ART-DURBIN
21 dekabr 2018

Singan ruh – sindirilgan madaniyat

O‘zbek madaniyati, san'ati va adabiyotining tanazzulini boshdan kechiryapmiz.

Keng tafakkurli, iste'dodli ijodkorlar yo vatanni tark etishdi, yo qamoqqa olindi, yo olamdan o‘tishdi. Ular o‘rnini maddoh, mukofot va amalga o‘ch iste'dodsizlar egalladi.

Bular safida yoshlarning ko‘pligi achinarli. Karimovning qariyb 30 yillik davrida nafaqat yangi asarlar yaratilmadi, borlari ham yo‘q qilindi yoki zamonga moslab bichildi.

Faqat bir ruhiy xasta kishining qosh-qovog‘iga asoslangan jamiyatda boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasdi.

Bu salbiy holat nafaqat me'morlik, kino, rassomlik, haykaltaroshlik, adabiyot, teatr san'ati, balki xalqning umummadaniyati, zehniyatiga ham ta'sir qildi.

Teatrmi yoki ket o‘ynatish?

Odamlar havaskorlikdan ham past darajadagi iste'dodsiz xonandayu aktyorlar ishtirokidagi kontsert, spektakl, kinosifat mahsulotlarni san'at asari deb qabul qila boshlashdi.

Kinoaktyor San'at Devonov

Sahnani siyqasi chiqqan, qaynona-kelin janjaliyu uylanish-uylantirish, er talash muammolariyu chimildiq sirlari darajasidagi tor maishiy muammolar egalladi.

Zolim, zulmkor qaynona obrazini, ayniqsa, aktrisa Saida Rametova ortiqcha bo‘rttirib yubordi.

Ushbu aktrisa ijrosidagi o‘zbek qaynonasi – madaniyatsiz, janjalkash, baqiroq, ko‘zlari chaqchaygan, qarib quyilmaydigan, o‘zi gapirib – o‘zi qiyqirib kuladigan betayin bir ayol.

Yana bir san'at “arbobi” Zuhra Solieva qanday qilib aktrisa bo‘lib qolganini xudo biladi. Uning kulishi noyob topilma emish.

Bularni komik aktyor deylik. Lekin komediyaning ham o‘z tosh-torozi bor, aytilmoqchi bo‘lgan fikr, dardi bo‘ladi! Komediya degani besabab kulish degani emas-ku!

Nahotki o‘zbekning ijtimoiy mavzuga suyagi yo‘q, olam, dunyodagi jarayonlardan bexabar.

O‘zbek kinosiing soqolga qarshi “jihodi”

Kinorejissyor Hilol Nasimov filmlaridagi ayollar negadir adashgan, dovdir, giyohfurush va albatta terrorchi, zulmkor tuzum istibdodi sabab majbur vatandan ketganlar esa vatangado.

Soqol qo‘ygan e'tiqodli odamlar, hijob o‘ragan ayollarning hammasi salbiy qahramon.

Bahodir Jalolning I.Karimov tomonidan yo‘q qilingan «Raqsning tug‘ilishi» asari

O‘tgan asrning 60-70 yillaridagi o‘zbek filmlari kabi bugun ham davr mafkurasiga xizmat qiladigan cho‘pchak tomoshalar yaratish avjiga chiqdi.

Murod Rajabovning g‘o‘ldirashi va Erkin Komilovning chaynalishidan iborat bir qolipdagi, fikrsiz, dardsiz xontaxta filmlarini gapirmasa ham bo‘ladi.

Sayozlikning tubi, chegarasi yo‘q. Dublyaj san'ati ham o‘ldi. Psixologlarga ko‘ra, insonning ovoz tembridan uning aqliy, intelektual imkoniyatlari bilinib turar ekan.

Avvalgi ovozlar o‘rnini tili xunuk, yoqimsiz, noqis kimsalar ovozi egalladi. Bularga Barno Qodirova, Hoshim Arslonov va boshqalar misol.

Yetti yashar qizchaga ham, 70 yashar kampirga ham Barnoxonim ovoz beradilar. U kishining erlari dublyaj rejissyori bo‘lgani uchun.

Dublyajdagilarning ko‘pi hatto logoped-defektolog muolajasiga muhtoj. Albatta Sanjar Sa'dullaev, Mohira Nurmatova, Zulxumor Mo‘minova kabi ayrim ijodkorlar bulardan mustasno.

Olim Hamidulla Akbarovning ajoyib gaplari bor: «Past darajadagi asarlarni san'at deb qabul qilganlar haqiqiy, asl san'atning farqiga bormaydi, baholay olmaydi, qabul qila olmaydi».

«Motamsaro» haykaltaroshlik yoki Amir Temur nega plash kiydi?

Haykaltaroshlikda marhum prezident Karimov boshlab bergan g‘alati tendentsiya poytaxtdan tortib har bir viloyat, tuman, hokimliklar, qishloqlarning, hatto ayrim korxonalarning o‘rnatgan o‘z “Motamsaro ona”lari – alohida mavzu.

Mustaqillik maydonidagi ulkan globus nimani anglatadi? U hech qanday ozodlik timsoli ham emas – shunchaki bir shar.

“Baxtiyor ona” haykali ham hech narsani anglatmaydi. Har bir millat onasi o‘z farzandiga mehribon, hamma o‘z ona tilida alla aytadi. Faqat o‘zbek emas!

Yangi fontanlar qurildi. Lekin mozaikali bu fontan ulug‘vor maydonni bolalar bog‘chasiga aylantirdi. Bu yerga o‘tmishdagi me'morlar bilib yaxlit rangdagi granitdan fontanlar qurganlar.

Haykaltarosh Omon Aziz

Millatning buyuklariga qo‘yilgan haykallarda ham malakasizlik unsurlarini ko‘ramiz. Tarixiy shaxsga realroq yondashish kerak. Ya'ni kiyim kechagidan tortib harakatlarigacha.

Mana, Amir Temur haykalini olaylik. U qo‘lini oldga cho‘zib ishora qilmoqda. Madrasa ko‘rgan ota-bobolarimiz musulmon odam qo‘li bilan niqtamaydi, ko‘rsatmaydi, ishora qilmaydi, deyishardi.

Temur esa Islomiy shariatni mustahkam tutgan zotdir. Nazarimizda u siporoq, ulug‘vorroq bo‘lgan.Tojni esa jangda emas, har kuni emas, balki qabul marosimlarida kiygan bo‘lishi mumkin.

Boshiga dubulg‘aning o‘zi kiydirilsa, o‘rinli bo‘lar edi. Undan keyin hilpiragan plash ham ham umuman o‘rinli emas. Plashni asosan Yevropa xalqi, ruhoniylari, ritsarlari, askarlari yopingan.

Bu haykalni yaratishda ko‘proq Peterburgdagi Pyotr 1 haykalidan ko‘chirma olinganga o‘xshaydi.

Mafkura jihatdan bosqinchi o‘tgan bo‘lsa-da, M.V.Frunzening Toshkentdagi haykali ancha yuqori saviyada ishlangan monumental asar edi. Kichik hajmda bo‘lsa ham salobatli ko‘rinardi.

Tarixiy shaxslarga haykal yaratishda ko‘proq izlanib, tarixchilar, muzeychilar, etnograflar bilan maslahhatlashgan ma'qul. Shuningdek, otning anotomik tuzilishlari, proportsiya-nisbatlarida ham buzilishlar bor…

Egar-jabduqlari nihoyatda g‘arib. Miniatyura asarlarda o‘rta asr jangchilarining ot yopinchiqlari nihoyatda go‘zal va xilma-xil bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.

O‘z jallodiga haykal qo‘yadigan qavm

Yaqinda marhum diktatorga haykal qo‘yishga da'vatlar boshlandi. Xalqaro tanlov e'lon qilindi.

Taraqqiyparvar kuchlarni jalb etgan xolda bu jarayon zudlik bilan to‘xtatilishi lozim.

Chunki Karimov konstitutsiyaga xilof tarzda uzoq yillar hokimiyatni egallagani, muxolifatni quvg‘in qilgani, Talabalar shaharchasidagi va Andijondagi qotilliklari bilan tanilgan shaxs.

Unga haykal qo‘yish uning jinoyatlarini oqlash bilan barobardir. Aksincha, o‘z hurligi, haqqini, adolatni talab qilib chiqqan jafokash Andijon xalqiga haykal qo‘yish kerak.

Yodgorlik voqea sodir bo‘lgan joyda o‘rnatilishi lozim.

To‘g‘rirog‘i, bu “Andijon qirg‘ini voqeasiga” bag‘ishlangan xalqaro tanlov asosida amalga oshirilsa, mantiqiy va adolatli ish bo‘lar edi.

Albatta, bundan ham ilgari 2005 yilgi 13 may voqealari yuzasidan xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi dolzarb masala.

Tunuka gumbaz, shishaband, alyukobond “me'morlik”

So‘nggi yillarda bunyod etilgan binolar ham bir qolipdan chiqqanga o‘xshaydi.

Me'morlikda faqat alyukobond bilan qoplashlardan voz kechib, jiddiy loyihalar ustida ishlash kerak.

Faqat gumbaz, ustun va naqsh bilan milliy uslub yaratilmaydi.

Rejalashtirish, printsip, planirovka, garmoniya degan tushunchalar bor.

Malakali me'morlarimiz yetarli, ularning ishiga aralashmay, loyihalashni o‘z ustalariga qo‘yib berish kerak.

Mutaqillik maydonidagi bichilgan 20 qavatli hukumat binosini o‘z asliga keltirish lozim.

O‘z vaqtida bu juda go‘zal bino edi. Mualliflar guruhi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lishgan.

Uning qurilishiga 60-yillarda Braziliya parlamentining ma'muriy binosi asos qilib olingan edi.

Karimovdan bog‘ emas, dog‘ qoldi

Amir Temur xiyobonidagi (cho‘lidagi) daraxtlar alohida masala…

Toshkent davlat pedinstitutining noyob arxitekturasi buzildi

Archa o‘rmonga yarashadi, shaharga emas. Esiz 150 yillik azim chinorlar…

Nazarimda avvalgi bo‘stonni asl holiga keltirsa bo‘ladi. Toshkentda 1966 yil zilzilasidan keyin sobiq sho‘rolar mamlakatining turli chekkalaridan katta daraxtlar ulkan tuvaklarda keltirib ekilgan edi.

Xiyobon ro‘parasida juda beo‘xshov bino qad rostladi. Bu hech kimga keragi yo‘q Anjumanlar saroyi. Toshkentda kam edimi saroylar?

Esiz shuncha pullar, isrofgarchilik. Kimni hayratga solmoqchimiz, yana kim bizning qudratga tahsin o‘qisin?! Toshkentda ikkinchi kurantga esa na yig‘lashni, na kulishni bilamiz. Keragi yo‘q qurilmalar.

Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin. Tarixiy obidalarni saqlab qolish kerak. Har qanday o‘zboshimcha rejalashtirishlarni, buzishlarni darhol to‘xtatish lozim.

Bu ishni uzoq yillarga mo‘ljallab, mutaxasislar, me'morlar bilan maslahatlashib amalga oshirish lozim. Zero, eski mahallalar, tarixiy obidalarimiz, sharq me'morligining noyob durdonasi. Bu ketishda yaqin kelajakda tariximizdan asar ham qolmaydi…

She'riyat xaqida

She'riyat haqida gapirmadim. Chunki ustoz Muhammad Solih ularga baho berib bo‘ldi:

“Yolg‘on aytish to‘g‘ri so‘zni aytishga qaraganda xavfsizroq. Ammo vijdoni butun odam yolg‘on gapirib qutulishdan ko‘ra, to‘g‘risini aytib tutilishni afzal ko‘radi. Bu, albatta, telbalik emas. Bu — uning tabiati. O‘sha o‘jar toifaga mansub zotlar tarixda ko‘p uchraydi. Ularning ko‘pligini ko‘rib, eng tushkun kimsaning yuragida ham kelajakka umid uyg‘onadi: shunday odamlar yashagan ekan, demak, bugun ham yashayapti, bundan keyin ham yashaydi, deb o‘ylaydi u.

Ularni dorga osgandilar, o‘tda yoqqandilar, suvga cho‘ktirgandilar, ammo bugun qarasak, hammasi tirik ekan. Ular ma'naviyat qasrining ustunlari, ular o‘z yurtlarining haqiqiy grajdanlaridir…”.

Qo‘shimcha qilishim mushkul. Shoirlarimizning so‘nggi chiqishi, hali hech bir karomat ko‘rsatmagan yangi prezidentga madhiyabozliklari meni lol qoldirdi.

Bir ijodkorning farzandi sifatida ularning qilmishidan juda uyalib ketdim…

Akmal Rizaev
O‘zbekistonlik muallif taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 sentyabr 2020
O‘zbekistonda 14 sentyabrdan boshlab ayrim maktablar an'anaviy tarzda navbatdagi o‘quv yilini boshladi. Toshkent shahri xalq ta'limi boshqarmasining xabar berishicha, ...
5 sentyabr 2017
Samarqandlik ikki aka-uka haqida eshitgandim. Hujra ko‘rgan, islomiy da'vosi kuchli yigitlar edi. Taqdir taqozosi bilan ular Suriyadagi jangarilar safiga ...
12 iyun 2024
Turkiya prokuraturasi Izmir shahrida to‘rt nafar vatandoshi, jumladan shar'iy xotini va qizlarini o‘ldirib, jasadlarini muzlatgichga yashirganlikda ayblangan  Turkmaniston fuqarosi ...
20 oktyabr 2023
Dunyoda eng qimmat narsa – bu odamga bo‘lgan ishonch krediti. Bankdan qarz olmoqchi bo‘lsangiz sizni tekshirib taftish qilishadi, muammoli ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...