Asosiy mavzular
12 noyabr 2019

Qozonga yaqin borsak, qorasi yuqadi

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) tarkibiga kirish borasidagi pozitsiyasi qat'iy emasligini bildirib qo‘ydi. 

Bundan avvalroq, aniqrog‘i, 10 oktyabr kuni A.Qodirov bu mavzuda gapirib, “YeOII nomi bilan iqtisodiy bo‘lgan, ammo ortida yashirin siyosiy maqsadlarni ham ko‘zda tutgan tashkilot”, deya bayonot bergan edi.  

Endi esa u yana shu mavzudagi savolga: “Milliy tiklanish” partiyasi O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga xizmat qiladigan har qanday harakatni qo‘llab-quvvatlaydi”, deya javob qaytarmoqda. 

Ta'kidlash kerakki, oktyabr oyida O‘zbekistonning YeOIIga a'zo bo‘lishi mavzusi atrofida bahs-munozaralar kuchaygan paytda bu tuzilmaga qo‘shilish mamlakat uchun nomaqbul ekani haqida faqatgina “Milliy tiklanish” ochiqchasiga o‘z pozitsiyasini bildirgandi. 

Ammo hukumat rasmiylari, birinchi navbatda, Senatda turib O‘zbekistonning rasmiy pozitsiyasini bayon qilish bilan shug‘ullanuvchi Sodiq Safoev bu tuzilmaga a'zolik haqida iliq fikrlarni bildirishi ortidan “Milliy tiklanish”ning shashti qaytgan ko‘rinadi. 

Shu bois, A.Qodirovning bu boradagi so‘nggi qat'iyatsiz bayonotini “milliy turlanish”ning yorqin shakli o‘laroq baholash to‘g‘riroq bo‘ladi. 

Boshqa partiyalarchi? Hozircha ular “siyosiy hushyorlik” tamoyillariga tayangan holda “o‘zaro hamkorlik yaxshi”, “bu masalani milliy manfaatlar nuqtai nazaridan hal etish kerak” qabilidagi umumiy gaplardan nari o‘tayotgani yo‘q.

Hamma hozircha prezident Shavkat Mirziyoevning YeOIIga a'zolikka oid ochiq bayonotini kutayotgani shubhasiz.

Ayni shunday bayonotdan so‘ng mamlakatdagi siyosiy kuchlarning bu masaladagi pozitsiyasi “qat'iylashadi”.

Hozircha esa hukumat ham, siyosiy partiyalar ham O‘zbekistonning YeOIIga a'zolik masalasida aniq fikrni ochiq aytayotgani yo‘q. Ular ikki o‘t orasida qolgan.

Bir tomondan, 2017 yilning bahorida tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi asosiy pozitsiyasi turli tuzilmalarga, jumladan, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirmaslik ekani haqida bayonot berib qo‘ygan. 

Ikkinchi tomondan, Rossiya O‘zbekistonni o‘z ta'sir doirasiga tobora chuqurroq kiritishga qaratilgan siyosat yuritmoqda. Bu yo‘lda har qanday jiddiy iqtisodiy-siyosiy bosim o‘tkazishga tayyor ekaniga ishora qilmoqda. 

Agar Rossiyaning aytganiga yursak, O‘zbekiston  tashqi siyosatining asosiy tamoyillarida o‘zgarish yuz berdimi, degan savol yuzaga chiqishi turgan gap. Bu esa mamlakat tashqi siyosatining qat'iyligiga nisbatan shubha uyg‘otadi.  

Shunga qaramay, O‘zbekistonning YeOIIga a'zo bo‘lishi masalasidagi keskin bahs-munozaralar hali uzoq davom etadiganga o‘xshaydi. 

Rasmiylar bu masalada Rossiya pozitsiyasiga yondashadigan fikr bildirayotgan bir paytda mustaqil tahlilchilar va norasmiy muxolifatning, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi aksariyat foydalanuvchilarning qarashlari bir-biriga zidligicha qolmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 dekabr 2015
Dokument ruknida Yuriy Jukovskiy va shved sudida uning Rossiyadagi do‘sti sifatida ta'riflangan, Turkiya va Rossiyadagi o‘zbek rejimi muxoliflariga qarshi ...
17 iyun 2020
Menga berilgan qamoq jazosining tugashiga sanoqli kunlar qolganida, ya'ni yanvar oyi o‘rtalarida yonimga Antonenkoning chopari keldi va SPP Antonenko ...
20 may 2016
Farg‘onalik M.ismli ayol 1-sinfda o‘qiydigan qizchasini maktabga jo‘natdiyu, Xalq ta'limi vazirligining “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilish uchun qo‘liga telefon oldi. ...
30 noyabr 2016
Namangan shahridagi byudjet idoralari va maktab xodimlariga Artel do‘konlarida sotilayotgan lampochkalardan kamida ikki donadan sotib olishga majbur etilayotgani haqida ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...