Asosiy mavzular
13 oktyabr 2023

O‘zbekiston ipakchilik sanoatiga qarshi iqtisodchi: Kimning dalillari muhimroq?

Mustaqil ravishda tekshirilgan ma'lumotlarning qabul qilinishi to‘g‘risidagi sud qarori O‘zbekistonda mehnat huquqlari bo‘yicha hisobot berish uchun uzoq davom etadigan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Avgust oyi oxirida Toshkentda fuqarolik sudi haqami mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovga O‘zbekipaksanoat uyushmasidan uning shu yil mart oyida chop etilgan ipak qurti pillasi yetishtirish jarayonida korruptsiya va majburlash qo‘llanilgani fosh etilgan maqolasi uchun ommaviy axborot vositalarida uzr so‘rash va raddiya e'lon qilishini buyurdi. Toshkentda joylashgan “Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish” markazi direktori Yusupov ipakchilik sohasiga bergan bahosida qat'iy turib, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qildi.

Apellyatsiya sudi qarori O‘zbekistondagi mustaqil tadqiqotchilar dalillarga asoslangan tahlillarni chop etish huquqiga ega yoki yo‘qmi, ayniqsa, agar ular davlat yoki u himoya qiladigan biznes uchun xush kelmasa, muhim sinov bo‘ladi.

Toshkent sudi go‘yoki Yusupovning maqolasi ortidan o‘ziga yetkazilgan reputatsiyaviy va moliyaviy zarar uchun uzr so‘rash hamda tovon puli talabi aks ettirilgan “O‘zbekipaksanoat” raisining da'vosini qisman qanoatlantirdi. Maqolada O‘zbekiston ipakchilik sanoati samarasiz byurokratik boshqaruvdan aziyat chekayotgani, xususiylashtirilganiga qaramay, pilla yetishtirish uchun amalda davlat rejalari o‘z kuchida qolayotgani ta'kidlanadi. Bu esa fermerlarni “ipak klasterlari” deb ataladigan korxonalar uchun pilla yetishtirish va yetkazib berishiga majburlanishiga sabab bo‘lib, ularning aksariyati xorijda ro‘yxatdan o‘tgan va hukumat amaldorlarining oilalariga, jumladan “O‘zbekipaksanoat” aktsiyadorlik jamiyati sobiq rahbarining o‘ziga bog‘liq yangi tashkil etilgan xususiy korxonalarni tashkil qilgan.

O‘zbekiston aholi jon boshiga pilla yetishtirish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda, hajmi bo‘yicha esa Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Mahalliy fermerlar uchun har yili pilla yetishtirish rejalarini bajarish odatiy holdir. Har bahorda pilla yig‘im-terim mavsumida fermerlar ijtimoiy tarmoqlar orqali majburlov va korruptsiya holatlari haqida o‘z shikoyatlarini bildiradi. Majburiy mehnatdan foydalanish jinoyat deb e'tirof etilganiga qaramay, bu shikoyatlar O‘zbekiston rasmiylari tomonidan muntazam ravishda e'tiborsiz qoldirilmoqda.

Uzoq yillar davomida O‘zbekiston ipakchilik tarmog‘i yaqin vaqtgacha 300 dan ortiq xalqaro brendlar va chakana sotuvchilar tomonidan boykot qilingan bolalar va majburiy mehnatdan foydalanish amaliyoti bilan nom taratgan paxta sektori muammolari soyasida qolib ketgan edi.  2017 yildan boshlab O‘zbekiston hukumati nihoyat xalqaro va iqtisodiy bosimga bo‘ysunib, hukumat boshchiligida paxta terimchilarini majburiy safarbar qilinishini bartaraf etgan islohotlar jarayonini boshladi. Muvaffaqiyat uzoq vaqtdan beri majburiy mehnatga barham berish uchun kurash olib borgan fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan mamlakat tarixidagi muhim voqea sifatida e'tirof etildi. Bu islohot jarayoni taraqqiyotning barqarorligini ta'minlaydigan fuqarolik va siyosiy o‘zgarishlarni qamrab olishiga umid uyg‘otdi.

Paxtachilik sohasidagi o‘zgarishlar xususiy ipakchilik korxonalarini xomashyo bilan ta'minlash maqsadida har yili ipak qurti pillasi yetishtirishga majbur bo‘layotgan minglab fermerlarni ekspluatatsiya qilishda davom etayotgan ipakchilik sohasiga ta'sir ko‘rsatmadi.

O‘zbekistondagi ipak ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarini birlashtirgan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi o‘z da'vosida pilla yetishtirish uchun davlat rejalari mavjudligini inkor etib, Yusupov “O‘zbekiston forumi” inson huquqlari tashkiloti ma'lumotlariga tayanganini taʼkidlagan. Unda Yusupov “O‘zbekiston forumi” inson huquqlari tashkiloti ma'lumotlaridan iqtibos keltirganini da'vo qilinib, ta'kidlanishicha, u Germaniyada joylashgani va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagani uchun uni ishonchli ma'lumot manbai deb bo‘lmaydi. [Muharrir eslatmasi: Muallif “O‘zbekiston forumi” direktori.] “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, shuningdek, Yusupovning nashri ortidan V'etnamning ikki kompaniyasi go‘yoki O‘zbekiston ipakchilik korxonalari bilan eksport shartnomalarini imzolashdan bosh tortgani, bu esa uyushmaga jami 34 ming AQSh dollari miqdorida moliyaviy zarar yetkazganini ta'kidlab, Yusupovdan yetkazilgan zararni qoplashni talab qilgan.

Sud “O‘zbekipaksanoat”ning moliyaviy da'volarini rad etgan bo‘lsa-da, sudya “O‘zbekiston forumi” tashkiloti O‘zbekiston Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tmagani bois uning materiallarini ishonchsiz deb topdi. Shunday qilib, sudyaning so‘zlariga ko‘ra, Yusupovning bayonotlari “norasmiy materiallar asosida bir tomonlama tadqiqot olib borganligi hamda rasmiy statistika, sud materiallari bilan tanishmaganligi hamda sud, prokuratura yoki “O‘zbekipaksanoat” uyushmasidan ma'lumot so‘ramaganligi” natijasidir.

 “O‘zbekiston Inson huquqlari forumi” tashkiloti O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan mustaqil huquq himoyachilari tarmog‘i orqali pilla yetishtirish rejalari nafaqat fermerlarga, balki davlat tashkilotlari, jumladan, maktablar va bolalar bog‘chalari uchun ham o‘rnatilganligi ortidan vaziyat yanada yomonlashgan 2015-yildan buyon ipakchilik sohasida mehnat huquqlarining buzilishini monitoring qilib kelmoqda.

2018-2022 yillarda “O‘zbekiston forumi” yuzlab fermerlar bilan suhbat o‘tkazganida ularning aksariyati o‘z xohishiga qarshi pilla yetishtirayotganini ma'lum qilgan. Yerni tortib olish tahdidi ostida fermerlarni xususiy korxonalar uchun pilla yetishtirishga majburlash davlat siyosati hisoblanadi. Fermerlarning “O‘zbekiston forumi” monitorlariga aytishicha, fermerlarni pilla yetishtirishga majburlash uchun qonuniy asos bo‘lmasa-da, mahalliy tuman mutasaddilari va/yoki prokurorlar ularni yer ijarasini bekor qilish kabi jazo tahdidi bilan bo‘sh shartnomalar imzolashga majburlagan. Agar fermerlar pilla yetishtirish bo‘yicha belgilangan rejani bajarmasa, ular yo jarima to‘lashi yoki klasterlarga topshirish uchun pilla sotib olishga majbur bo‘ladi.

Bu “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining ipakchilik sohasida mehnat huquqlari buzilishi haqida xabar berganlardan o‘ch olishga urinishi bilan bog‘liq ilk hodisa emas. 2018 yil avgust oyida Andijondagi davlat gazetasida ham ipakchilik sohasida majburiy mehnat va tovlamachilik haqida tanqidiy maqola chop etilib, natijada gazetaga tuhmat uchun 100 million so‘m (taxminan 8 ming dollar) miqdorida da'vo qo‘zg‘atilgan va ish Andijon fuqarolik sudi tomonidan rad etilgan edi.

Biroq Toshkent sudining Yusupovga nisbatan chiqargan qarori xavfli pretsedent bo‘lib, o‘z hukmini “O‘zbek forumi” ma'lumotlarining faqat O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmaganligi sababli “ishonchsizligi”ga asoslaydi – hech bo‘lmaganda, bu sudya nega “O‘zbek forumi” ma'lumotlarini qabul qilmaganiga yagona sababni ko‘rsatadi. Aniqki, sudya o‘zbek paxtasiga nisbatan xalqaro boykot “O‘zbek forum”ning 2021 yilgi O‘zbekistonda paxta terimiga oid monitoringi asosida Cotton Campaign tomonidan bekor qilinganini bilmaydi. Xuddi shu mantiqqa tayanilsa, bu boykotning bekor qilinishi ham noqonuniy ma'lumotlarga asoslanganligini anglatadi.

O‘zbekiston hukumati va biznes vakillariga tadqiqot va maslahatlar taklif qilayotgan ko‘plab xalqaro maslahatchilarni hisobga olsak, faqat O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar ma'lumotlarini ishonchli deb hisoblash mumkin, degan fikr zaif. Bu, shuningdek, to‘qimachilik brendlari va chakana sotuvchilar “Amfori” va “Better Cotton” kabi ta'minot zanjiri va audit sertifikatlariga muvofiqligini tekshirishga tayanadigan mamlakatdagi mehnat huquqlarining mustaqil monitoringi uchun jiddiy savollar tug‘diradi. Qolaversa, “O‘zbek forum” tashkiloti O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagani sababi boshqa mustaqil huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar singari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tish haqidagi ariza Adliya vazirligi tomonidan rad etilishi mumkin. Muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tgan bir nechta tashkilotlar ham hukumat rasmiylari tomonidan haddan ortiq nazoratga duch kelmoqda.

“O‘zbekipaksanoat” va sudlarning javobi O‘zbekiston paxta sanoatini yo‘q qilishga qaratilgan global fitnaning bir qismi sifatida rad etilgan Karimov rejimi davridagi bolalar va majburiy mehnat haqidagi hisobotlarga berilgan standart munosabatga o‘xshaydi. Ammo Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil sentyabr oyida BMTdagi nutqida muammoni tan olishi haqiqatan ham islohotlarga va oxir-oqibat boykotni bekor qilishga yo‘l ochdi.

Yana fundamental darajada, Yusupovga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirish va shu orqali taniqli mustaqil iqtisodchining ovozini samarali tarzda o‘chirishga urinish ham O‘zbekiston sudlari qonun ustuvorligini ta'minlay olmayotgani va mustaqil sud tizimiga doimiy qarshilik ko‘rsatayotganini namoyon qiladi. Bu oldini ko‘ra oladigan va barqaror huquqiy muhitga tayanadigan tadbirkor va investorlarga qo‘shimcha salbiy signal yuboradi.

Umida Niyazova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston forumi direktori

Maqola originali The Diplomat nashrda chop qilingan. Eltuz tarjimasi

Tag‘in o‘qing
4 may 2018
Diniy idoraga yaqin bir manbaning «Eltuz» nashriga bildirishicha, 60 yashar Anvar qori Tursunov 1 may kuni sun'iy koma holatidan ...
5 mart 2020
O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi 4 mart kuni «Vatanparvar» gazetasi muxbiri 68 yashar podpolkovnik Vladimir Koloshinni 12 yilga ozodlikdan mahrum ...
26 iyun 2018
Huquq faoli Dilmurod Sayyid qamoqdaligida uni ko‘rishga borayotgan payti avtohalokatga uchragan qizi va rafiqasi ishi yuzasidan 25 iyul kuni ...
22 oktyabr 2023
Eltuz portaliga kelgan so‘nggi beshta shikoyat xatini o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Andijon Xorazm viloyatlaridan kelgan. Dastlab ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...