Kosonlik faol hokimlik sayti yolg‘on xabarlar tarqatayotganini aytmoqda
Koson tumani hokimligi rasmiy veb saytiga ko‘ra, “so‘nggi 2 yil ichida Koson tumani markazi tanib bo‘lmas darajada chiroy ochgan”. Tuman ko‘chalari asfalt qilinib, uzluksiz elektr ta'minoti o‘rnatilgan. Imkoniyati cheklangan va kam ta'minlangan fuqarolarga hokimlik yordamlari berilmoqda.
Saytda e'lon qilingan qator maqolalarda bunga ko‘plab raqam va faktlar keltiriladi. Ammo mahalliy faol Nargiza Keldiyorova «Eltuz» bilan suhbatda bu xabarlardagi voqeliklar hokimlik matbuot xizmati tomonidan bo‘rttirib ko‘rsatilayotganini iddao qilmoqda.
«Eltuz» suhbatdoshiga ko‘ra, Kosont.o‘z sayti 2019 yildan faoliyatini boshlagan. Bu nashrga va tuman matbuot kotibligiga yosh jurnalist Dilshod Nabiev rahbar etib tayinlangan.
«Men uning tayinlanganidan avvaliga judayam hursand bo‘ldim. Chunki u faoliyatini boshlagan paytda xalqning muammolarini, xalqning dardini, kamchiliklarini yoritdi. Tumandagi matbuot faoliyatini juda faollik bilan boshqara boshlagan edi», deydi tuman faollaridan biri Nargiza Keldiyorova.
Raxbarga yoqadirgan xabarlar
Biroq, Keldiyorovaga ko‘ra, olti oy o‘tar-o‘tmas bu faoliyat mutlaqo qarama-qarshi tomonga o‘zgargan. Saytda bir yoqlama va yolg‘on ma'lumotlar ko‘paya boshlagan.
“Unga hokimlik kabinet va uskunalar ajratdi, shundan so‘ng Nabiev faqat hokimlikdagilarning qulog‘iga yoqadigan xabarlarni chiqara boshladi”, deydi Keldiyorova «Eltuz» bilan suhbatda.
Uning aytishicha, veb saytdagi bu kabi tendentsiya ko‘pincha xalqaro matbuotda chiqib qoladigan, tumandagi kamchiliklar aks etgan xabarlarga raddiyalar shaklida ko‘zga tashlanmoqda.
“O‘zimiz ko‘rib turgan, ko‘zimiz oldida bo‘layotgan narsalar inkor etila boshlaganidan keyin biz bu nashrga ishonishga qo‘rqib qoldik”, deydi Keldiyorova.
Hususan, Koson tumani hokimligi matbuot xizmati joriy yilning avgust oyida Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Shoymardon bobo Jumaevga hokimlik moddiy yordam ko‘rsatgani haqida xabar bergan. Keyin ijtimoiy tarmoqlarda Shoymardon boboning hech qanday yordam olmagani haqidagi videomurojaati paydo bo‘lgan edi.
“Menga hech kim yordam puli bermadi. Pensiya pulim kam. Hokimlikka ham bordik. Hech bir yordam yo‘q”, degan edi Shoymardon bobo tarmoqda tarqalgan videomurojaatida.
Oradan ko‘p o‘tmay, matbuot xizmati Shoymardon bobo tilidan boshqa bir video tayyorlaydi. Bunda hokimlik Shoymardon boboga moddiy yordam ko‘rsatgani, har oyda ikki martadan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ham ta'minlab kelayotgani haqida gap boradi.
Shoymardon boboning o‘zi ham endi oldingi gaplarini inkor qilib, unga hokimlik yordam ko‘rsatgani, uylarini shifer qilib bergani haqida aytgan.
Biroq Keldiyorovaga ko‘ra, buning barchasi bir tovoq osh va aroq ustida qilingan ko‘zbo‘yamachilik bo‘lgan.
“Hokimlik vakillari bilan matbuot kotibi Nabiev uning uyiga bir tovoq palov va aroq ko‘tarib borishgan. Xalqaro matbuotda chiqish qilgani uchun oldin qo‘rqitishgan.” deydi Keldiyorova.
Aynan shunday bo‘lgani haqida Shoymardon boboning o‘zi ham keyingi videosida tag‘in gapirgan.
“Mahalla raisimiz, Nabiev va boshqalar kelib, meni uyga qamab olib gapirtirishdi. Palov, konyak olib kelishdi. Majbur qilib, ichsang-ichding, ichmasang qamayman, deb majbur qildi. Yolg‘onni yozib ketgan ular”, deya iddao qiladi Shoymardon bobo.
Keldiyorovaga ko‘ra, o‘sha paytda ham va to shu bugungacha Shoymardon boboga hech qanday moddiy yordam ko‘rsatilmagan.
Bu pulga yo‘lni asfalt emas, qimmatbaho kafeldan qilish mumkin edi
«Eltuz» suhbatdoshi tumanda bu kabi holatlar ko‘pligini bildirdi. “Hokimlikning internetda paydo bo‘lgan biror maqola yuzasidan raddiya qaytaringlar, degan topshirig‘ini tezgina bajarish uchun yolg‘on ma'lumotlar tarqatilgan”, deydi Keldiyorova.
Uning so‘zlarini Koson tumani Lolazor mahallasi turg‘uni, 2-guruh nogironi Dilshod Otaev ham tasdiqlaydi va bunga bir necha misollar keltiradi.
“Koson tumani hokimining matbuot rahbari Dilshod Nabiev Lolazor mahallasi asfalt qilindi, deya yolg‘on ma'lumot tarqatdi. Kelib ko‘ringlar-chi, asfalt qilinganmikin”, – deydi Dilshod Otaev.
2019 yili 11-13 kilometr yo‘l ta'miri va keng ko‘lamli asfalt yotqizish uchun 1 milliard 475 million so‘m pul ajratilgani haqida yozgan edi, biroq mahalliy faol Keldiyorovaning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lning atigi 1,5-2 kilometrigina asfalt qilingan.
“Bu pul bilan 11-13 kilometr yo‘lga asfalt emas, kafel yotqizish mumkin edi. Koson kichkina bir shahar. Uning ichki yo‘llari umuman asfalt qilinmagan. Matbuot kotibiga yo‘l idoralari yolg‘on ma'lumot bergan bo‘lishi mumkin. Lekin ular bu ma'lumotni oldin tekshirib ko‘rishlari kerak edi”, deydi Keldiyorova.
Kosont.uz sayti, shuningdek, 2-guruh nogironi bo‘lgan Dilshod Otaevga Xalq banki yordam puli bergani haqida yozgan. Otaev esa bu xabarlardagi ma'lumotlar ham yolg‘onligini aytdi.
“Hokimlik vebsaytida Koson tumani matbuot kotibi Dilshod Nabiev Xalq banki vakillari kelib, sharoitimni ko‘rib, menga yordam tariqasida to‘rt million so‘m pul bergani haqida yozibdi. Buni Dilshod Nabiev qanday isbotlay oladi?”, deydi Otaev.
“Surishtirishga haqingiz yo‘q!”
Boshqa bir mahalliy faol, maktab o‘qituvchisi Dildora Hakimova majburiy mehnat holatlarini o‘rganish jarayonida shaxsan matbuot kotibi Dilshod Nabievning qarshiligiga duch kelganini aytadi.
“Men avvaliga uning (Dilshod Nabievning) biror surishtiruv o‘tkazmasdan turib majburiy mehnat holatlari bo‘lgani rad etuvchi xabarlar tayyorlagani haqida murojaatchilardan shikoyatlar olganimda hayron qolardim. Nahotki u hech narsani surishtirmasdan turib, tashkilot rahbarlarining noqonuniy xatti-harakatlariga doir maqolalarga nisbatan faqat “yolg‘on xabar tarqatildi, bo‘xton qilindi” qabilidagi maqolalar chiqaradigan xodim bo‘lsa, deb o‘ylardim.
Mening o‘zim ham keyin bunga guvoh bo‘ldim. Shu yilning 25 avgustida tumandagi 6-maktabda sodir bo‘lgan majburiy mehnatni o‘rganish yuzasidan u tashkil qilgan majlisga borganimda, qo‘limda tegishli hujjatlarim bo‘lishiga qaramay, “sizga bunday surishtiruv olib borish mumkin emas, sizning bunga haqqingiz yo‘q”, degan cheklovlarni qo‘ygan”, deydi Hakimova.
«Eltuz» o‘z suhbatdoshining uyda qalin kiyinib, issiq ro‘molga o‘ranib o‘tirganiga va yo‘talayotganiga e'tibor berdi. Suhbat mavzui o‘z-o‘zidan qishki isitish tizimi va gaz ta'minoti masalalariga ko‘chdi.
“Gaz va elektr masalasida ham yaxshigina katta kamchiliklarimiz bor. Uni ham to‘liq bartaraf qilindi, yaxshi bo‘ldi degan, quloqqa yoquvchi, shirin yolg‘onlar bilan ko‘rsatib kelinayotgan joylari ham bor. Lekin bundan besh yil oldin chindanam hatto shahar markazlarida ham chiroq masalasi juda achinarli ahvolda edi. Hozirgi kunda o‘sha besh yillik zulmatga nisbatan yaxshi o‘zgarishlar bor. Men qalin kiyinib o‘tirgan bo‘lsam ham internet ishlab turgani uchun siz bilan suhbatlashyapman, balki hammasi yaxshi bo‘lar degan umiddamiz”, dedi «Eltuz» suhbatdoshi.
«Eltuz» yuqorida bildirilgan iddaolar yuzasidan maqola chop etilgan soniyaga qadar Koson tumani hokimligi matbuot xizmati telefonlariga bog‘lanishga urindi, lekin hozircha javob olishning iloji bo‘lmadi.
Eltuz.com