Asosiy mavzular
2 aprel 2018

Alisher Akmalovning qamalishi yoki Markaziy bankdagi o‘yinlar

O‘zbekistonning iqtisodiy qon tomiri, oltin-valyuta zaxiralarini o‘zida saqlovchi Markaziy bankning yana bir yuqori mulozimi, 23 yil davomida sobiq rais Fayzulla Mullajonov bilan yonma-yon ishlab kelgan rais o‘rinbosari Akmalov Alisher Valievich 2018 yilning 17 mart kuni Toshkent shahrida hibsga olindi.

Akmalov respublika bank tizimidagi yirik arbob sifatida tanilgan edi. “Eltuz” bilan suhbatlashgan bank mulozimiga ko‘ra, bankirlar uning ismi-familiyasini aytishdan qo‘rqib, «11-nchi» deyishardi. Sababi, tug‘ilgan kuni 11 noyabr va Markaziy bankda joylashgan kabineti 11-qavatda joy olganligi bilan ham nom qozongandi.

“Markaziy bankning sobiq raisi F.Mullajonov Akmalovdan nihoyatda qo‘rqar edi. Chunki Akmalov Prezident Mirziyoev tomonidan umrbod qamoq jazosini olgan MXX mulozimi Shuhrat G‘ulomovning eng yaqin odami bo‘lib, uning barcha topshiriqlarini so‘zsiz bajarib kelgan. Qolaversa, Mullajonov biznesi sir-sinoyatidan Akmalov to‘la xabardor bo‘lgan”, deya ta'kidlagan mulozimning ishonishicha, “Akmalovga sobiq rais umuman qattiq gapirmagan. Barcha yig‘ilishlarda rais bo‘la turib, Akmalovning hurmatini joyiga qo‘yib kelardi. Shu bois ham unga prezident Karimovdan “Shuhrat” medali va “El-yurt” ordeni olib bergan”.

“Eltuz”ga ma'lum bo‘lishicha, Mullajonov kadrlar ishiga, valyuta va konvertatsiya ishlariga mutlako aralashmagan. Hech qachon o‘rinbosarlari va xodimlaridan tili qisiq bo‘lmaganligi bois, bank tizimini 25 yil boshqargan.

“Eltuz” bilan suhbatlashgan bank mulozimi nazarida “bundan foydalangan Akmalov tizim ishining barchasini o‘z qo‘liga olgan”.

Akmalovning kuch-kudrati bilan Markaziy bank ish haqi, ya'ni oylikning yuqoriligi bo‘yicha respublika tashkilotlari ichida birinchi o‘ringa ko‘tarilgani aytiladi.

“Moliya vazirligi, Iktisodiyot vazirligi, Prezident devoni va boshqa nufuzli tashkilotlarda xodimlar ertalabdan kechgacha ishlab, o‘rtacha 1 mln. so‘m oladigan bo‘lsa, Markaziy bankda oylik 5-6 mln so‘mni tashkil etdi. Bunga asos ham bor. Har bayramda kamida 2 mln. so‘m mukofot puli, yiliga bir marotaba 13-oylik degan mukofot puli beriladi”, “ deydi “Eltuz” bilan gaplashgan bank xodimi.

Ayni paytda Akmalovning oyligi 5 mln so‘m, 13-oyligi esa 25 mln so‘mni tashkil etganligi borasida hujjatlar mavjud.

Markaziy bank xodimining “Eltuz”ga aytishicha, “Akmalovning qo‘li uzun bo‘lishiga uning ukasi Qahramon Akmalov ham sababchi.

Qahramon Akmalov Hisob palatasi rais o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, hozirgi kunda esa bosh vazir o‘rinbosaridir.

Akmalov Markaziy bank rais o‘rinbosari bo‘lib ishlagan davridayoq bank tizimini o‘z qo‘liga olishni mukammal rejalashtirgani aytiladi.

Markaziy bank raisining bugungi kunda birinchi o‘rinbosari Temur Ishmetov bundan bir necha yil oldin Akmalovning yordamchisi bo‘lib ishlagan.

Temur Ishmetovning mansab pog‘onalari

“Eltuz” suhbatlashgan Markaziy bank mulozimiga ko‘ra, uzoqni ko‘rib ishlagan Akmalov Temur Ishmetovni bundan bir necha yil oldin yordamchi lavozimidan ichki bozorni ayirboshlash, ya'ni konvertatsiya boshqarmasiga rahbar etib tayinlagan.

“Ana o‘shandan so‘ng Akmalov o‘zi uchun osmonga uchish bo‘yicha qanotlarini mustahkamlay boshladi”, deya davom etadi suhbatdosh.

Sababi, bank mulozimiga ko‘ra, ushbu boshqarmada T.Ishmetov ko‘p yil rahbar bo‘lib, xalqni qiynab kelayotgan konvertatsiya masalasida Akmalov topshirig‘i bilan “davrim keldi” qabilida ish tutib kelgan.

Shuningdek, uning bildirishicha, Akmalovga konvertatsiya masalasini hal qilib berishni so‘rab, mamlakatning kazo-kazo rahbarlari doimo iltimos bilan murojaat qilib kelishgan. Ushbu “iltimoslar” esa Temur Ishmetov orqali ancha yil davomida “bajarilib” kelingan.

Orada konvertatsiya departamentiga tekshiruv kelib, Akmalov o‘zidan qo‘rqib, zudlik bilan Ishmetovni boshqa joyga o‘tkazish haqida bosh qotiradi – uni valyuta departamentiga rahbar qilib qo‘yadi.

Ishmetovning o‘rniga esa yuridik departamentda xodim bo‘lib ishlab yurgan Vohid Hamroqulovni rahbar etib tayinlaydi. Vohid Hamroqulovga keyinroq to‘xtalamiz.

Temur Ishmetov, “Eltuz”ga bildirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Akmalovning topshirig‘i bilan ushbu departamentda valyuta operatsiyalarini amalga oshira boshlaydi. Oradan ancha muddat o‘tib, prezident tashabbusi bilan Investitsiya qo‘mitasi tashkil etiladi.

“Akmalov Ishmetovni endi Investitsiya qo‘mitasiga birinchi o‘rinbosar qilish payiga tushadi. Bu, albatta, uning uchun judayam oson ish edi. Sababi, Investitsiya qo‘mitasi raisligiga “Asakabank” raisi Azim Ahmedxo‘jaev tayinlangan edi”, deydi suhbatdosh.

Uning tag‘in “Eltuz”ga bildirishicha, Akmalovning topshirig‘i bilan Ishmetov unga o‘rinbosar bo‘ladi. Shu orada Markaziy bank raisi F.Mullajonov vafot etadi. Uning vafot etishi Akmalovga qo‘l keladi va Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan S.Xo‘jaevni lavozimidan bir pog‘ona tushirish evaziga Markaziy bankka yangi rais bo‘lgan M.Nurmurodovga taklif bilan kiradi.

Nurmurodov uning taklifini qo‘llab-kuvvatlab, T.Ishmetovni uning o‘rniga birinchi o‘rinbosar qilib olib keladi. Shu zayl Markaziy bank butunlay Akmalov va Ishmetovning shaxsiy korxonasiga aylanadi.

Yaqinda “Eltuz” saytida bosilgan “Markaziy bankni Ishmetov boshqaryaptimi?” sarlavhali maqolalarda keltirilgan iddaolarda jon bor edi. Ishmetov lavozimga kelgan kunidan boshlab konvertatsiya butunlay Ishmetov va Akmalov mulkiga aylanadi.

Ana endi shu yerda Voxid Hamroqulov haqidagi hikoyani davom ettiramiz.

Hamroqulov Ishmetovning ishini davom ettirarkan, Akmalov uni ham qo‘lga oladi.

Vohid Hamroqulov 2018 yilning fevraliga qadar konvertatsiya bo‘yicha Akmalovning asosiy odamiga aylanadi. Aslini olganda, Akmalov konvertatsiya ishlariga aralashishga mutlaqo mas'ul emas edi.

Ushbu boshqarmani nazorat qiluvchi alohida rais o‘rinbosari bor esa-da, ular nomigagina kurator bo‘lib kelgan.

Konvertatsiya “sxemasi”

Markaziy bank xodimi “Eltuz”ga konvertatsiya bo‘yicha tuzilgan korruptsion sxemani quyidagicha tushuntirdi. Vohid Hamroqulov tijorat banklaridan kunlik konvertatsiyaga ariza bergan korxonalar ro‘yxatini olib, T.Ishmetov yoniga olib kiradi. T.Ishmetov uni ko‘rib chiqib, Nurmurodov, Akmalov tomonidan buyurilgan va o‘ziga tegishli korxonalarni konvertatsiya qilinadiganlar ro‘yxatiga kiritadi.

V.Hamroqulov bu ro‘yxatni olib birjaga jo‘natadi. Birja o‘sha kunning o‘zida konvertatsiya qilib beradi. Ayni sxema bois, bank xodimiga ko‘ra, mamlakatda konvertatsiya muammosi doimiy bo‘lib kelgan.

Bank xodimi, shuningdek, “Eltuz”ga konvertatsiya masalasi bo‘yicha korruptsion sxemaga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ham aralashganini bildiradi. Uning bildirgan konfidentsial ma'lumotlariga ko‘ra, 1 mln dollar konvertatsiya evaziga, kamida 300-350 ming AQSh dollari miqdorida mukofot olib kelingan. Shu bois Jamshid Qo‘chqorov, bank xodimining aytishicha, T.Ishmetovni o‘ziga yaqin olib, uni AQSh va boshqa xorijiy davlatlarga yonida olib borib, juda katta miqdorda konvertatsiya qildirgan.

Shuningdek, “Eltuz” manbasi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning Amerika maktabida o‘qiyotgan o‘g‘liga yillik 25 ming AQSh dolllari miqdoridagi mablag‘ to‘lanishini, Ishmetovning yiqqan boyligi esa 300 mln AQSh dollarini tashkil etishini bildiradi.

Uning tag‘in “Eltuz”ga bildirishicha, B.Zohidov ham ancha yillardan beri Markaziy bank rais o‘rinbosari Akmalovning barcha topshiriqlarini bajarib kelgan mulozimlardan biridir. B.Zohidovni ham Akmalov oldindan puxta tayyorlab, aholiga valyuta sotish boshqarmasiga rahbar etib tayinlatgan edi.

Shuningdek, bank mulozimi iddaosiga ko‘ra, O‘zbekistonga to‘lov terminallari va plastik kartochkalarini olib kirish ham Akmalovning shaxsiy biznesiga aylangan.

“23 yil davomida minglab terminallar konvertatsiya orqali O‘zbekistonga kirib kelgan. Buni Akmalov tijorat banklari rahbarlarining talabnomasi asosida kirib kelishini yo‘lga qo‘ygan va Botir Zohidov orqali katta pul ishlagan”, deydi u “Eltuz”ga.

Uning tag‘in bildirishicha, Zohidovning yiqqan boyligi 50 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

Bank xodimining “Eltuz”ga tag‘in bildirishicha, Akmalovning asosiy yaqin odamlaridan yana biri Sh.Hojizodaevdir.

“Turli lavozimlarda ishlagan Hojizodaev MBning Toshkent shahri boshqarmasiga Akmalov tavsiyasi bilan o‘tgan. O‘sha paytlarda poytaxt banklarida kuniga 1 mln. dollardan ziyod valyuta sotilar edi. Ana shu valyutani Hojizodaev Akmalov bilan birgalikda hal qilib kelgan mulozimlardan. Akmalov va Hojizodaev asosiy mablag‘ni shu yillari orttirishgan”, deydi bank xodimi.

Bank xodimining “Eltuz”ga aytishicha, Hojizodaevning yiqqan boyligi 250 mln AQSh dollarni tashkil etadi.

U “Trastbank” raisi bo‘lib ishlab yurgan kezida Akmalov bilan aloqani mustahkamlab kelgan. U o‘rniga Akmalovga tegishli bo‘lgan S.Normuhammedovni rahbar etib tayinlagan.

MBning Toshkent shahri boshqarmasi omborxonasida pul va oltin-valyuta zaxiralari saqlanadi. Shuning uchun ham Akmalov unga faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan kadrlarni rahbar etib tayinlagan. Hojizadaev ketganidan so‘ng U.Bahodirov, Sh.Shoahmedovlar rahbarlikka tayinlanib, Akmalovning topshiriqlarini bajarib kelishgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, saqlanayotgan oltin va pullardan Akmalov vaqti-vaqti bilan foydalanib turgan.

Bundan tashqari, banklar balansida turgan bankrot korxonalar bo‘yicha ham, Milliy bank, “Sanoatqurilishbank” va boshqa banklardagi korxonalarning sotilishi bo‘yicha ham korruptsion ishlar amalga oshirilgan.

“Masalan, “Sanoaqurilishbank” departamentining sobiq rahbari Rustam Qo‘chqorov va Markaziy bank investitsiya boshqarmasi boshlig‘i Z.Azimov tomonidan bank balansidagi korxonalarning sotilishi bo‘yicha sodir etilgan jinoyatlarni Akmalov “Sanoatqurilishbank” rais o‘rinbosari Sh.Yoqubov orqali bosti-bosti qilishga yordam bergan”, deydi “Eltuz” suhbatdoshi.

Shuningdek, u Akmalovning ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning o‘g‘li Boboxon Bobojonovni “Qishloqqurilishbank”da ishlab yurgan paytida o‘z nazoratiga olib, Markaziy bankning kredit uyushmalari va lombardlarini nazorat qilish departamentiga olib kelganini bildiradi.

“U yerda bir necha yil ishlatib, inspektsiya departamentiga direktor etib tayinlaydi. Biror xavf yuzaga kelsa Po‘lat Bobojonov orqali bosti-bosti qilish uning maqsadi edi. Lekin Po‘lat Bobojonov o‘g‘lining ishiga mutlaqo aralashmasligini u xayoliga ham keltirmagan”, deydi “Eltuz”ga bank mulozimi.

“Bor tovog‘im – kel tovog‘im”

Bank xodimining so‘zlariga ko‘ra, aksariyat tijorat banklarining rahbarlari Akmalov ko‘rsatgan va tayinlagan shaxslardir.

Mamlakatda 27 ta tijorat banki va uning 5000 mingdan ziyod filiali faoliyat

Ularda Akmalovning odamlari ishlashini “Eltuz”ga aytgan bank mulozimi bu shaxslar va tijorat banklarini nomma-nom keltiradi, ular quyidagilardir:

Milliybank – S.Rahimov, “Qishloqqurilishbank” – B.Mullaxonov, “Ipotekabank” – O.Musaev, “Asakabank” – sobiq raisi K.Oripov, Xalq banki – A.Abdullaev, “Sanoatqurilishbank” – rais o‘rinbosari Sh.Yoqubov, “Trastbank” – S.Normuhammedov, “Turonbank” – sobiq raisi D.Orifjonov.

Xulosa shuki, respublika bank tizimida bir necha yildan buyon faoliyat yuritgan birgina Alisher Akmalov o‘zining ucharlari bilan mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy putur yetkazgan.

Tegishli idoralar tomonidan mamlakatdagi bank amaldorlari faoliyatining nazoratga olinishi, mol-mulklarining xatlanishi yuzasidan “Eltuz”ga yetib kelayotgan ma'lumotlar Markaziy bank atrofidagi korruptsiyaning nechog‘li keng quloch yozganligini tasdiqlamoqda.

Botir Rajabov
Toshkentlik muallif taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 fevral 2019
“O‘zbekkontsert” “Bravo” va Halimaning litsenziyalarini bekor qilibdi. Hechqisi yo‘q, “O‘zbekkontsert”ning 3-4 ta tadbirida bepul qatnashib berishsa, sekingina hech kimga ...
23 iyun 2020
Prezident Shavkat Mirziyoev rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinning taklifiga binoan, joriy yil 23-24 iyun kunlari amaliy tashrif bilan Moskva shahriga ...
6 iyul 2019
“Eltuz” nashri jamoasi bir hafta davomida Germaniya poytaxti Berlinda yangi rejalarni belgilab oldi va navbatdagi treningdan keyin uch haftalik ...
16 may 2018
Mirziyoevning AQShga safari boshlangan 16 mayda Rossiya nashrlari IShIDning 5000 jangarisi O‘zbekistonga hujum qilishga tayyorligi haqida feyk xabarlarni tarqatdi. ...
Bloglar
13 aprel 2021
«Eltuz» kanalida o‘zining “Nyu-Yorkdan nazar” videoblogini yuritayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov e'tiborni ...
11 aprel 2021
«From Me to You» (Mendan senga) — Lennon va Makkartni dueti ijro qilgan zarif bir ...
8 aprel 2021
2010 yil 7 aprel kuni o‘z qarorlari bilan oziq-ovqat va kommunal xizmatlar uchun narx-navoni mislsiz ...