ART-DURBIN
1 aprel 2024

Bir rassom yashab o‘tgandi…

«Me'morlar keraksiz deb uloqtirgan tosh saroy peshtoqidan o‘rin oldi». Bu gap bir vaqtlar Urganchda yashab o‘tgan rassom Sapo Do‘schon ijodi haqida yozilgan hikmatli so‘zdir.

Rassom Sapo Do‘schon tasviriy san'at bo‘yicha maxsus ta'lim olmagan. Shu bois uning asarlari sovet davrida uzoq vaqt professional ko‘rgazma va muzeylardan uzoq tutildi.

«O‘qimishli» rassomlar uni kamsitib «sen havaskorsan, sen faqat profsoyuz liniyasida ko‘rgazma qila olasan» deyishdi.

Bu kamsitishlar ortidan rassom o‘z asarlarini hammaga ham ko‘rsatmaydigan bo‘ldi.

Xotin, bola-chaqa qilmay, o‘zini ijodga bag‘ishlagan rasssom el orasida Sapo Orqayin degan nom oldi.

Ichida huzur halovati bo‘lgan odamni Xorazmda «orqayin» deyishadi.

Rassom Urganchdagi drama teatrida butaforachi bo‘lib ishlardi.

Spektakllardagi botirlar ko‘targan qilich va xonlar o‘tirgan taxtlarni yasardi Sapo Orqayin.

1983 yili Urganchda suvratlar galereyasi ochilganida muzey kollektsiyasida Sapo Do‘schonning bitta ham asari yo‘q edi.

O‘sha paytdagi «qoidaga» ko‘ra, faqat o‘qigan rassomlar asarigina muzeyga qo‘yilardi.

1984 yili Urganch suvratlar galereyasida Bosh muxofiz bo‘lib ishlagan Shuxrat Bobojon «har qanday qoidaning istisnosi bor» deya rassom asarini ko‘tarib, Toshkentga olib bordi.

O‘zbekiston SSR madaniyat vazirligi tasviriy san'at bo‘limi hamda vazirlik qoshidagi davlat ekspert komissiyasi rassom taqdirini hal qiladigan instantsiya edi.

O‘sha paytda vazirlikda bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan san'atshunos Margarita Sokolova rassom Sapo Do‘schon ijodini qo‘llab quvvatladi.

Asar ko‘rib chiqilayotgan paytda komissiya a'zolaridan kimdir «rassom qaerda o‘qigan» deb so‘radi. Shunda Shuhrat Bobojon «rassom Turkmanistonning Mari shahridagi bilim yurtni tugatgan» deb javob berdi va bu javob komissiya uchun yetarli bo‘ldi.

Rassom Sapo Do‘schon asari 400 sovet so‘miga narxlandi va muzey bu pulni to‘ladi.

Ammo bu yerda puldan ham ko‘ra muxim jihat bor edi.

Sapo Do‘schon SSSR madaniyat vazirligi tarafidan professional rassom deya e'tirof qilinib, asari muzey kollektsiyasidan o‘rin olgandi. O‘sha davr qoidasiga ko‘ra, SSSRdagi barcha muzeylar yagona fond hisoblanar va de yure Sapo Do‘schon asari Repin rasmlari bilan teng qiymat kasb qilgandi.

Bu bir kichik g‘alaba edi.

Endigi vazifa Sapo Do‘schonning buyuk rassom ekanligini elga ko‘rsatish edi.

O‘sha paytda Moskvadagi Surikov nomli rassomlik akadimiyasida o‘qiyotgan Davron Yo‘ldoshev kanikulda Urganchga kelib, rassom Sapo Do‘schonning xozirgi til bilan aytanda «piar kompaniyasiga» bosh qosh bo‘ldi.

Rassom  Sapo Do‘schonning katta ko‘rgazmasini Urganch muzeyida ochish rejasi tuzildi.

O‘sha paytda Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Yo‘ldosh aka Yusupov bu rejani tasdiqlab berdi.

Ko‘rgazma ochilishidan oldin Xorazm televideniyasida Sapo Do‘schonga bag‘ishlangan bir soatlik ko‘rsatuv efirga uzatilishini o‘sha paytda TVda rahbar bo‘lgan dramaturg Quronboy Matrizoev rejaga kiritdi.

Ko‘rsatuv stsenariysini yozishni men zimmamga oldim. Men o‘sha paytda ToshDU jurnalistika fakultetida o‘qir va yozgi praktikani viloyat televideniesida o‘tayotgan edim.

Taniqli kinooperator Albert og‘a rassom Sapo Do‘schonning Furqat ko‘chasidagi  uyiga borib, uning ijod laxzalarini kinolentaga muxrladi.

Bu lenta ko‘rsatuv mobaynida efirga uzatildi.

Ko‘rsatuvni jonli efirda o‘sha paytda Urganch muzeyi bosh muxofizi bo‘lib ishlagan Shuhrat Bobojon olib bordi.

Sapo Do‘schon asarlari Pikasso, Russo va Pirosmani kabi dunyoga mashxur rassomlar asarlari bilan muqoyasa qilindi.

«O‘qimishli» rassomlardan biriga bu ko‘rsatuv yoqmadi, ammo bu rassom «o‘zgarayotgan ijtimoiy fikrga bo‘ysunishdan» boshqa chora yo‘qligini tushungan edi.

Rassom Sapo Do‘schonni «reabilitatsiya» qilishga SSSR matbuoti safarbar qilingan edi.

Sovet O‘zbekistoni san'ati deb nomlangan jurnal xodimi bo‘lib ishlagan shoir Asqar Mahkam atay Toshkentdan Urganchga kelib, rassom   Sapo Do‘schon haqida maqola xozirladi.

Nihoyat Urganch suratlar galereyasida rassom  Sapo Do‘schonnning umr bo‘yi chizgan yuzga yaqin asari birvarakayiga namoyish qilinadigan ko‘rgazma ochiladigan kun yetib keldi.

Ko‘rgazma katalogini chop qilish SSSR davrida juda qiyin masala edi. Maxsus izn lozim edi.

O‘sha paytda matbuot qo‘mitasida ishlagan xozirda marxum Ulug‘bek Yo‘ldoshev katalog masalasini ijobiy hal qilib berdi.

Odatda ma'yus yuradigan rassom Sapo Do‘schon yuziga tabassum yugurgan edi.

Yirtiq yaroq kiyimlarda ko‘rishga odatlanganimiz rassom o‘sha kuni bashang kiyingandi.

Ko‘rgazma eng yuksak saviyada ochildi.

O‘sha paytda Moskvadan kelgan san'atshunos Arsenev ekspozitsiya  markazidagi rasmni «ko‘rgazmada qo‘yish havfli bo‘lgan antisovet san'at» deya baholadi.

Moskvalik san'atshunosni xurkitgan asar «Lenin Xivada» deb atalgandi. Asar markazidagi Lenin Xivaga musibat keltirgan obraz o‘laroq gavdalangandi.

Ammo o‘sha davrda o‘z muammolari bilan ashir-nashir bo‘lgan Moskva olis muzofotdagi rassom nazoratiga hafsala qilmadi.

Rassom Sapo Do‘schon ko‘rgazmaga qo‘ygan asarlarini muzeydan uyiga olib ketmadi.

Rassom xalqdan ilxomlanib yaratgan asarlarini xalqqa i'nom qildi. Bundan kattaroq sahiylikni men hali uchratmadim.

Asarlar muzeyning doimiy fondidan abadiy o‘rin oldi.

Bu hikoyaning ijobiy tomoni, rassomning ko‘zi tirik paytida qadrlangani.

«Rassomni tushunish uchun u tug‘ilgan yerga boring», Bu gapni nemis shoiri Gete aytgan.

Urganchga borsangiz albatta muzeyga kirib rassom Sapo Do‘schon asarlarini ko‘ring.

Rassom o‘z hayotidagi ilk va yagona ko‘rgazmasini «Qo‘shig‘imsan Xorazm» deya nomlagan edi.

Rassom bugun hayotda yo‘q. Ammo u chizgan rasmlar muzeyda o‘z yurtini tarannum qilgan qo‘shiq kabi yangrab turibdi.

«Me'morlar keraksiz deb uloqtirgan tosh saroy peshtoqidan o‘rin oldi»

Tag‘in o‘qing
4 avgust 2019
Prezident Mirziyoev 2 avgust kuni o‘tkazgan yig‘ilishda uylarni buzish ishlari bilan norozilik keltirib chiqargan hokimlarni uning siyosatiga xiyonat qilishda ...
16 yanvar 2020
O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov shu yilning 10 yanvar kuni “Erk” demokratik partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov boshchiligidagi partiyaning ...
3 oktyabr 2015
Bugun Termiz shahrida soat 10-30 atrofida, vaxima Prezident Islom Karimov kelyapdi deb, toliblardan qo‘rqqan IIB xodimlari butun Termiz shahrini ...
19 dekabr 2019
Britaniyaning nufuzli The Economist  jurnali O‘zbekistonni «2019 yil mamlakati» deb e'lon qildi. Nashr so‘nggi yillarda mamlakatda muhim islohotlar amalga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...