Asosiy mavzular
30 mart 2022

Aksilkorruptsiyadagi korruptsiyaga yo‘l ochishmi?

Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida tuzilganiga bir yildan sal ko‘proq vaqt bo‘lgan Jamoatchilik kengashi imi-jimida tugatib yuborilgani hatto uning ba'zi a'zolarida ham turli norozilik kayfiyatini uyg‘otdi.

2021 yil 15 yanvarda tuzilgan ushbu kengashga Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kafedra mudiri Ahtam Tursunov raislik qilayotgandi. Tuzilma faoliyati shu kungacha ham turli savollar tug‘dirib kelayotgan edi.

Jumladan, taniqli blogerlar Nikita Makarenko, Otabek Bakirov va Zafarbek Solijonov kengash a'zoligidan chiqib ketganiga ancha bo‘lgan.

Uning yana bir a'zosi, korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro mutaxassis Qodir Quliev esa tuzilma tarqatib yuborilishidan bir necha kun avval mahalliy matbuotga bergan intervyusida Jamoatchilik kengashi faoliyatini tanqidiy baholagandi.

“Jamoatchilik kengashi raisi monopol kuchga ega bo‘lyapti. Masalan, yaqinda kengash raisi o‘rinbosari lavozimiga ikki nomzod tavsiya qilindi. Bilmayman, bu nomzodlar qaerdan tanlandi. Men kengash faoliyatida erkin fikrlashga to‘sqinlik paydo bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Yaqinda men OAVlar oldida agentlik direktoriga savol bermoqchi edim, menga savol berdirmadi. Mening tanqidiy fikr bildirish, o‘tkir savollar berishimga to‘siq qo‘yishdi”, degan edi Quliev mazkur intervyusida.

Endi esa manbalar Jamoatchilik kengashining tarqatib yuborilishiga uning “faol ishlamayotgani” asos sifatida keltirilganini bildirmoqda.

Mazkur kengash a'zosi, bloger Fotima Jo‘raeva o‘zining feysbukdagi sahifasida bu voqea xususida: “Bugungi kunda muammoni o‘rganib, bartaraf etishdan ko‘ra, uni osongina nazardan yo‘qotishga urinish eng kreativ yo‘l bo‘lib qoldimi ba'zilarga?!” deya istehzoli izoh yozdi.

Ma'lum bo‘lishicha, kengashning 24 mart kuni o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishi kun tartibida uni tugatish haqida masala bo‘lmagan. Unda 2022 yilgi ish rejasini tasdiqlash va 2021 yilgi faoliyat hisoboti tinglanishi ko‘zda tutilgan.

Ammo hisobot chala-chulpa tinglanganidan so‘ng so‘zga chiqqan a'zolardan biri jamoatchilik kengashini tarqatib yuborib, boshqa kengash tuzish taklifini bergani ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘lgan.

“O‘zi shundoq ham bir necha majlislardan buyon ba'zi a'zolarning qonuniy so‘rovlariga to‘laqonli javob bera olmayotgan kengash raisiga bu taklif negadir juda ma'qul kelib, kun tartibida umuman yo‘q masalani ovozga qo‘yib yubordi.

Yig‘ilgan 22 nafar a'zodan 15 tasi (keyin 4 tasi o‘z fikridan qaytdi) rozi bo‘ldi, 7 kishi norozi bo‘lib, qolgan 6 nafarining fikri tinglanmay ham jamoatchilik kengashi tugatildi, deb e'lon qilindi”, deydi Fotima Jo‘raeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Jamoatchilik kengashi raisi boshqa yig‘ilishlarda kun tartibida bo‘lmagan muhim masalalar ko‘tarilib, biror taklif bildirilsa, ovozga qo‘yish tugul “kun tartibida yo‘q”, deya hatto gapirtirmas ham edi.

“Endigina jamoatchilik nazorati sifatida shakllanib, tegishli so‘rovlarni olishga urinayotgan, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishga kirishayotgan a'zolarni yo‘q qilish kimga kerak bo‘lib qoldi ekan,” deya savol qo‘yadi bloger.

U o‘z fikrlarini davom ettirar ekan, bundan sal avvalroq agentlikdan Jamoatchilik kengashi faoliyatiga qilingan sarf-xarajatlar hisobotini taqdim etish so‘ralgani, kengash yig‘ilishlarining onlayn translyatsiyasi borasidagi taklif paysalga solib kelinganini qo‘shimcha qilgan.

Fotima Jo‘raeva hali Jamoatchilik kengashini tugatish to‘g‘risidagi yig‘ilish bayonnomasi rasmiy kuchga kirmasidan turib kengash a'zolari o‘zaro muloqot qiladigan telegram guruhi tarmoqdan o‘chirib tashlanganini ma'lum qildi.

“Kanaldagi yozishmalar tarixini yo‘qotishga juda shoshilishgan ko‘rinadi! Guruhning o‘chirib yuborilishi a'zolar ovozini bo‘g‘ish, shaffoflik, oshkoralikka to‘siq qo‘yish, a'zolar huquqlarini poymol qilishdir”, deydi Jo‘raeva.

U “Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligining o‘zida murosasiz kurash, shaffoflik va xolislik bo‘lmasa, boshqa tashkilotlarda korruptsiyaga kurashish to‘g‘risida qanday gapirish mumkin?!” deya ritorik savol bilan yakunlaydi feysbukdagi izohlarini.

Tag‘in o‘qing
6 dekabr 2016
Fotosuratchi Karl de Keyzer (Carl De Keyzer) 1989 yil avvaliga Toshkentga keyin esa Toshkentdan 1000 kilometr uzoq bo‘lgan Urganchga ...
13 oktyabr 2021
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 35-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Ibrohim G‘afurovning shaxsiyati ...
10 dekabr 2019
Sharqiy Yevropa kommunizm asorati va Sovet nazoratining 30 yilligini nishonlayotgan paytda Praga shahriga kelgan muxolifatdagi “Erk» demokratik partiyasi lideri ...
24 yanvar 2019
Markaziy bank Navro‘z arafasida yuz ming so‘mlik banknotlarni muomalaga kiritishi haqida bildirib, bundan qulayliklar yaratish, pullarni tashish xarajatlarini kamaytirish, ...
Bloglar
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...