Asosiy mavzular
12 noyabr 2018

Majburiy mehnat va ko‘zbo‘yamachilik

Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnat ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi javobgarligini oshirish to‘g‘risida farmon qabul qilganiga qaramay, joylarda majburiy mehnat ko‘rinishlari yanada avj olgandek taassurot uyg‘onmoqda.

Hatto so‘nggi vaqtlarda majburiy mehnatdan sal nafas rostlagandek ko‘ringan o‘qituvchiyu tibbiyotchilarning paxta terimiga chiqarish ko‘lami kengayganidan darak beruvchi xabarlar ko‘paydi.

Xususan, Namangan viloyatining Norin tumanidagi Norinkappa qishlog‘ida joylashgan 40-maktab o‘qituvchilari majburiy ravishda paxta terimiga olib chiqilayotgani to‘g‘risida “Ozodlik” radiosi orqali xabar tarqatildi.

“5 kundan beri paxtadamiz”, deb yozgan bu haqda radioga telegram orqali xabar yo‘llagan o‘qituvchilardan biri va o‘z so‘zining isboti sifatida videotasvir va fotosuratlar jo‘natgan.

Ammo bu kabi xabarlarga hukumatning reaktsiyasi umuman sezilmayapti. Prezident topshirig‘iga rioya etilmayotgani va odamlar huquqining buzilishi yuzasidan birorta tekshiruv o‘tkazilayotgani ham ma'lum emas.

Qolaversa, bosh prokurorning qishloq xo‘jaligi sohasiga mas'ul etib tayinlanishi ortidan bunday holatlar kamayish o‘rniga ko‘paymoqda.

Yaqinda “Eltuz”da e'lon qilingan maqolada majburiy mehnatni tashkil etishga, asosan, prokurorlar bosh-qosh bo‘layotgani haqida yozilgan edi.

Bosh prokuraturaga “qishloq va suv xo‘jaligi sohasi samarali faoliyat yuritishga ko‘maklashish” vazifasi yuklatilgani esa bu iddaolar haqiqatga yaqinligini ko‘rsatmoqda.

Yuqoridagi holatlar tahlili majburiy mehnatni taqiqlashga qaratilgan harakatlardan aslida jamoatchilik e'tiborini chalg‘itish maqsadi ko‘zlangan, degan xulosani keltirib chiqaradi.

Zero, majburiy mehnatni taqiqlash haqida prezident va hukumat darajasidagi jiddiy gaplar paxta terimidan ancha oldin boshlangandi.

Shunga qaramay, terim boshlanishi bilan byudjet tashkilotlari ishchi-xizmatchilari, mahalla orqali hukumatdan yordam puli oluvchi kishilarni terimga majburlash avj oldi.

Rasmiylar bu holatlarni jon-jahdi bilan yashirishga qancha harakat qilmasin, uning “isitmasi” muntazam ravishda o‘zini oshkor qilib turdi.

Jamoatchilikda “hokimliklar, korxona va tashkilotlar rahbarlari prezidentning majburiy mehnatni taqiqlash to‘g‘risidagi qarorlarini sabotaj qilmoqda”, degan fikr uyg‘ondi.

Ammo prezidentning yuqorida eslatilgan farmonidan so‘ng ham majburiy mehnat davom etayotgani bunday sa'y-harakatlar ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas, degan xulosani beradi.

Balki hukumat mamlakatda boshlangan islohotlar to‘lqinidan mahalliy va xalqaro darajadagi ilhomlanish majburiy mehnat masalasini soyada qoldiradi, deb o‘ylayotgandir!

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 may 2016
O‘zbekiston nashrlarida jurnalistika sohasidagi «Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindorlari ro‘yxati e'lon qilindi. Nashrlar bu jurnalistlar sovrinni nima uchun olganiga ...
27 sentyabr 2018
«Abdulhamid Cho‘lponni ottirishda faol ishtirok qilgan o‘zbek yozuvchi va shoirlari Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom va Hamid Olimjon O‘zbekistonda hali ...
22 oktyabr 2015
Bugun ertalab taksida ishga ketayotgan mahalimda,meni qitmirligim ishga tushib hukumatni va siyosatni maqtashga tushdim. Shu mahal taksi haydovchisi menga ...
14 noyabr 2016
Yaqin bir necha oylar avval, mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytimizda, hali «buyuk yo‘lboshchi» tirik ekanida gazetalarimiz «biz buyuk o‘zgarishlar ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...