Toshkentda o‘tishi kutilgan Biennale ham Karimov kabi sirli o‘limga yuz tutdimi?
Joriy yilning 7 oktyabrida Toshkentda ochilishi kutilgan Zamonaviy san'at Biennalesi qoldirilgani haqida rasmiy bo‘lmagan xabarlar urchidi.
Bu yilgi Biennale mahalliy mulozimlarning “Gulnora Karimovasiz ham eplaymiz” degan iddaosi ijobati o‘laroq rejalangan edi.
Ammo hammasi ayanchli tugadi. Biennalening bo‘lmasligi haqidagi ma'lumotlar marhum O‘zbekiston rahbari o‘limining yoritilishiga juda o‘xshab ketyapti.
Ya'ni Biennale bekor qilingani haqida aniq rasmiy xabar yo‘q. Lekin hamma Biennalening, noma'lum sabablarga ko‘ra, bekor qilinganini aniq-tiniq bilib turibdi.
Ba'zilar siyosiy sabablarga ko‘ra bekor qilindi degan iddaolarni saslantirmoqda.
Bekor qilinish sabablari yolg‘iz Ollohga ayon, ammo O‘zbekistonning tasviriy san'at olamidagi obro‘siga bu safar jiddiy zarar yetgani aniq.
Biroq, ertami kech Biennale qoldirilgani sabablarni bilamiz, huddi Karimov o‘limi sabablari kech bo‘lsa ham “rasman” aytilgani kabi.
Biennale tashkilining zaif ekani esa bugunning haqiqatidir.
Tashkilotchilar hatto Biennale uchun alohida sayt ochishga ham erinishgan.
Biennale kuratori san'atshunos Nigora Ahmedova xonim yoki uning shotirlari bilan bog‘lanishning ham iloji yo‘q.
Biennalening qog‘ozdagi tashkilotchisi bo‘lgan Badiiy akademiya ham hech bir tarzda izoh bermayapti.
Go‘yoki Biennalening qoldirilgani prezident o‘limi kabi davlat siridir.
Tadbirda qatnashishi tashkilotchilar “sharofati bilan” sir tutilgan rassomlarning qayg‘uli ahvoli haqida faqat taxmin qilishimiz mumkin.
Keyingi bir yil mobaynida bu tadbirga tayyorlangan rassomlar yuziga O‘zbekistondagi eng yuqori mulozimning tupurgani esa bundan-da qayg‘uliroq.
O‘zbekistonda zamonaviy tasviriy san'at o‘gay va keraksiz matohga aylantirilgan.
Bir vaqtlar O‘zbekiston Sovet O‘rta Osiyosining madaniyat san'at va me'morchilikdagi ilg‘or novator g‘oyalarning yo‘lchi yulduzi, bayroqdor darg‘asi edi.
Markaziy Osiyodagi eng yaxshi san'at bilim yurtlari, oliygox va badiiy ijodxonalar Toshkentda edi. O‘rta Osiyoning barcha respublikalaridan Toshkentga kelib san'at sohasida ta'lim olishar edi.
Ammo bu endi o‘tmish xotirasiga aylandi.
Karimov ma'muriyatining “shonli” faoliyati O‘zbekistondagi san'at ta'limi tizimlarininig barcha bo‘g‘inlarini ilon chaqqani kabi falaj qildi.
Ta'lim tizimi total korruptsiya, vayronalik ichiga g‘arq bo‘ldi. Malakasi shubhali bo‘lgan o‘qituvchilarning turli aymoqlari o‘rtasida sog‘in sigir emchaklari kabi talash bo‘lgan san'at ta'limi pirovardida sut bermaydigan qisir sigirga aylandi.
Oxiri bu “sigir”ni ham so‘yib aymoqlar orasida go‘shtini xomtalash qilishdi.
Talabalar zamonaviy san'at bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan o‘lik qo‘llanmalar bo‘yicha o‘qitila boshlandi.
2012 yilga kelib rassomlik kollejlarining o‘zbek sinflarida talabalar uchun yalang‘och natura (yalang‘och tarzda o‘tirgan ayol yoki erkakning tirigiga qarab. Tahr.) rasmini chizish mashg‘ulotlari bekor qilindi.
Bundan oldin O‘zbekistonda Rassomlar uyushmasi yo‘q qilingan edi. Uyushma rassomlar haq-huquqlarini oz bo‘lsa ham himoya qilib turgan idora edi.
Sobiq SSSRda faqat O‘zbekistondagina uyushma yo‘qotilganini eslatmoq lozim.
Bularning barisi O‘zbekistondagi tasviriy san'at hayotini achinarli va zo‘rg‘a kun ko‘ruvchi tilamchining ahvoliga tushirib qo‘ydi.
2000 yillar boshida O‘zbekiston marhum prezidentinimg to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova dunyoda kechayotgan san'at hayotiga uyg‘un bir tadbir o‘tkazilishiga bosh qo‘shdi.
Ammo dunyodagi tasviriy san'at oqimlaridan ixotalangan o‘zbek rassomlari xalqaro mavqedagi tadbir yaratishdan mosuvo bo‘lgani muammo hamirturushi bo‘ldi.
Oqibatda tasodifiy rasmlar jamlamasidan iborat tartibsiz festival ko‘rgazmalar paradi o‘tkazilaverdi. Bu “tadbir”larning esa dunyo tasviriy san'ati bilan hech bir tarzda aloqasi yo‘q edi.
Akmal Rizaev
O‘zbekistonlik muallif tahallusi
Eltuz.com