Asosiy mavzular
24 avgust 2018

Faqat qamatgisi keladigan prokurorlar

Rashid Qodirov davrida shakllangan prokurorlar hali ot ustida va ular uzoqqa boradigan ko‘rinadi. Ular uzoq yillardan buyon qo‘llab kelayotgan ish uslublaridan voz kechmoqchi emasdek.

Toshkentning yirik tadbirkorlaridan biri bo‘lgan Jahongir Umarov ustida o‘tkazilayotgan sud jarayoniga oid xabarlarni o‘qib, shunday xulosa kelib chiqadi.

Inson huquqlari faollari bu jinoyat ishi uyushtirilgani, bundan tadbirkorning biznesini tortib olish maqsadi ko‘zlanganiga doir ko‘plab ma'lumotlarni e'lon qilib kelyapti.

Jumladan, shahar IIBB jinoyat-qidiruv boshqarmasi tezkor xodimi ekani aytilayotgan shaxsning yuqoridagi iddaolarni tasdiqlovchi so‘zlari aks etgan audioyozuv internetda tarqaldi.

Garchi Toshkent shahri IIBB J.Umarovga qiynoqlar qo‘llanilganini rad etgan bo‘lsa-da, o‘z xodimlarining protsessual jarayonlarni qo‘pol tarzda buzganini bilvosita tasdiqlaydigan chora-tadbirlar ko‘rdi.

Ya'ni mazkur ishga aloqador xodimlarning bir nechtasiga intizomiy chora ko‘rildi, audioyozuv “qahramoni” bo‘lmish tezkor xodim Fathiddin Nuriddinov esa ishdan bo‘shatildi.

Umuman, yuqoridagilardan tashqari, oshkor bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, J.Umarovning ofisini tintuv qilish jarayoni videotasvirga olinmagan, tergov tadbirlarida ishtirok etishi kerak bo‘lgan guvohlar kechikib kelgan. Go‘yoki narkotik modda saqlanilgan stakandan barmoq izlari olinmagan.

Tadbirkor foydasiga ishlashi kerak bo‘lgan shuncha holatlarga qaramay, prokuror unga 7 yillik qamoq jazosi tayinlanishini talab qilib chiqmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, go‘yoki Jahongir Umarovning aybi isbotlangan. Prokuror tadbirkorning ofisidan opiy topilganini yana bir bor ta'kidladi.

Holbuki, tezkor xodim F.Nuriddinov tadbirkorga narkotik modda tashlab qo‘yilganini o‘z og‘zi bilan tan olgani to‘g‘risida audioyozuv mavjud.

Shuningdek, u bu harakatlarni tadbirkorni soxta ayblovlar bilan qamash tashabbuskori bo‘lgan noma'lum shaxs bilan maslahatlashgani ham ma'lum.

Sud mustaqilligi ta'minlangan demokratik davlatlarda bunday holatlar yuzaga chiqqanida prokuratura eng kamida ishni qayta tergov qilishni talab etadi. Aks holda ayblanuvchini ozod etish uchun asoslar ham yetarli.

Lekin bizning prokuratura bu darajaga yetish u yoqda tursin, hatto yaqinlashishga ham harakat qilmayapti.

Bundan ko‘rinadiki, hali O‘zbekiston prokuraturasining haqiqiy qonun himoyachisiga aylanishiga ko‘p qovun pishig‘i bor.

Qolaversa, bugun prokuratura hatto sobiq MXXning o‘rniga kelgan DXXdan ham katta vakolatlarga ega bo‘lib boryapti.

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqilsa, prokuratura vakolatlarining tinimsiz kengaytirilayotgani yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi, deb xulosa qilish mumkin.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 sentyabr 2024
O‘zbekistonda oylik maoshlar yiliga bir marta bilinar-bilinmas oshadi. Lekin narx-navo kuniga ko‘tariladi.  Joriy yilda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ  foydalanuvchilarni kutilmagan ...
7 aprel 2023
Qodiriy ta'biri bilan aytsak, mamlakatning yuz yil oldingi «kirli» tarixida ham¸ Sovet davrida ham mulozimlar, qudrat va sarvat egalari ...
31 yanvar 2022
Turkiyada islomiy ekstremistlar bilan yaqin  aloqaga ega o‘zbek tomonidan boshqariladigan jinoiy tarmoq turli davlatlarning pasportlari niqobi ostida 15 000 dollargacha ...
6 fevral 2017
Taniqli mahalliy jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaev «Novosti Uzbekistana» sayti orqali o‘zining Samarqandda elektr ta'minotidagi to‘xtovsiz uzilishlar haqida yozgan «Samarqandni zulmat ...
Bloglar
8 fevral 2025
Shu paytgacha «Anora» degan ikki film olindi. Bittasi yetim qizning ashlachi bo‘gani haqida¸ yana bittasi ...
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...