Document UZ
21 may 2020

Toshkent shahri madaniyat markazining xodimlari karantinda ishdan bo‘shatildi

Toshkent shahri markaziy madaniyat markazining kamida 7 nafar xodimi karantin davrida ishdan bo‘shatildi. 

Markaz administratori Shuhrat Tohirov xodimlar, jumladan, uning o‘zi ham joriy yilning 6 fevralida Madaniyat vazirligi taftish guruhi o‘tkazgan majlisdan keyin bir oy o‘tib, markaz direktori Zohida Umarovaning buyrug‘i bilan bo‘shatilganini «Eltuz»ga bildirdi.   

Qo‘shiqchi Iroda Allaberganova uni va hamkasblarini Madaniyat markazi direktori Zohida Umarova ustidan shikoyat yozishgani uchun qasddan bo‘shatishganini iddao qilmoqda.

Madaniyat markazining “Ritm” raqs dastasi sahnalashtiruvchi rejissyori lavozimida ishlagan Iroda Allaberganova o‘z mehnat daftarchasini 6 may kuni pochta orqali olganini aytadi.

“Men ishdan bo‘shash haqida ariza bermaganman. Markaz direktori Zohida Umarovaning o‘zi o‘tgan sana bilan buyruq chiqarib, bizni ishdan bo‘shatyapti, mehnat daftarchamizni esa pochta orqali uyimizga jo‘natyapti”, dedi u.

Uning bildirishicha, markazning 7 nafar xodimi 2020 yilning 3 yanvarida Toshkent shahri va Yunusobod tumani prokuraturalariga shikoyat yozishgan. Shundan so‘ng 6 fevralda Madaniyat vazirligi arizani tekshirish uchun ishchi guruh yuborgan.

“Biz hamkasblarim bilan direktorimiz Zohida Umarovaning mukofot pullarimizni o‘zlashtirayotgani yuzasidan shikoyat qilganmiz. Yig‘ilishdan ko‘p o‘tmay, bizni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida buyruq chiqarib, mehnat daftarchamizni pochta bilan uyimizga jo‘natyapti”, deydi Allaberganova.

Vazirlik ishchi guruhi 2020 yil 6 fevralda tasdiqlagan ma'lumotnomaga ko‘ra, “markazda moliyaviy masalalar, xususan, xodimlarning ish haqlarini o‘zlashtirayotganligi, haqiqatda ishlamagan xodimlarga ish haqi ajratayotganligi, berilmagani, pul mablag‘lari talon-taroj holatlari yuzasidan” dalolatnoma tuzilgan.

“Markazda mehnat qonun hujjatlariga amal qilmagan holda xodimlarni ishga qabul qilish va mehnat shartnomasini qayd etish kitobida 2019 yil uchun 111 ta buyruqdan 22 ta buyruq qayd etilgan bo‘lsa, qolgan 89 ta buyruq qayd etilmagan”, deyiladi, jumladan, ma'lumotda.

Markaz administratori Tohirovning so‘zlariga ko‘ra, ishdan bo‘shatilganlar rejissyor, qo‘shiqchi,  raqqosa va administrator kabi lavozimdagilardir. U bo‘shatilganlar o‘rniga kim tayinlanganini hozircha bilmasligini aytadi, chunki markazning o‘zi karantin uchun hamon yopiqligicha qolmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 may 2017
12 may kuni Toshkentda atoqli o‘zbek shoiri Tursunboy Adashboev yurak hurujidan vafot etdi. Tursunboy Adashboev 1939 yil 1 yanvarida O‘sh ...
11 oktyabr 2022
Eltuz «600 sekund» xabarlar tasmasini taqdim etadi. +++ Toshkent shahrida fojiali avtomobil to‘qnashuvi ro‘y berdi. Maxtumquli ko‘chasida BMW yo‘lni ...
9 aprel 2016
O‘zbekistonda bitiruvchilardan ish bilan ta'minlangani, ko‘plari esa uy ishlariga bandligi yuzasidan qo‘shib yozishlar bo‘layotgani, ish haqi esa nihoyatda pastligi ...
28 iyun 2023
Toshkentlik ayol Dilrabo Sherova akusher-ginekolog Dilya Sataevani 26 haftalik egizak farzandlari o‘limiga sabab bo‘lgan ehtiyotsizlikda aybladi.     25 ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...