Asosiy mavzular
23 may 2022

Ayollar huquqi haqidagi gap nega ko‘pchilikka yoqmaydi?

Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?

Buning sabablarini bilish uchun qiz bola bo‘lib tug‘ilish kerak.

Shaharga o‘qishga yo olimpiada-seminarlarga xorijga ketish uchun kechalari uxlamay «ishqilib ruxsat berishsin» deb Ollohdan iltijo qilib chiqish kerak.

Kelin bo‘lib ko‘rish kerak. Qo‘lingga bitta uzukni mahr deb tutqizib, ota-onang yemay-ichamay, qizim tinch bo‘lsin deb 5-10 ming dollarga qilgan sepidan ayb topishlariga chidashing kerak.

Eringdan bunga qarshi bir og‘iz e'tiroz kutma, o‘sha paytda u kar-ko‘r bo‘lib oladi.

Tug‘ruqxonada to‘lg‘oqdan sutkalab azoblansang-da, vrachlar «kesarcha kesaylik» deganiga qaynonang va ering ruxsat bermasa, o‘z tanangga o‘zing ega chiqolmay, ming azobda oxiri ko‘zing yoriganda boshi qattiq lat yegan nogiron farzandni qo‘lingga tutqizishsa, «kasalmand bola tug‘ding» deb ta'nalarga ko‘mishsa, ovoz chiqarmay ko‘zyoshlaringga ko‘milishing kerak.

Ering bilan birga nonushta qilganing uchun qaynonang dodingni berganida, kechqurun ishdan qaytgach unga tabassum qilishga ham qo‘rqish nimaligini tuyishing kerak.

«Nuqul xo‘mrayib kutib oladi» deb ustingga xotin olganida esa, ko‘nishing kerak.

Ko‘nib ham biron marta eringga «ikki xotin aro adolat qil» demasliging lozimki, yo musht tagida qolasan yo javobingni olasan.

Mabodo ishlashga ruxsat berishsa, ish kuning soat 6 da tugasa-da, soat 6 yarimda kechki ovqating pishmasa, tamom. Lekin oyligingni tiyinigacha olib qo‘yishlari mumkin.

Ishxonangda esa seni «bu ayol, tug‘adi, bolasi kasal bo‘ladi» deb lavozimlarga loyiq ko‘rmasliklari mumkin.

Shunday yashab, chidab, oxiri yaxshi qaynona bo‘lolmasang, faqat o‘zing aybdorsan.

Bunga chidamay, ajrashsang ham sen aybdorsan.

Umuman, sen har doim aybdorsan.

Buni gapirsang, aybdorsan.

Jim tursang, aybdorsan.

Ketsang, aybdorsan.

Qolsang, aybdorsan.

Erkaklar, hamma mas'uliyat menda, sen uyda o‘tir, itoatkor bo‘l degan erkaklar bu holatni o‘zgartirmasalar, islohni o‘zlaridan boshlamasalar, Islomdan ham, an'analardan ham faqat o‘zlariga yoqadigan tomonlarini olib, omuxta va qulay bir tutumlarni yaratib olgan bo‘lsalar, bu tutumlar onalari, opa-singillari, qizlariga ham zarar yetkazishini bilib ham, vaziyatni o‘zgartirmasalar, chidaysan!

Tushunmaydilarki, har qanday isyonlar zulm ortidan kelib chiqadi. Isyondan keyin hammasi battarroq bo‘lishi mumkin, ammo isyon qiluvchilar ahvolni yaxshilash uchun emas, holatga chiday olmaganlaridan dod demoqdalar…

«Gender tenglik» desa sakrab tushayotgan, ayollar huquqlari haqida gapirganlarga turli yorliqlar ilayotganlar, Sizlar oqibat bilan kurashyapsizlar.

Sabablarni ham ko‘ring, adolat qiling!

Shahnoza Soatova,

Feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
11 may 2017
Davr taqozosi bilan O‘zbekistonda sovchilik an'analari o‘zgarmoqda. Asta sekin o‘g‘illardan ham ko‘ra, qizlarga tuzukroq joylardan er qidirish, sovchi jo‘natish ...
13 may 2022
“Laylak keldi – yoz bo‘ldi, qanoti qog‘oz bo‘ldi”. Nega laylakning qanoti qog‘oz bo‘lganligini oldin ham tushunmagandim, xozir ham tushunmayman. Har xolda buni yozgan ...
9 may 2019
Britaniyada yashayotgan mustaqil jurnalist Shohida Yoqub Birma (Myanma)dagi rohinja musulmonlariga qarshi zo‘rovonliklar haqidagi «Exiled» («Haydalganlar» yoki «Istalmaganlar») deya nomlangan ...
26 fevral 2021
26 fevral kuni kuch ishlatar tizimlar mavjud qonun-qoidalarga zid tarzda siyosiy partiya tashabbuskori, professor Xidirnazar Allaqulovni kuch ishlatib uyidan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...