Asosiy mavzular
15 noyabr 2016

O‘zbek sayti plastik kartani feleton qildi

O‘zbekiston matbuotida feleton janri deyarli yo‘qolib bo‘lgan, desak yanglishmaymiz. Bosma nashrlardagi bu nuqsonni elektron OAV to‘ldirishga urinyapti, shekilli. So‘nggi vaqtlarda ular bir oz erkin nafas olishga intilayotgani bunga sabab bo‘lsa, ne ajab.

Sof.uz saytida «Hiylai shar'iy» (plastik karta mashmashalariga oid feleton) sarlavhali maqolani o‘qib ko‘nglimizdan shunday fikrlar kechdi.

Feleton G‘afur G‘ulomning bir qahramoni boshqa xotinga uylanish tashvishidan o‘z xotinini emib qo‘yib, unga farzandlik maqomiga erishish orqali qutulgani, Oybekning boy qahramoni esa zakot to‘lash farzini bir kambag‘alga ot-arava ehson qilib, uni bir chaqaga qayta sotib olib ado etgani to‘g‘risidagi hikoyalarga murojaat bilan boshlanadi.

«Shu voqealardan keyin yuz yil o‘tibdi va ularning avlodlariga plastik karta nomli matah joriy qilinibdi. Asli plastik karta bilan qog‘oz pulning qiymati bir xilligi hatto alifbe kitobida ham qayd etib qo‘yilgan ekan. Ammo amalda bir xil emasligini tan olish xuddi Andersen ertagidagi “Qirol yalang‘och-ku!”- deb qichqirishdek hisoblanarkan», deya istehzo bilan davom etadi muallif.

U bugungi kunda O‘zbekiston bozorlarida kichik tovarlarga 2 xil (naqd va plastik karta), kattalariga 3 xil (naqd, pul o‘tkazish va plastik karta) narx mavjudligini aytadi. Masalan, shakar naqd pulga 3600, plastikka 4200 so‘mga sotilishini jamiyat maqbul va lozim o‘laroq qabul qilayotganini ta'kidlaydi.

«Bu zamonda magazinga kirib savdo qilsangiz, “plastikka bo‘lsa, ustiga o‘n foiz qo‘shimchasi bor”, deb aytish urf bo‘pti. Chunki sotuvchi, yanayam aniqrog‘i do‘kon egasi pulini bankdan naqdlashtirolmaydi. Soliqchi esa undan naqd pul so‘rashini qo‘ymaydi», deyiladi feletonda.

Muallif davlat idoralari bu muammoni yechish o‘rniga ko‘zbo‘yamachilikka o‘tib olganiga sha'ma qiladi va «har bir savdo markaziga “plastik uchun ustama olinmaydi”, “kimki plastikka savdo qilishda ustama qo‘ysa, adabini beraman”, degan yozuvlarni ildirib, ishonch telefon raqamigacha yozdirib qo‘ygani»ga e'tiborni qaratadi.

«Virtual pulni bankda to‘liq naqdlashtirish mumkinligiga ishonish uchun ko‘-o‘p sodda bo‘lish kerak. Virtual va naqd orasidagi 10-20 foiz farqni qaysi o‘pqon yutishini izohlagan iqtisodchini esa Shvetsiyada Nobel kutyapti», deydi muallif.

Feletonda ko‘tarilgan muammo bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Ancha vaqtdan beri mavjud. Hatto ba'zi nashrlar yurak yutib bu mavzuni ko‘tarib ham chiqdi. Lekin hukumat uni hal etish uchun yarim qadam ham qo‘yayotgani yo‘q.

Shuning uchun ishbilarmonlar orasida «Bosh vazirning virtual qabulxonasiga yozib ham virtaul pulni naqd qilib bo‘lmaydi», degan istehzoli hazil paydo bo‘lyapti.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 aprel 2016
«Xalq so‘zi» gazetasi yaqin oylarda o‘tkazilishi mo‘ljallangan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilarini saylash tadbiri Oliy Majlis Senatining jiddiy ...
6 may 2023
1881 yilning 6 mayida Mixail Skobelev boshchiligidagi rus kolonizatorlari Xiva xonligiga qarashli Axaltaka viloyatini okkupatsiya qilishdi. Bu Go‘ktepa jangida ...
10 aprel 2016
O‘zbekiston dorixonalarda sotiladigan dori-darmonlarning anchagina qismi noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilishi yoki qalbaki ekani to‘g‘risida ko‘p aytiladi. «Diyonat» gazetasi ...
3 aprel 2018
O‘zbek jurnalisti va yozuvchisi Hamid Ismoilov davlat uni «demokratik tendentsiyalarga mos kelmaydi» deb topganidan so‘ng 1992 yilda O‘zbekistondan qochishga ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...