Buxoro Muxandislik texnologiya instituti korruptsionerlarining uzun qo‘llari
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti xodimi G‘olib Shodiev ayni istititut raxbariyatini korruptsiya va nepotizmda ayblamoqda. Biroq uning arizasi va unda keltirilgan faktlar yuzasidan ochilgan jinoyat ishi Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan yopib yuborilgan.
Shodiev 2023 yilning 5 iyulida Buxoro viloyat Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasiga yo‘llagan arizasida o‘z da'vosini asoslovchi 19 banddan iborat faktlar va vajlarni keltirgan. Buxoro viloyat prokuraturasining 2023 yil 13 iyundagi xati va qarori asosida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti faoliyati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasidagi hujjatli taftish bu da'volarning barchasini yo‘qqa chiqargani anglashiladi.
Jumladan, 2023 yilning 4 avgustida o‘tkazilgan so‘nggi dalolatnomada bildirilishicha, Shodiev o‘z arizasida Institutda bajarilgan qurilish ishlarining aksariyati tanlovsiz shirkatlarga yuklatilgani, shuningdek institut balansidagi Davlat aktivi bo‘lgan sport sog‘lomlashtirish maskanining xizmat turar joy binosiga aylantirilgani va ungacha u yerdan sobiq institut rektori turar joyi sifatida asossiz foydalanib kelingani haqida yozadi.
Bundan tashqari ayni maskan birgina rektorning yashashi uchun 400 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflab ta'mirlangan. Shuningdek institut hududidagi bo‘sh turgan binodan molxona sifatida foydalanilgan. Tashkil etilgan mebel sexi, savdo do‘koni va oshxona binosi uchun institut hisobiga ijara haqlari to‘lanmagan. Institut hududidagi qariyb uch gektarga yaqin maydonda esa bir necha yillardan beri beda ekib hosil olinadi, biroq beda puli ham institut hisobiga kirim qilinmaydi.
O‘quv labarotoriyasi binosining 1-qavatida joylashgan xonalardan foydalanayotgan “Shoes and Health feet” MChJ egalaridan ham ijara haqi olinmaydi, u yerda institutga tegishli bo‘lmagan uskunalar saqlanadi, poyafzal ishlab chiqariladi, oyoq kiyimlari sotuvi yo‘lga qo‘yilgan, deya iddao qiladi institut xodimi.
Uning yozishicha, Buxoro muxandislik-texnologiya institutida grant loyihalaridan institut sobiq rektori Nusratilla Barakaevning turmush o‘rtog‘i N. Ibrohimova va rus tili fani o‘qituvchisi N. Toshpo‘latovalarga noqonuniy ish haqi yozilgan, ularga qaysi vazifalari uchun pul berilgani noayon. Shuningdek, karantin davrida taqiqlangan bo‘lsada, 77 nafar shaxsga va asosan raxbar xodimlarga moddiy rag‘batlantirish puli berilgan.
Shuningdek, Shodiev o‘z arizasida Savdo sanoat palatasida yarim stavka ishlaydigan, 2 guruh nogironi bo‘lgan shaxsning to‘liq stavkada ishga olingani va unga haftasiga 60 soat yozilgani, aslida uning o‘rniga boshqa o‘qituvchilar dars o‘tgani, buning ustiga unga ustama 250 foiz oylik ham yozilgani haqida bildiradi.
“Aslida 2 guruh nogironi bo‘lgan shaxsning to‘liq stavkada ishlatish O‘zbekiston mehnat huquqlari to‘g‘risidagi qonunga ziddir. Bundan tashqari u o‘zi qatnashmagan, boshqalar o‘tagan dars soatlari uchun ham maosh olib kelgan” deydi Shodiev.
Bundan tashqari u o‘z arizasida institut nomidan xizmat safariga jo‘natilgan boshqa bir xodim Mirali Hamroevga biror marta komandirovka haqi to‘lanmagani haqida yozadi. Unga institut hisobidan horijda bo‘lgan vaqtida viloyat hokimining o‘rinbosari sifatida tabel asosida ish haqi to‘langan.
Taftish guruhi tomonidan to‘qilgan 40 varaq hujjatga tirkalgan ayrim ilovalardan Buxoro muhandislik-texnologiya institutida nafaqat etikdo‘zlik sexi, bedazorlar barpo etilib, u yerda mol boqilgani, balki talabalarga oliy ta'lim ham berilgani ayon bo‘ladi.
Shodiev o‘z arizasida shuningdek institut raxbariyati tomonidan u yerda o‘qigan talabalar haqi yeb yuborilgani haqida ham yozadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 824 qarori ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy qilish” to‘g‘risidagi Nizomning 41-bandida “akademik qarzdor talabalar ta'til vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida tegishli fanlardan o‘zlashtirilmagan fanlarni o‘z hisobidan qayta o‘qish huquqiga ega bo‘ladi” deb belgilangan.
Biroq talabalar qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirganidan keyin ham institutda yozgi semestrlar tashkil etilmagan. Talabalarning puli ham ularga qaytarilmagan.
2022-2023 o‘quv yili davomida institutning umumiy o‘quv yuklamasiga o‘quv rejalarida belgilanmagan fanlar kiritilib o‘qituvchilarga darslar ajratilgan. Mazkur ajratilgan yuklamalar uchun (horijiy tillar, jismoniy tarbiya va madaniyat kafedralari) professor-o‘qituvchilariga institutning byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan maosh to‘langan.
Davlat oliy ta'lim muassassalarida tyutorlik lavozimi joriy qilingan bo‘lib, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 412-sonli buyrug‘iga asosan kamida ikki yillik ilmiy va pedagogik stajga ega talabalar orasida hurmat qozongan xodimlar ishga qabul qilinishi shartligi belgilangan. Shu sababli, tyutorlik lavozimiga ishga qabul qilinganlarning Nizom talablariga mos emasligi tasdiqlangan. Nizom talablariga zid ravishda ishga qabul qilingan tyutorlarga to‘langan maoshlar institutning byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lari maqsadsiz harajat qilingan.
Arizada shuningdek, Buxoro muxandislik-texnologiya institutining sobiq rektori Nusratilla Barakaevning qonunga zid harakati sababli, ya'ni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 2017 yil 26 dekabrdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Tarmoq tarif-malaka ma'lumotnomasi” talablari buzilib, Alimov A'zam Anvarovichni, institut boshqaruv bo‘g‘inlarida kamida yetti yillik samarali ish stajiga ega bo‘lmasada, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tavsiya qilingani aytiladi. Buning oqibatida 2023 yil 25 yanvar kuni Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirining 14-K sonli buyrug‘i bilan Alimov A'zam Anvarovich o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimiga tayinlangan.
U prorektor bo‘lib to bugunga qadar olib kelayotgan oylik maoshlari, unga barcha turdagi ustama to‘lovlari noqonuniy to‘lab kelingan. Institut byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lari esa maqsadsiz harj qilingan.
Shodievning ayni arizasida keltirilgan jami 19 banddan iborat yuqoridagi vajlar yuzasidan taftish o‘tkazgan Buxoro viloyat Davlat moliya nazorati boshqarmasi bosh taftishchisi D. Jalolov, Buxoro muxandislik texnologiya instituti rektori vazifasini bajaruvchi M. Sharipov, Buxoro muxandislik-texnologiya instituti bosh hisobchisi M. Yodgorovlar 30 varaqdan ziyod hajmdagi dalolatnoma tuzishdi va unga 9 varaqdan iborat yakuniy aktni ham ilova qilib jinoyat ishini yopishdi.
Ayni hujjatlarga ko‘ra, da'vogar iddaolari birma-bir rad etilib, institut rektori harakatlari oqlanadi. Biroq, hujjatlarni qunt bilan o‘rganib chiqqan Eltuz jamoasi baribir undan qoniqarli javob topmadi.
Chunki, institutning tekin bedasi va talabalar haqi bilan ta'minlangan molxonasi, o‘sha mansabdorlar o‘zlashtirgan davlat mablag‘lari, noqonuniy harajatlar va ularni oqlash uchun keltirilgan raqamlar, ayni hujjatlardan ham sezilib turdi.
O‘zbeklarda bol tutgan barmog‘ini yalar, degan maqol bor. Lekin bolga cho‘zilgan va jinoyatni yashirmoqchi bo‘lgan qo‘llar haddan tashqari ko‘pligi va uzunligi sezildi. Ular amalga oshirayotgan oliy ta'limning sifati, talabalarning bilimi haqida esa hech kim o‘ylayotgani ham yo‘q.
O‘z-o‘zidan jinoyat ishining tugatilish sababini tergovchi Behruz Qurbonov va bo‘sh turgan ob'ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi xodimi, mutaxassis M. Burxonovlarning telefon orqali so‘zlashuvi audiozapisidan ham bilishingiz mumkin.
(audio)
Buxoro viloyat prokuraturasi tergov bo‘limining qo‘llari bo‘lgan Jalol Boboev, Dadaxon Raxmatov va Bexruz Kurbonovlar shu tariqa Buxoro muhandislik-texnologiya instituti mansabdor shaxslariga nisbatan ochilgan jinoyat ishini “o‘yin”ga aylantirib, achchiq ichakdek cho‘zishdi.
Tergovchining «ko‘z yoshlari»dan keyin esa bu ish zudlik bilan imi-jimida yopib yuborildi.
Biroq, Eltuz bu mavzuni ochiq qoldiradi. Bu haqda qo‘shimcha fikr aytmoqchi bo‘lgan, yoki bu yuzadan e'tiroz bildirmoqchi bo‘lgan tomonlarga ham minbar berishga tayyor.
Eltuz uydagi gapni ko‘chaga olib chiqadi. Kanalimizga obuna bo‘ling, videolarimizga layk bosing.