Asosiy mavzular
18 iyun 2018

Yoshlar Quronboevsiz qoladiganga o‘xshaydi

Joriy oy so‘nggida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi (O‘YoI)ning navbatdagi qurultoyi bo‘lib o‘tadi va unda mazkur tashkilot rahbari, prezidentning yoshlar siyosati bo‘yicha davlat maslahatchisi Qahramon Quronboevning iste'foga chiqarilishi kutilmoqda.

UYoIning bu haqda “Eltuz”ga ma'lum qilgan manbasining aytishicha, prezident Shavkat Mirziyoev tashkilotning sobiq “Kamolot” kabi ish yuritayotgani va Qahramon Quronboevning populistik xatti-harakatlardan norozi bo‘lmoqda.

“Kamolot” tashkil topgandan keyin bir yil davomida deyarli sezilarli ishlarga qo‘l urmagan bo‘lsa-da, buncha qisqa davr ichida o‘zini Yoshlar ittifoqi kabi diskreditatsiya qilmagan edi”, dedi manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Q.Quronboevning vodiyda to‘y kortejini to‘xtatib, kelin-kuyovni taksiga o‘tirg‘izib jo‘natib yuborgani haqidagi bayonoti ijtimoiy tarmoqda juda katta shov-shuvga sabab bo‘lgani prezidentning undan noroziligini yanada kuchaytirgan.

“Prezidentning O‘YoI faoliyatidan ko‘ngli to‘lmayotgan edi. Shuning uchun qurultoyda Mirziyoev qatnashishi va Quronboev masalasi hal etilishi kutilayotgandi. Menimcha, to‘y korteji voqeasi shunday ham taqdiri qil ustida turgan Quronboev masalasida uzil-kesil qaror qabul qilinishiga sabab bo‘lishi tabiiy”, dedi O‘YoI tizimidagi manba.

Haqiqatan ham Sh.Mirziyoev yaqinda Farg‘onada o‘tkazilgan yig‘ilishda to‘y korteji voqeasiga to‘xtalar ekan, Q.Quronboevni prezidentga xiyonatda ayblagandi.

“To‘ylarni yo‘lda to‘xtatgandan ko‘ra, yoshlarning senga o‘xshagan kattalari, dunyoqarashlaringni o‘zgartiringlar. …Prezident aytdi deb to‘yni to‘xtatish prezidentga xiyonat”, dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoev Yoshlar ittifoqi rahbarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste'foga chiqishga chaqirdi.

“Yoshlar bilan ishlashda faqat quruq gap, majlisbozlik, to‘y kortejini to‘xtatish qilinmoqda. Boshqa narsani bilmaydi. Bu ishlar siyosatga xiyonat. Bilasizlarmi, to‘yni to‘xtatishdan oldin to‘y ma'naviyatini ota-onasiga tushuntirish kerak. Qo‘lingdan kelmasa, prezident maslahatchisi, o‘rningni bo‘shatib qo‘y”, dedi prezident.

O‘tgan yil avgustda prezident o‘zbek to‘ylaridagi isrofgarchilik, kimo‘zarga bahslashuvlarni keskin tanqid qilgan edi. Buning ortidan Toshkent shahrining endilikda sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov to‘yxonalarni yopishga tushib ketgandi.

Shundan so‘ng prezident “Men to‘yxonalarni yopish kerak demadim, to‘ylarni tartibga keltirish kerak dedim”, deya undan norozi bo‘lgandi. Oradan bir necha oy o‘tib, “kallasi borlarni yoniga yig‘ishni” uddalay olmagan R.Usmonov ishdan olingandi.

Quronboevning ehtimoliy iste'fosiga ham u rahbarlik qilayotgan tizimda ishlar ko‘ngildagidek emasligidan prezidentning jiddiy noroziligi sabab ekani aytilmoqda.

Yoshlar ittifoqining xurmacha qiliqlari anchadan buyon ko‘pchilikda tashvish uyg‘otib kelayotgan edi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda O‘YoI faoliyatidan qoniqmaslik hissi
tobora kuchayib bormoqda.

“Chindan ham, hijob, soqol, poezdlarda “kataysa”, to‘y korteji – bir yilga ko‘plik qildi. Madda boylab kelayotgan yara yorildi: ichidan juda ko‘p narsalar chiqyapti”, deb yozdi, jumladan, filolog va bloger Shahnoza To‘raxo‘jaeva.

Yaqinda Yoshlar ittifoqi Buxoro viloyatida maqsadi 1-2 so‘m pul topib, ro‘zg‘orini tebratish bo‘lgan mardikorlarga futbol o‘ynatib, g‘olibga 1 baklashka yog‘ sovg‘a qilgani haqida tarqalgan xabar bu tashkilotning yuzini ko‘rsatadigan yana bir dalil sifatida qabul qilinmoqda.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 sentyabr 2017
O‘zbekiston muxolifati lideri Muhammad Solih Interpol qidiruv ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda Muhammad Solihning o‘zi Eltuz muxbiriga aytib berdi. Solihga ...
18 may 2018
Prezident Mirziyoevning umr yo‘ldoshi Ziroatxon Hoshimovaning Vashingtondagi Oq uyda tushgan fotosuratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ulardan birida O‘zbekistonning birinchi xonimi ...
3 fevral 2016
Mustaqil jurnalist Maloxat Eshonqulova navbatdagi videolavhasida yaqinda o‘zbek turmasidan ozod etilgan mahkum huquq himoyachisi O‘ktam Pardaevga mikrofon tutadi. “O‘zbek ...
13 fevral 2024
17 ta fermer xo‘jaliklari birlashib tashkil etgan “Eko Zamin Oltin Tolasi” ishlab chiqarish kooperativi (IChK) ishi.   Fermerlar 2023 ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...