Asosiy mavzular
2 fevral 2017

O‘zTVning «tili chiqyapti» yoki yiringli yara yorilyaptimi?

Yangi yildan so‘ng yanvarning qoq yarmigacha Vatan himoyachilarini madh etishga ustivor e'tibor qaratgan O‘zbekiston telekanallari keyin prezidentning ketma-ket imzolanayotgan farmon va qarorlaridan «kelib chiqadigan vazifalar» hamda davlat rahbarining turli hududlariga safarlari va uchrashuvlarini yoritish bilan band bo‘ldi. Shuningdek, deyarli barcha kanallar o‘z dasturlarida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi loyihasi muhokamasiga keng o‘rin berdi. Oy oxirlaganda esa o‘tgan mustaqillik bayrami kunlarida vafot etgan «jahon miqyosidagi buyuk davlat arbobi» tiriklik vaqtida ham tinimsiz aytilgan sifatlari bilan birga yodga olindi.

Muhokamami yoki savol-javob?

E'tibor qaratish zarur bo‘lgan birinchi jihat shuki, harakat strategiyasini muhokama qilish savol-javoblarga aylanib ketayotganidir. Muhokama nomini olgan bu uchrashuvlarda turli idoralar vakillari studiyada yig‘ilganlarning savollariga javob qaytarish bilan kifoyalanayotgandek taassurot uyg‘otdi.

To‘g‘ri, muhokamalarda o‘tkir masalalarga ham to‘xtalib o‘tilyapti. Lekin masalaga chuqur yondashish, muammoning ildizlari haqida fikr-mulohazalar kam uchrayapti.

Masalan, ta'lim sohasiga oid muhokamada iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari xorijiy universitetlarning O‘zbekistondagi filiallarini tamomlagan yoshlarda «mamlakatda qolish niyati yo‘qligi»ni aytdi. Ammo nega ularning o‘z yurtidan chetga ketishga ishtiyoqi balandligi masalasini studiyadagilar ham, mutasaddilar ham chuqur tahlil qilib bermadi.

Butun dunyoda ta'lim sohasida xususiy kollej va litseylarga katta o‘rin berilayotgan bir vaqtda O‘zbekistonda ham shunday muassasalar tashkil etish bo‘yicha savolga javob esa shunchalik yuzakiki, ensani qotirdi.

Nima emish, «xususiy o‘qish joylarida bolalarning tarbiyasi qaysi tomonga yo‘naltirilishi noaniq» emish. O‘zbekistonda yagona ta'lim standarti bo‘lsa, tasdiqlangan ta'lim dasturi bo‘lsa, yana nimadan cho‘chiyapmiz? Yoki turk litseylari tajribasi achchiq saboq kabi bo‘ldimi bu borada?

Sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha muhokamalarda ham shu ahvolni kuzatish mumkin bo‘ldi. Xususan, tug‘ruqxonalardagi ta'magirlik, poraxo‘rlik haqidagi savollarga javob berar ekan, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova bu ayni paytda juda og‘riqli masala ekanini tan oldi.

Ma'lum bo‘lishicha, «tug‘ruqxonalardagi ma'naviy muhitni o‘zgartirish Sog‘liqni saqlash vazirligi oldida turgan asosiy maqsad»ga aylanibdi. Shifokorlarda shakllanib borayotgan «mening daromadim» tushunchasi o‘rniga «bemorlar manfaati»ni birinchi o‘ringa qo‘yish eng katta vazifa emish.

Baraka topgur (tanish iborami?), «mening daromadim»ni «bemorlar manfaati»ga aylantirish uchun do‘xtirlarning oyligini ko‘tarish barobarida javobgarligini oshirishga ham e'tibor qaratish to‘g‘risida gapirsangiz bo‘lmaydi, degan fikr chiqmadi studiyadan.

Bundan rag‘bat oldi shekilli, E.Bositxonova aybning kattasini xalqning, jamiyatning o‘ziga yuklab qo‘ya qoldi.

«Ayrim hollarda odamlarning o‘zi pul berish holatlarini fikri, xatti-harakatlari orqali avj oldirishga sabab bo‘lmoqda», dedi u.

Farzandli bo‘layotgan odamdan do‘xtir ko‘zini lo‘q qilib pul talab qilib tursa, u nima qilsin? Tegishli organlar butun shifoxonalar ta'magirlik botqog‘iga botganini bila turib, chora ko‘rmasa, kimga dardini aytsin? Afsuski, bunday e'tirozlar yangramadi.

GAI xodimining miyig‘ida sirli kulishi

«Biz uchun muhim» ko‘rsatuvining bir soni iste'molchilar huquqlari, qiyoslovdan o‘tkazish standartlari haqida bo‘ldi.

Shu ko‘rsatuvda yo‘l-patrul xizmati (sobiq GAI) vakillari ham qatnashib, Toshkentda hozir faqat zamonaviy fotoradarlardan foydalanilayotgani haqida gapirdi. Poytaxtda pistolet radarlar ham ishlatilayotgani haqidagi savol yuzasidan esa bunday moslamalar faqat viloyatlarda qo‘llanilayotganini aytib, aniq javob berishdan qochdi.

Radarlar bir tezlikni, mashina spidometri boshqa tezlikni ko‘rsatishi haqida gaplar qo‘zg‘algandan keyin haydovchilardan biri bunday paytda YPX xodimi bilan kelishib ketamiz, deganida YPXning studiyada o‘tirgan ikki vakili sirli qilib miyig‘ida kulgani aniq ko‘rsatildi.

Operatorga balli. Shu holatni aniq qilib ko‘rsatib bera oldi. YPX vakillarining ko‘nglidan o‘tgan «bunday kelishib ketishlar bizni ajablantirmaydi, sohamizdagi oddiy holat-ku bu», degan fikrlari ko‘rindi shu paytda.

Shuningdek, ko‘rsatuvda qiyoslovdan o‘tkazib kelingan hisoblagich nega tez aylanadigan bo‘lib qoladi, degan savol ham o‘rtaga tashlandi. «O‘zstandart» xodimi barcha aybni qiyoslov idoralaridan olib qochishga o‘rindi. Demak hisoblagich avval to‘g‘ri ishlamagan, kam ishlagan, degan bahonani qildi. Aybni iste'molchiga yuklashga urindi.

Afsuski, davraboshi jurnalist «nega aybni hech ikkilanmasdan iste'molchiga yuklayapsan, balki qiyoslovdan shunday tez aylanadigan bo‘lib chiqar, demadi, deyolmadi.

Shunday bo‘lsa-da, ko‘rsatuvni ko‘rganlar radar ko‘targan YPX xodimidan uning sertifikatini so‘rash huquqiga ega ekanini bilib oldi. Shunisiga ham shukur…

Jasorat eleksirining kuchimi?

«Munosabat» tok-shousining taniqli boshlovchisi Quddus A'zamovdan bunaqasini kutmagandek lekin. Shuning uchun uning oy oxiridagi ko‘rsatuvini ko‘rib, tok urgandek ahvolga tushganlar bo‘ldi, desam ishonavering. Mana, aytsa bo‘lar ekan-ku! Gapirsa bo‘lar ekan-ku!

Nimani gapiribdi o‘zi, deb hayron bo‘lmang. «Bomba gaplar» bo‘ldi. Endi bular haqida bir boshdan to‘xtalamiz.

«Munosabat»ning mazkur soni ta'lim sohasiga bag‘ishlandi. Studiyada olimu fuzalolar yig‘ildi. Boshida hammasi ko‘ngildagidek ketayotgandi. Prezidentning ilm-fanga, ta'lim sohasiga qaratayotgan «ulkan e'tibori» bilan boshlangan muhokama chog‘ida davraboshi reyting tizimi talabga javob bermasligi to‘g‘risida kelgan bir savolni o‘qib berdi.

Ana shundan keyin studiyadagi domlalar ham yorildi. Ancha vaqtdan beri ayta olmayotgan gaplari ko‘pligi bilindi shunda. Bular jasorat eleksiri ichmaganmikin, degan shubhaga ham bordi odam.

Savolga munosabat bildirgan bir domla reyting asosida baholash tizimi o‘zini oqlamayotgani, yoki buni takomillashtirish, yoki yangi baholash tizimini ishlab qilish kerakligini aytdi.

Keyin O‘zMU professori bo‘lgan ayol muhokamaga qo‘shildi. «Talabalarimizning o‘n foizigina talablarga javob beradi», dedi u.

Ana xolos. Ko‘pgina tomoshabinlar ko‘nglidan: «Demak, hatto O‘zMUda ahvol shu bo‘lsa, ta'lim tizimimiz chirib ketgan ekan-da», degan fikr o‘tgan bo‘lsa ajab emas.

Garchi professor opa buning sabablarini maktablar, kollejlardagi ta'limga bog‘lab, illatning asl ildizlari qaerga borib taqalashini aytmagan bo‘lsa-da, ziyrak tomoshabin darhol ilg‘ab olganiga shubha yo‘q.

«Axir ularni o‘zlaring tanlab olgansizlar-ku, kirish ballarining yuqoriligini ko‘rgan odamning kapalagi uchib ketadi-ku. Balki o‘sha o‘n foiz o‘z kuchi bilan, qolganlar pul kuchi bilan kirgandir», degan gaplarni aytib, domlalarning aybini ochmaslik niyatida bo‘lsa kerak, boshlovchi darhol so‘zni boshqaga berib yubordi.

Ajabki, so‘z olgan O‘zFA Seysmologiya instituti olimi ham «Iskandarning shoxi borligini aytmasam, yorilib ketaman», deb turganlardan chiqib qoldi.

«Oliy o‘quv yurtlarida poraxo‘rlik chuqur ildiz otgan. Bu narsa avj olsa olyaptiki, kamaymayapti. Hatto maktablargacha yetib bordi», dedi seysmolog olim.

E'tiborli jihati shuki, O‘zbekiston telekanallarida bunday achchiq, lekin ochiq gaplar yo‘qolib ketganiga juda ko‘p yillar bo‘lgandi. Balki studiyalarda bunday gaplar aytilgandir, ammo ekranda yangramagandi.

Ayniqsa, O‘zbekiston TVdagi bosh tok-shou bo‘lmish «Munosabat» ko‘rsatuvi «paxtaqo‘yar»larning asosiy maydoniga aylanib qolgandi.

Aynan unda bugungi kunimizda ta'lim sohasining eng og‘riqli nuqtalari ko‘tarilgan ekan, TVda erkinlik shamollari esa boshladimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bitta ko‘rsatuvdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, bu savolga javob berish, xulosa qilish qiyin, albatta. Demak, davomini kutamiz!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 oktyabr 2017
«Eltuz» muxbiri Toshturmadan ozod etilgan yozuvchi Nurullo Otaxonov bilan so‘zlashishga muvaffaq bo‘ldi. Endigina qamoqdan uyiga kelib turgan 63 yashar ...
11 oktyabr 2018
Moskvaning Tver tumani sudi 24 oktyabrda Islom Karimovning birinchi xotinidan bo‘lgan o‘g‘li 52 yashar Pyotr Karimovning «O‘zbekiston havo yo‘llari» ...
21 sentyabr 2022
O‘zbekistondagi ko‘plab fermer xo‘jaliklari klasterlar paxta va boshoqli don xarid qilish bo‘yicha fyuchers shartnomalar nusxasini haligacha o‘zlariga bermayotganidan norozilik ...
21 yanvar 2020
Professor Kristian Lasslett O‘tgan haftada Gulnora Karimovaga nisbatan «yopiq eshiklar ortida» yangi jinoiy ayblovlar bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi. Karimovaning ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...