Asosiy mavzular
29 aprel 2019

Seryog‘in aprel dehqonni tashvishga qo‘ydi

O‘tgan yili qurg‘oqchilikdan qattiq aziyat chekkan o‘zbek dehqonlari bu yil me'yordagidan ortiq yog‘ingarchilik ayrim ekinlarga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganidan tashvishda.

Joriy yilgi seryog‘in aprel mamlakatda sel va toshqinlar bilan kechdi, katta moddiy talafotlar ko‘rildi.

Endi esa dehqonlar respublikada asosiy ekinlar hisoblanadigan bug‘doy va paxta hosili ko‘ngildagidek bo‘lmasligidan xavotirga tushmoqda.

Sirdaryolik fermer Akbar aka bu yil 50 gektardan ortiq yerga bug‘doy ekkan. Ammo hozir bug‘doy yotib qolib, kun yetarli darajada isimayotgani sababli qaddini qaytib tiklashga ulgurmayapti.

“Kun isimayotgani hosilga salbiy ta'sir qilishidan cho‘chiyapman. Chunki yomg‘ir bilan birga shamol ham kelib, bug‘doyni yotqizib ketdi. Bundan tashqari, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani uchun bug‘doyga zang kasalligi tegishi xavfi yuqori. Dalada ishlashga qo‘ymadi bu yomg‘ir ancha vaqt”, dedi fermer Akbar aka.

Ammo yomg‘ir sug‘oriladigan yerlardagi bug‘doyga salbiy ta'sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, lalmi yerlarda juda avj bilan o‘syapti. Shuning uchun bu yil lalmi yerlarda arpa va bug‘doy hosili mo‘l bo‘lishi kutilyapti.

Jizzaxlik cho‘pon Sherali qir-adirlarda o‘t-o‘lan ko‘pligidan xursand.

“O‘tgan yili tog‘da o‘t bo‘lmay, qo‘ylarimiz tuproq yalab qoldi, qancha-qanchasi o‘lib ketdi. Bu yil esa o‘t zo‘rligidan ichida qo‘zichoqlar ko‘rinmay ketadi”, deydi u.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili bahor oylarida yog‘ingarchilikning me'yorga nisbatan 30-40 foizgacha kam bo‘lganligi sababli lalmi maydonlarga ekilgan jami 197 ming gektar g‘alla maydonidan hosil olishning imkoni bo‘lmadi. Ayniqsa, lalmi maydonlardan olinadigan hosil 2017 yilga nisbatan Jizzax viloyatida 34 ming, Qashqadaryoda 32 ming va Samarqandda 24 ming tonnaga kam bo‘ldi.

O‘tgan yilgi qurg‘oqchilik paxta yetishtirishga ham salbiy ta'sir ko‘rsatgandi. Kamida 5 marta suv ichishi kerak bo‘lgan g‘o‘zazorlarni 3 marta sug‘ora olgan fermerlar o‘tgan yili qalpog‘ini osmonga otgan edi.

Bu yil esa yomg‘ir sabab endi-endi bo‘y ko‘rsatayotgan g‘o‘zalarga ishlov berishning imkoni bo‘lmayotir.

Qashqadaryolik fermer Zafar mart oyi oxirlarida chigit ekkan edi. Endi esa unib chiqqan ko‘chatlarning ildizi chirib, qayta chigit ekishga to‘g‘ri kelmasaydi, degan xavotirda.

“Yomg‘ir sababli dalaga texnika kirita olmayapmiz. Hozir g‘o‘zaga ishlov berishning ayni vaqti. Lekin dala loy bo‘lib yotibdi”, deydi Zafar va kunlar tezroq isishini kutmoqda.

Qolaversa, namlik yuqori bo‘lgani sababli g‘o‘za dalalarini qatqaloq bosishi ehtimoli yuqori. Bu esa g‘o‘za nihollari nimjon unib chiqib, kasalliklarga tez chalinadigan bo‘lib qolishiga olib keladi.

Yuqori namlik g‘o‘za maydonlaridagi yovvoyi o‘tlarning avj bilan o‘sishiga ham sabab bo‘ldi. Endi g‘o‘zani tezroq yagana va chopiq qilmasa bo‘lmaydi.

Odatda bu kabi ishlar qo‘shimcha ishchi kuchi talab qiladi. Yaqin-yaqinlargacha bunday paytlarda mahalliy hokimiyat tezda turli byudjet tashkilotlari, jumladan, o‘qituvchi va shifokorlarni dalaga haydar edi.

Ammo xalqaro hamjamiyat bosimi ostida majburiy mehnatdan asta-sekin voz kechayotgan O‘zbekiston hukumati uchun bu yilgi ob-havo sabab yuzaga kelgan qiyinchiliklar yana bir sinov vazifasini o‘taydi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 yanvar 2019
Prezident Mirziyoev mamlakatning xorijda muzlatilgan korruptsiya pullarini qaytarish va chet el sarmoyasi kiritishga jahd qilarkan, tag‘in O‘zbekistonning oldingi prezidenti ...
31 oktyabr 2015
Shuhrat Bobojon Eltuz.com Shoh Bobur o‘z ona vatani haqida yozar ekan “Oshlig‘i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi ...
5 may 2016
O‘zbekiston fuqarosi 36 yashar Muborakxon Usmonova o‘z jazmani 55 yashar Aziz Chalishqon (Aziz Çalışkan) tarafidan 27 aprel oqshomida bo‘g‘ib ...
12 yanvar 2016
Ulug‘bek Ashur Eltuz.com 11 yanvar kuni Jizzax viloyat jinoiy sudida bo‘lib o‘tgan maxkamada sudlanuvchi Aramais Avakyan tergovda o‘ziga nisbatan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...