Asosiy mavzular
30 yanvar 2019

Qonunni buzgan o‘zbek oilasi bolalari bilan Shvetsiyadan haydalmoqda

Shvetsiyadagi «Ekspressen» internet nashri 28 yanvar kuni mamlakatdan O‘zbekistonga deport qilinayotgan navbatdagi o‘zbek oilasi haqidagi maqolani chop qildi.

G‘afforovlar oilasi Shvetsiyada 10 yil yashagan. Ularning 9 yashar kenja o‘g‘li Sardor 2009 yilning 12 noyabrida Karolinska universitetiga qarashli tug‘ruqxonada tug‘ilgan, uning akasi 12 yashar Temur esa ota-onasi bilan Shvetsiyaga kelganida bor-yo‘g‘i ikki yashar bola bo‘lgan edi, deya yozadi shved nashri.

Shved bog‘chasida, maktabida tarbiya ko‘rgan Temur va uning ukasi Sardor o‘zlarini shved deb bilishadi va shved tilida gaplashishadi, deya yozadi «Ekspressen» nashri.

«Ularning hech biri o‘z ona tilida gapirmaydi. Sardor hech qachon O‘zbekistonda bo‘lmagan», deya iqtibos keltiradi shved nashri uning otasi G‘ayrat G‘afforovdan.

G‘afforovlar oilasi Shvetsiyada. «Ekspressen» nashridan

Deportdan keyin migratsiya qonunini buzib, mamlakatga qayta kirishgan

Migratsiya idorasining shved nashriga bildirishicha, bu o‘zbek oilasi qonuniy iqomat maqomiga ega bo‘lmagani uchun deport qilinmoqda.

Migratsiya idorasi o‘z qarori yuzasidan «Ekspressen»ga yozgan xatida, shuningdek, G‘ayratga ilgari ham deportatsiya qarori chiqarilgani, shu munosabat bilan ikki yilga mamlakatga kirish huquqidan mahrum qilingani bildirilgan.

«Shved Migratsiya kengashiga, qonunga muvofiq, kirish huquqidan mahrum qilinganidan keyin ham mamlakatga qaytib kirgan shaxslarga iqomat huquqi berish taqiqlangan. Qisqa muddatli kirib-chiqish bundan mustasno», deya iqtibos keltiradi shved nashri Migratsiya kengashi xatidan.

O‘zbekiston fuqarosi G‘ayrat G‘afforov esa bundan o‘n yil burun, o‘z vatanidagi xorijiy shirkatda ishlagan payti o‘zbek rejimi bosimiga duch kelgani bois xotini bilan Shvetsiyaga qochib kelishga majbur bo‘lganini iddao qilgan. Endilikda vatanida bunday xatar bo‘lmasligi mumkin, ammo butun hayotini Shvetsiyaga kelib qaytadan qurgach, yana qaytib borish ularga juda og‘ir bo‘ladi.

«Butun hayotimiz izdan chiqadi. Shu yerda farzandlarim o‘sib katta bo‘lishdi. Agar qaytib borsak, hammasini boshidan boshlashga to‘g‘ri keladi. O‘zga jamiyat hayotiga ko‘nikish qiyin. Ular maktabni ham boshidan boshlashlari kerak», deydi G‘ayrat G‘afforov.

Shved nashriga ko‘ra, G‘ayrat va uning xotini Aziza shved jamiyatiga allaqachon qo‘shilib ketishgan. G‘ayrat qurilish shirkatida duradgor, uning xotini Aziza esa hamshira bo‘lib ishlaydi.

Bu xabar bolalarning sinfdoshlariga qattiq ta'sir qildi

O‘zbek oilasining Shvetsiyadan haydalishi haqidagi xabar Sardor va Temurning ko‘plab do‘stlari va sinfdoshlarini qattiq hayajonga soldi, deya yozadi shved nashri.

«Sinfdagilarning kayfiyati qattiq buzilgan. Bolalarga nima uchun do‘stlarini ulardan ajratishayotganini tushuntirish qiyin», deydi Temur va Sardor o‘qiyotgan Shoansskulan (Sjöängsskolan) maktabi direktori Anjela Svensson.

Temur oilasini mamlakatdan haydashayotgani haqida o‘qituvchisiga bildirgach, maktab ular himoyasiga chiqishga qaror berdi.

«Biz inson sifatida chetda shunchaki qarab tura olmaymiz», deydi Anjela Svensson.

So‘nggi kunlarda nima uchun bunday qilinayotganiga aqli yetmay, tushkunlikka tushgan o‘quvchilarni endilikda o‘qituvchilari ham qo‘llab-quvvatlay boshlashdi.

«Biroq qanday tushuntirishimiz mumkin hatto o‘zimiz anglashimiz qiyin bo‘lgan muammoni. Sinfdoshining endilikda bu yerda yashashga haqi yo‘qligini qanday tushuntirish mumkin?» deydi Anjela Svensson «Ekspressen»ga bergan intervyusida.

Juma, 1 fevral kuni Shoansskulanda o‘qiyotgan barcha o‘quvchilarga Temur va Sardor himoyasiga norozilik chiqishida ishtirok etish uchun dars qoldirishga ruxsat berishdi.

«Sardor ular himoyasiga manifestatsiya uyushtirishlarini eshitib, xursand bo‘lib uyga keldi. «Dada, nima uchun shuncha odam men uchun qayg‘urayotganini tushunmayapman», dedi o‘g‘lim», deb yozdi «Ekspressen» nashri G‘.G‘afforovning so‘zlaridan iqtibos keltirib.

Temur va Sardor o‘n yil Shvetsiyada yashashgan.
«Ekspressen» nashridan

G‘afforovlar oilasi Migratsiya kengashining deportatsiya qarori ustidan shikoyat qilmoqchi. Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqda o‘zbek qochqinlarining «ilgari hukumat bosimi yomon edi, hozir yaxshi», degan iddaosiga ham shubha bildirilmoqda.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonni tark etuvchilar dinamikasi Karimov davridagiga nisabatan ham sezilarli darajada ortgan. 2018 yil davomida 13838,6 ming odam O‘zbekistondan chetga chiqqan va bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. 2014 yilda 4225,9 ming odam O‘zbekistondan chetga chiqqan edi. Shvetsiya esa eng ko‘p miqdorda muhojirlarni qabul qilgan mamlakatlar o‘nligiga kiradi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 avgust 2019
Mamlakat turg‘unlarining buzilayotgan uylari uchun bozor narxida tovon talab qilishi ochko‘zlik ekan. Prezident samolyoti uchun 300 mln. to‘lansa, mayli. ...
18 fevral 2019
Jizzaxning G‘allaorol tumanida yashovchi 30 yashar Akmal Ablokimov Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan tahqirlangani va kaltaklangani ...
3 dekabr 2015
Turkiyaning Anado‘li agentligi tarqatgan habarga ko‘ra 2 dekabr kuni O‘zbekiston muxolifati lideri Muhamad Solihning Istanbuldagi xovlisiga ikki shubhali kishi ...
15 may 2019
Bir paytlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga o‘qishga kirayotganimda, hozirgi paytda Feysbukda ham ancha tanilib qolgan amaldorlardan ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...