Asosiy mavzular
25 aprel 2019

25 aprel – «Robinzon Kruzo» asari ilk bor chop qilingan kun

1719 yilning 25 aprelida ingliz yozuvchisi Daniel Defoga shuhrat keltirgan (1660–1731) «Robinzon Kruzo» (ingl. Robinson Crusoe) romani bosmadan chiqdi.

Asar kemasi halokatga uchragan Robinzon Kruzo ismli dengizchining 28 yil kimsasiz orolda boshdan kechirgan sarguzashtnomasidir.

Inson ijtimoiy faol jonzot degan g‘oyani ilgari surgan bu roman o‘zbek tili doxil dunyoning yuzdan oshiq tiliga tarjima qilingan.

Ro‘binzo‘n ro‘moni

“Robinzon Kruzo” romani o‘zbek tilida Yo‘ldosh Shamsharov tarjimasida bir necha bor nashr etilgan.

Romanning Turkistondagi ilk tarjimasi 1911 yilda amalga oshirilib, toshbosma usulida chop qilingan.

“Robinzon Kruzo” 1911 yilida Muhammad Fozilbek Otabek o‘g‘li tomonidan original syujeti qisqartirilib, mazmuni o‘zbek tiliga o‘giriladi.

Kitob Toshkentda G‘ulom Hasan Orifjonov bosmaxonasida nashr etiladi.

“Muqaddima”da quyidagi fikrlar bayon qilinadi: “Ro‘binzo‘n degan bir inglizning boshidan o‘tkan g‘arib va ajib bir hikoya bo‘lg‘oni uchun eng avval anglitara lisoni birla yozilib, ba'da jumla farang tillarida tarjima qiling‘on bir ibratnoma hikoya bo‘lubdur. Yana arabcha, turkcha, hindcha, forscha, tatarcha qiling‘on tarjimalari ham bordur. Lekin bizlarning sartiya xalqimizning zabonlarida hech vaqt tarjima bo‘lmay va ushbu ibratnoma hikoyadan bebahra qolg‘onlari uchun ushbu ibratnoma hikoyai “Ro‘binzo‘n”ni sartiya zabonig‘a tarjima qildimki, bizlarni sartiyalar ham o‘qub bilib g‘aflat uyqusidan ko‘zlari ochilsun deb».

Tarjimashunoslar, xususan, J.Sharipov o‘zining «O‘zbekiston tarjima tarixidan» («Fan», 1965) kitobida bu tarjimaga munosabat bildirib, tarjimon unga 1908 yilda nashr qilingan 77 bet hajmli ozarbayjon nusxasini asos qilib olgan, degan fikrni ilgari suradi.

Fozilbek Otabek o‘g‘li «Muqaddima»da romanning ozarbayjoncha tarjimasi borligini esga olmaydi.

Turkiy Ro‘binzo‘n

XX asr avvalida turkiy tillarda «Robinzon Kruzo»ning bir nechta tarjima nusxalari mavjud edi.

1877 yil «Robinzon Kruzo»ning turk tilidagi tarjimasi bosiladi. “Debochai hikoyai Robinzon”dan keyin asar matni «Bing olti yuz o‘tuz iki sana melodiyasinda Anglitarada mutavallud o‘lub, ul vaqt Ingliz ila Ispaniya bayninda voqe bo‘lan muhorabada vafot edan do‘rt qarindoshlarning buyugi (Ro‘binzo‘n) nom shaxs sarguzashti…», degan jumlalar bilan boshlanadi.

1909 yilda to‘rt qismdan iborat jami 152 sahifalik «Robinzon»ning tatar tilidagi tarjimasi Qozonda bosilib chiqadi. Asar «Ro‘binzo‘n hikoyasi» shaklida nomlangan bo‘lib, mutarjimi – N.N., noshir sifatida «Kitobchi Husainov vorislari» ko‘rsatiladi. Roman to‘rt ju'z holida alohida-alohida nashr qilinadi.

1934 yili Qozonda romanning yana bir tarjimasi bosilib chiqadi.

Bundan tashqari, romanning Ismoilbek Gasprinskiy nashr qilgan nusxasi ham mavjud.

Musulmon Ro‘binzon

Turkistonlik mutarjim Fozilbek Otabek o‘g‘li romanning syujet chizig‘ini to‘la saqlagan holda asar matniga juda erkin yondashadi, ma'no, mazmun tarjimasini XX asr avvaliga xos o‘zbek adabiy tilida beradi.

Tarjimada Robinzon musulmon bir odamdek gapiradi.

Matnda «Inshaalloh», «Xudo nasib qilsa», «Alloh taolog‘a shukrlar qilur erdim», «Xudoy taborak va taolog‘a hamd va sano aytur erdim», «Qibla tarafig‘a bordim», «Kech peshin vaqtida» kabi ta'birlar ishlatiladi.

Mutolaa

Romanni tarjimon «Ro‘binzon hikoyasi» deb nomlaydi. Shu o‘rinda ilk tarjimadan bir iqtibosni e'tiboringizga havola qilamiz.

“Voqean kechasi birdan bo‘ron bo‘lub, dengiz to‘lqun bo‘lmoqg‘a boshladi. Borgancha dengizni to‘lquni ziyoda bo‘lib, kemani saqlamak uchun hech bir joy bo‘lmadi.

Qo‘rqish va sano birla tong otquzduk. Lekin bo‘ron aslo to‘xtamas erdi. Ul holda kema ustida qarab turgan xizmatkorni tosh bor, tosh bor deb ovozi kelib qoldi. Ul holda jumlamizni yarim jonimiz ketub, Alloh taolog‘a duo va sanolar qilmoqg‘a boshladuk. Anda kema nihoyat shiddat birla kelub toshqa tegub, kemaning bir uchi toshqa ilinub qoldi. Va bir tarafi suvni ichig‘a cho‘kub ketdi.

Hamon kemaga bog‘luq uch adad qayiqni yeshib, jumlamiz mazkur qayiqlarg‘a tushduk. Ammo nima foyda? Qayiq birlan Broziliyog‘a yetub bo‘lmaydur. Ul holda qayiq birlan yuz gaz, ikki yuz gaz yurg‘onda tamoman qayiq ham suvg‘a botti. Jumlamiz suvni qa'rig‘a kirib ketduk.

Ammo haq taoloning inoyati birla oyog‘im bir toshg‘a yoki biror narsag‘a urundi. Urungan zamon kamoli quvvat birla tefaga qarab irg‘ib erdim, suvni ustig‘a chiqdim. Darhol nafsimni bir taxta boraga osilib oldim. Kamoli qo‘rqg‘onimdin mazkur taxtani shundog‘ ushlab qoldimki, go‘yoki taxta meni ushlab qolg‘on gumon qildim. Mazkur taxtaga yopushub to‘lqunlar bila u yoqqa surulub, bu yoqqa surulub yurub erdim, bir yaqin yerda katta tosh ko‘rundi.

Hamon mazkur katta toshg‘a yetmoq uchun intilib, surulib, hamd bo‘lsun Xudoyi taolo va taborakkaki, o‘shal toshg‘a kelib, osilib ustig‘a chiqib oldim. Lekin hanuz to‘lqunni suyi kufurub kelib mening ustumg‘a tushub turubdur. Lekin salomat bo‘lg‘on bo‘lsam ham mazkur tog‘ni tefasinda kamol qo‘rqg‘onimdin ko‘nglum ketub qolibdur. Bir zamondin keyin ko‘zimni ochib qarasam, shamol to‘xtabdur va qornim ham nihoyati ochibdur. Lekin hanuz daryoda to‘lqunni asari bo‘lsa ham ushbu o‘zim o‘lturgan toshni atroflari misol ko‘ldek tinch bo‘lubdur.

Hamon dunyoning to‘rt atrofig‘a qaradim. Ushbu o‘zim turgan toshdan ikki yuz quloch yerda bir katta toqaylik orolni chegarasi ko‘rundi. Hamon to‘nlarimni orqamg‘a boylab, mazkur yerdin ohista-ohista suzub, mazkur to‘qaylik yerga chiqdim va ajabo bu qandog‘ yer, deb mazkur to‘qayning atroflariga qaradimki, bosh – hech kim yo‘qdur. Mazkur to‘qayda yegani taom yo‘q va ichgani suv yo‘q, fikrida turub ahvolimg‘a qarasam, ustumdagi to‘num va qo‘lumdagi olg‘on yog‘ochimdin bo‘lak hech narsa yo‘q.

Ajabo, qandog‘ holg‘a qoldim, deb fikrimda yoki tushumda ko‘rdimmu, deb harchand ko‘zumni ochib yumadurman. Qarasam, tushum emas. Balki o‘ngum ekan. Ba'da, ey bor Xudoyo, qandog‘ ishlarg‘a qoldim, deb oz shahrimni va ota-onamni yod aylab, bo‘kurub yig‘ladim. Va yana o‘zimni bo‘kurub yig‘lag‘onimdin o‘zum qo‘rqub, Xudoy taolo va taborakdin shikoyat qilgan bo‘lmasun, deb va yana qancha odamlar o‘lub, tanho men o‘zum olmay qolg‘animg‘a shukr qilub, bir oz dilimg‘a taskin berdim. Qorong‘u bo‘ldi. Nima qilmoq kerak. Yerda yotsam, balki yomon hayvonlar kelib yeb keturlar, deb bir katta shoxlik daraxtni ustig‘a chiqib, bir katta shoxig‘a minib tong otquzdim».

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 oktyabr 2022
Bir paytlar musulmon dunyosida katta nufuzga ega Turkiston mamlakatlarining xalqaro obro‘si butunlay tushib, ularning xoin hukmdorlari keyinchalik ham Rossiya ...
5 mart 2020
O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi 4 mart kuni «Vatanparvar» gazetasi muxbiri 68 yashar podpolkovnik Vladimir Koloshinni 12 yilga ozodlikdan mahrum ...
2 noyabr 2023
2018 yilning yanvarida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev farmoni bilan Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) Davlat xavfsizlik xizmati (DXX)ga aylantirildi. Lekin ...
20 fevral 2023
Ulug‘ shoir Matnazar Abdulhakim mening dunyoqarashimni o‘zgartirgan bir inson edi. 1980 yil, ilk she'rlarim Urganch tumani gazetasida bosilgan kuni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...