Asosiy mavzular
23 may 2022

Ayollar huquqi haqidagi gap nega ko‘pchilikka yoqmaydi?

Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?

Buning sabablarini bilish uchun qiz bola bo‘lib tug‘ilish kerak.

Shaharga o‘qishga yo olimpiada-seminarlarga xorijga ketish uchun kechalari uxlamay «ishqilib ruxsat berishsin» deb Ollohdan iltijo qilib chiqish kerak.

Kelin bo‘lib ko‘rish kerak. Qo‘lingga bitta uzukni mahr deb tutqizib, ota-onang yemay-ichamay, qizim tinch bo‘lsin deb 5-10 ming dollarga qilgan sepidan ayb topishlariga chidashing kerak.

Eringdan bunga qarshi bir og‘iz e'tiroz kutma, o‘sha paytda u kar-ko‘r bo‘lib oladi.

Tug‘ruqxonada to‘lg‘oqdan sutkalab azoblansang-da, vrachlar «kesarcha kesaylik» deganiga qaynonang va ering ruxsat bermasa, o‘z tanangga o‘zing ega chiqolmay, ming azobda oxiri ko‘zing yoriganda boshi qattiq lat yegan nogiron farzandni qo‘lingga tutqizishsa, «kasalmand bola tug‘ding» deb ta'nalarga ko‘mishsa, ovoz chiqarmay ko‘zyoshlaringga ko‘milishing kerak.

Ering bilan birga nonushta qilganing uchun qaynonang dodingni berganida, kechqurun ishdan qaytgach unga tabassum qilishga ham qo‘rqish nimaligini tuyishing kerak.

«Nuqul xo‘mrayib kutib oladi» deb ustingga xotin olganida esa, ko‘nishing kerak.

Ko‘nib ham biron marta eringga «ikki xotin aro adolat qil» demasliging lozimki, yo musht tagida qolasan yo javobingni olasan.

Mabodo ishlashga ruxsat berishsa, ish kuning soat 6 da tugasa-da, soat 6 yarimda kechki ovqating pishmasa, tamom. Lekin oyligingni tiyinigacha olib qo‘yishlari mumkin.

Ishxonangda esa seni «bu ayol, tug‘adi, bolasi kasal bo‘ladi» deb lavozimlarga loyiq ko‘rmasliklari mumkin.

Shunday yashab, chidab, oxiri yaxshi qaynona bo‘lolmasang, faqat o‘zing aybdorsan.

Bunga chidamay, ajrashsang ham sen aybdorsan.

Umuman, sen har doim aybdorsan.

Buni gapirsang, aybdorsan.

Jim tursang, aybdorsan.

Ketsang, aybdorsan.

Qolsang, aybdorsan.

Erkaklar, hamma mas'uliyat menda, sen uyda o‘tir, itoatkor bo‘l degan erkaklar bu holatni o‘zgartirmasalar, islohni o‘zlaridan boshlamasalar, Islomdan ham, an'analardan ham faqat o‘zlariga yoqadigan tomonlarini olib, omuxta va qulay bir tutumlarni yaratib olgan bo‘lsalar, bu tutumlar onalari, opa-singillari, qizlariga ham zarar yetkazishini bilib ham, vaziyatni o‘zgartirmasalar, chidaysan!

Tushunmaydilarki, har qanday isyonlar zulm ortidan kelib chiqadi. Isyondan keyin hammasi battarroq bo‘lishi mumkin, ammo isyon qiluvchilar ahvolni yaxshilash uchun emas, holatga chiday olmaganlaridan dod demoqdalar…

«Gender tenglik» desa sakrab tushayotgan, ayollar huquqlari haqida gapirganlarga turli yorliqlar ilayotganlar, Sizlar oqibat bilan kurashyapsizlar.

Sabablarni ham ko‘ring, adolat qiling!

Shahnoza Soatova,

Feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
13 aprel 2020
13 aprel soat 06:00 dan boshlab Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani hududida transport va fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatiladi. Istisno ...
17 may 2019
Shu kunlarda O‘zbekistonda davom etayotgan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi ko‘proq tayinlov tusini olayotgandek. Chunki, joylardan olinayotgan ...
13 aprel 2021
Taniqli publitsist va davlat arbobi, Sharof Rashidov va Islom Karimov davrida hukumat lavozimlarida ishlagan Sharof Ubaydullaev “Ozodlik” radiosiga intervyusida ...
8 may 2022
Taniqli kinopublitsist Abdulaziz Mahmudov og‘ir xastalikdan so‘ng  8 may kuni 71 yoshida Toshkentda vafot etdi. Bu haqda Eltuzga uning ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...