Asosiy mavzular
25 iyun 2018

O‘zbek fermeri: Bu yil bankrot bo‘laman

O‘zbek fermerlari qog‘ozda mustaqil sub'ektlar hisoblanishsa-da, amalda butunlay hokimiyatga qaramdirlar.

“Eltuz” Xorazm viloyatida bog‘dorchilik qilayotgan fermer bilan gaplashdi. Suhbatdan ma'lum bo‘lishicha, ularning bugungi holati sovet kolxozlarinikidan juda kam farq qiladi.

Fermerlar qanday ekin ekishni tanlash huquqiga ega emas. Narxlarni davlat belgilaydi va yer ijarasi bo‘yicha shartnoma bo‘lishiga qaramay, o‘zi xohlagan vaqtda fermer xo‘jaligining yerini “qayta taqsimlashi” mumkin.

O‘zbekistonda fermerlar juda himoyasiz sharoitda qolmoqda va ular hokimiyat tomonidan buyurilgan, o‘zlari uchun foydasiz ishni bajarishga majburlar.

Masalan, fermerlar pilla qurti boqish va uni davlatga past narxlarda sotishga majbur. Dehqonchilikka hech qanday aloqasi bo‘lmasa-da, fermerlar oyiga 100 kg metallolom topshirishi yoki uning pulini naqd to‘lashi shart. Yeri meva-sabzavot yetishtirishga yaroqsizligiga qaramay, bog‘bon fermerlar mahalliy hokimiyat ko‘rsatmasi bilan shunday ekinlarni ekishga majburlanadi.

Xorazm viloyati, 2018 yil 27 may, bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi raisidan intervyu.

-Fermer xo‘jaligingiz qachondan beri faoliyat yuritadi? Uning qanday tashkil qilingani va qonuniy asoslari haqida gapirib bering!

– 2006 yilda kolxoz tugatilishi munosabati bilan avvaldan oilaviy pudrat asosida o‘z qaramog‘imizda bo‘lgan 1 gektar bog‘imizni tuman hokimi qaroriga ko‘ra 50 yillik shartnoma tuzib fermer xo‘jaligi qilib berishdi. Ko‘p pul sarflab, qurigan daraxtlar o‘rniga yangi ko‘chatlar ekdik. Kelgusida yaxshi foyda olishni ko‘zlab o‘z cho‘ntagimizdan ayamay pul sarflaganimiz tufayli ikki yilgacha sarflagan xarajatimizni qoplay olmadik. 2008 yilda fermer xo‘jaliklarini optimallashtirish tufayli yerimiz boshqa fermer hisobiga o‘tib ketdi. Biz oilaviy ishchi sifatida o‘z yerimizni xo‘jalik hisobida yuritdik. 2014 yilda yana qaytadan optimallashtirish o‘tkazildi. Fermer xo‘jaligi yerlari yana qo‘ldan qo‘lga o‘tdi.

– Qayta-qayta optimallashtirishlarning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

– Bizda ishsizlik ko‘p. Yerlar qayta taqsimlanganda fermerlikka nomzodlardan pora olish imkoni tug‘iladi. Pora berishda yashirincha kimoshdi savdo bo‘ladi. Har gal ishsiz qolmaslik uchun mehnatimiz singgan bog‘imizni bir amallab saqlab qolganmiz. 2015 yilda bog‘dorchilik fermerlarining barchasiga paxta ekishga buyruq bo‘ldi. Fermerlar “Paxtasanoat” OAJ bilan shartnoma tuzishga majbur qilindi. 70 tup katta o‘rik daraxti, 200 tup yosh o‘rik, 170 tup uzum daraxtini hokimiyatning bosimi ostida o‘z qo‘llarimiz bilan chopib tashladik. 2014-2015 yillarda paxta yetishtirdik. 2016 yilda esa hokimiyatning topshirig‘i bilan poliz ekinlari ekdik. 2017 yilda esa yerlar yana qaytadan taqsimlanishi natijasida o‘z pechat va muhrimizga ega bo‘lib ishni yana qaytadan boshladik. Har gal yig‘ilishda hokimimiz “Buyruqni bajarmasang yoki yig‘ilishga kelmasang, yeringni tortib olaman”, deb po‘pisa qiladi. 2017 yil kuzda hokim janoblari fermerlarga 1 ga uchun 1000 metr kvadratdan sarimsoqpiyoz ekishni buyurdi. Har bir fermerga 10 kg.dan eksportbop sarimsoq urug‘ining kilosini 14 000 so‘mdan majburiy tarqatdi. Bozor narxi esa 7 000 so‘m edi. Sarimsoqni qo‘lda ekish juda azob ekan. 4 nafar ishchi yollab oila a'zolarimiz bilan 1000 m.kv. yerga 60 kg sarimsoqpiyoz ekdik. Ekib bo‘lishimiz bilan yana 1000 m.kv. ekasizlar, degan buyruq keldi. Bu payt kunlar soviy boshlagan, sarimsoq ekish mavsumi tugagan edi. Ketma-ket ikki marta ogohlantirish xati keldi.

– Mabodo ekmasangiz sizga qanday chora ko‘rishlari mumkin?

– Prokuror shug‘ullanadi. Hokim respublika pezidentining vakili. Hokimning buyrug‘idan bo‘yin tovlash davlatga qarshi, siyosatga qarshi chiqish, deb baholanishi mumkin. Jarima solishi yoki yerimizni tortib olib qo‘yishlari mumkin.

– Mayli, suhbatda davom eting! Keyin nima bo‘ldi?

– Tuman dehqon bozorida sarimsoq qolmabdi. Urganch bozoridan zo‘rg‘a topib, yana 60 kg urug‘lik keltirdik. Ishchi yollab 1000 m.kv. namsiz qurg‘oq yerga majburan ekdik. Ekmagunimizcha ustimizdan qattiq nazorat qilib turishdi.

– Shu bilan qutuldingizmi?

– Qayoqda? Ekib bo‘lishimiz bilan yana 1000 m. kv. ekasizlar, degan buyruq keldi. Kunlar sovib ketgani va yerlar muzlay boshlagani sababli buyruqni bajarishning iloji bo‘lmadi.

– Shartnoma tuzilganmi?

– Hech qanday shartnoma tuzilmadi. “Agrofirma bilan shartnoma tuzinglar, kuzda sarimsoqni shu firma sizdan sotib oladi”, degan og‘zaki gap aytildi, biroq hali shartnoma tuzgan fermerni men bilmayman. Bunday gaplar har yili aytiladi. Fermer tashkil topgan 2006 yildan beri biron marta shartnoma asosida mahsulot toshirib ko‘rmaganmiz. Mahsulotni o‘zlarimiz bozorga sotib, bankka naqd pul topshiramiz. Hech kim shartnoma tuzgani agrofirmaga bormaydi. Chunki, ishonmaymiz, og‘zimiz kuygan. Har yili agrofirma bilan shartnoma tuzgan yirik fermerlarning mahsulotlari kuzda chirib ketyapti.

– Sarimsoqning rivoji yaxshimi? Hosildan umidvormisiz?

– Hokimiyatdan maqtab berilgan urug‘ning bir donasi ham unib chiqmadi. Faqat meniki emas, boshqalarniki ham unib chiqmabdi. Jami 2000 m.kv. maydonning 700 m.kv. yerida ekin bor. Kuzda unib chiqqani bahorda sho‘r bosib qurib qoldi. Ming marta aytdim “mening yerim sho‘r, sarimsoqqa mos emas”, deb. Arzimga quloq solishmadi.

-Yana qanday ekinlar ekkaningizni o‘lchamlari bilan aytib bera olasizmi?

-Bu yil bahorda 1000 m. kv.ga piyoz ekishga buyruq keldi. Bozordan 60 000 so‘mga piyoz urug‘i sotib olib ekkan edim, suvsizlikdan unib chiqmadi. Shunga qon bosimim ko‘tarilib turganda “1000 metrga achchiq qalampir ekasizlar”, degan topshiriq berib, rosa achchig‘imni chiqarishdi. Yaxshiyam bu topshiriq bizning zimmamizdan olinib, katta fermerlarga yuklatilibdi. Yo‘qsa, unib chiqmasligini ko‘ra bila turib ham ektirishardi. Xo‘p, mana ekilgan ekinlarimiz taqsimoti: 2000 m.kv. sarimsoq, 1000 m.kv. (ko‘karmagan) piyoz, 1000 m.kv. oshqovoq (yarmi ko‘kargan), 1000 m.kv. kartoshka, 2000 m.kv. mol lavlagi, 3000 m.kv. makkajo‘xori (mol o‘ti). Yo‘nalishimiz bog‘dorchilik bo‘lgani uchun bahorda ekinlar oralatib 320 tup olma, 60 tup olcha ko‘chati ekdim. 90% barg chiqardi.

– Shu kungacha bo‘lgan chiqimlaringizni hisoblab bera olasizmi?

– Men hisob-kitob yuritmayman. Esimda qolganlarini aytib bera qolay. Bular mening shaxsiy cho‘ntagimdan, oila byudjetidan chiqarilgan chiqimlar: Sug‘orish uchun nasos xarajati 100 ming so‘m, yer surishga 500 ming, surish uchun yoqilg‘i 300 ming, yer tekislashga xuddi shu miqdorda 500 ming + 300 ming, sarimsoq ekish uchun yollanma ishchilarga 500 ming, mineral o‘g‘it 600 ming, mahalliy o‘g‘it 100 ming, olma va olcha ko‘chati bahosi 700 ming, kartoshka urug‘i 50 kg.mi 100 ming, piyoz urug‘i 60 ming, 100 kg. Makka urug‘i 300 ming, sarimsoq urug‘i 1 mln.300 ming so‘m xarajat qilindi. Oilamiz bilan qilgan mehnatimizni pulga hisoblamayapman.

– Oilangizda necha kishi maosh oladi?

– Ikki kishiga oylik yoziladi. Biroq oylik olmaymiz.

– Nima uchun?

– Yozilgan oylik maoshining 49%i qo‘lga tegadi, 51% turli soliqlar uchun ushlab qolinadi. O‘sha 49%ni ham olmaymiz. Bankdagi hisob raqamimizda turadi. Chunki hisobimizda pul turmasa, turli to‘lovlarga inkassa qo‘yilganda qarz bo‘lib qolsak, foizi bilan to‘lashimiz kerak bo‘ladi.

– Masalan qanday to‘lovlar?

– Yer solig‘i, daromad solig‘i, suvdan foydalanganlik uchun badal, Pensiya jamg‘armasi, “Qishloqxo‘jalikkimyo” OAJdan olgan mineral o‘g‘itning to‘lovi va hokazo.

– Soliqlarga qancha to‘lanadi?

– O‘tgan yili hosildan gektariga 5 mln. so‘m topshirishni talab qilishgan edi. Shu pul hisobimizda turadi. Shundan soliqlarga ushlab qolinadi. Yer solig‘i oyiga 50 000 so‘m. Qolganlarini bilmayman. Hisobchim biladi.

– Bundan tashqari, norasmiy pul undirishlar bo‘lganmi?

– Doim bo‘lgan. Navro‘z bayramida gektariga 30 000 so‘m, Mahalla posboni nazorat punktini ta'mirlashga 30 000 so‘m, Ichki ishlar uchastka nozirining shaxsiy turar joyini ta'mirlashga 30 000 so‘m, Toshkentda bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi uchun 100 000 so‘m pul undirishdi. Hech qanday kvitantsiya berishmadi. Kuzda 10 tup limon ko‘chatini 320 000 so‘mga olasizlar, degan topshiriq kelgan edi. Biz issiqxonamiz yo‘q, qishda qurib qoladi, degan bahonada olmadik. Keyin maktab direktorlariga majburan tarqatishdi. Aytishlaricha, qurigan ko‘chatni 32 000 so‘mdan pullashibdi. Maktabda o‘quvchilar sovqotib o‘tirishdi, limonni qaerda o‘stirishadi.

– Siz kasaba uyushma a'zosimisiz?

– O‘zlari a'zo qilib qo‘yishgan bo‘lsa kerak. Oylik maoshimizdan kasaba uyushmasiga 1 % a'zolik badali ushlab qolishadi. Faqat shuni bilaman. Kasaba uyushmasining qanaqa tashkilot ekanidan xabarim yo‘q.

– Siz majburiy mehnat haqidagi qonunlar bilan tanishmisiz?

– Bu yil Prezidentimizning o‘qituvchi, vrach va talabalarni majburiy mehnatga jalb qilmaslik to‘risidagi farmonini eshitdim. Shundan beri ular dalaga, ko‘cha supurishga chiqarilmadi. Faqat shuni bilaman. Boshqa qonunlardan xabarim yo‘q.

– Qanday muammolaringiz bor?

– Fermerlarda erkinlik yo‘q. Qaysi ekinni qachon, qancha ekishni hokimiyat belgilab beradi. Yoqilg‘i, mineral o‘g‘it, urug‘lik kabi narsalarni o‘zlari xohlagan narxda bizga majburan berishadi. Biz yetishtirgan mahsulotni esa past bahoda yarmarkalarda sotishga buyruq berishadi. Bu yil men aniq bankrot bo‘laman. Yerimning 25 % qismidagina ekin unib chiqqan. 75%i bo‘sh yotibdi. Takror ekishga xarajatim ham yo‘q, kechikib ham ketyapman. Ekkanim bilan suv yo‘q, baribir unib chiqmaydi yoki qurib qoladi. Bu yil kuzda hosildan qancha naqd pul topshirishimni bilmayman. O‘tgan yil 5 mln. qilib belgilashgan edi. Bu yil undan kam bo‘lmasa kerak. Bankdagi hisobimda o‘tgan yildan qolgan 450 ming so‘m qarzim bor ekan. Bu qarz qaerdan paydo bo‘lganini so‘rab bir necha bor murojaat qildim. Savolimga haligacha aniq javob ololganim yo‘q.

Suhbat 2018 yil 27 mayda fermer xo‘jaligining polizida (bog‘ida) olib borildi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 oktyabr 2016
«O‘zbekistonda chiqish vizasini bekor qilishga da'vat» deya nomlanib, o‘zbek, rus va ingliz tillarida Shange.org ijtimoiy tarmog‘ida e'lon qilingan petitsiya, ...
11 yanvar 2021
8 yanvar kuni Namangan shahrining Davlatobod tumanida Shimoliy Farg‘ona kanali ustiga qurilgan 37 metrlik yangi ko‘prik qoq o‘rtasidan bo‘linib, ...
7 may 2021
Zihi davroniy, Farxunda nishoniy. Zamon o‘ldi – O‘rusiya zamoni. Furqat Hormang, Ramazon oyida ro‘zalarni tutib, qalblari iymon nuriga to‘layotgan ...
22 yanvar 2024
AQSh poytaxti Vashingtonda barcha davrlarning eng buyuk olimi, xorazmlik Abu Rayxon Beruniyga haykal o‘rnatildi. Haykalni xorazmlik haykaltarosh Jasvand Annazarov ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...