Asosiy mavzular
2 may 2017

Tushovlangan «ochiqlik» indeksi

Bugun «ochiqlik», «xalq dardini tinglash», «aholining huquqiy v qonuniy manfaatlarini himoya qilish» kabi balandparvoz so‘zlar o‘zbek matbuotidagi o‘ziga xos trendga aylangan.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marta davlat idoralarining «ochiqlik indeksi» aniqlanib, e'lon qilinib borilayotgani ham ana shu trend «samaralari»dan biridir.

«Adolat» gazetasi (28.04) «Ochiqlik indeksi» amalga oshirilayotgan islohotlardan aholining xabardorligini oshirishga xizmat qilayotgani»ni bildirdi.

Gazetada yozilishicha, Vazirlar Mahkamasi 2016 yil 6 noyabrda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi to‘g‘risida»gi qonunning qoidalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorini qabul qilgan.

Ana shu qaror asosida davlat idoralari faoliyatining ochiqligini ta'minlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzilgan.

Mana shu kengash 2017 yil 1 yanvar holatiga davlat organlarining «Ochiqlik indeksi»ni e'lon qilibdi.

Avvalo, jamoatchilik kengashiga bu indeksni e'lon qilish uchun nega qariyb 4 oy vaqt kerak bo‘lganini tushunmadik. Balki kimga birinchi o‘rinni berish masalasini hal qilish qiyin bo‘lgandir?! Yana bilmadik…

Xullas, 47 ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organini qamrab olgan reyting natijalariga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi 97,5 ball to‘plagan holda birinchi, Toshkent shahri hokimligi va Markaziy bank bir xil ko‘rsatkich bilan (96,33) ikkinchi, Adliya vazirligi (93,67) uchinchi o‘rinni egallabdi.

Yuqorida kimga birinchi o‘rinni berish masalasini hal qilish qiyin bo‘lgandir, degan istiholani aytib o‘tgan edik.

Faoliyati ochiqligida yetakchilarni o‘qigandan keyin bu fikrimiz haqiqatdan yiroq emasligiga asos topgandek bo‘ldik.

Masalan, «Ochiqlik indeksi»da ikkinchi o‘rinni olgan Markaziy bank faoliyatini olaylik. Maqtalgan bosh bankimiz so‘ralgan ma'lumotni bermagani yoki berishni cho‘zgani uchun yil boshidan buyon «Kun.o‘z» saytidan, agar adashmasak, ikki marta tanqid eshitgandi-ku.

Qolaversa, hozir ham o‘sha yetakchi uchtalikka kiruvchi davlat organlaridan ularning manfaatlariga xizmat qilmaydigan birorta ma'lumotni so‘rab ko‘ringchi, qancha vaqtda ololasiz? Agar ololsangiz…

Bizningcha, bu reytingni tuzayotgan jamoatchilik kengashi davlat idoralarining nomi matbuotda necha marta tilga olinayotganiga qarab o‘rin tarqatayotgan ko‘rinadi.

Ilgari davlat idoralari jurnalistlardan qochib yurardi. Yaxshisi ko‘zga ko‘rinmay, tilga tushmay yurganim yaxshi, degan aqida hukmron edi.

Eshitishimizcha, marhum prezident o‘zini ko‘rsatadiganlarni yoqtirmagani sababli ular shunday yo‘l tutgan.

Hozirgi prezident esa xalqning oldiga chiq, deb hammani oldiga solib quvib yuribdi. Uning ketma-ket turtkilaridan keyin barcha idoralar jurnalistlar bilan hisobot shaklida turli uchrashuvlar o‘tkazishga tushib ketgani sir emas.

Hatto davlat idoralarining jurnalistlar bilan uchrashuvlari jadvallari ham tasdiqlangani shundan.

Kim o‘zi haqida, qilayotgan ishlari haqida ko‘p ma'lumot tarqatsa, «Ochiqlik indeksi»da munosib joyga ega bo‘lishiga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi.

Lekin masalaning boshqa jihati ham bor. Ochiqlik, oshkoralik deganda bu idoralar faqat o‘ziga yoqadigan ma'lumotlarni berishini tushunmasligimiz kerak.

Ko‘tariladigan muammolarning ildizlari davlat idoralariga borib taqalganda jurnalist bu organlardan o‘zini, demakki, gazetxonni qiziqtiradigan savollariga javob ololgandagina faoliyat ochiqligi haqida gapirish mumkinligini unutmang.

Masalan, soliq qo‘mitasidan xodimlarining ta'magirligiga oid erkin matbuotda ko‘tarilgan masalalarga nega e'tibor qaratmayotganini so‘rang. Kimdir mulkiga ko‘z tikkan halol tadbirkorni sindirishga nega ko‘proq soliq organlaridan foydalanilayotgani sabablarini so‘rang.

Agar bu qo‘mita shu kabi savollarga jamiyatni qoniqtiradigan, asosli javob bersa, o‘shanda uning faoliyati ochiqligi yoki oshkoraligi haqida fikr yuritish mumkin bo‘ladi nazarimizda.

Boshqa bir mulohaza. So‘nggi vaqtlarda so‘mning dollarga nisbatan rasmiy kursi har haftada ilgari misli ko‘rilmagan darajada o‘sib boryapti. «Ochiqlik indeksi» yetakchilaridan bo‘lmish Markaziy bank esa bunga birorta rasmiy izoh bermayotgani uning ochiqligidanmi?

Valyutaning chayqov bozori huvurini bosish uchun qanday ishlar qilmoqda bu bank. Bu ham sirligicha qolmoqda. Mazkur masalalarda negadir Markaziy bank oshkoralik ko‘rsatmayapti-ku.

Boshqa idoralar faoliyatining «ochiqligi» to‘g‘risida ham shunday fikrlarni bemalol bildirish mumkin.

Demak, yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, ilk bor e'lon qilingan «Ochiqlik indeksi» o‘zini oqlamadi. U hukumatning qarori ijrosi go‘yoki ta'minlanyapti, deb o‘zini ovutishga xizmat qilgan, xolos.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 avgust 2021
rassom Kirpi
29 mart 2016
Sputnik internet nashrining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasidagi manbaga asoslanib bildirishicha, O‘zbekistonda 2016 yilning birinchi choragida ...
2 oktyabr 2019
Zamonamiz turk yozuvchilari orasida O‘rxon Pomuq kabi dunyoda nom qozongan o‘tkir qalam sohibi Alif Shafaq kitobxonlar orasida ancha mashhur. ...
11 noyabr 2022
Rassom Tuz: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.Matchon Suqilish: Nichiksizlar, mo‘chchi oybika ham ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...