Asosiy mavzular
13 dekabr 2016

Prezidentning tepkisini kutadigan partiya faollari

Prezident saylovi o‘tar-o‘tmas matbuot xuddi Islom Karimov davridagi holatiga qaytdi-qo‘ydi. «Yo‘lchi yulduzi»ni bir muddat yo‘qotib qo‘ygan partiya nashrlari hatto kuni-kecha bo‘lib o‘tgan saylovga o‘z muassislarining to‘liqroq munosabatini bildirmay turib, saylangan prezidentga hamdu sano o‘qishni boshladi.

Xususan, «O‘zbekiston ovozi» gazetasi (10.12) o‘z muassisi bo‘lmish XDPdan saylangan deputatlar va partiya faollarining O‘zLiDeP nomzodi o‘laroq prezidentlikka saylagan Shavkat Mirziyoevning keyingi yilni «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e'lon qilgani ortidan ura-ura fikr-mulohazalarini chop etdi.

XDPning Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi a'zosi Shuhrat Tursunboev yangi prezidentning Konstitutsiya kunidagi nutqini «har jihatdan keng qamrovli va kontseptual ma'ruza», deya baholadi.

Avval marhum I.Karimovning chiqishlari deputatlar tomonidan yana shunday «yuksak baho»ga sazovor ko‘rilardi. Bu kabi chiqishlarda biror o‘zgarish bo‘lsa, u ham Islom Karimov nomi o‘rniga Shavkat Mirziyoev rutbasi ishlatilayotganidir. Qolgani avval qanday bo‘lsa, hozir ham shunday.

Yangi prezident hokimiyat xalqdan uzoqlashganini ochiq aytganidan keyin deputatning «vijdoni birdan uyg‘ongan» ko‘rinadi shekilli, hamma aybni o‘z bo‘yniga olib: «To‘g‘risini aytish kerak, biz deputatlarda qat'iylik va fidoyilik yetishmagani, haqiqatning yuziga tik qaramaganimiz uchun ham vaziyat shu ahvolga kelib qoldi», deb mardlik qiladi.

Lekin uning mardligi yangi yurtboshi belgilab bergan chiziqdan chiqmasligini hozirdan taxmin qilish uchun avliyo bo‘lish shart emasligini ko‘pchilik chin dildan his qilib turgani shubhasiz.

XDP markaziy kengashi bo‘lim mudiri esa «qabulxona» o‘yinini yanada ishonchliroq o‘ynash kerakligini ta'kidlagan.

«Birinchi navbatda, partiyamiz tizimida mavjud bo‘lgan «jamoatchilik qabulxonalari» ishini jonlantirishimiz, kerak bo‘lsa, tubdan qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Shu orqali odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni o‘z vaqtida aniqlash, mavjud muammolarin hal qilish imkoniyati paydo bo‘ladi», deydi XDP amaldori.

Chorak asrdan beri odamlar muammolarini ko‘rmay kelayotgan bu partiya faollari xalqning dardini anglashi uchun Sh.Mirziyoevning tepkisiga zor bo‘lib turgan ekan-da, degan gap keladi ko‘ngilga.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 iyun 2022
Eltuz tahririyati shu yilning 23 fevral kuni e'lon qilingan “Allamjonov 4.2 mln $ tillani chegaradan qanday olib o‘tdi?” sarlavhali ...
22 iyun 2021
Yaqinda BMT ishchi guruhi 2018 yil oxirida qamalgan sobiq o‘zbek diplomati Qodir Yusupovning hibsga olinishi o‘zboshimchalikdir, degan xulosaga keldi. ...
2 iyun 2019
Qashqadaryoning Chiroqchi tumani Tutli mahallasida 28 may kuni mahalliy ovchi ayiqni otib o‘ldirdi. Bu haqda Nuz. Uz nashri O‘zbekiston ...
14 noyabr 2023
Xorazm bir vaqtlar zardushtiylik poytaxti bo‘lgan. Zardushtiylar muqaddas kitobi – “Avasto”da bayon qilingan voqealar asosan, “Arianam Vayja” mamlakatida, ya'ni ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...