“Taxtapul” odamlarni qiynavordi
Pensionerlarning pensiya puli ularning roziligi olinmasdan 100 foiz plastik kartochkaga o‘tkazib qo‘yilganligi keksalarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Ular zarur ehtiyojlarini qondirish uchun plastikdagi mablag‘ni naqd pulga aylantirish uchun erta tongda banklar eshigi oldida to‘planmoqdalar.
«Avval pensiyamizni 30 foizini plastikka o‘tkazishdi, – dedi bank oldida navbatda turgan otaxonlardan biri, – keyin esa 50 foiz naqd pul oladigan bo‘ldik».
Yangi 2016 yilning boshidan esa pensiyamizning hammasi “taxtapul”ga aylandi.
«Har oyda bankka kelib 30-50 ming so‘mgacha yechtirib ketayapmiz. Axir biror joyga boradigan bo‘lsak yo‘l kiroga naqd pul berishimiz kerak, bozordagi meva-sabzavotlarni ham plastikka ololmaymiz, sartaroshlar ham naqd pulga xizmat qiladi. Tumanimizdagi birorta sartaroshxonada terminal o‘rnatilmagan. Avtobus va “Damas”larda ham terminal yo‘q. Shuning uchun bamdod namozidan so‘ng kelib navbat olamiz» – deydi vodiylik jabrdiydalardan biri.
Plastikdagi mablag‘ni naqd pulga aylantirish uchun pensionerlardan tashqari nogiron turmush o‘rtog‘iga, farzandiga qarayotgan ayollar ham navbatda turishibdi.
Ularning ham dardi shu. Nogiron yaqinini do‘xtirga olib borish, ularga ba'zi dori-darmonlarni naqd pulda sotib olish, kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan narsalarni ko‘p qismini bozordan sotib olish uchun naqd pul zarur.
Farg‘ona viloyatida hatto nogironlar uchun beriladigan nafaqalar ham 100 foiz plastik kartochkaga tushiriladi.
Suratda: Farg‘ona viloyati tumanlarining biridagi “AGRO”bank binosi oldidagi naqd pul olish istagidagi odamlar.
Nasima Davron qizi
Eltuz.com