnitsa mahallasiga qarab ketdi.

Iyul oyi. Lojuvard osmon fonidagi qizil tomlar quyosh nurida jilvalanadi. Florida deya nom olgan pushti gullar balkonlardan ifor tarqatadi. Nihoyat, navigator Majnunni kerakli manzilga eltdi. Katta ikki qavatli norinj rang villa. Balkonda bir juvon gullarga suv quymoqda. Orqasidan esa bir qorasoch erkak kelib juvonni quchdi. Juvon jilvali tabassum qildi.

Majnun esa dong qotdi. Axir bu Nargiz-ku. Ishqida oh chekkan va nihoyat unashtirilgan qiz. Ammo Majnunning onasi «Bu qizning tagi-taxti yo‘q», deb fotihani buzgan edi. Shundan keyin Majnun o‘z tug‘ilgan shahrini tark etib Pragaga kelib ishlay boshlagan edi.

Ammo Nargiz qanday keldi bu shaharga? Qaysi shamol uni uchirdi? Uni quchgan qora sochli kim? Majnun qo‘lidagi pitstsa orderiga qaradi. Jubayr Gufran degan arab ismi yozilgan edi. Majnun villaning Jubayr va Nargiz Gufran deb yozilgan qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi…

Nargiz chiqib, pitstsa qutisini qabul qilib olayotib, Majnunning ko‘ziga ko‘zi tushdi. Nigohlar uchrashdi. Orziqish, mung va yana allanechuk dard bor edi Nargizning ko‘zlarida. Ammo bir necha sekund davom etgan ko‘zlar uchrashuvi tugadi. Nargiz pitstsa haqini to‘lab, ilkis burilib ketdi.

Majnun cho‘ntagini kavladi. Nargiz bo‘lsa, qaytimi kerak emas, deb qadamini jadalladi. Arabcha gapirgan erkak kishining sasi keldi. Nargiz norinj rang villa ichiga singib yo‘q bo‘ldi. Majnun bo‘lsa, sariq motorollerga suyanganicha turardi. Majnun shuurida bir qo‘shiq yangrardi. Nargiz, Nargiz, xabar olmaysan hargiz. Oxaxoy.

Majnun cho‘ntagidan kumush zanjirli kulonni chiqardi. Kulon yarim olma shaklida edi. Nargizda ham xuddi shunday yarim olmali kulon bor edi. Unashtirilgan paytida ular bu ikki olmani oshiq-moshiq qilib birlashtirib zavq olishgan edi. Majnun o‘zi istamay norinj villadan uzoqlashdi.

Ammo sal o‘tmay, motorollerni haydashga madori yo‘qligini his qildi. U o‘z sevgisi ko‘milgan mozor kabi norinj villaga qaragan ko‘yi motorollerga suyanib turib qoldi. Bir oz vaqt o‘tib norinj rang villadan zangori rangdagi Porsche Cayenne Coupe mashinasi chiqdi.

Majnun qandaydir ilinj bilan motorollerini Porsche Cayenne Coupening Nargiz o‘tirgan tarafiga yondosh haydadi. Nargiz o‘ng tarafda mayus o‘tirar, chap tarafda esa qora sochlari tekis taralgan arab oppoq tishlarini ko‘rsatib kulib, nimalardir deya mashina boshqarardi.

Mashina qizil yongan svetofor yoniga borib turdi. Majnun yaqinlashib Nargizga qo‘lidagi kulonni ko‘rsatdi. Boshini afsus bilan chayqagan Nargiz sumkasidan aynan shunday kulon chiqarib mashina oynasidan yerga tashladi. 

Svetoforning yashil chirog‘i yondi Porsche na'ra tortganicha ilgari jildi.

Majnun yerga egilib ikkinchi kulonni oldi.  Ikki yarim olmani chirq etkazib birlashtirdi. Hech bo‘lmasa kulondagi olmalar birlashdi-ku, deb o‘yladi Majnun.

Bu paytda oldinda ketayotgan Porsche ichidagi Nargiz Majnunning harakatlarini orqani ko‘rish ko‘zgusidan kuzatar edi. Ana sariq motoroller. Uning ustida birlashgan olmali kulon ushlagan sobiq sevgilisi Majnun ko‘zlarini jovdiratib turibdi. Majnuning uzun sochlari shamolda hilpiraydi.

Shu payt beton qoradigan ulkan yuk mashinasi kelib Majnun turgan motorollerni turtib yubordi. Majnun bir silkinib tepaga uchdi va asfaltga urilib joni uzildi. Farramiul alsayyara (mashinani to‘xtat) deya faryod qildi Nargiz. Jubayr Gufran jon-jahdi bilan tormozni bosdi. Mashina eshigini  shart ochgan Nargiz yugurib, yerda yotgan Majnun oldiga bordi.

Mana, u yotibdi. O‘lgan bo‘lsa ham ko‘zlari ochiq ketgan edi. Qo‘lida esa olmali kulon.

Bir olmaning ikki yuzi,

Biri sensan, bir men,

degan qo‘shiq aytilgan edi ular unashgan kun…

Orqadan yetib kelgan Jubayr Nargizning yelkasidan quchdi.

 Huzun dengiziga g‘arq bo‘lgan Nargiz sassiz edi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
28 avgust 2017
Shoir Yusuf Rasul 1971 yil Tojikistonning Panjikent tumanida tug‘ilgan. 1993 yilda ToshDuning jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbek vaqtli matbuotidab Bi-Bi-Si, ...
12 noyabr 2015
Bugun 12 noyabr kuni ertalab 21 yil qamoqda bo‘lgan, 4 marta raskrutka qilingan taniqli muxolifatdagi siyosatchi Murod Jo‘raev ozod ...
28 aprel 2021
«Abdulla G‘arip Prodakshn», rassom Elsevar, rassom Tuz va «Eltuz» yangi siyosiy satirik animatsion filmlar turkumining uchinchi qismini taqdim etadi. ...
19 sentyabr 2018
Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyida O‘zbekistonning tashqi savdoaylanmasida import sur'atining o‘sishi eksportnikidan qariyb yetti barobardan ko‘proqni tashkil etdi. Davlat ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...