Asosiy mavzular
26 sentyabr 2019

Jur'atning ruxsat etilgan darajasi

Shoir va jurnalist Mahmud Rajab taqdiri borasida O‘zbekistondagi mahalliy jurnalistlarning jur'ati Xorazm viloyati IIBning u haqdagi rasmiy bayonotlarini e'lon qilishgagina yetdi. 

Ommabop bo‘lgan mahalliy internet nashrlari turli muammolarni ko‘tarib chiqayotganlari ortidan olqishlar olishdan charchamayapti.

Ammo bu chiqishlar aslo haqiqiy jurnalistikaning in'ikosi emasligini Mahmud Rajab ishi misolida ularning o‘zlari ham tan olishi kerakka o‘xshaydi.

Mahmud Rajab, avvalo, mahalliy jurnalist. Uning Muhammad Solih kitoblarini olib kirishda ayblanishi xalqaro tashkilotlarning ham, O‘zbekistondan tashqaridagi nashrlarning ham emas, birinchi navbatda, mahalliy jurnalistlarning bosh mavzusi bo‘lishi kerak edi aslida.

Ammo, afsuski, shu o‘rinda jur'atning ular uchun kimlardir belgilab bergan darajasi ko‘rinib qoldi. 

Bu daraja Muhammad Solih ijodiga ishqibozlarning adabiyot muxlisi bo‘lgani uchun jazolanishi ehtimoli oldida juda pastligi ayon bo‘lmoqda.

O‘sha ommabop saytlarning izohlarida mushtariylarning “Uning aybi nima ekan? Nega Toshkentga yurish qilibdi?” kabi mazmundagi savollari ham javobsiz qolmoqda.

Chunki bu savollar jur'atning belgilangan darajasidan oshib o‘tishni talab etadi. Ammo bu darajadan sakraydigan mahalliy nashr topilmayapti.

“Xabar”chilar, “daryo”chilar, o‘quvchilaringiz uchun rasmiylar aytayotgan fuqaro Mahmud Rajabov boshqa, shoir va jurnalist Mahmud Rajab butunlay boshqadir.

Boshqaligi shundaki, bilmaganlar uchun Mahmud Rajabov o‘z manfaati himoyasida hokimiyatni shantaj qilishga uringan bir fuqaro, bilganlar uchun muxolifat yetakchilaridan biri, shoir Muhammad Solihning kitoblarini ko‘tarib yurgani uchun nohaq ayblanayotgan shoir va jurnalistdir. 

Shoir va jurnalist Mahmud Rajabning taqdiri, hech kim bilmaydigan fuqaro Mahmud Rajabovdan farqli o‘laroq, siyosiy masaladir.

Bu taqdir bugungi hukumat yuritayotgan siyosatga tutilgan lakmus qog‘ozidir. 

Shu kunlarda ommabop internet nashrlar himoya qilayotgan (aslida bor-yo‘g‘i bu haqda ma'lumot xarakteridagi axborotni tarqatayotgan) “Kun.uz” muxbirining ishi so‘z va fikrlash erkinligi nuqtai nazaridan Mahmud Rajab voqeasidan aslo kam emas. 

Lekin ularning bitta farqi bor. Bu farq so‘z erkinligining siyosiy elitaning bugungi kayfiyati va jur'atning kimlardir belgilagan darajasida ekanligida ko‘rinadi.

Hamkasblar, unutmang, jur'atning bugun siz uchun belgilangan darajasidan balandroq bo‘lmas ekansiz, bu daraja ertaga yanada pasayadi!

SO‘Zingizni himoya qiling, FIKRingizni himoya qiling! 

Chunki siz himoya qilishingiz mumkin va shart bo‘lgan bu tamoyillar amaldagi prezident siyosatining qay darajada samimiyligi va O‘zbekistonning yaqin istiqboli qaysi yo‘nalishda ketishini belgilab berishi bilan o‘ta muhimdir.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 yanvar 2024
Salom qadrli muxlislar bugun 23 yanvar, Eltuz o‘zining kundalik ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Poytaxt viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 35 yoshli va ...
19 sentyabr 2018
«Yigirma ikkita mahkum va yana shuncha voyskovoy birdaniga izo­lyator tomon chopa boshlaydilar. Voyskovoylar yo‘l bo‘yi mahkumlar­ni dubinkalari bilan savalab ...
2 may 2015
AQSh Davlat departamenti matbut vakili Jeff Ratke 1 may kuni Vashingtonda o‘tgan matbuot brifingida O‘zbekiston hukumatini uzoq yildan beri ...
26 sentyabr 2019
Shoir va jurnalist Mahmud Rajab taqdiri borasida O‘zbekistondagi mahalliy jurnalistlarning jur'ati Xorazm viloyati IIBning u haqdagi rasmiy bayonotlarini e'lon ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...