Catira
5 noyabr 2015

Qo‘ylar – paxta kampaniyasi uchun qurbonlikka keltirildi

30 oktyabr kuni militsiya xodimlari Yakkabog‘ tumani Amir Temur jamoa xo‘jaligi, Xo‘ja Ilg‘or mahallasida yashovchi Manzura Turobovaning 6 sigiri va 32 qo‘yini tortib oldi. Sigir va qo‘ylar, kasofat qaerdan kelishini bilmay shunchaki paxta rejasini bajarmagan fermer xo‘jaligidan o‘tayotgan bo‘lishgan.

Manzura Turobovaning jurnalist Maloxat Eshonqulovga bildirishicha, Yakkabog‘ tumani prokurori militsionerlarga talab qilingan oq oltin hosilini davlatga topshira olmay qarzdor bo‘lgan fermerlarning chorvasini tortib olishni buyurgan.

Manzura Turobova bu haqda shunday hikoya qiladi:

Ikki nafar go‘dagim bor. Turmush o‘rtog‘im Botirov Ulug‘bek G‘ayrat akaning fermer xo‘jaligida suvchi bo‘lib ishlaydi. 2015 yilning 30 oktyabr kuni soat 16.00 larda turmush o‘rtog‘im dashtdan o‘zimizning sigir va qo‘ylarimizga qo‘shib, hamsoyalarning ham qo‘ylarini qishloqqa haydab kelayotgan bir paytda ikki nafar milditsiya xodimi zo‘ravonlik bilan podani oldiga solib ketgan. Shulardan 6 ta qora mol va 5 ta qo‘y o‘zimizniki edi. Qolgan qo‘ylar esa hamsoyalarimizga tegishli edi. Milisalar jami bo‘lib 6 ta qora mol va 32 ta qo‘yni tortib olishgan. Sababi bitta: mahallamizdagi G‘ayrat fermer bu yilgi paxta planini bajara olmagan ekan. Shunga tuman prokurori IIB xodimlariga planni but qilolmagan fermerlarning mol-qo‘ylarini tortib olishni buyurgan ekan.

Turmush o‘rtog‘im podani aynan G‘ayrat fermerning dalalari yon bag‘ridan haydab o‘tayotgan bir paytda “Mol-qo‘ylar G‘ayrat fermerga tegishli” degan xayolga borgan militsiya xodimlari sigir va qo‘ylarni kuch bilan haydab ketishgan.

Qaynonam keksa. Insult olgan. Oyoqlari ishlamaydi. Prokurorni oldiga kirmoqchi edik. Kiritishmadi. Qaynonam ikkalamiz yomg‘irda, namda yerga o‘tirib olib prokurorning qabul qilishini talab qilib kun bo‘yi kutdik. Baribir foydasi bo‘lmadi. Prokuror bizdan qochib, binoni gir aylandi. Oxiri mashinasi bilan chiqqan edi shunda men mashinasining oldiga chiqib oldim: “Yo meni bosib o‘ldirasan, yo mollarimni qaytarib berasan. 5 ta qo‘yni qaynonam o‘z pensiyasidan o‘limtigiga atab olib qo‘ygandi. Kampirning o‘limtigidanam umid qilasizlarmi? 6 ta mol bolalarimning rizqi, bermasanglar mashina bilan bosib keta qolinglar!” deb turib oldim.

Prokuror “Sigir-qo‘ylar sotilib ketgan dedi. Mayli, Shahrisabzdagi Bayuk degan qassobdan sigirlaringizni qaytarib ola qoling. Pulini ularga o‘zim to‘layman” dedi. Izlab-izlab topib, qassobdan 6 ta sigirimizni qaytarib oldik. Lekin haligacha menga va mahallamizdagi qo‘shnilarimizga tegishli bo‘lgan 32 ta qo‘yni qaytarishgan emas.

Har kuni hamsoyalar “Qo‘yimizni topib beringlar” deb darvozamizni urib sindirgudek bo‘lishayapti.

Prokuror “Qo‘ylaring sotilib ketdi, mollaringni qaytarganimga shukur qilinglar, qo‘ylaring baribir qaytarilmaydi” deyapti.

Bizga qo‘ylarni musodara qilingani haqida hech bir hujjat berishmadi, ularning milisalar tomonidan tortib olinganligi haqida shu paytga qadar akt ham tuzilgani yo‘q, kimga qanchadan sotilganini ham bilmaymiz. Meni hech kim tinglamaydi. Prokuror mening oilamni xonavayron qildi! Endi nima qilishimiz kerak?”

intervyuni olgan
Maloxat Eshonqulova
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 fevral 2020
Xalq banki Surxondaryo viloyati filiali Termizdagi yangi binoga ko‘chirilgach, uning amaliyot bo‘limidagi jami 45 nafar xodim yoppasiga ishsiz qoldi. ...
17 fevral 2022
(Rassom Tuz hikoyalari. Davomi, boshi o‘tgan sonlarda) Kutilmagan taklif (Rassom Tuz hikoyalari. Davomi. Boshi o‘tkan sonlarda)10 mart seshanba kuni ...
31 dekabr 2022
2018 yilning 28 iyunida Xitoyning Shindau shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Xalqaro Tashkiloti sammitida mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan “Ipak yo‘li” ...
26 yanvar 2022
Hammani avval kuldirib, keyin yig‘latgan atoqli o‘zbek adibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli dramaturg, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi ...
Bloglar
8 fevral 2025
Shu paytgacha «Anora» degan ikki film olindi. Bittasi yetim qizning ashlachi bo‘gani haqida¸ yana bittasi ...
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...