Asosiy mavzular
5 fevral 2018

Deputatlar nega kech «uyg‘ondi»?

O‘zbekiston parlamentining ikki deputati Vazirlar Mahkamasining yuridik shaxslar avtomobillari haydovchilarining aynan «Avtotest-Report» MChJ malaka kurslarida o‘qib, majburiy sertifikat olishi borasidagi qaroridan norozilik bildirdi.

Deputatlar Rasul Kusherboev va Qodir Jo‘raev hukumatning o‘tgan yil 4 sentyabrda qabul qilingan bu qarori qayta ko‘rib chiqilishiga erishmoqchi.

Demokratik davlatlarda deputatlarning bu kabi chiqishlari tabiiy hol. Ammo O‘zbekiston borasida bunday deyish qiyinroq.

Shu nuqtai nazardan, ikki deputat nega qaror chiqqanidan qariyb besh oy o‘tib «uyg‘ongani» g‘alatiroq ko‘rinmoqda. Ularga bunday bayonot bilan chiqishiga yuqoridan kimdir izn bergan, degan fikr paydo bo‘lyapti.

Deputatlar tomonidan shu paytgacha hukumatning birorta qaroriga qarshi gapirish kuzatilmagani sababli bu shubhada jon bordek ko‘rinadi.

Qolaversa, ularning chiqishlari yaxshigina informatsion qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lmoqda.

To‘g‘ri, mamlakatdagi siyosiy o‘zgarishlar to‘lqinida R.Kusherboev va Q.Jo‘raev juda ko‘pchilikda norozilik uyg‘otgan qarorga «vijdon amri» bilan qarshi chiqyapti, deb o‘ylash ham mumkin. Ammo qo‘g‘irchoq parlament vakillari haqida gap ketganda bu fikrga asos mustahkam emasdek.

«Avtotest-Report» MChJ Davlat soliq qo‘mitasi rahbari Botir Parpievning qudratli biznes imperiyasiga aloqador, deb ko‘riladi. Uning egasi esa B.Parpievning yaqin odami, prezident matbuot xizmati rahbari Komil Allamjonov ekani aytiladi.

K.Allamjonov davlatning cho‘ntagini o‘z cho‘ntagi bilan adashtirib qo‘yganiga ancha bo‘lgan. Bir vaqtlar «Buxgalterga elektron madad – BEM» dasturi barcha firma va kompaniyalarga majburan tiqishtirilgandi.

U paytlarda K.Allamjonov DSQ matbuot xizmati rahbari edi. Eng qizig‘i, bu dasturni sotishga bevosita soliq idoralari xodimlari jalb qilingandi. Holbuki, BEM dasturini sotadigan firma K.Allamjonovning xususiy mulki edi.

«Avtotest-Report» MChJ va BEM firmasi bilan bog‘liq bu voqealar davlat vakolatlaridan foydalanib shaxsiy boylik orttirishning eng yorqin ko‘rinishlaridan biridir.

Bu korruptsionerlar hatto hukumatdan o‘zlarining manfaatlariga xizmat qiladigan alohida qaror chiqartirishga erishgani esa ularning qudratidan darak beradi.

Nazarimizda, parlament deputatlarining kech bo‘lsa-da «uyg‘onishi» mana shu qudratli kuchga qarshi chiqishga qaror qilinganidan darak beradi.

Mazkur sa'y-harakatlar ortida ham qudratli kuchlar borga o‘xshamoqda.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 sentyabr 2019
O‘zbekiston «Erk» demokratik partiyasi a'zosi, shoir va jurnalist Mahmud Rajab adolat istab 22 sentyabr kuni Xorazmdan Toshkentga qarab yo‘lga ...
5 noyabr 2015
30 oktyabr kuni militsiya xodimlari Yakkabog‘ tumani Amir Temur jamoa xo‘jaligi, Xo‘ja Ilg‘or mahallasida yashovchi Manzura Turobovaning 6 sigiri ...
17 fevral 2020
O‘zbekistonda tobora ommaviylik kasb etayotgan, “prezident tashabbusi” bilan tashkil etilayotgan klasterlar paxtani qo‘shib yozishning oldingi saflarida bormoqda.  Mahalliy matbuotda ...
5 yanvar 2022
Qozog‘istonda 2 yanvar kuni yoqilg‘i narxlari ikki barobar oshishi sababli boshlangan g‘alayonlar ortidan hukumat iste'foga chiqarildi. Prezident Qosim Jomart ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...