Otarchi toshotarchiga aylandi – RTdan va'z
Aziz va mukarram, qadrli va mehribon ko‘zi qora, qoshi qora yurtdoshlarim, mana xapta aylanib siz bilan yuzma yuz betma bet suhbatga musharraf bo‘lganimdan shodman.
MS: Nichiksizla xo‘jik brri, mo‘chchi oybika xo‘shshi qizlo, birtli birtsiz doyilo, yoshulli yoshi kichchila.
RT: So‘nggi bir oyda xabarlar ritmi tezlashdi. Komilga qarab o‘q uzildi. Tramp yutdi. Otabek ishdan olindi. Munisa tug‘di, Xalima o‘ldi, Asad ontarildi.. Ertaga nimao‘larkin?
MS: Og‘o o‘tkan o‘tdi getdi, ertang novvi bo‘lsa bo‘lor. Bu gunlar o‘tar getar xotinjon go‘tni kutar.
Matchonboy, o‘tmish bir qo‘llanma kitob. O‘tmishdagilar ishiga qarab xulosa qilamiz. Masalan tog‘amiz tok urib o‘lgan bo‘lsa biz uning xatosini takrorlamaymiz. Faqat bugun bilan yashaymiz deyish ham noto‘g‘ri. Masalan ertani o‘ylamay, bugun bor yo‘g‘ingni yeb bitirsang och qolasan. Ertani o‘ylash uchun mullalarning gapiga emas, balki fizika, anatomiya kabi fanlarga diqqat qilish kerak. Ertaga qattiq sovuq bo‘ladi, demak bugun issiqroq kiyim topish, o‘tin, ko‘mir g‘amlash kerak.
MS: Og‘o qisinmong. Bu dunyo o‘zini o‘zi tartipa gatiradi. Kasal, ishyoqmos nimkalo, yetmakla o‘lib, guchli quvvotlilori qoladi.
RT: Bu gaping ilmda tabiiy tanlanish deyiladi. Neondartallar jismonan kuchli edi, ular tez yugurar va tanasi qalin bo‘lgani uchun kiyim kiymasdi. Hayvonlarning ortidan yugurib, shoxidan tutib tagiga bosardi. Xomo sapienslar esa sal nimjonroq bo‘lsa ham aqlli edi. Ular sovuqdan to‘ngmaslik uchun hayvonlar terisidan po‘stin tikib kiyishdi. Hayvonlarning ortidan yugurib yetolamagani bois, o‘q yoy ixtiro qilib ov ovlashdi. Nenadartallar kabi qo‘li bilan baliq tuta olmagani uchun, shumlik ishlatib og‘, to‘r va bosma bilan baliq ovlashdi. Oxirida esa kuchli neandartallar emas, aqlli xomo sapienslar yashab qoldi. Tabiat aqllini tanladi.
MS: Ovong og‘o, bilaki zo‘r biyrini urodi, bilimi zo‘r xirrikni. Novvi davadi Navoiy otes.
O‘zbekiston Xalq artisti¸ sobiq deputat va Karimov davrida ezilib toptalgan Yulduz Usmonova Yaqin Sharqdagi arab diyorlarida davom etayotgan qabrga tosh otish musobaqasida faol ishtirok etmoqda. Yengil vaznli otarchilar orasida harsang toshni uzoqqa uloqtirish bo‘yicha Usmonova yaxshi natijalariga erishib ba'daviy arablar bilan bir tovoqdan tomoq yeb barmoq yalash martavasiga noyil bo‘ldi. Badaviy arablar bilan suhbatda Usmonoova «Biz Asad davrida ezildik» deya xozirgi bratvaga qosh qoqib ishva qilishniyam unutmadi.
Usmonova Saudiyada o‘lgan bir arabning qabriga tosh otayotgan bir paytda sal naridagi Latakiyadagi Usmonova zehniyatli arablar 24 yil oldin o‘lgan yana bir arabning qabrini toshbo‘ron qilishdi.
O‘zbekiston madvaziri sobiq xizbut Ozot otarchi Yulduz Usmonovani «Muqbil toshotar izdoshlari» esdalik medali bilan mukofotlash haqida buyruq imzoladi.
Bu medal soxiblari yilda bir marta Dehqonoboddagi tosh konidan tekin tosh olish huquqiga ega bo‘ladi.
MS: Og‘o bir savol, navchun Asad utizdi?
RT: Buning javobi bitta, korruptsiya bois!!! Suriya armiyasi tanklari va samoletlari bakiga solishga eng zarur paytda benzin yetmay qolgan.
Hukumat generallari armiya benzinini o‘g‘irlab sotib yuborishgan.
Ozgina qolgan benzinni soldatlarning o‘zi maroderstva qilib uxlatgan.
Ertadan kechgacha faqat o‘g‘irlayman degan mulozimlar sizga tanish tuyulmadimi?
Diktatura va muhtaramga sadoqat printsipida qurilgan barcha boshqaruvlar bir xilda chirigan. Ular ichini qurt yegan daraxtga o‘xshaydi. Bir tepsang ontariladi.
Bu shovvozlar soy bo‘ylariga qurgan saroylaridagi oltin unitoz va yaltiroq kreslolarini qashshoqlar o‘marib ketadi. Ko‘rib turibmiz. Ko‘r emasmiz.
MS: Zamona zo‘rniki, tomosha ko‘rniki. Atkan topmin qolmidi. Aldin 40 yilda qoytipadi, xozir ina 40 gunda…
RT: «Diktator saroyini talash» degan spektakl doimo bir xil. Iroqda bo‘ladimi yoki Bishkekdami mazmun bir xil. Qashshoqlar kirib xech yo‘q bitta kursini sudrab tashmalab uyiga apkirib qo‘yadi. Manov ro‘mol o‘ragan xotin va uning rijol eri Asad saroyidan to‘rtta tovoqni itarib chiqishdi. Genlarga singib ketgan o‘g‘irlik va parazitlik.
Bashar Asad bir vagon pulni qo‘ltiqlab Moskvaga qochib keldi. Suriyani parokanda qilgan bu diktatorning hokimiyatdagi hayotidan bir necha xulosa chiqadi.
- Ësh, G‘arbda o‘qigan bilimli odam ham demokratiya dushmani va diktator zolimga aylanishi mumkin ekan. Britaniyada o‘qigan bu ko‘z duxtr Bashar Asadning hokimiyatdagi qilmishlari bunga misol bo‘ldi.
2. Diniy radikal va islomiy ekstremistlar xatarini to‘g‘ri baholay olmaslik. Siyosiy shabko‘rlik. 2001 yilda Britaniya Bosh vaziri Toni Bleer «Barcha islomiy terrorchi guruxlarni qoralashni» taklif qilganda Asad rad qiladi. «Ular sizning nazaringizda terrorchi, bizning nazarimizda ular ozodlik uchun kurashuvchi» deydi Asad. Paradoks shundaki, oradan 23 yil o‘tib Asadni ana shu islomiy radikallar ontarib tashladi. Siyosiy shabko‘rlik badali bu.
3. Siyosiy hokimiyatning otadan bolaga o‘tishi, sulolaviy diktatura va erkin saylovning yo‘qligi absolyut yomon narsa. Orqadog‘ yoki peshvoiy millat, elboshi, yurtboshi yoki muxtaramning bola baqrasi iqtidordan uzoq bo‘lsagina, ular rahbarlik qilgan davlat ro‘shnolik ko‘radi.
4. Davlat hech qanday diniy gurux tarafida turmasligi kerak. Davlat dindan uzoqda turishi kerak. Davlat rahbari barchani teng ko‘rishi kerak. Aks xolda Suriyadagi kabi parokandalik yuz beradi.
5. Davlat rahbari maksimum ikki muddatdan (8 yoki 10 yil) ziyod lavozimda qolmasligi kerak. Bu davrda barcha aytilgan gaplar ijro qilinishi, va'dalarga vafo, qarzlarga ado lozim. 2000 yili prezident kursisiga o‘tirgan Asad boshida ko‘p narsa va'da qildi. Matbuotga erkinlik beraman, iqtisodga cheklovni bekor qilaman, jamiyatni xavfsizlik kuchlari bosimidan ozod qilaman dedi. Ammo bu va'dalarni bajarmadi.
MS: Og‘o, amerikdan gurrung ating. Pl xrrik dadila vyon taraplada
Amerikada yashayotgan o‘zbek hikoyasi:
«O‘n yil oldin grin kard yutib keldim. Uydagilar «o‘zingga pul xarjlamay bizga yuvor» deyishdi. O‘zbekistondagi oilamning yagona pul keltiruvchisi edim. Men yuborgan pullardan uchastka bitdi, singlim uzatildi. Besh yil faqat O‘zbekistonga pul jo‘natdim. Bitta yostiq, bitta ko‘rpam bor edi xolos. Keyin yaxshiroq ishga kirib qo‘lim pul ko‘rdi. Besh yildan keyin AQSh vatandoshligini oldim. Uylanib, bolali bo‘ldim. AQSh vatandoshi o‘z ota onasini chaqirib olib kela oladi. Onamni Amerikaga chaqirdim. Oyimni Nyu York JFK aeroportidan oldim. Oyim men va nevarasi bilan qiziqqani ham yo‘q. Moshinada kelayotib faqat pul ishlash haqida gapirdi. «Bolam sen uyingga boraver, men uje o‘rtakash bilan gaplashib qo‘ydim, oyiga palon dollar berarkan. Kampir qarayman.»
Men onamni mehmon qilib dam oldirmoqchi va sayoxat qildirmoqchi edim.
Bunga qurbim yetadi. Ammo oyim, xuddi gipnozchi vasvasasiga uchgan kabi bitta mantrani takrorlayverdi: «pul topishim kerak, pul ishlashim kerak»
Onam shuncha yil ko‘rmagan o‘g‘lini emas, pulni sevishidan og‘rindim. Amerikaliklar xudoga, o‘zbeklar esa pulga sig‘inadi.»
MS: Og‘o dunyoda birlangji konstitutsiya amerikada qabul atilpadimi?
RT: Yuzming yil avval Boysundagi teshik tosh g‘origa yig‘ilgan neandertallar «endi bir birimizni emas, boshqalarni eymiz» deya kelishib bu kelishuv haqida g‘or devoriga o‘yib yozib qo‘yishdi. Bu ilk konstitutsiya edi. O‘zbekiston dunyodagi ilk konstitutsiya o‘lkasi.
MS: Ovong. Ina Komil birot chiqib beram bilan tabrikladi xammani. Lekin to‘s to‘polonni boshlog‘on xorop shu qorsildop uchib, gursildap singonqu!
RT: Komil bu sirli omil. Yaqinda shirin joniga qasd qilinib paqillatib otib tashlash uchun nishonga olingan Komil Allamjonov FB sahifasi orqali barchani konstitutsiya kuni bilan tabrikladi.
Bu xuddi Hamid Olimjonning «Xalqqa ayting men hali o‘lganim yo‘q, yov qo‘lida taslim ham bo‘lganim yo‘q» degan satrlari kabi edi.
Odatda O‘zbekistondagi «urilgan» kadrlar qumga singgan siydikday izsiz yo‘q bo‘lib ketardi. Lekin Komil ishdan olingan bo‘lsa ham mana bir oydirki o‘z mavjudligini bildirib turibdi.
Rivoyat budir. Bir kuni bir mo‘xtaram poshsho bir arxitektor ustaga saroy qurishni buyurdi.
Saroy bitdi. Saroy mo‘xtaram poshshoga yoqdi, lekin quruvchi ustaning haqini bermay ko‘chaga quvib yubordi.
Usta ketish paytida saroyning atigi bitta g‘ishtini sug‘urib olib ketdi. Yarim soatdan keyin saroy ontarilib ichidagilarni majaqlab tashladi.
Har bir saroy devorida bitta g‘isht bor. Shu g‘ishtni sug‘ursang butun saroy ontariladi. Bu g‘ishtning aynan qaerda ekanligini saroyni qurgan usta biladi. Bu bir omil.
Boyrom qutli bo‘lsin
MS: Lekin yurtda motam ko‘p. Nichcha birisini oposi, akasi o‘lib, yos tutib o‘tiribdi. Ina Xalima dobbi o‘ldi.
QIZIQChI HALIMA XOTIRASIGA
O‘zbek jamiyati doim shafqatsiz. Bu jamiyat doim ojizlarni ezishdan oshkora lazzat olgan.
Bu jamiyat zolimlar zulmi ustidan emas, oddiy odamning jismoniy nuqsoni ustidan kulib kamsitishga o‘rgangan.
Kal, cho‘loq, qora tappi, pes, ko‘r, oriq va semiz. Begemot, fil¸¸¸¸
Ayniqsa, xotinlarni semiz deb mazax qilish oshkora urchigan.
Jismoniy nuqsoni bo‘lgan bu bechoralar buling nishoni bo‘lib ichdan ezilib, ruhan sinib, to‘zib o‘tishadi.
Bunday kamsitish¸ xo‘rlash va bulingga javob o‘laroq ba'zilarda «himoya reaktsiyasi» paydo bo‘ladi.
Bu tabiatda ham bor. Tinter fish degan baliq o‘zini himoya qilish uchun qora siyoh chiqaradi. Buni ko‘rgan katta baliqlar uni yemay aylanib o‘tadi.
O‘zini himoya qilishning eng maqbul uslubi o‘laroq boshqalarga hujum qilish tanlanadi.
Bugun o‘lgan komik artist Halima Ibroximovaning biz ko‘rgan yashash formasi, o‘zini semiz deb kamsitgan rahmsiz, shafqatsiz patriarxal jamiyatga qarshi «himoya reaktsiyasi» edi.
Bir ma'noda bu «sahna obrziga» ham aylanib ulgurdi.
Tarmoqda ochko yig‘ish uchun Halimaga hujum qilgan har xil qalang‘i qasang‘i blogerlarga qarshi ularning o‘z uslubi bilan «atvet» qaytarardi.
Hatto tashqaridan o‘ta qo‘pol ko‘ringan shu vulgar «atvet»larda ba'zan Halimaning ko‘zi yoshga to‘lganini ko‘rganman.
Tashqaridan sizga bahaybat va so‘kong‘ich bo‘lib ko‘ringan bu tana ichida tez yaralanadigan, nozik va shikasta xotin qalbi yoshurun edi.
Xotinlarni ezib, mashara qilib «hazz» oladiganlar Halimaning ichiga yashiringan g‘ussani ko‘ra olmasdi.
Halima 2024 yilnng 7 dekabrida o‘ldi.
Odatda artist o‘lsa tobuti ustida hamma chapak chaladi. Teatr olamidagilar buni biladi.
Aziz do‘stlarim, endi nafrat va kinni bir chetga surib qo‘yib, o‘lgan artist, bir umr so‘kong‘ich semiz rolini o‘ynagan artist sharafiga o‘rnimizdan turib qarsak chalaylik.
Olqish aytaylik. U bu olqishni tirikligida kutgan edi.
Davomli va gulduros qarsaklar.
MS: Og‘o tilponingz nichik?
RT: Telefonim ayfon.
TYeLYeFONChI USTANING O‘LIMI
Raqamlarni eslab qolmayman. Lekin Urganchdagi uyimiz telefon raqamini va bir devor qo‘shni Hikmatullo tog‘am telefon raqamini aniq eslayman 40 48 edi.
Telefon o‘tkazilgan kunni ham aniq eslayman.
Telefon oldin bizga o‘tkazildi. Bir oy o‘tib tog‘amga. Men o‘shanda to‘rtinchi sinfda o‘qirdim.
O‘qish tushdan keyin soat ikkida boshlanardi.
Telefonchi usta eshigimni qoqib «zangi bomi?» deya narvon so‘radi. Narvonni olib chiqib berdim.
Uyimiz katta ko‘cha bo‘yida edi. Ko‘cha, ariq, keyin trotuar. Usta aka narvonni uyga tirab tepasiga chiqib kabellarni ulash bilan band.
Men esa tomoshabin rolida.
Shu payt trotauardan “Muravey” degan orqasida budkasi bor qizil motorollerda palonchi aka kelaverdi.
Bu akani taniyman. Internatda zavxoz. Har kuni shu paytda abet qilishga uyiga o‘tadi.
Palonchi aka narvonning tagidan o‘tib ketishni chamaladi lekin hisobni noto‘g‘ri oldi.
Muraveyning budkasi narvonga qars etib tegdi va tepadagi usta muraveyning alyumin budkasi ustiga ontarilib qulab tushdi.
Aniq ko‘rib turibman.
Usta tars etib tushdi. Keyin sakrab o‘rnidan turib avtomatik tarzda kabellarni yana ulashda davom etganday bo‘ldida sekund o‘tmay shilq etib yana yiqildi.
Keyin palonchi aki uni muravey tomidan olib ikki buklab muravey budkasi ichiga tiqib bannisaga obketdi.
Bu usta o‘sha zahoti o‘luvdimi yoki yo‘lda o‘ldimi, bilmayman.
Bannisaga yetib borganida duxtrlar o‘ldi deb qayd qilishgan.
Xullas o‘ldi.
Keyin qo‘lida daftar turgan eng past martabali tergovchi milisa keldi.
Yagona guvoh menman.
Men butun kartinani tasvirladim. Muravey motoroller qizil rangda edi. Kuchli zarb bilan urilganida shu qizil rang narvonga urib izi ham qolgandi. Asosiysi muravey motoroller trotuardan emas katta yo‘ldan yurishi joiz. Palonchi aka telefonchi ustaning o‘limida aybdor.
Shuncha gapni batafsil bayon qilib yozib bersam tergovchi hayron qoldi.
To‘rtinchi sinf bolasi bundaqa yaxshi bayon yozarkan deb.
Soat birdan oshdi. Papkamni olib maktabga ketdim.
Birinchi soat ona tili. “Olim olma ol” deb yozib o‘tirgandik.
Birdan eshik taqillab o‘qituvchimiz Norjon apikani chaqirib ketishdi. Bir pas o‘tib Norjon apika meni sinfdan olib direktorning kabinetiga olib bordi.
Kabinetda unvoni yuqori prokuratura tergovchisi men yozgan ko‘rsatmani qo‘lida ushab turibdi.
“Sen yozdingm buni?” dedi.
Men bosh irg‘adim.
Boshqatdan yozib ber. Norjon opang o‘rgatadi nima yozishni, dedi.
Bu safar bayon emas diktant yozdim. Norjon opa aytib turdi. Men yozdim.
Bu diktantda usta o‘zi narvondan yiqilib tushadi. Trotuarda emas katta yo‘lda qoidalarga rioya qilib muravey minib kelayotgan palonchi aka buni ko‘rib yordamga oshiqadi va uni doktorxonaga olib borgani yoziladi.
“Bu axir yolg‘on-ku” desam, “Usta uje o‘ldi. Nega palonchi akayam qamalishi kerak?” deya Norjon opa gumanizm haqida ponyatka o‘qidi.
Bu gaplarimni tushunish uchun koridorda poylab turgan palonchi akaning ukasi kelib menga g‘izz-g‘izz qilib tov berib yoqiladigan batareyasiz qora fonarik sovg‘a qildi. Palonchining singlisi esa “Nu-ka, otnimi!” degan shokolad berdi.
Men vaziyatni tushunib sinfga qaytdim.
G‘izz-g‘izz qilib fonarik yoqib, bolalarning havasini keltirdim.
“Nu-ka, otnimi!“ degan shokoloddan bir parcha sindirib klasdoshim Salomatga berib uning tabassumiga noyil bo‘ldim.
Ammo sal o‘tib, meni yana direktor xonasiga olib ketishdi.
Endi yanayam unvoni katta tergovchi menga madaniy muomala qilib diktant bilan bayonni ko‘rsatib, “qaysinisi to‘g‘ri?” dedi.
Men unga “diktantni Norjon opa aytib turib yozdirdi”dedim.
Norjon opa uvillab yig‘ladi.
Ko‘zoynakli kal tergovchi esa menga bayonni qayta yozdirdi.
Koridorda palonchi akaning ukasi menga yumuriq o‘qtalib “o‘ldiraman” dedi.
Singlisi esa “og‘zingga sichay” deb so‘kdi.
Qo‘rqip pisib borib sinfga kirib o‘tirdim. Adabiyot darsi edi. “Echki bolalari va bo‘ri” ertagini o‘qidik.
Sal o‘tib yana eshik taqillab meni direktor kabinetga olib ketishdi.
Endi respublika ichki ishlar ministrligidan shoshilinch kelgan odam men uchun g‘alati bo‘lgan Toshkent shevasida shirin gapirib boshimni siladi.
Yashil rangli o‘yinchoq avtomat sovg‘a qildi. Xullas “diktant”ni qayta yozdim.
Koridorda palonchievning akasi bir so‘mlik temir tanga berdi. Ustiga Lenin rasmi tushirilgan.
Singil bo‘lsa qo‘limdan tutib, maktab stolovoyiga oborib kakao va bulochka olib berdi. Sochlarimni silab bo‘ynimdan o‘pdi.
O‘qituvchim Norjon opa dnevnigimni olib besh qo‘yib berdi.
Maktab direktori kelib, “yozda seni artekka yuboramiz” deb meni orziqtirdi.
Maktab stolovoyidan sinfga qaytdim. Palonchievning singlisi meni qo‘limga ikkita keks tutqazdi.
Rus tili ya'ni chteniya darsi edi. “Kolobok” degan ertakni o‘qidik.
Bollarning ko‘zi menga sovg‘a qilingan krutoy o‘yinchoq avtomatda. Salomatga bitta keks berdim. To‘rtinchi sinfdagi qiz keksni sevadida endi.
O‘tayotganimiz darsdagi “kolobok” (“bo‘g‘irsoq”) tulkining oldiga kelgan joyida yana eshik ochildi. Takallufsiz meni qo‘limdan ushab direktorning kabinetiga olib ketishdi.
Tasodifni qarangki, kelgan odam rus tilida gapirardi.
Rus tili o‘qituvchimizni tarjimonlikka olib kelishdi.
“Nu malchik”, dedi menga Moskvadan atay uchib kelgan o‘ris tog‘a…….
Ag‘i nima bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
MS: Novvi bo‘so o‘lgana bo‘lodi. Dirila yo‘lini topodi. Uring potyani,
RT: Assalom O‘zbekiston Juma Muborak!