Kosonsoyda «Cuvoqova» direktori o‘z ishchisini kaltakladi
Namangan viloyatining Kosonsoy tumani «Cuvoqova» korxonasi direktori Muhammadali Kamolov doxil jami to‘rt kishi tashkilot chilangari Abdullo Eshonxo‘jaevni 7 aprel kuni korxona qorovulxonasida o‘lasi qilib kaltaklagan.
Natijada miyasi chayqalgan va umurtqasi qattiq lat yegan 33 yoshli Abdullo Eshonxo‘jaev kasalxonaga yotqizilgan.
Abdulloning qarindoshlariga ko‘ra, Muhammadali Kamolov va uning yaqinlari tomonidan kaltaklanishiga Abdullo va boshqa xodimlarning boshliq ustidan rasman shikoyat qilgani sabab bo‘lgan.
«Suvoqova» korxonasi xodimlaridan birining «Eltuz»ga ma'lum qilishicha, Muhammadali Kamolov tashkilot xodimlarini o‘zining beshta qoramolini boqishga majburlagan, ularning maoshlarini o‘z vaqtida to‘lamagan.
Abdullo Eshonxo‘jaev boshlig‘i ustidan huquq-tartibot organlariga shikoyat yozgan esa-da, uning arizasini hech kim rasmiylashtirmayotir.
“Uch kun bo‘ldi, bu ishni Kosonsoy hokimi Bahodir Yusupov bosti-bosti qilyapti, hech kim arzimizni eshitmayapti. Militsiya, prokuratura va shifoxonada jabrdiydaga bosimlar bo‘lyapti,” dedi Abdullo Eshonxo‘jaevning yaqinlaridan biri.
«Eltuz» mazkur hodisani kuzatishda davom etadi.