Asosiy mavzular
27 fevral 2024

G‘ijduvon sobiq prokurori fermerni qanday chuv tushirdi?

O‘zbekistonda keyingi kunlarda mansabidan foydalanib tovlamachilik qilish, ta'magirlik, reyderlik, odamlarni aldab pulini olib qaytarmaslik, qo‘rqitib jinoyatlariga sherik qilish xolatlari avj olgan. Ba'zan bu muammolar sud, prokuratura va boshqa kuchishlatar tizimlari aralashuvidan keyin ham o‘z yechimini topmaydi va achchiq ichakdek cho‘ziladi.

G‘ijduvonlik fermer Halimov Akmal bilan tuman sobiq prokurori Sherali Shodiev o‘rtasidagi mojaro ham aynan o‘z mansabini su'iste'mol qilish va tovlamachilik masalasida kelib chiqdi.

“Sherali Shodiev mening 30 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarimni olib uch yildan beri aldab, qaytarmay kelganidan keyin men bosh prokuroturaga murojat qilishga majbur bo‘ldim. Bosh prokuratura tekshiruvidan so‘ng Shodiev menga ushbu olgan pullaridan 17 ming AQSh dollar pullarni qaytardi. Tekshirish jarayonida Shodiev mendan 30 ming AQSh dollar olganini tan oldi, biroq qolgan 13 ming AQSh dollarini qaytarib bergani yo‘q” deya yozadi Xalimov Akmal Eltuzga yozgan shikoyat maktubida.

Halimovning e'tirof etishicha, uning arizasi asosida o‘tkazilgan tekshirish jarayonida Shodievning hatti xarakatlari tasdig‘ini topgani bois, Shodievning turmush o‘rtog‘i nomida bo‘lgan “Jentra” rusumli avtomobilni 10.000 dollarga hisoblab rasmiylashtiriladi. Tag‘in so‘m hisobida 7 ming dollar, jami 17 ming dollarni prokurorning haydovchisi keltirib beradi.

Biroq prokuratura shu bilan ishni yopadi.

O‘zbekiston respublikasi bosh prokuraturasi boshqarmasi boshlig‘i Sh. To‘xtaboevning 2022 yil 19 martida yozgan javob xatida bildirilishicha, uning G‘ijduvon tumani sobiq prokurori Shodievning qarzga olgan pul mablag‘larini qaytarib bermayotgani hamda G‘ijduvon tuman IIB xodimi R. Muhiddinovga nisbatan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rish haqida Bosh prokuror qabulida bergan murojaati xizmat tekshiruvi va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish yo‘li bilan ko‘rib chiqilgan.

“Xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, Shodiev prokuratura xodimiga nomunosib hatti harakatlar sodir etgan deb topilib, Bosh prokurorning buyrug‘i bilan intizomiy jazo tariqasida egallab turgan lavozimidan ozod etilgan” deyiladi Bosh prokuratura javob xatida.

Shuningdek, ayni hujjatga ko‘ra, tekshiruvda aniqlangan holat yuzasidan Bosh prokuraturaning o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, Sh. Shodievning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli 2020 yilning 29 iyulida JPKning 83 moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.
Shuningdek javob xatida Xalimovga, o‘zaro qarz munosabatlari yuzasidan sudga murojaat qilishi kerakligi tushuntirilgan.

Xalimov gap bu yerda faqatgina o‘zaro qarz munosabatlari haqida emas, balki tuman prokurori tomonidan reyderlik, korruptsiya va o‘z mansabini su'iste'mol qilish kabi bir qancha jinoyat xolatlari haqida borayotganini bildiradi.

Bu yuzadan u 20 dan ziyod arizalar bilan turli idoralarga shikoyat qilgan. Jumladan uning Bosh prokurorga yozgan norozilik shikoyat xatida bildirishicha, Shodiev Sherali G‘ijduvon tumaniga prokuror bo‘lib kelganidan keyin, uni yoniga chaqirib, “Aka G‘ijduvonga prokuror bo‘lib keldim, buyog‘iga menga qarashib turasiz, men ham sizning ishlaringizga yordamlashaman” deb turli xil xizmatlarni buyura boshlagan.

2019 yilning bahorida “keyinchalik ishlariga yordamlashish evaziga” uyini ta'mirlab berishni so‘ragan. Bunga yo‘q deya olmagan Halimov, ta'mir uchun 25.500 dollar miqdorida pul sarflagan.

Uning tag‘in yozishicha yangi prokurorning ishtahasi shu bilan bosilmagan. Qisqa vaqt ichida Shodiev Buxoro shahridagi “Eski yog‘-moy zavodi” o‘rnida qurilgan uylarni sotib olib, ularning isitish tizimi uchun AKFA batareyasi, kotel, santexnika uskunalari, vanna va gilamlar sotib olishni Akmalga buyuradi. Bu jihozlar uchun o‘z plastik kartasini ishlatgan Akmal Halimov 13-14 million so‘mga isitish tizimi, 10-11 million so‘mga santexnika jixozlari, 1700 dollarga gilam sotib olib berganini aytadi.

“Ammo hurmatli prokurorimizning topshiriqlari ko‘pligi bois hammasini qila olmadim” deya e'tirof etadi o‘zining Bosh prokuraturaga yozgan shikoyatida Halimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin tuman prokurori o‘zining noqonuniy topshiriqlarini bajarmagani va bergan qarzlarini qaytarishni so‘ragani uchun o‘ch olishga kirishadi.

2020 yilning 29 mayida uning jiyani Halimov Baxtiyor va o‘g‘illari Rajabov Shaxboz, Sanoev Murodlar G‘ijduvon tuman Paxta tozalash zavodi oldida 13 kishi tomonidan kaltaklanadi. Voqea aks etgan videotasvirlar va dalillar taqdim qilinishiga qaramay ulardan faqat 5 kishigagina jinoyat ishi ochiladi, voqeada bevosita qatnashgan, Halimovning iddaosiga ko‘ra prokurorning zakazini bajargan ichki ishlar amaldori suvdan quruq chiqadi va tez orada bu ish ham yopiladi.

«Garchi aynan shu IIB xodimi mening yaqinlarimni kaltaklashda qatnashgan, ko‘pchilik bo‘lib o‘g‘limni urishganida uning qo‘llarini qayirib ushlab turgan. Bu tergovga taqdim etilgan videotasvirlarda va boshqa guvohliklarda ham aks etgan» deydi Halimov.

Shikoyat xatini o‘qish barobarida prokurorga shuncha pul bergani, unga shunchaki qarashib turganini iddao qilayotgan fermer Halimovning ham oppoq va halimdek yumshoq emasligi ko‘zga tashlanadi.

Masalan u, prokuror iltimosi bilan uning haydovchisi bolasini xususiy bog‘chaga joylab qo‘ygani, ammo u bir yil davomida biror marotaba ham to‘lovlarni amalga oshirmagani.

Shuningdek, prokurorning kimlarnidir ishdan olib, bu mansabga pul evaziga boshqasini qo‘yish uchun odam topish kabi topshiriqlarini bajargani haqida yozadi.

“G‘ijduvon tuman prokurori mendan olgan qarzlarini qaytarish maqsadida meni xizmat xonasiga chaqirib, “Odam toping, ya'ni pullik ish, birortasini ishdan olish yoki ishga qo‘yish. Shunaqa ishlar bo‘lsa, sizdan olgan qarzlarni qaytaraman” deb aytdi.

Shundan so‘ng men tumandagi maktabgacha ta'lim bo‘limiga raxbar sifatida qo‘yish uchun Gulmira ismli opani topdim. Shodiev “tekshirish” o‘tkazib, oldingi raxbar Hidoyat Rahmonovani ishdan olib, uning o‘rniga Yusupova Gulmirani tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi raxbari etib tayinladi” deya yozadi u.

Biroq tag‘in Halimovning yozishicha, Yusupova ishga o‘tganidan keyin prokuror talab qilgan 10 ming dollarni bera olmaydi va taxminan 6-7 oydan so‘ng uning ish faoliyati ham tekshirilib, unga nisbatan jinoyat ishi ochiladi. Biroq tergov yakunida Yusupova javobgarlikdan ozod etilib, mutlaqo aybsiz bo‘lgan boshqa bir shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Boshqa bir holatda esa, prokuror tuman xalq ta'limi mudirini ishdan olish bo‘yicha tekshirish o‘tkazgan. “Bundan ko‘zlangan maqsad ham tuman xalq ta'limi raxbarini pul evaziga almashtirish edi” deya yozadi Halimov.

“Bo‘lim mudirini ishdan olish uchun, prokuror uning o‘rinbosari Shavkat Nabiev bilan kelishib, viloyat xalq ta'limi bo‘lim boshlig‘ini chaqirganiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Zebo ismli bo‘lim mudirasini ishdan olish uchun tuman hokimi va viloyat boshqarmasiga xat chiqarildi. Ish amalga oshmagach, prokuror Xalq ta'limi vazirligiga taqdimnoma berdi. Biroq tuman prokurorining bu rejalari ham puchga chiqdi” deya eslaydi Halimov.

Eng qizig‘i, uning yozishicha, yuqoridagi barcha holatlar tasdig‘ini topgan bo‘lsa-da Bosh prokuratura Shodievga nisbatan chora ko‘rmagan. Ish prokurorning ishdan bo‘shatilishi tugagan.

Uning xotini nomidagi “Jentra” va yetti ming dollarni haydovchisi orqali berish bilan “qarzni uzish”, «prokurorga qarashib turish» deb nomlangan o‘zaro munosabatlar ham qiyomiga yetgan ko‘rinadi.

Eltuz uydagi gapni ko‘chaga olib chiqadi. Kanalimizga obuna bo‘ling, videolarimizga layk bosing.

Tag‘in o‘qing
6 sentyabr 2017
5 sentyabrda O‘zbekistonda konvertatsiya ochilishi bilan, horijiy valyuta faqat konversion kartochkalarga o‘tkazish orqali sotilishi ma'lum bo‘ldi. Garchi rasman O‘zbekiston ...
22 may 2016
Tojikiston konstitutsiyagi o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutgan referendum prezident Imomali Rahmon hokimiyatini amalda yanada mustahkamlashga qaratilgani aytiladi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar ...
27 may 2019
O‘zbekistonda issiqlik ta'minoti, issiq suv, gaz va sovuq suv, elektr energiyasi narxlari tobora o‘sishda davom etmoqda. Ilgari mamlakatda odatda ...
6 mart 2019
O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 5 mart kuni bildirishicha, 10 yillik qamoq jazosini uyda o‘tayotgan 47 yoshli Gulnora Karimova  “jazoni o‘tash ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...