Asosiy mavzular
25 mart 2022

RTdan va'z: Rossiya o‘zbekka vatan bo‘ladimi?

Mamlakat mustaqilligi, erk va ozodlik tuyg‘usi ozgina bo‘lsa ham ichida borlar bilan suhbat qurayotganimga ishonaman. Ular balki ming, balki yuz nafar. Agar o‘n nafar bo‘lsa ulardan biri menman.

Qolganlar esa¸ afsus Rossiyani vatan, Putinni otam soyasida yotam deb yurishibdi. O‘tkan xafta erinmagan ziyoli Tashqi ishlar vaziri Komilov Ukraina suverinetini tan oldi deya sevinib suvutlarga chiqdi. Nihoyat rus bosqinidan qiynalgan jafokash Ukraina uchun atalgan 28 tonna gumanitar yordam yuklangan uchoq Toshkentdan havoga ko‘tarildi. Ziyolilar cho‘ntak tiktirgan kambag‘alning bolasi kabi xursand.

Ammo Ukraina uchun atalgan gumanitar yordam yuklangan uchoq yuz kilometr uchmasdan ortga qayting degan amr bo‘ldi. Uchoq vizz etib Toshkentga qaytib qo‘ndi. Kim u sirli amrni berdi? Bu haqda rasmiy matbuotda ochiqlama yo‘q.

Ammo biz Karimov tsenzurasini ko‘rgan avlod satrlar orasini o‘qiy olamiz.

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra 21 mart kuni Mirziyoev Putin bilan telefon muloqotida, Vladimir Putin Ukrainada maxsus harbiy operatsiyaning borish jarayoni haqida prezident Shavkat Mirziyoevga ma'lumot berilgani haqida to‘lqinlanib gapirildi.

Prezident Mirziyoev Rossiya tomonining pozitsiyasi va harakatlarini tushunishini bildirgani ham aytildi. Ilgari endi urush boshlanganida ham tushunuvdi. Endi yana ham yaxshiroq tushundi shekilli. Bizam tushundik tushunadiganimizni.

Vassallarga xam oson emas. Ularga tekin qatiq berish kerak.

Matchon Suqilish: Endi bunday olib qaralsa, millati ukrain bo‘lgan Xrushchev Qrimni Ukrainaga sovg‘a qivorgan ekan. Tagi ukrain Brejnev oy chiqsa ham kun chiqsayam Ukrainaga chiqargan. Gorbachev ham ona tomondan Ukrain. O‘rislarni shunga alami bormi deymanda.

RT: Qrim degan so‘z «mening qirlarim». «Mening dalam» degan ma'noda. «Qirim.» Nomidan ko‘rinib turibdiki Qrim turklarniki. De yure Qrim Ukraina davlatiga tegishli. Rus fashist bosqinchilari xozir bosib olgan. (Shu yerda so‘kinish bo‘lishi mumkin edi) Qrimni bosib olgani uchun Rossiyaga jazo choralari qo‘yildi. Mana 8 yildirki, o‘rusiyat enasinikiga kirib bormoqda. Yaqinda o‘ris boylarining yevropadagi pullari muzlatildi. Ularga qo‘shib 45 ta o‘zbekning ham. Asosan davlat ishida ishlaydigan o‘zbeklar xalqdan o‘margan pulini chetdagi bonkaga qo‘yganu ammo o‘ris orqali qilgani uchun sanktsiyaga tushdi. Xulosa: Ëmonga yaqin yursang, yarosi yuqqay. Qozong‘a yaqin yursang qarosi yuqqay. Manqurtlarni men minglab deb o‘ylardim. Ular urchib ko‘payib milliionlarni tashkil qilibdi.

MS: Tuz og‘a Manqurt degani nima?

RT: Manqurt – Markaziy Osiyo zombisi. Xo‘jayin asirning sochini oldirib, boshiga qoni oqib turgan tuya terisini kiydirgan. Vaqt o‘tishi bilan teri qisqarib, miya o‘ldirilgan yoki asir xotiradan mahrum bo‘lgan, Shu tariqa mahbus itoatkor qulga aylantirilgan. Bu bir ertak. Ammo shu kunlarda ayni ertak personajlari atrofda ivirsib yuribdi. Bu eng g‘alati va mantiqsiz Putinoidlar – ruslashgan o‘zbeklardir. Ular hech narsadan qarzdor emaslar,, hayotlaridagi hech narsa Putinga aloqador emas. Ular Rossiyada yashamaganlar, rus politsiyasining etigini hidlashmagan, lekin ular Putin uchun barchani yirtib tashlashga tayyor. Tuya terisi ularni o‘ldirsa yaxshi bo‘lardi..

Shu kunlarda ba'zi «kremlparast» «vatansevmaslar» «har kimning o‘z fikri bor» deya yoqadan olmoqda¸

Bir xo‘kizday erkak yosh bolani urib o‘ldirganini oqlash – fikr emas. Bu fikrni aytgan til sug‘urib tashlanishi kerak. Birovning uyiga o‘g‘rilikka kirganni oqlash ham fikr emas.

Hamma narsani tushunish mumkin. Do‘kondagi batonni qo‘yniga solib o‘g‘irlagan o‘g‘rini tushunish mumkin. Balki u ochdir. Sizdan qarz so‘rab kelgan odamning yolg‘onini tushunish mumkin. Chunki u sizning rahmingizni keltirib pul undirmoqchi. O‘sha qarzdorning «Santa Barbara» seriali kabi davom etayotgan bahonalarini tushunish mumkin. Chunki u qarzni qaytarmoqchi emas. Boy ashulachi xotinga uylanib bu payg‘ambar sunnati deydigan parazit alfonsni ham tushunish mumkin. Chunki u o‘zini oqlamoqchi….

Lekin kimdir birovning uyini birov bosib olib «meniki» deb o‘tirsa. Sen esang qozi oldida «bu uy bosib olgan tajovuzkorniki edi» deganing uchun tuxmatga qolsang. Buni tushunib bo‘lmaydi.

Ota bobolardan meros bo‘lgan vatan tizginini o‘rislarga berib qo‘yish tarafdorlarini  tushunib bo‘lmaydi.

Yerga yopishgan chirmovuqmiz hammamiz

Don ta'mamiz turqi sovuqmiz hammamiz

Ertang ruh qushlari uchadir.

Biz esa qolamiz – chunki tovuqmiz hammamiz (P.Mahmud)

Ukrainaga sharaflar bo‘lsin botirlar o‘lmasin qo‘rqoq va sotqinlarni yer yutsin.

Matchon suqilish: Shuncha million sotqin bor O‘zbekistonda. Ularni yutishga yer yetarmikan o‘zi. Lekin Tuz og‘a vatan nima o‘zi? Masalan, quyondan so‘rashsa qornim to‘ygan tepalik mening vatanimdir debdi. Shu o‘zbek gastarbayter migrant mardikor dangasalarning O‘zbekistonda to‘ymagan qorni o‘risning yovg‘oni bilan to‘ygan bo‘lsa sizga nima. Mayli Rossiya o‘sha gasterlarning vataniga aylana qolsin. Vatan kerakmi o‘zi?

RT: Matchonboy «Qilich va qalqon» degan film boshida vatan nimadan boshlanadi degan she'r bor. Bu she'r quyonning qorni to‘ygan tepaligi haqida emas.

Vatan nimadan boshlanadi ?

Alifbo kitobidagi rasmdan

Balki qo‘shni xovlidagi oshno

Yaxshi do‘st balki o‘rtoqdan

Balkim onam aytgan alladan

Mushkul kunda kimsa ololmas

Vatan nimadan boshlanadi?

Darvoza yonidagi o‘rindiq

Daladagi shamol yayratgan

Sarvi shamshod yam yashil og‘och

Ko‘klamdagi chumchuq chug‘uri

So‘ngsiz so‘qmoq ortidagi yo‘l?

Balki u qator g‘ildiragi sasidan

Temir izlar qo‘shig‘idan boshlanar

Ëshlikda yurakdan sipqorib

Ichganing va el uchun atagan qasam

Kindik qon to‘kilgan eldagi yasham

Vatan nimadan boshlanadi ?

(Titr Bastakor Veniyamin Basner musiqasi Matusovskiy she'ri. Rassom TUZ o‘zbekchalashtirdi )

Matchon suqilish: Tuz og‘a Vatanni sotish nimadan boshlanadi?

RT: Vatanni sotish  o‘zbek rahbarlarining Toshkent va Xivani bosib olgan ishg‘olchilar ramzi bo‘lgan georgiy lattasini ko‘kragiga osishidan boshlanadi.

O‘zlariga xalq deb nom qo‘ygan to‘da jim, ba'zilar esa mazza qilganini yashirayotgani ham yo‘q.

Kinodagi Otabek Kumushbibidan bo‘sa olsa, qiyomat qoyim bo‘ldi, deya dodlaydigan, bitta firibgar soqoltoy qamalsa, tutqanog‘i tutadigan tarmoq ham jimgina yer suzib o‘tiribdi yangi tushgan kelinday.

Lenin deya tili chiqib, Karimov davrida 30 yil istiqlol deya chuldiragan shairbachalar ham negadir jim. Rossiya ulug‘ og‘amiz deb yozishga qalam yo‘nishmoqdami?

1990 yil 20 iyunda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasining matni lex.uz saytidan o‘chirib tashlanibdi.

Matchon Suqilish: Tuz og‘a, tarixan qaralsa Toshkent 1863 yildan boshlab Rossiya tarkibida bo‘lgan. Mana Ozodbek Nazarbekov Toshkentni Rossiya tarkibiga qo‘shgan o‘ris soldatlariga atalgan butxonanai yaltillatib ta'mirlabam qo‘ydi. O‘zbekiston yerlari Rossiyanikimi?

RT: Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rossiya 1” telekanalida o‘tkan yili 21 iyunda o‘tgan navbatdagi “Moskva. Putin. Kreml” ko‘rsatuvida sobiq sovet respubliklarini Rossiya yerlarini o‘zlashtirib olganlikda aybladi.

Putinga ko‘ra, Sovet Ittifoqi tuzilayotgan paytda uning tarkibiga qo‘shilgan respublikalar “Rossiyaga tegishli katta yerlarni” va “an'anaviy tarzda Rossiya hududi hisoblangan joylarni olgan”.

Putinning ta'kidlashicha, shundan kelib chiqqan holda Sovet Ittifoqi parchalangach, uni tark etgan respublikalar “nima bilan kelgan bo‘lsa, o‘sha narsa bilan chiqishi” va “rus xalqidan olingan hadyani qaytarishi lozim” edi.

Shu gaplarni aytgan rus bosqinchining qo‘ltig‘iga suqilib kirgan o‘zbek mulozimlariyani “oddiy xizmatkor-ku axir, ulardan nimani ham kutardik”, deb tushunishga harakat qilsakmikin.

Matchon suqilish: Mana 30 yil mustaqillikni bayram qildik. Siz aytgan o‘sha mulozimlar hammadan ko‘proq istiqlol deb baqiruvdi. Bugun ular nega jim?

RT: 1987 yili rassom do‘stim Qobiljon Odilov Myunxendan o‘zbekcha gazeta olib keldi. Gazeta “Hur Turkiston uchun istiqlol gazeti” deb nomlanar edi. “Istiqlol – bu mustaqillik, erkinlik. Biz sovet ishg‘olidan qutulib, ozod yashashimiz kerak”, deya tushuntirgan edi bu ajoyib rassom do‘stim.

O‘sha paytda “O‘sarfilm” degan xususiy studiyada ishlar edim. Studiyaning “Ësh leninchi” gazetasida bosilgan e'loniga u “istiqlol” kalimasini kiritib qo‘ydim. Ammo hushyor muharrir bu so‘zni darhol “istiqbol” deb o‘zgartirib chop qildi.

1991 yil 31 avgustdan keyin birdan bu hushyor muharrirlar “istiqlol” so‘zini otchopardagi uloqdek tortqilab qochishdi. Kechagina Lenin, Kreml va kommunizmni ulug‘lab yozganlar birdaniga istiqlol haqida she'r bita boshlashdi.

Ashulachilar ham bu so‘zni shartta ilib olib naqoratga qo‘shishdi. Xullas, sobiq komunistlar 30  yil istiqlol deb tomoq yirtishdi, ammo…

Tabiatda atavizm degan holat bor.

Matchon suqilish: Atavizm nima o‘zi?

RT: Atavizm asliga qaytish degani. Masalan, Bulgakov asari qahramoni professor Preobrajenskiy itni odamga aylantiradi. Ammo atavizm bois u itligini qilaveradi.

Istiqlol deya eng ko‘p tomoq yirtgan ashilachi Yulduzhoji ona Usmonova o‘tgan yili qizil bolshevik kiyimini kiyib, “Katyusha” aytib rasmga tushdi.

O‘zbekistondagi  “Istiqlol” saroyi  “Xalqlar do‘stligi” deb nomlandi.

“Turkiston” gazetasi nomi “Ëshlar ovozi” deb o‘zgartildi.

 Ukrainaga bostirib kirgan  Rossiya tashviqot telekanallari O‘zbekistonni zombilandga aylantormoqda.

Ramzan Qodirov degan “tip” mamlakatga kir oyog‘ini bosdi…

MS: Tuz og‘a endi nima bo‘ladi. O‘zbekiston Rossiya tarkibiga kirib hammamiz rossiyskiy passport olib yayrab yashnaymizmi?

RT: Matchonboy meni bu qo‘rqinch istiqboldan ko‘ra, Rossiya targ‘ibotini chanqoq tuya kabi simirib, ruslardan ham battar patriotga aylangan “uzbekhomosovetikus”lar hurkitmoqda.

O‘rtacha statistik o‘zbek erkagi bir sutkada 30 marta «onangni falon qilay» deb so‘kar ekan. (regioniga qarab oyingni, opangni, buvingni, enangni, chechangni deya ishlatiladi) Masalan bitta yigit mix qoqayotib bolg‘a toyilib ketsa ham «onangni» deydi. Selektor majlislari, prorab budkalari va har qanday korxona yig‘ilishida rahbar erkak (ba'zan xotinlar ham) o‘z qo‘li ostidagilarni bir bir onasini so‘kib chiqadi. Ba'zan qari onaning o‘lgan bo‘lishi inobatga olinib onangning go‘riga falon qilay, deb ishlatiladi. Bu so‘kishlarni doimo ishlatadigan artist ayol Halimaning navbatdagi haqoratli monologi tarmoqqa tarqab idorada muhokama qilinganida bu xonim «so‘kish bu so‘z yasovchi qo‘shimcha» deb o‘zini oqlagan edi. Psixolog Freyd nazariyasiga ko‘ra, bu xolat «ong osti istagi» deb ataladi. Demak o‘rtacha statistik erkak har soatda kamida bir marta birovning onasi bilan jinsiy aloqaga kirishishni istaydi. Bu sotsiloglar xavotir bilan aytadigan «tanazzul va ruxiy erroziya» oqibatidir. Keyingi 20 kundagi voqealar o‘zbek jamiyati yuziga oyna tutganday bo‘ldi. Qotil Putinni oqlash va o‘z uyida o‘ldirib ketilgan va ular nazarida «do‘zaxiy» ayol qotiliga shon sharaflar aytish. Buning yoniga aksariyatning bachchaboz toliblarga alohida sevgisini qo‘shsak, kartina pazllari joy joyiga tushib manzara yana ham oydin bo‘ladi. Bu shoir Muhammad Solih aytgan «qarg‘algan millat» manzarasidir.

Matchon Suqilish: Anavi uyatsiz Asalxon o‘lgani yaxshi bo‘lmadimi og‘a? Butun O‘zbekiston endi baxtli bo‘lib yashaydi. Xojiaka va xojonalar shunday deb aytishdi.

Qayta ishg‘ol bo‘layotgan yurt

1991 yilning 17 martida o‘tkazilgan SSSRni saqlab qolish referendumida qatnashgan 10 million o‘zbekning to‘qqiz yarim millioni mustaqillikka qarshi ovoz bergan edi.

Referendumda qatnashgan o‘zbeklarning 94 foizi qullikni tanlagan edi.

Bugun ularning bolalari yashasin qullik deya Turkistonni ishg‘ol qilgan imperiya ashulasini og‘zini yirtguday ochib baralla aytmoqda.

Yaxshiyam bu kunlarni og‘am Rauf Parfi ko‘rmay o‘lib ketdi.

Og‘amning satrlarini shivirlayman:

O, sabr daraxti, qutlug‘ Turkiston.

Naqadar uzundir, og‘irdir bu yo‘l…

Rauf Parfi vatan haqida hali vatan ishg‘ol ostida bo‘lgan sovet davrida yozgan edi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin istiqlol deya sayraydigan to‘tilar ko‘paydi. Shulardan biri Iqbol Mirzo edi:

Egasiz va oyoqosti yo‘lmas o‘zbek,

Xohlagan suv oladigan ko‘lmas o‘zbek.

Dong taratgan va o‘ziga qaratgan el,

Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

O‘g‘il-qizlar shiddatiyu shashtini ko‘r,

Birovga bosh egmaslikning gashtini ko‘r.

Yurak bo‘lsa, ringga chiqib mushtini ko‘r,

Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

Yaratgandan boshqasiga qulmas o‘zbek,

Hech kimdan kam bo‘lmagan, kam bo‘lmas o‘zbek.

Dong taratgan va o‘ziga qaratgan el,

Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

O‘zbek xalqi hech kimga qaram bo‘lmasmish. Mana, qaram bo‘ldi-ku. Nega katta gapirasan, shoir, degan odam yo‘q.

Bugun Iqbol Mirzo degan shig‘irchi birat she'r qalamini ohista yo‘nib, Putin va Kremlga alyor bitayotgan bo‘lsa ajablanmayman.

Matchon suqilish: Bugun “mustaqillik” deya gugl qilsam, bitta javob chiqdi. “Mustaqillik» Qashqadaryoning Qarshi tumanidagi posyolka nomi ekan.

Vatanni sotish nimadan boshlanadi?

Vatan nimadan boshlanadi? Vatan haqida gap ketsa, ushbu mashhur qo‘shiq bilan boshlanadigan, Ikkinchi jahon urushiga oid “Qilich va qalqon” badiiy filmi bolalik xotiralarimda qayta-qayta jonlanaveradi…

Vatanni sotish nimadan boshlanadi? Balki istiqlol kalimasini soxta shiorga almashtirishdan boshlanar.

Eng yomoni, bugungi jimlik – taslim bo‘lish.

Bu voqealar fonida kommunistik tizimni sog‘inganlarning ham tili chiqdi.

Shu o‘rinda an'anaga rioya qilib ertak aytsam. Ertak bo‘ri bilan ko‘ppak haqida.

Bo‘ri bilan ko‘ppak

Bir kuni dehqon o‘tin tergani o‘rmonga otlandi. Uning ortidan iti ham ergashdi. Ular birgalikda o‘rmonga kirishdi. Bir payt bo‘ri paydo bo‘ldi. U itga tashlanib, uni yemoqchi bo‘ldi. Biroq it ko‘zyosh to‘kib, unga bunday dedi:

– Senga nima yomonlik qildimki, meni yemoqchisan? Agar hozir meni yesang, baribir ertaga och qolasan. Yaxshisi, uyimga kel, u yerda har kuni menga non va ovqat berishadi, birga yashaymiz.

Bo‘ri qarasa, it jo‘yali taklifni aytyapti va bunga u rozi bo‘ldi. Ular yo‘l yurib, mo‘l yurib, it yashaydigan qishloqqa kirib borishdi. Bir vaqt itning bo‘yni yag‘ir bo‘lib qolganiga e'tibor berdi.

– Bu juda yaxshi, ukaginam, yaxshi yasharkansan, lekin sening bo‘yning nega bunday bo‘lib qolgan?

– Akajon, bilsang xo‘jayinimning ahmoqona fe'li bor: oldimga non qo‘yishdan oldin bo‘ynimga zanjir taqadi, keyin ye deydi.

– Yo‘q, birodar, men ortimga qaytaman, sen esa to‘q qorning va bo‘yningdagi zanjiring bilan o‘zing borib yashayver.

Ana shunaqa ertak. Qullikdan ham yomon narsa – qulning o‘z kishanlarini sevishi. Qullik – bu chaman bog‘ni qoplagan chirmovuq. Shu o‘rinda O‘zbekiston prezidentini o‘ziga qul qilib olgan Rossiyani ham tanazzul kutmoqda.

Siyosat va iqtisod haqida kitoblar muallifi Karl Marks aytganidek, bir mamlakatni qul qilgan davlat, eng avvalo, o‘ziga kishan yasaydi.

Shu kunlarda shoir Abdulla Oripovning ilgari e'lon qilinmagan bir she'ri qo‘lma qo‘l bo‘ldi. She'r sharqiy Turkiston haqida. Aslida bu she'rni O‘zbekistonga bag‘ishlangan desak ham bo‘ladi.

Men seni avval boshdan

Yetuk deb o‘ylagandim.

Bobolardan qolgan bir,

Bitik deb o‘ylagandim.

Oqsoq bo‘lsangda seni,

Tetik deb o‘ylagandim,

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston,

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Na ota-yu onani

Tanimay qolibsan sen,

Kimsa bilmas manzilga,

Yo‘lingni solibsan sen,

Balki bu safar qaltis,

Horibsan, tolibsan sen.

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston,

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Bolang kelsa bezrayib,

Tilini ham bilmaysan,

Birovga-ku yuqtirmay,

O‘zingga ham yuqmaysan.

Dehqonsan-u zaminga

Biror nihol suqmaysan.

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Mehmon kelsa izida,

To‘rtta beshta izi bor,

Bu elning na g‘ururi

Va na aytar so‘zi bor.

Gohi-gohi shoirning

Yig‘lab turgan ko‘zi bor,

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Ha, bir zamon sening ham

Yurgan yo‘ling oq edi,

Lekin birov u dedi,

Bunisi bundoq dedi.

Rahmon osh pishirganda,

Oqibat shayton yedi.

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Ahvolingga qarab men

Yig‘ladim bugun netay,

Har nechuk jigarimsan

Men yurak qayga ketay.

Iqbolingni axtarib,

Ka'baga toki yetay.

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

Asl-asl insonlar

Quchog‘ingda bor balki,

Oh, qandayin daholar,

Bee'tibor, xor balki.

Diydiyoni o‘ziga

Bilishadi or balki,

Sho‘rginang qursin sening,

Jonim Sharqiy Turkiston,

Begona emas mening

Qonim, Sharqiy Turkiston.

(Abdulla Oripov she'ri)

Assalom O‘zbekiston, Juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
22 fevral 2018
Jizzaxlik olti nafar faol 21 fevral kuni itlarga qarshi terrorni to‘xtatishni talab qilib, jamoatchilikka va hukumatga murojaat qildi. Jonivorlar ...
25 mart 2024
Turkiyaning Denizli Honaz’ida yashagan 3 bolaning otasi 59 yashar pensiyadagi fermer Ramazon Oqboy (Ramazan Akbay) bundan to‘rt yil oldin xotini ...
21 dekabr 2020
Linn Shveysfurt O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va kattalar majburiy mehnati bo‘yicha o‘tkazilgan 10 yillik monitoring va hisobotlardan so‘ng mamlakat ...
2 may 2018
O‘zbek sport sharhlovchilariga MTRK rahbariyati tomonidan 2 may kungi futbol translyatsiyasida «Liverpul» jamoasi o‘yinchisi Muhammad Saloh nomini tilga olmaslik ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...