Asosiy mavzular
29 aprel 2019

Seryog‘in aprel dehqonni tashvishga qo‘ydi

O‘tgan yili qurg‘oqchilikdan qattiq aziyat chekkan o‘zbek dehqonlari bu yil me'yordagidan ortiq yog‘ingarchilik ayrim ekinlarga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganidan tashvishda.

Joriy yilgi seryog‘in aprel mamlakatda sel va toshqinlar bilan kechdi, katta moddiy talafotlar ko‘rildi.

Endi esa dehqonlar respublikada asosiy ekinlar hisoblanadigan bug‘doy va paxta hosili ko‘ngildagidek bo‘lmasligidan xavotirga tushmoqda.

Sirdaryolik fermer Akbar aka bu yil 50 gektardan ortiq yerga bug‘doy ekkan. Ammo hozir bug‘doy yotib qolib, kun yetarli darajada isimayotgani sababli qaddini qaytib tiklashga ulgurmayapti.

“Kun isimayotgani hosilga salbiy ta'sir qilishidan cho‘chiyapman. Chunki yomg‘ir bilan birga shamol ham kelib, bug‘doyni yotqizib ketdi. Bundan tashqari, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani uchun bug‘doyga zang kasalligi tegishi xavfi yuqori. Dalada ishlashga qo‘ymadi bu yomg‘ir ancha vaqt”, dedi fermer Akbar aka.

Ammo yomg‘ir sug‘oriladigan yerlardagi bug‘doyga salbiy ta'sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, lalmi yerlarda juda avj bilan o‘syapti. Shuning uchun bu yil lalmi yerlarda arpa va bug‘doy hosili mo‘l bo‘lishi kutilyapti.

Jizzaxlik cho‘pon Sherali qir-adirlarda o‘t-o‘lan ko‘pligidan xursand.

“O‘tgan yili tog‘da o‘t bo‘lmay, qo‘ylarimiz tuproq yalab qoldi, qancha-qanchasi o‘lib ketdi. Bu yil esa o‘t zo‘rligidan ichida qo‘zichoqlar ko‘rinmay ketadi”, deydi u.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili bahor oylarida yog‘ingarchilikning me'yorga nisbatan 30-40 foizgacha kam bo‘lganligi sababli lalmi maydonlarga ekilgan jami 197 ming gektar g‘alla maydonidan hosil olishning imkoni bo‘lmadi. Ayniqsa, lalmi maydonlardan olinadigan hosil 2017 yilga nisbatan Jizzax viloyatida 34 ming, Qashqadaryoda 32 ming va Samarqandda 24 ming tonnaga kam bo‘ldi.

O‘tgan yilgi qurg‘oqchilik paxta yetishtirishga ham salbiy ta'sir ko‘rsatgandi. Kamida 5 marta suv ichishi kerak bo‘lgan g‘o‘zazorlarni 3 marta sug‘ora olgan fermerlar o‘tgan yili qalpog‘ini osmonga otgan edi.

Bu yil esa yomg‘ir sabab endi-endi bo‘y ko‘rsatayotgan g‘o‘zalarga ishlov berishning imkoni bo‘lmayotir.

Qashqadaryolik fermer Zafar mart oyi oxirlarida chigit ekkan edi. Endi esa unib chiqqan ko‘chatlarning ildizi chirib, qayta chigit ekishga to‘g‘ri kelmasaydi, degan xavotirda.

“Yomg‘ir sababli dalaga texnika kirita olmayapmiz. Hozir g‘o‘zaga ishlov berishning ayni vaqti. Lekin dala loy bo‘lib yotibdi”, deydi Zafar va kunlar tezroq isishini kutmoqda.

Qolaversa, namlik yuqori bo‘lgani sababli g‘o‘za dalalarini qatqaloq bosishi ehtimoli yuqori. Bu esa g‘o‘za nihollari nimjon unib chiqib, kasalliklarga tez chalinadigan bo‘lib qolishiga olib keladi.

Yuqori namlik g‘o‘za maydonlaridagi yovvoyi o‘tlarning avj bilan o‘sishiga ham sabab bo‘ldi. Endi g‘o‘zani tezroq yagana va chopiq qilmasa bo‘lmaydi.

Odatda bu kabi ishlar qo‘shimcha ishchi kuchi talab qiladi. Yaqin-yaqinlargacha bunday paytlarda mahalliy hokimiyat tezda turli byudjet tashkilotlari, jumladan, o‘qituvchi va shifokorlarni dalaga haydar edi.

Ammo xalqaro hamjamiyat bosimi ostida majburiy mehnatdan asta-sekin voz kechayotgan O‘zbekiston hukumati uchun bu yilgi ob-havo sabab yuzaga kelgan qiyinchiliklar yana bir sinov vazifasini o‘taydi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 sentyabr 2017
Prezident Mirziyoev va'dalariga ishonib vatanga qaygan dissident yozuvchi Nurilla Otaxonov (Nurullox Muhammad Raufxon)ning, 27 sentyabr kuni Toshkent aeroportida hibsga ...
28 noyabr 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta maktubni e'tiboringizga taqdim etamiz. Ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlaridan kelgan. Dastlabki maktub Qashqadaryoning ...
28 aprel 2020
Davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya etmagan mansabdor shaxslarga jarima solishni ko‘zda tutgan qonun loyihasi O‘zbekistonda yashovchi rus tilli ...
11 iyun 2016
Garchi bu ish to‘g‘risida matbuotda kam gapirilgan bo‘lsa-da, 2013 yil oxirida xalqaro arbitraj sud Karimov hukumatidagi korruptsiya to‘g‘risida kutilmagan ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...