Asosiy mavzular
13 dekabr 2021

Shubhali xarajatlar: OTB koronavirusga qarshi kurashda O‘zbekistonga qanday yordam bermoqda?

“Benkvoch” Osiyo taraqqiyot banki tomonidan koronavirusga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga ajratilgan mablag‘ hisobidan moliyalashtirilgan davlat xaridlarini tahlil qilib, shubhali holatlarni aniqladi. Yangi hisobot hukumat sa'y-harakatlarini tanqid qilgani uchun hamon ta'qib etilayotgan blogerning xavotirlarini tasdiqlaydi. Eltuz ayni hisobot asosidagi maqolani taqdim etadi.

Nina Lesixina, jamiyatga ko‘maklashish bo‘yicha mutaxassis

2020 yil mart oyida prezident farmoni bilan O‘zbekistonda Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etildi. Jamg‘armada xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan hukumatga koronavirusga qarshi kurashish uchun ajratilgan kreditlar jamlandi. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) jamg‘armaga eng ko‘p tushgan mablag‘ manbasi hisoblanadi. U mamlakatga 600 million dollardan ortiqroq kredit ajratgan.

Jamg‘arma ishining shaffofligi jamoatchilik tomonidan tanqid qilingach, 2020 yil avgustda O‘zbekiston Moliya vazirligi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni qisman e'lon qildi. Ta'kidlash joizki, vaqt o‘tgan sari ochiq ma'lumotlar kamayib bordi. Bundan tashqari, bizga ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistondagi jamoatchilik faollari e'lon qilingan ma'lumotni olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan shubhali davlat xaridlari

Barcha cheklovlarga qaramay, “Benkvoch” mavjud ma'lumotlarni tahlil qildi va ehtimoliy korruptsiyadan dalolat berishi mumkin bo‘lgan bir qator tendentsiyalarni aniqladi. To‘liq hisobot ingliz tilida mavjud.

Masalan, O‘zbekiston prezidenti va Toshkent hokimiga yaqin shaxslarga tegishli uchta kompaniya tibbiy ob'ektlar qurilishiga oid yirik bitimlarni qo‘lga kiritdi.

29 ta kompaniyadan faqat o‘ntasi tibbiy bo‘lmagan ob'ektlar qurilishiga oid shartnomalarning eng ko‘p qismiga ega bo‘ldi.

Birgina davlat korxonasi – “Navro‘z» davlat qabullar uyining o‘zigagina Toshkentdagi karantin markazlarida ovqatlanishni tashkil etish uchun ajratilgan mablag‘ning 84 foizi berildi.

Bu loyihalar bo‘yicha tenderlar o‘tkazilmagani, mamlakatda hokimiyat ustidan jamoatchilik nazoratini olib boruvchi mustaqil OAV va fuqarolik jamiyati kabi mexanizmlar yo‘qligi sababli pudratchilarni tanlashdagi bu kabi tendentsiyalar hukumat qarorlarining xolis va mustaqil ekanini shubha ostiga qo‘yishi mumkin.

Ayrim hududlardagi sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan amalga oshirilgan xaridlar aholi soniga asoslangan ehtimoliy ehtiyojdan sezilarli darajada ortiq bo‘ldi. Masalan, aholi soni deyarli bir xil bo‘lgan sharoitda Toshkent shahri 142 milliard so‘mlik xaridlar qilgani holda Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 8,6 milliard so‘mni tashkil etdi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatida xarid qilingan individual himoya vositalarining umumiy qiymati (369 milliard so‘m) mamlakat bo‘yicha o‘rtacha darajadan deyarli uch barobar ortiqdir. Sirdaryo viloyati bo‘yicha esa birorta ma'lumot yo‘q.

Qizig‘i shundaki, sog‘liqni saqlash tizimi holati o‘ta yomon bo‘lgan Qashqadaryo, Namangan, Samarqand viloyatlari hokimliklari notibbiy sektor, jumladan, munitsipal infratuzilma ob'ektlari qurilishi uchun eng ko‘p xaridlarni amalga oshirgan.

Ulster universitetining kriminologiya professori Kristian Lasslett “Eltuz” bilan suhbatda mavzu yuzasidan quyidagi fikrlarni bildirdi: “Hisobot xulosalari O‘zbekistonda kovid-19 ga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan xalqaro kreditlar maqsadli ishlatilmaganini tasdiqlaydi. Ma'lumotlarda tizimli reja ham, ustuvorliklarni belgilashda faktlarga asoslanish ham yo‘q. Mablag‘larning asosiy qismi tender o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni amalga oshirish yo‘li orqali yuqori martabali davlat amaldorlari bilan siyosiy aloqalarga ega kompaniyalar cho‘ntagini to‘ldirgani holati tashvish uyg‘otadi. Endi jamiyat xalqaro bankirlardan qarzdor bo‘lib qolmoqda. Ular esa kredit mablag‘larining noto‘g‘ri ishlatilishi va o‘zlashtirilishi uchun har qanday javobgarlikdan bo‘yin tovlashi haqiqatga yaqin”.

Tag‘in o‘qing
18 may 2017
Shahrixon tumanida yuz bergan ommaviy zaharlanish muzqaymoq biznesiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Andijon shahridagi o‘nlab muzqaymoq do‘konlarida savdo 30 % ...
21 dekabr 2018
O‘zbek madaniyati, san'ati va adabiyotining tanazzulini boshdan kechiryapmiz. Keng tafakkurli, iste'dodli ijodkorlar yo vatanni tark etishdi, yo qamoqqa olindi, ...
9 avgust 2018
«- Begjonov! Oxirgi marta qaytaraman, chiqar qo‘lingni! Hozir voyskovoylarni chaqiraman! O‘zingning ham, kameradagi safdoshlaringning ham dabdalasini chiqarishadi, tushundingmi!? Yigitlarga ...
21 noyabr 2023
O‘zbekiston X faktor shousini o‘tkazadigan dunyodagi 58 davlatdan biri bo‘ldi. Qadrli muxlislar, bugungi mavzuimiz 19 noyabr kuni 12 nafar ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...