RTdan va'z: Timsoh oshqozonidagi o‘zbek
Kun chiqdi. Kun botdi. Oldingi spichdan keyin roppa-rosa 6 marta tong otdi. Eng uzun yaldo tuni ham ortda qoldi. Endi tunlar qisqarib, kun uzayadigan davrga kirdik. Tun – bu qorong‘ulik, qorong‘ulik esa yomonlik bo‘lsa, demak, kun – bu yorug‘lik, yorug‘lik esa yaxshilikdir. Yaxshiga yondoshaylik, yomondan qochaylik.
O‘zbekistonda padxalim shou davom etmoqda. Samarqandda tug‘ilgan uch egizakka Shavkat, Mirziyo va Miromon deb ism qo‘yishdi. Ta'ma. Laganbardorlik va absolyut johillik qorishmasi bu. Boshqa nima ham derdik. Qanaqa o‘lsangiz, shunaqa ko‘mamiz.
«Eltuz» do‘stlari klubi a'zosi Mirza Anvar akaning bu yuzadan fikri mana bunday: O‘z vaqtida Islom, Abdug‘ani, Karim deb ot qo‘yilgan egizaklar Rossiyada mardikorchilik qilib yurishibdi! Bular keyingi etap bo‘ladi!
Umuman, «o‘zingdan ko‘pay», «tuxuming toshloqqa sochilsin», «oltin oshiq o‘ynagan o‘g‘ling kumush qoshiq ushlagan qizing bo‘lsin», deyishadi aziz xalqimiz. Masalan, ilgari Xorazmda qizlarni erga berishda yoshiga qarashmagan. Jun telpak bilan urganda yiqilmasa, erga bervorishavergan. Ammaning qizini jiyanga oberishgan. Bugungi kunga qaytsak. Buxoroda 13 yashar maktab o‘quvchisi ammasining o‘g‘lidan farzandli bo‘ldi.
Buxoro viloyati Jondor tumanida maktabda tahsil oluvchi 13 yoshli qiz ammasining 20 yoshli o‘g‘lidan farzandli bo‘lgan. Bu haqda «Daryo» muxbiri xabar qildi.
Jondor tumani xalq ta'limi bo‘limi mudiri Latofat Jo‘raevaning so‘ziga ko‘ra, 2008 yilda tug‘ilgan Sh.M. Buxoro shahrida yashovchi ammavachchasi R.T. bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgan. Bir necha yil ilgari o‘rta maktabni tugatgan R.T. ishlash uchun Rossiyaga ham qatnab yurgan. Xabarda aytilishicha, u qizning yosh va soddaligidan foydalangan.
«Maktabning sobiq direktori O.Q. 7-sinf o‘quvchisi Sh.M.ning xatti-harakatidan shubhalangan. Shundan so‘ng qizning ota-onasi maktabga chaqirtirilgan va holat ochiqlangan. Oila esa ibratli, mahallada hurmat topgan xonadonlardan biri. Afsuski, hatto, ota-onasi ham qizining homiladorligidan bexabar bo‘lgan. To‘g‘risi, onaizorning holatini tasvirlab berish menga oson emas», deydi Latofat Jo‘raeva.
Maktab direktori F.T. homilador o‘quvchisining 13 dekabr kuni kechqurun Buxoro shahridagi perinatal markazda farzandli bo‘lganini bildirgan.
Tibbiyot xodimlaridan birining «Daryo»ga ma'lum qilishicha, bola sog‘lom va nazorat ostida.
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Daryo»ga ma'lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Yangibozor hokimi fermerlarni haqorat qilgani audiosi tarqaldi. U eng yaxshi hokimlar uchligiga kirgandi.
Audioda Xorazm viloyati Yangiobozor tumani hokimi O‘ktamboy Qurbonov bug‘doy rejasini bajarmagan hudud rahbarlarini uyat so‘zlar bilan haqoratlaydi. O‘ktamboy Qurbonov – prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboevning akasi.
So‘kong‘ich hokim lavhasi tagiga «agar o‘sha majlisda men bo‘lganimda «otvet» qilardim, «pasho‘l» deb chiqib ketardim», deb katta ketib yozishibdi. Mana, kamida 10 yildan beri hokimu rahbarlar so‘kkan video, audiolar tarqaladi. Birorta o‘zbek qashshog‘i so‘kayotgan rahbarning yuziga ham tik qaray olmagan. 83 marta onasini so‘ksayam indamay turadi. Respublikaning barcha nuqtalarida bir xil mutelik mavjud.
Rossiyada ozari prorab so‘ksayam indamay turishadi. Chunki «O‘zingdan kattaga tik qarama», «Egilgan boshni qilich kesmaydi» «Otangni o‘ldirganga enangni (singling, qizing va hk.) ber», «Tosh bilan ursa, osh bilan ur», «Urgani uni oshi, so‘kkani so‘k oshi», deydig‘on qavmmiz. Tak chto, katta gapirguncha kattaroq non tishla. piypl. Varning qilishga senga kim qo‘yibdi. Konchay bazar i molchi na tryapochku. Har doimgiday. Tushungan bo‘lsang, bor, siyib kel. Bo‘lmasa, qo‘rqqaningda ishtonni ho‘l qilasan. Ishton pulga kelgan.
Yangibozorning so‘kong‘ich hokimi ayni paytda hangi jolotoy ham ekan. Bizga yozishlaricha, tuman hokimi O‘ktam Qurbonov bugungi kunda maktabgacha ta'lim bo‘limi boshlig‘i bilan ishqiy munosabatda bo‘lib, 2 soatlab o‘z kabinetidan chiqmasdan qulflab o‘tirisharkan.
«Ovong, eshikni ichinnan ilip o‘tirodilo».
Nima bo‘libdi? Balki yosh avlodni tarbiyalash bo‘yicha muhim gaplarni gaplashishar?
Ëki rostdan ham bu hokimlik binosidagi «kadi-kadi», ya'ni ishdagi ishq hikoyasimi?
Bu savolni Yangibozor hokimligidagi haydovchiga berdik.
«Buni barcha hokimlikdagilar biladi-ku, og‘o. Bog‘chalar mudiri o‘zicha tumanning birinchi xonimi bo‘lib xohlagan ishini qilib, har bir bog‘cha mudirlaridan har oyiga 100 dollardan pul plan qo‘ygan», dedi haydovchi.
Demak, bu yerda ishqu muhabbatdan ham ustun narsa bor. Bu pul!!!
Oshxo‘rlikni baxt deb bilganlar
Taqdir taqozosi bilan men o‘z vaqtida shoir Erkin Vohidov bilan ashir-nashir bo‘ldim. Avvalo, hali o‘quvchi paytimda uning «Tirik sayyoralar» kitobini sevib o‘qidim. Keyin u kishining mashinasi 1990 yili o‘qqa tutilganda buni Moskvadagi «Komsomolskaya pravda» gazetasiga xabar qilib yozib, marhum prezident Karimovning umrini 10 yilga qisqartirdim.
Karimovning o‘zi buni Odil Ëqubovga shaxsan aytgan. Shu xabarni o‘qib, umrim 10 yilga qisqardi, deb. Erkin Vohidov ilhom parisi kelib, «dikrovat» qilgan paytda «Firqa daftarimdan kechganim bo‘lsin», deya otashin qilib she'r yozar, ertasiga esa firqa daftarini mehr bilan silab, kompartiyaga a'zolik badali to‘lardi. Mayli, yomonini yashiraylik. Shoirdan she'r qoladi.
Choyxonada oshxo‘rlikni baxt deb bilgan og‘ayni,
Shu bir kunlik halovatni naqd deb bilgan og‘ayni,
Qumursqadek tiriklikdan o‘zga g‘ami bo‘lmagan,
Dil olami, ishq olami, ruh olami bo‘lmagan,
Imonni ham, vijdonni ham qurbon qilgan halqum deb,
Seni xayol qildimmi men kuyganimda xalqim deb?
El mulkini bir chekkada tinch kemirib yotgan zot,
Besh tiyinga qadrini ham, xalqini ham sotgan zot,
Ko‘kragida na himmatu, na g‘ayratdan asar bor,
Yuragida na oriyat, na shavq bor, na qadar bor,
Umrida hech qilgan emas mulkdan o‘zga bir niyat,
Seni deya tiladimmi yuraklarga hurriyat?
Ey, ko‘ngilda mojarolar orzu qilib yotgan jon,
Tangring — amal, martabadir, payg‘ambaring — shuhrat, shon.
Bu davlatga o‘t qo‘yasan, yo‘qotasan xilqatdan,
Gar hokimlik tegar bo‘lsa senga yangi davlatdan.
Quruq gapdir senga Vatan, xalqu ozod istiqbol,
Sening uchun istadimmi yurtimga men istiqlol?
Mudom kurash azobini fidoyilar ko‘rganlar,
Inqiloblar hosilini muttahamlar o‘rganlar.
Siz ham bugun panadasiz, jangga bizni qayraysiz,
Biz bu jangda shahid bo‘lsak, avvalo siz yayraysiz.
G‘ofil xalqim! Tinglarmanmi sening na'ra
— uningni,
Ko‘rarmanmi zuluklardan ozod bo‘lgan kuningni?
Erkin Vohidov, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri.
1991 yil.
Shu kunlarda menga ko‘plab do‘stu yoronlar telefon qilib, sen haqda palonchi yomon gap yozibdi internetda¸ axir u sendan moddiy yordam olgan o‘ta xushmuomala edi-ku, deyishadi. Men esa bunga ahamiyat ham bermayman. 1999 yili men rahbar bo‘lgan TV kanal binosiga ilk kuzatuv kameralari qo‘ydik. Unitazni o‘marmasin deb hojatxonaga ham qo‘ydik. Bitta o‘ta odobli, sermulozamat, muomalali, yerga qarab turadigan yigit bor edi. Shu yigit hojatxonaga kirib, eshikni ichkaridan berkitganidan keyin cho‘ntagidan marker chig‘orib, devorga eng uyat gaplarni yozganini ko‘rib yoqamizni tutib, «astag‘firillo» dedik. U paytda internetga kirib yozish yo‘q edi hali. Bugun internetda og‘zidan bo‘q sochayotgan «birodarlar» hayotda Hidoyatilladan ham halim va yumshoq supurgi.
«Eltuz» do‘stlari klubi faoli Barno Sultonova ham mening bu gapimni maqulladi:
«Men xuddi shunday fikrdaman. Odobli, sermulozamat ko‘ringan odamlarning ichi qora, mog‘ordanam battar…».
Moskvaning yodgorliklarni saqlash boshqarmasi Karimovning Rossiya poytaxtidagi haykalini yalamaslik haqida gastarbayterlarga tavsiya berdi.
Rassom Tuzga maktub
Tarix 1991. Har kuni narx oshmoqda. Yaqindagina kimdir «Jiguli»sini 15 ming so‘mga sotib, pulni banka ichiga tiqib qo‘yuvdi. Ikki oy o‘tib 15 mingga 10 kesma sovun berib turibdi. Odamlar har kuni ko‘tarilayotgan narxga xavotir bilan qarashar, «Bunday bo‘lishi mumkin emas!!! Albatta narxlar avvalgisiga qaytadi. Yana arzonchilik bo‘ladi», degan umid bor edi. Odamlar yana «SSSR qaytadi», degan ishonchda edi.
Yana boshqa birovlar esa MMM piramidasiga pul eltib, foyda olish payida edi. Bir do‘stim parkdagi gul do‘konni ijaraga olib, ichida «Jiguli» yon oynasini yasab sotmoqchi bo‘ldi. Oyna eritadigan temir pechka bosimga dosh bermay yorilib ketdi. Portlashda do‘stim va uning qaynog‘asi o‘ldi. Bolalari yetim qoldi.
Men ham o‘shanda tushkunlikka tushib, osmondagi narxlarga qo‘lim yetmaydi, deb o‘yladim. Shu payt rassom do‘stim genial bir gapni aytib qoldi. U aynan mana bunday dedi. «Narxlar arzonlamaydi. Ko‘proq pul topib, narsalarni qimmat narxda olaverish kerak».
«Tuya bir so‘m, qani bir so‘m? Tuya ming so‘m, mana ming so‘m», degan maqol ijobati edi bu. Shundan keyin biznes daryosiga boshim bilan sho‘ng‘idim. Xotinlarning ishtonidan tortib emchak xaltasigacha sotdim. Matn tarjima qilardim. Italiya kinochilariga dastyor bo‘ldim. Barcha pulimni to‘plab, AQShga chipta oldim.
Pasportda 5 yillik AQSh vizasi. Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi aeroportiga kelib tushganimda cho‘ntagimda 20 dollar pul bor edi. Meni kutib oladigan odam chiqmadi. Pulning yarmi telefon avtomatga sarf bo‘ldi. Men xuddi dengizda kemasi cho‘kib, qirg‘oqqacha suzgan odamday toliqqan edim. Atrofga alang-jalang qarayman. «Sen nima, kessak nima», degan nigohlar.
Shu payt bir odam menga qarab, «senda ozroq muammo borga o‘xshaydi», dedi. «E, tog‘ajon, ozroq emas, ancha ko‘p muammom bor. Bir o‘ris bola kutib olishi kerak edi. Chiqmadi. Men endi ko‘cha-ko‘yda qurtga qushga yem bo‘lamanmi».
Negadir bu odam menga qarab tirjaydi. Birov o‘laman desa, bu kulaman deydi. Tagi irlandiyalik odam ekan. U kutgan odamning vizasi chalkashib, kelmay qolibdi. Meni shaharga tashlab qo‘yadigan bo‘ldi. Kennedi aeroportidan shaharga qadar bir soatlik yo‘l. Gaplashib ketdik. Mening yog‘och o‘ymakorligidan xabarim borligini bilgach, mashinani yo‘ldagi benzin stantsiyasiga burdi. O‘sha yerda menga, agar istasang, mebel restavratsiya qiladigan usta oldiga olib boraman, soatiga 6 dolllarga rozimisan, dedi. Albatta, rozi edim…….
Oradan 30 yilcha vaqt o‘tdi. Bugun Nyu-Jersidagi uyimni 600 mingga so‘rab kelishdi. Balki sotarman. O‘zim okeanga yaqin Orinj shahrida yashayman. Kaliforniya shtati. Los-Anjeles taraflarda. Ishim yaxshi. Qachondir yashaganim alg‘ov-dalg‘ov vatanimni qo‘rqinch tush kabi eslayman.
Yo‘ldosh Tangriberganov.
Bu maktubdan chiqadigan xulosa shuki, O‘zbekiston degan jannatdan tezroq qochish kerak. Shu kunlarda samarqandlik bir oila AQShga Meksika orqali boraman deb chegaradagi botqoq va ko‘llarda palon pulga qayiq kira qilgani hikoyasi mashhur bo‘ldi.
Qayiqda samarqandlik er-xotin va farzand bor edi. Qayiq ag‘darilib, er bilan farzand timsohlarga yem bo‘lgan. Xotin esa bir muddat Meksika qamog‘ida qolib O‘zbekistonga qaytgan. O‘z vatanimizdan timsoh oshqozoni ham yaxshi. Ey, aziz vatan, seni kuylayman.
Dengizda shamol ko‘tarilarkan, bu shamol kimningdir yelkanini shishirib, manziliga eltadi. Kimningdir kemasi esa shamolga chiday olmay g‘arq bo‘ladi.
Tuz og‘a, nega kayfiyatimizni tushirib, nuqul salbiy gaplar haqida yozasiz, ijobiy xabar yo‘qmi, deyishadi. Va'z boshida aytganimdek, yorug‘lik qorong‘ilikdan yaxshi.
Rasmdagi yigit suvchi. O‘zbekiston tarixidagi ilk smart suvchi. Ismi Artyom. Isroil vatandoshi. O‘zbekistonga rivojlangan chet davlatdan kelib ishlayotgan sanoqli gastarbayterlardan (mehmon ishchi) biri. Oliy ma'lumotli muhandis. Isroildan kelib, Quyichirchiqda ishlamoqda. Hushchaqchaq yigit. Xotini o‘zbek. Oshni qo‘lda yeydi. O‘zbekchani Rayhondan zo‘r biladi.
Artyomning bir o‘zi smartfon yordamida yuzlab gektar yerni sug‘oradi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan o‘simlik tomiriga kompyuter dasturi orqali manzilli tomchilab sug‘orish texnologiyasi Quyichirchiqda joriy qilindi. Suv maxsus idishlardagi organik o‘g‘itlar bilan aralashib, sharbat usulida o‘simlikning tomiriga purkaladi. Oz suv bilan ko‘p joy sug‘oriladi va suv sarfi grammigacha nazoratda bo‘ladi.
Artyom yuzlab gektar maydonni dron uchoq yordamida kuzatadi. Artyom ishlatadigan 100 kilogacha bo‘lgan dronga O‘zbekiston hududida kechadan boshlab qonunan ruxsat berildi. Kimdir bildi¸ kimdir bilmadi. Lekin qishloq xo‘jaligida rangli inqilob sodir bo‘lmoqda.
Sovet davrida Brejnev degan odam bo‘lgan. O‘sha davr uchun poshsho maqomida edi. Qoshlari quyuqqina tog‘a edi rahmatli. O‘sha tog‘a «G‘allang bo‘lsa¸ noning bo‘lsa, qo‘shiq aytsang yarashadi», deb yozgan edi. Kitob yozilgan 1980 yilda eng kam oylik oladigan farrosh maoshiga 250 ta buxanka non yoki 4 qop un berardi.
U farrosh eridan ajragan bo‘lsa, yolg‘iz ona sifatida kvartira olardi. Xullas, noni butun edi. Ovozini baralla qo‘yib ashula aytardi. O‘sha paytda Madaniyat vazirligi xodimlari o‘zlari qo‘shiq aytmasdi. Balki ONMTs degan idora ochib, talantli yoshlarni musiqaga o‘rgatish uchun maktabma-maktab, uyma-uy yurar edi.
Bor-yo‘g‘i 120 ming odam yashaydigan shaharda to‘rtta kutubxona ishlardi. Shulardan ikkitasi bolalar uchun edi. Ësh texniklar stantsiyasi va Ësh ijodkorlar uyida bolalar aviamodel¸ foto, kino va rassomlikni o‘rganishardi. Qadimiy obidalar tujorlarga ijaraga berilmasdi. Obidalar o‘rni uy quradigan jalloblarga sotilmasdi. Madaniyat vaziri oliy ma'lumot olgan, oqni qoradan ajratadigan shaxs edi. U paytlarda oshpaz ovqat qilardi. Duradgor deraza yasardi. Xonanda ashula aytar, sozanda esa soz chalardi.
Men SSSR payti yaxshi edi, demoqchimasman. O‘sha payt mulozimlariyam juda pastga qulab ketmay, o‘z haddini bilib, farosatli bo‘lib turardi, demoqchiman. Bugun Madaniyat vazirligidagi bir ayvon bekorchi chiqib gimn aytyapti. Boshqa qiladigan ishi yo‘qmi?
Muzey va ko‘rgazma zallari¸ tarixiy obidalar bularning tasarrufidan olinib, Turizm vazirligiga berilgan bo‘lsa. Ozodbekning idorasidagilar nima qiladi. To‘rtta ashulachining ketini poylaydimi? Buncha bekorchiga xalq to‘lagan soliqdan chiqarib davlat oylik beryapti. Vazirlik mulozimi ashula aytsin, deb emas. Ishlasin, mamlakat yoshlari madaniy savyasini ko‘tarsin, deb.
Qissadan hissa shuki, Ozodbek boshchiligidagi Madaniyat vazirligi tugatilsin. Ishsiz qolganlar temiryo‘lchilar ansamblidagi xor guruhiga yarim stavka bilan ishga olinsin. Ozodbek to‘yga boraversin. Shu gap. Noni butun bo‘lgan millat qo‘shiq aytsin. Bo‘lmasa, non topish payida bo‘lsin.
Yana bir aqlli gap aytay. Albatta, biz yurtimizni sevamiz. O‘sha – ichida yuz yillik axlat yotgan bir teshikli loy, paxsa hojatxonani Shveytsariyanig jakuzili hojaxonasiga almashtirmaymiz. Gerbitsid solingan qovunlarimizni Ispaniyaning organik qovunlariga almashtirmaymiz. Issiqxonada tepib pishirilgan limon bizga Tunis quyoshida pishgan javhariy limondan a'lo. O‘z yurtimning yantog‘i o‘zga yurtning bog‘-bo‘stonidan ustun. Bizning eshaklar turkman duldulidan avlo.
Bu masalada fikrimiz bir yerdan chiqdi. Lekin insof yuzasidan aytinglar, O‘zbekistondagi yo‘llar Shveytsariya¸ Germaniya, hatto Turkiyadagi yo‘llardan ham yomon. O‘zbek asfaltini eng zo‘r deb aytishga tilim bormaydi. Qolaversa, O‘zbekistondagi yo‘ldan millatchi ham, millatsiz ham¸ dindor ham, dinsiz ham yuradi. O‘ris¸ karis¸ qozoq, turkman¸ yaxshi-yomon – barcha yuradigan yo‘l shu.
Yo‘l turibdi joyida, yuradigan bizlar. Mashinamizni enasinikiga kiritadigan ham shu yo‘lllar. Shu yo‘lni Yevropa standarti darajasiga chiqarsak. Masalan, mavjud 30 ta vazirlikdan 10 tasidan voz kechib, iqtisod bo‘lgan pulni shu yo‘lga sarflasak. Hech narsa qilmaydigan¸ urilgan kadrlar uchun leprozoriyga aylangan Konstitutsiyaviy sudni ham oyliksiz qoldirib, pulini yo‘lga sarflasak. ËSh IT va har xil ma'naviyat markazlari, bir balo tsivilizatsiya markazlarini moliyalash o‘rniga pulini yo‘lga sarflasak, nima deysizlar? Bormi «davay» deydigan, ko‘kragi junli¸ boshi do‘ppili chapani millatdosh?
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz