Gurlan hokimi fermerga sholisini yig‘ib olishiga ruhsat bermayapti
Xorazm viloyat Gurlan tumani, Yangiobod-sholikor qishlog‘i «O‘yilma» mahallasidan Eltuzga 25 oktyabr kuni kelib tushgan videoda fermerga sholi ekinini yig‘ib olishga ruhsat berilmayotgani aks etgan.
«Kechayu kunduz uchastka inspektori ichki ishlar xodimlari bilan kelib olib, dalamdagi kombaynimni qo‘riqlab o‘tiribdi. Xo‘jaligimga qarashli ozuqa bazasida yetishtirgan xosilimni o‘rib olishimga to‘sqinlik qilishayopti», deydi videodagi ayol.
Eltuz 26 oktyabr kuni fermer xo‘jaligi raxbarlari bilan bog‘landi. «Izzatbek Bunyodbek» fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Rahimova Yorqinoy xokimlik rasmiylari ularga tegishli 60 tonna sholi topshirilmaguncha kombayn ishlatmaslikni talab qilayotganini bildirdi.
«Biz bu yil sholi uchun hech qanday shartnoma qilganimiz yo‘q. Faqat paxta va bug‘doy topshirish uchun shartnoma qilganmiz. Shartnoma rejalarini bajarganmiz. Lekin hokim kambag‘al oilalarga tarqatish uchun sholi hosilini hokimlik zahirasiga o‘tkazasan deb talab qo‘yayapdi» dedi Raximova Eltuz muxbiriga.
Uning Eltuzga bildirishicha, shartnomadagi rejani bajarganidan so‘ng, uning dalasida sholi o‘rayotgan kombaynni uchastka inspektori va ichki ishlar xodimlari kelib to‘xtatishgan. Aksiga olib, ertasiga yog‘ingarchiliklar boshlangan, bu ham sholi o‘rimini davom ettirishga to‘sqinlik qilishi mumkin. @eltuz2022
Eltuz rasmiylar javobini kutadi va fermer sholisi taqdiri atrofida kechayotgan voqealarni yoritishda davom etadi.
Eltuz.com