Document UZ
4 mart 2024

Poplik fermer ayolning yeri va g‘allasi tortib olindi

Sharifa To‘ychieva hokimning noqonuniy qarori bilan yeridan mahrum bo‘lgan yuzlab baxtsiz fermerlardan biri. Uning hikoyasidan anglashiladiki, qonun buzilishi prokuratura tomonidan e'tirof etilgan, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sudda fermerning da'vosini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, Pop tumani hokimi A'zamjon Sultonovning noqonuniy qarorini tuzatish mexanizmi mavjud emas.

2018 yil fevral oyida Pop tumani hokimi A'zamjon Sultonov qarori bilan “Mirzabedil Temurbek” fermer xo‘jaligiga 36 gektar yer 49 yil muddatga ijaraga berildi. Bu fermer xo‘jaligi rahbari Sharifa To‘ychieva hech qachon yerdan voz kechishni niyat qilmagan.

2019 yil 18 yanvar kuni kechqurun hokim buyrug‘i bilan Sharifa To‘ychieva va yana 300 ga yaqin fermer Pop tumani madaniyat saroyiga yig‘ildi. Majlisda fermerlarga yerni ixtiyoriy ravishda davlatga topshirish haqida ariza yozishmasa, zaldan chiqib ketishga ruxsat berilmasligi ma'lum qilindi. Aksariyat fermerlar ariza yozishga majbur bo‘ldi. Yarim tun bo‘lib, hokimlik xodimlari charchoqdan e'tiborsizroq bo‘lib qolgach, Sharifa To‘ychieva o‘zini ariza yozgandek qilib ko‘rsatib, hokim o‘rinbosariga oq qog‘oz uzatdi. Shunday qilib, u yerdan voz kechmasdan zalni tark etishga muvaffaq bo‘ldi.

Fermerlardan yerlarning ommaviy ravishda tortib olinishi sababi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining yer maydonlarini maqbullashtirish to‘g‘risidagi qarori ijrosi bilan izohlandi. 

Qarorda yerlarni ommaviy musodara qilish zarurligi haqida umuman gap bo‘lmasa-da, “maqbullashtirish” natijasida Pop tumanida fermerlardan tortib olingan 6 ming gektardan ortiq maydon, jumladan, Sharifa To‘ychievaning yeri ham “Art Soft Tex” paxta klasteriga o‘tkazildi. 

Hududda qolgan yerlar boshqa fermerlarga qayta taqsimlandi.

Fermer yerdan voz kechish haqida ariza yozmagani sababli uni olib qo‘yish uchun hokimlikning qonuniy asoslari yo‘qligiga ishongan edi. Ammo u xato o‘ylagan.

2019 yil 18 yanvarda Sharifa To‘ychievaga tegishli yer davlat zaxirasiga qaytarildi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, hokimlik yerni ijaraga berish to‘g‘risidagi shartnomani muddatidan oldin bekor qilish uchun yerdan ixtiyoriy ravishda voz kechish haqidagi ariza asos bo‘lganini ko‘rsatgan. Ariza esa To‘ychievaga notanish inson Yo.Mirzobedilova tomonidan yozilgani ko‘rsatilgan. Biroq Sharifa To‘ychievaning aytishicha, u bunday familiyadagi shaxsni umuman tanimaydi. 

To‘ychieva 2019 yil bahorda mo‘l hosil olish umidida bug‘doy yetishtirayotgandi. “Popdonmahsulot” davlat korxonasi bilan imzolangan shartnomaga ko‘ra, 2019 yil 31 avgustga qadar u davlatga 24 tonna bug‘doy topshirishi kerak edi. 

Fermerning so‘zlariga ko‘ra, yer unga rasman tegishli bo‘lmagani sababli yerning yangi egasi u yetishtirgan 26 tonna g‘alla hosilini yig‘ib olib ketgan.

Sharifa To‘ychievaning muammolari shu bilan tugamaydi. Yer olib qo‘yilgan vaqtda fermer xo‘jaligi 2018 yilda paxta yetishtirish uchun olingan kreditni to‘lashga hali ulgurmagandi. Shu sababli qarzdorlikni tugatish maqsadida tuman hokimligi To‘ychievani go‘yo issiqxona qurish uchun boshqa kredit olishga ko‘ndirgan. Bu kredit paxta yetishtirish uchun sarflangan eski kreditni qoplash uchun olingan edi.

So‘nggi bir necha yil ichida To‘ychieva o‘nlab idoralarga shikoyat qilgan. Namangan viloyati prokuraturasi To‘ychievaga bergan javobida yer uchastkasi qonunga zid ravishda olib qo‘yilganini tan oladi:

“Murojaatingizni o‘rganish davomida “Mirzabedil Temurbek” fermer xo‘jaligining 36,8 gektar yer maydoni qonun talablariga zid ravishda tuman hokimligi zaxirasiga kaytarib olinganligi sababli tuman hokimining 18.01.2019 yilgi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida Pop tumani Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan 2023 yil 2 mayda Namangan tumanlararo ma'muriy sudiga ariza kiritilgan”, deyiladi Namangan viloyati prokuraturasi xatida. 

2023 yil 12 iyul kuni Namangan shahri ma'muriy sudi To‘ychievaga tegishli fermer xo‘jaligi yerining tortib olinishi masalasida hokim A'zamjon Sultonov tomonidan imzolangan qarorni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da'vosini ko‘rib chiqdi. Biroq fermer shikoyat arizasini topshirish uchun 3 oylik muddatni o‘tkazib yuborgani bois sud uni qanoatlantirishni rad etdi.

Shunday qilib, Sharifa To‘ychieva yerdan hech qachon o‘z xohishi bilan voz kechmagan, Pop tumani hokimligining 49 yillik ijara shartnomasini bekor qilishga qonuniy asoslari bo‘lmagan, bundan atigi bir yil avval imzolangan va tegishli tartibda rasmiylashtirilgan shartnomasi mavjudligiga karamay, yer qonunga zid ravishda olib qo‘yilgan. Natijada Sharifa To‘ychieva oilasi bilan yashash uchun daromad manbaini yo‘qotgan holda yersiz va ishsiz qoldi. 

To‘ychieva bilan sodir bo‘lgan mazkur holat yagona emas. O‘zbekistonda yerga egalik huquqi himoyalanmagani ortidan yer fermerlardan istalgan vaqtda tortib olinishi mumkin. Prezident va hukumatning yerdan foydalanish huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida ketma-ket qabul qilinayotgan qarorlari o‘z-o‘zidan ishlab ketmaydi.

Yerdan foydalanish bo‘yicha buzilgan huquqlar sud va prokuratura organlari tomonidan tiklansa, Sharifa To‘ychieva kabi fermerlarning yerlari qaytarib berilsa, qonunga xilof qarorlar qabul qilgan hokimlar jazolansa, shundagina huquqlarni himoya qilish mexanizmi ishlaydi.

Tag‘in o‘qing
22 dekabr 2017
22 dekabr kuni prezident Mirziyoev O‘zbekiston Oliy Majlisiga murojaatida mamlakat harbiy doktrinasi butunlay boshqatdan ko‘rib chiqilayotgani haqida gapirdi. «Hokimlar ...
13 aprel 2024
O‘zbekistonning barcha avtoyo‘llari 42,869 kilometrni tashkil qiladi. Povorotlar ikki xil – o‘ngga va chapga. Shu yo‘lning har bir kilometrini ...
20 fevral 2016
Kuni kecha 7 yillik qamoq jazosiga xukm qilingan jizzaxlik fermer Aramais Avakyanning turmush o‘rtog‘i Shirin Tursinovani yashab turgan maxallasidan ...
25 may 2020
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi «o‘zbek olimi koronavirusga qarshi qurilma yaratdi», deb xabar berdi. «Ixtiro» muallifi – o‘zbekistonlik olim Olimjon ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...