Elak
6 mart 2019

Bosh prokuratura: Gulnora Karimova uy qamog‘idan umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazildi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 5 mart kuni bildirishicha, 10 yillik qamoq jazosini uyda o‘tayotgan 47 yoshli Gulnora Karimova  “jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, 2019 yil 5 martda jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi” belgilangan.

Prokuratura bayonotida ta'kidlanishicha, Jinoyat jshlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 1972 yilda tug‘ilgan Karimova Gulnora Islomovnaga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bosh prokuratura axborotida Gulnora Karimovaning uy qamog‘ini o‘tagani borasida tafsilotlar bor.

“Insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganligini e'tiborga olgan holda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan G.Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan. Ozodlikni cheklash jazosini o‘tash joyi etib, mahkuma G.Karimovaning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan”.

Bosh prokuratura axborotida mahkuma Gulnora Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va Internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgani ta'kidlanadi. Shuningdek, mahkuma Gulnora Karimovaga ozodlikni cheklash jazosini o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek, sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda sud jazoning o‘talmay qolgan muddatini boshqa jazo bilan almashtirishi mumkinligi tushuntirilgani ham aytilgan.

Karimova nega qamoqqa qaytarildi?

Bosh prokuratura axborotida “mahkuma Gulnora Karimova  jazoni o‘tash davrida sud tomonidan o‘rnatilgan cheklovlarni muntazam ravishda buzib, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagani aytilib, misol keltirilgan:

“Xususan, mahkuma G.Karimova 2018 yil 22 noyabr kuni yashash joyidan o‘zboshimchalik bilan chiqib ketgan hamda jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzmaslik haqida ogohlantirilgan.

Ogohlantirishga qaramasdan, G.Karimova o‘ziga tegishli xulosa qilmasdan, jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzishda davom etgan”.

Gulnora Karimova internetdan foydalangan

Bosh prokuratura axborotida cheklovga qaramasdan, Gulnora Karimova “muntazam ravishda aloqa vositalaridan, shu jumladan, Internetdan foydalangani, jinoyat ishi bo‘yicha aniqlangan o‘zi tomonidan yetkazilgan zararning qoplanishiga faol to‘sqinlik qilgani» aytiladi.

Bundan oldin Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova  onasining prokuratura xodimlari tomonidan o‘g‘irlanganini bildirdi.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti nabirasi Imon Karimova o‘zining Instagram akkauntida onasi Gulnora Karimovaning prokuratura xodimlari tomonidan uyidan olib ketilgani haqida tashvishli xabar tarqatdi. Xabardan ma'lum bo‘lishicha, 2018 yilning iyunida Gulnora Karimova MShO (muddatidan oldin shartli ozod etish)ga ko‘ra ozod etilgan va Toshkentdagi kvartirasida qizi bilan yashab kelgan.

Iman Karimova instagramidan

«Bugun taxminan 19:00da o‘zbek prokuraturasi xodimlari, jumladan, Muhammedov Ilyos mening Toshkentdagi kvartiramga bostirib kirishdi, u yerda men onam bilan 2018 yilning iyunidan yashab kelganman, mening onam Gulnora Karimova MShO (muddatidan oldin shartli ozod etish)ga ko‘ra ozod etilgan edi. U avvaliga «rahbariyat» nomidan oyimga tahdid qildi, keyin bir necha minut o‘tib prokuraturaning boshqa xodimlarini boshlab keldi, ular bilan birgalikda oyimni vannaxonadan chiqarib, noma'lum tomonga olib ketishgan. O‘zbek tomoni juda ko‘p faktlarni yashirishni istayapti va kelishuvga erishilgan edi, biroq, afsuski, o‘zbek prokuraturasining shaffofligi va qonunning yo‘qligini anglatuvchi bunday munosabatdan keyin endi chidash mumkin emas. Bu kabi noqonuniy harakat nafaqat Konstitutsiya va inson huquqlariga qarshi, balki mamlakatga bo‘lgan biror qiziqish, eng avvalo, sog‘lom investorlarni hurkitadi. Hozirgi paytda uning (G.Karimovaning – Eltuz) qaerdaligini, unga nima bo‘lganini hech kim bilmaydi, biroq Shveytsariyadagi advokatlar va prokurorlar allaqachon xabardor va choralar ko‘rishmoqda. Bunday harakatlar O‘zbekistonga har qachongidan jiddiy va tenglik asosida qarayotgan, bunday nohaqliklar taqiqlangan rivojlangan davlatlar shahdini so‘ndiradi. Agar unga nisbatan shu hol yuz berayotgan ekan, demak hech kim himoya qilinmagan. Bu «odamlar» mamlakatimiz imiji va aholining qonunga bo‘lgan ishonchiga pand berishmoqda. Menga va mening oilamga ma'lum bo‘lgan barcha tafsilotlarni ochiqlashni (nafaqat ayni shu harakatni sodir qilayotgan hukumatdagi odamlar va “biznesmenlar” bilan kelishuvga ko‘ra) istamasdim, biroq oyimni hech bir tushuntirishsiz va noqonuniy kuch ishlatib, kvartirasidan bitta xalatda olib chiqishgan, bunga isbot bor, agar vaziyat barqarorlashmasa, men  ortiq jim turishga qodir emasman. Har kuni boshliqlar/raislar almashadigan va bu odamlar ustidan zo‘rovonlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizning prezidentga borib taqaladigan, uning siyosati mamlakatdagi vaziyat nazoratiga pand beradigan bizning tuzumni allaqachon kamdan-kam odam jiddiy qabul qilmoqda», – deyiladi Imon Karimova Instagram orqali tarqatgan ma'lumotda.

Keyinchalik u tag‘in bir bildirish chop etdi:

 «Hozirgi paytda prokuratura xodimlari mening shaxsiy mulkim bo‘lgan kvartirada yurib, uy ichida o‘rnatilgan kameralardan yuzlarini berkitib, daliliy ashyolarni yo‘q qilishga urinishmoqda. Shundan keyin ham bizga teng munosabatda bo‘lindi, deb hisoblaymizmi? Izzatini saqlaymizmi? Hech qachon bunday bo‘lmaydi! Bu butun dunyoga katta sharmandalik, prokuratura xodimlarining kvartiradagi odamni va mening shaxsiy buyumlarimni o‘g‘irlaganlaridan keyin ham yuzlarini kapyushon ortiga yashirib yurishlari».

2015 yili soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, 2 mlrd dollar atrofidagi mablag‘ o‘marish va boshqa moliyaviy jinoyatlarda ayblangan Gulnora Karimova besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Karimova ustidan sud maxfiy tarzda o‘tdi, jinoyat ishi detallari noma'lumligicha qolmoqda.

O‘tgan yilning dekabrida  uning o‘g‘li Islom Karimov onasi Gulnora Karimovaning prezident Shavkat Mirziyoev islohotlarini qo‘llab- quvvatlashi va O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishni istayotgani haqida yozgan edi.

«U (Gulnora Karimova) moliyaviy, ham jismonan mamlakat rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z iqtidorida borini qilishga qaror berdi. U butun umri davomida yiqqanlarini, bilimdan boshqa hech bir shaxsiy foydani ko‘zlamasdan, yaxshi kelajak qurilishida ishtirok etishga, izdoshlarini ilhomlantirishga va yordam tegadigan jarayonlarda foydali bo‘lishga tayyorligini bildirdi», – deyiladi kichik Islom Karimov bayonotida.

(Foto: Imon Karimovaning instagram sahifasidan)

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 noyabr 2015
Qudrat Bobojon Eltuz.com Abdulaziz Karimning yangi “G‘arib og‘och” ashulasini tinglarkan qandaydir kayfiyat meni hech tark etmadi, na qo‘lim ishga ...
16 may 2018
Mirziyoevning AQShga safari boshlangan 16 mayda Rossiya nashrlari IShIDning 5000 jangarisi O‘zbekistonga hujum qilishga tayyorligi haqida feyk xabarlarni tarqatdi. ...
29 oktyabr 2023
Lekin bir xalq mudrab, yotinqirasa,Har kimga o‘z tinchi yoqinqirasa,Shoirlari qo‘rqib bosinqirasa,Xalqni kim uyg‘otar,Savolim shuldir?! Ushbu satrlar muallifi, o‘zbek modern ...
5 oktyabr 2023
Bundan 85 yil avval qonli bir tun bo‘ldi… «4 oktyabrdan 5 oktyabrga o‘tar kechasi, hamma uxlagan vaqtda Fitrat, Abdulla ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...