Asosiy mavzular
25 noyabr 2016

Karimov davri tarixiy shaxslarga adolatli edimi?

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar viloyatlarga sayr qilib, saylovchilar bilan uchrashuvlarni avj oldirib yubordi. Bu uchrashuvlarda esa ular qo‘lidan keladigan, kelmaydigan ishlar haqida qop-qop gapirmoqda.

Bittasi Qoraqalpog‘istonga borib, ekologiyasini yaxshilab berishni va'da qilsa, boshqasi Xorazmga borib, mamlakat iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish haqida falsafa so‘qib kelyapti.

«Xalq so‘zi» gazetasi nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlari to‘g‘risida yozar ekan, «siyosiy xato»ga yo‘l qo‘yib qo‘yishdan qo‘rqqanidan bo‘lsa kerak, Shavkat Mirziyoevning uchrashuvlarini yoritishda faqat O‘zAning materiallariga tayanmoqda. Boshqa nomzodlar uchrashuvlari haqida bemalol o‘z muxbirlarining maqolalari orqali xabar berib yotibdi.

Avval ham bir eslatgandik, Sh. Mirziyoev marhum prezident Islom Karimovning nomidan foydalanish huquqini xususiylashtirib olgan ko‘rinadi. Uning uchrashuvlari haqidagi barcha maqolalarda birinchi prezidentning nomi bor, boshqa nomzodlar esa hatto marhumni eslab ham qo‘ymayapti.

Yana bir jihat shuki, bu uchrashuvlarni yoritishda O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan norasmiy internet saytlari judayam emas-ku, ammo birmuncha erkin ekani ko‘rinyapti. Masalan, «Kun.o‘z» sayti Sh.Mirziyoevning Jizzaxdagi uchrashuviga bag‘ishlangan maqolasida muvaqqat prezident O‘zbekistonni uzoq yillar boshqargan arbobi Sharof Rashidov nomini tilga olib, sovet davrida uning xotirasiga behurmatlik qilingani haqida gapirganini yozdi. Holbuki, O‘zAning xuddi shu mavzudagi maqolasida bu haqda birorta ham so‘z yo‘q edi.

«O‘zLiDep nomzodi “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlik” naqliga amal qilgan holda sobiq Ittifoq tuzumida O‘zbekistonda ko‘pchilik olimu-fuzalolar, yurtning eng sara farzandlari, davlat arboblariga nisbatan, garchi ular o‘zlari yashagan tuzumga xizmat qilgan bo‘lsa-da, adolatsizlik qilingani haqida kuyunchaklik bilan so‘z yuritdi.

Xususan, shunday tarixiy shaxslardan biri Sharof Rashidov bo‘lib, u o‘z xalqiga va sobiq tuzumga sadoqat bilan xizmat qilganiga qaramay, vafot etganidan so‘ng uning qabri ko‘chirilgani, xotirasi behurmat qilingani, oila a'zolari tahqirlanganini ta'kidladi», deb yozdi «Kun.o‘z»

Shu bilan birga, mazkur sayt Sh.Mirziyoev «Islom Karimov sa'y-harakatlari bilan yozuvchi va davlat arbobi Sharof Rashidov nomi oqlanganini qayd etgani»ni ham ma'lum qilgan.

Bosh vazir kelgusi yili Sharof Rashidov tavalludining yuz yilligini butun mamlakat bo‘ylab keng miqyosda nishonlash, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jizzax tumaniga uning nomini berish va yodgorlik majmuasi barpo etish maqsadga muvofiqligini ham aytibdi.

Albatta, xalqimiz hayotida o‘ziga xos ijobiy iz qoldirgan tarixiy shaxslarning xotirasiga hurmat bilan qarash maqtovga sazovor. Ammo yaqin tarixdagi, ya'ni Karimov davridagi ayrim holatlarni eslab, Sh.Mirziyoevning Sh.Rashidov bahona aytgan gaplari nosamimiy emasmikin, degan xavotir keladi ko‘ngilga.

Chunki general Sobir Rahimov, davlat arbobi Akmal Ikromov, shoir Hamzaning nomi qatag‘on qilingani, urush yillari 14 ta yetim bolani o‘z bag‘riga olib, odamiylikning buyuk timsoliga aylangan Shomahmudovlar haykali poytaxtning qarovsiz bir chetiga chiqarib tashlangani ana shunday xavotirga asos bo‘ladi.

Axir bu paytda ham Sh.Mirziyoev hukumat tepasida o‘tirgandi-ku. Balki u o‘z rahnamosining so‘zidan chiqa olmay, garchi bu xatti-harakatlarni ma'qullamasa ham jim o‘tirdimikin?! Endi bu xatolarni tuzatish yo‘lini tutarmikin?…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 yanvar 2019
Taniqli o‘zbek teatr va kino aktyori Po‘lat Saidqosimov 87 yoshida Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazidagi 6 coat davom etgan ...
31 avgust 2018
«U bir og‘iz gapirmadi, yerga qarab o‘tiraverdi. Rahmim keldi, ochig‘i. Men bir bahona topib chiqib ketsam, to‘yib to‘yib yig‘lab ...
2 iyun 2017
1 iyundan mamlakat ichki bozorida GM Uzbekistan avtomobillari milliy valyuta – so‘mga sotiladigan bo‘ldi. Bu haqda shirkat raxbariyati 31 ...
16 fevral 2017
Prezidentning 15 fevraldagi farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi ikkiga ajratilib, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya ...
Bloglar
23 may 2023
Din ishlari qo‘mitasi “hajga yuboraman” degan «aprslar» gapiga ishonmanglar, deb, “lo‘xlar”ni ogoxlantirdi. Ammo lo‘x va ...
22 may 2023
O‘zbekistonning o‘risqul hukumati yana bir sanktsiyaga tushgan Ukrainaga qarshi urush aybdorini Toshkentga chaqirib siyladi. Ukrainadagi ...
20 may 2023
Eltuzning dushman emas balki do‘st ekanligini eng birinchi anglab tushunib yetgan ilk rasmiy kishi bu ...