Asosiy mavzular
18 fevral 2024

Turkiston muxtoriyati uchun jonini fido qilgan jurnalist

Turkiston muxtoriyati moliya vaziri Solomon Abramovich Gertsfeld 1918 yilning 18 fevralida Qo‘qonda bolshevik jallodlar tarafidan o‘ldirildi.

Solomon Gertsfeld umrining oxirgi daqiqasiga qadar o‘z vazifasini bajardi. Vatan uchun, mustaqillik uchun jon fido qildi, degan kalimani unga qo‘llash mumkin.

Jadid bobolarimiz asarlarida yahudiylarga qarshi notalar ko‘ringani bor gap. Lekin ulug‘ bobomiz Behbudiy domla Turkiston muxtoriyati majlisida so‘zga chiqib, «Davlat ishlari faqat bir millat mansublariga berilmasdan, mamlakatda yashagan barcha elat va din vakillari teng ko‘rilsin», deb aytdi.

Bugun Tojikistonda faqat tojik, Turkmanistonda faqat turkman, Qirg‘izistonda faqat qirg‘iz, Qozog‘istonda faqat qozoq, O‘zbekistonda faqat o‘zbeklar uchun oy ham, kun ham chiqayotgan paytda Behbudiy bobomiz gapi naqadar o‘rnakli. Darvoqe, Behbudiyni Buxoro amiri Olimxon Qarshida jadid bo‘lgani uchun qatl qildirgan (Olimxonni ulug‘laguvchi ba'zilarga eskartma).

Xullas, Solomon Gertsfeld 1917 yilning 27 noyabridan to 1918 yilning 18 fevraligacha Turkiston moliya vaziri bo‘ldi. Uning o‘limi muxtoriyat tor-mor qilingan kunga to‘g‘ri keldi.

Masalan, mag‘lubiyatdan ikki kun oldin Turkiston harbiy vaziri, professional harbiy Magdi Chanishevni fitna bilan chetlashtirib, o‘rniga o‘zi vazir bo‘lgan mulla Ergash Qo‘qonni tashlab qochib ketgani tarixga muhrlangan.

Turkiston da'vosi uchun jon fido qilgan ahli kitob kim? Solomon Gertsfeld, avvalo, Turkistonda ilk gazetalardan birini («Samarqand» gazetasini) chop qilgan noshir va jurnalist, advokat.

Uning otasi Odessadagi yahudiy maktabida muallim bo‘lgan. Solomon Gertsfeld hali 15 yoshidayoq Odessa gazetalariga xabarlar yoza boshladi. 1902 yilda Shveytsariyadagi Bern universitetining huquqshunoslik bo‘limida erkin tinglovchi bo‘ldi. Rossiyaga qaytgach, Odessa yunkerlar harbiy bilim yurtiga imtihon topshirdi.

Pirovardida Solomon Gertsfeld Samarqanddagi oltinchi Turkiston bataloni ixtiyoriga jo‘natildi.

1904 yildan “Samarqand” gazetasida «Alroi», «Yosh teatr ishqibozi» kabi taxalluslar bilan xabarlar yoza boshladi.

1906 yilda mahalliy chor hukumati “Samarqand” gazetasini yopdi va uning noshiri hamda bosh muharriri bo‘lgan Solomon Gertsfeldni qamoqqa oldi.

1907 yilning boshida Solomon Gertsfeld xatti-harakatlari “tarkibida jinoyat yo‘qligi” bois qamoqdan ozod qilindi.

Odessadagi Novorossiysk universiteti huquqshunoslik fakultetining 2-kursiga qabul qilindi.

1908 yilning dekabridan Solomon Gertsfeld «Odesskoe slovo» gazetasini nashr qila boshladi.

1913 yilda universitetni bitirdi va huquqshunoslik diplomi bilan Samarqandga qaytdi. Turkistonda keng qamrovli advokatlik faoliyatini boshladi. Juda ko‘p sudlarda o‘z mijozlarining g‘olib chiqishini ta'minladi.

Lekin uni advokatlar kollegiyasi a'zoligiga qabul qilishmadi. Shunga qaramay, 1917 yilning may oyida kollegiya a'zoligiga erishdi va faol siyosatga sho‘ng‘idi.

Yahudiylar qo‘mitasidan Samarqand shahri dumasiga deputat bo‘ldi. O‘lka musulmonlar kengashi Solomon Gertsfeldni Umumrossiya tashkiliy qurultoyiga nomzod qilish bo‘yicha tavsiya ham bergan.

Samarqand shahri dumasiga saylangan Solomon 1917 yili Turkiston muxtoriyati moliya vaziri bo‘ldi.

Moliya vaziri yangi davlat ehtiyojlari uchun xayriya mablag‘larini yig‘ishi lozim edi.

Salaflarining eslashicha, Solomon Gertsfeld bu vazifani qoyilmaqom tarzda uddalay olgan.

Qo‘qon muxtoriyati qizil jallodlar tarafidan tor-mor qilinganida Solomon Gertsfeld qamoqqa olinib, otib tashlandi. Temiryo‘lning Konibodom bekatiga yaqin joyda ko‘mildi.

1918 yilning 16 aprelida Solomon Gertsfeldning jasadi yaqinlari tomonidan qazib olinib, Samarqanddagi yahudiylar qabristoniga dafn qilingan.

Solomon Gertsfeldning uch qizi va ikki o‘g‘li bor edi. Ulardan faqat bittasi uzoq umr ko‘rib, 1995 yilgacha Moskvada yashadi. Qolgan farzandlari yoshligida o‘lib ketdi.

Akmal Rizaev,
toshkentlik bloger taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 sentyabr 2023
Salom qadrli muxlislar. Eltuz portaliga kelgan so‘nggi beshta maktubni o‘qiymiz. Ular O‘zbekistonning Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Xorazm  viloyatlaridan kelgan. ...
13 iyun 2019
Andijon shahri 2-tug‘ruqxonasi farroshi 33 yashar Odinaxon Ergasheva 9 iyun kuni ichki ishlar xodimlari uni telefon o‘g‘irlaganlikda gumon qilib, ...
17 may 2018
Toshkentda sodir etilgan 1999 yil 16 fevral portlashlardan ikki kun o‘tib, Muhammad Bekjonning akasi yashaydigan Yangibozordagi uyni Xorazm viloyati ...
1 aprel 2019
O‘zbekiston rasmiylari AQSh Mehnat departamenti o‘zbek paxtasini bolalar majburiy mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar “qora ro‘yxati”dan chiqargani to‘g‘risida faxr bilan ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...